Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Xolmurod Xolmurodov: «Bosh maqsad – elita yo‘llanmasi»

Xolmurod Xolmurodov: «Bosh maqsad – elita yo‘llanmasi»

Baho:
+ | -

O‘tgan mavsum Pro-ligada ishtirok etgan «Surxon» va «Dinamo» jamoalarining elitaga qo‘shilishlarini ko‘pchilik sira kutmagani rost.

Lekin ikkinchi tomondan qarasak, mutasaddi rahbarlarning futbolga sarmoya kiritishga xohishmand tadbirkorlarga keng imkoniyat berayotganlari quvonarli hol, albatta. Muhimi, quyi ligada yuqoriga intiladigan va yo‘llanmalar uchun kurashadigan klublar kamaymasa, bas. Umid qilamizki, Pro-ligada ham raqobat darajasi tobora oshib boradi. Kutilishicha, bu yil Superliga yo‘lida «Neftchi», «Mash’al» va «Sho‘rtan» jamoalari o‘rtasida ayovsiz jang boradi. Xususan, G‘uzorda yangi mavsumga o‘zgacha shaylanishmoqda. Yaqinda jamoadagi kayfiyat, Pro-liganing navbatdagi mavsumiga qaratilgan tayyorgarlik jarayoni va boshqa mavzular yuzasidan «Sho‘rtan» a’zosi Xolmurod Xolmurodov bilan suhbatlashdik.

 - Xolmurod jamoadagi kayfiyat qanday? Pro-liga mavsumiga taraddud qanday ketmoqda?

- Hammasi joyida, yigitlar kayfiyati a’lo darajada. Mavsum startini intiqlik bilan kutyapmiz. Chunonchi, «Sho‘rtan» oldiga aniq vazifa qo‘yilgan. Maqsadimiz - shu yil yakunida Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish. Muhimi, yangi bosh murabbiy Sergey Kovshov bilan ishlash maroqli bo‘lyapti. Bilasiz, u vaqtida «Paxtakor»da o‘ynagan, futbolchi sifatida tanilgan, murabbiylikda ham katta tajriba to‘plagan.

- Lekin jamoada bosh murabbiy masalasi ancha kech hal etildi. Shu holat Kovshovga pand bermasmikan...?

- To‘g‘ri, o‘zaro tushunishda biroz qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Lekin o‘ylashimcha, murabbiyning o‘zgargani yakunda jamoaga faqat ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, menimcha. Ha, Kovshov nisbatan kechroq ish boshladi, ammo astoydil harakat qilsak, uning g‘oyalari va o‘yin uslubini tezda ilg‘ab olamiz, menimcha. Zero, hali vaqt bor, yigitlar mashg‘ulotlarda katta ishtiyoq ko‘rsatishmoqda. Demakki, bu masalada muammo tug‘ilmasligi kerak. Masalan, Brendan Rojers «Lester» boshqaruvini qo‘lga olganiga uncha ko‘p bo‘lgani yo‘q, oxirgi o‘yinlarda esa yaqqol ko‘rindiki, «tulkilar» uning taktikasiga moslashib ulgurishgan. Xullas, startgacha reja asosida ishlasak, bir yoqadan bosh chiqarsak, ko‘zlagan niyatimizga yetamiz, albatta.

- Xolmurod, 2011 yili o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etgan va chakki taassurot uyg‘otmagan futbolchilardan biri hisoblanasiz. Keling, o‘sha davrni bir eslaymiz, kichik mundialdan qanday xotiralar qolgan?

- O‘sha payt chindan ham, ajoyib jamoa shakllangan edi, barcha futbolchilar ahil-inoq, bir oiladek bo‘lib qolgandik. Qayerga borsak ham, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab turardik. JCHdagi ishtirokka kelsak, chorak final biz uchun juda yaxshi natija edi, albatta. Axir bu ishni aynan biz ilk marta uddalaganmiz. O‘z o‘rnida alohida ta’kidlashim kerak, o‘sha jamoaning parvozida murabbiylar shtabining o‘rni beqiyos. Muhit barqaror edi, ya’ni murabbiylar barchamizni yagona maqsad yo‘lida birlashtirishgandi. Qisqasi, aynan do‘stlik va hamjihat harakatlanish evaziga chorak finalgacha yetib borganmiz. Aslida yarim finalda o‘ynashimizga ham ishonganmiz, buni qalban his qilgandik. Biroq Urugvay termasi ham anoyi raqib emasdi. Menimcha, ushbu kuchli raqibga o‘yin bobida yutqazmaganmiz, faqat jismoniy holatimiz biroz pand bergandi. Chunki oldingi o‘yinlarda ancha ko‘p kuch yo‘qotgandik. Xususan, Avstraliya va AQSH termalariga qarshi kechgan bahslarda. Umuman olganda, yurtimizda barcha-barcha kichik JCHdagi ishtirokimizdan qoniqish hosil qilgan bo‘lsa kerak.

- Jamoani olg‘a boshlagan Aleksey Yevstafeevga qanday ta’rif berasiz?

- Uni menga tanish murabbiylar orasida eng yaxshilaridan biri, deb bilaman. Musobaqa davomida bolalarga mehribon otadek munosabatda bo‘lgani esimdan chiqmaydi. Muhimi, qattiqqo‘llikni ham, mehribonlikni ham o‘rniga qo‘yardi. Menimcha, Yevstafeevning asosiy yutug‘i - bu shogirdlari bilan til topishib ishlagani va har bir masalaga chuqur yondashgani. Ya’ni biror ishga yuzaki qaramasdi. Qisqasi, u inson sifatida katta hurmatga loyiq.

- O‘sha jamoadoshlaringizdan kimlar bilan yaqin aloqalarni saqlab qolgansiz?

- Ko‘plab yigitlar bilan. Deylik, Sardor Rahmonov bilan «Mash’al»da birga o‘ynadik. Shuningdek, Asiljon Mansurov, Nodir Kamolov va Muhsin Ubaydullayev bilan haligacha ijtimoiy tarmoqlar orqali yozishib turamiz.

- Sobiq klubingiz «Mash’al»ning ishlariga ham qiziqsangiz kerak...

- «Mash’al» yurtimizda o‘z o‘rniga ega jamoalardan biridir. Klub akademiyasidan terma jamoalarimizga bir qator iste’dodlar chiqishgan. Bunday jamoani qo‘yi ligada ko‘rish ayanchli, albatta. Muboraklik muxlislarga tilagim bitta - stadionga ko‘proq tashrif buyurib, jamoa g‘alabalaridan bahra olishsin.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 11:27, 26.03.2019.
O'qildi: 1840 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.