Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Yana o‘zgarishga muhtoj OCHL turniri haqida

Yana o‘zgarishga muhtoj OCHL turniri haqida

Baho:
+ | -

Superliga-2019da jamoalar soni 12tadan 14taga yetkazilganligi, bundan tashqari, joriy mavsum «Paxtakor» va «Lokomotiv»ning yaxshi start olganligi OCHLdagi istiqbolimizga katta umidlar bilan boqishimizga asos bo‘ladi.

Lekin yanvar oyidagi saralash o‘yinlari bilan boshlanib, noyabr oyidagi ikkita final bilan yakunlanadigan bu musobaqaga hali ko‘p islohotlar kerak ekanligi sir emas. Bu turnirning ahamiyati biz uchun tez-tez o‘zgarib qolayotgandek, nazarimizda. Hademay OCHL joriy mavsumi guruh bosqichining 3-turi start oladi. Qit’amizning eng nufuzli turniri qit’ada haqiqatan ham o‘zi xohlagan nufuzga, obro‘ga ega bo‘lyaptimi? Yoki faqat arab va xitoylik biznes hamkorlarining istagini bajaryaptimi? 

Turnirda kimlar o‘ynashi kerak?

Osiyo futbol konfederasiyasiga a’zo 46ta assosiasiyaning hammasida ham futbol rivojlanmagan. Osonroq qilib tushuntiradigan bo‘lsak, hamma yerda ham futbol birinchi raqamli sport turi emas. Aksariyat mamlakatlar orasidagi masofaning uzoqligi OCHL guruh bosqichining keng jo‘g‘rofiy xarakter olishiga yo‘l qo‘ymayapti.

OCHLning joriy mavsumi avvalida 37ta uyushma (G‘arbdan 12ta, Sharq­dan 25ta) vakillari guruh bosqichiga yo‘l olish uchun kurashishi lozim edi. Bahrayn va Suriya klublarida OFK lisenziyasi bilan bog‘liq muammolar kuzatilgan. BAA, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya va Xitoydan 3tadan jamoaga guruh bosqichidan joy kafolatlandi. Osiyoning ikkinchi darajali musobaqasi bo‘lmish OFK kubogi g‘olibiga hozircha musobaqaning guruh bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri joy ajratib bo‘lmaydi. Iroq klublari gegemonligidan so‘ng bu musobaqada Tojikiston va Turkmaniston jamoalari finalga chiqib yuribdi. Malayziya chempioni joriy mavsum har holda yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda.

 

OCHL guruh bosQichining to‘G‘ri taQsimlanishi

Ayni payt musobaqa ikki geografik hududga (G‘arbiy va Sharqiy) bo‘lib o‘tkazilmoqda. Buni tushunish mumkin. Jamoalarning moliyaviy imkoniyatlari va jismoniy yuklamalari vajidan kelib chiqib shunday qarorga kelingan. Lekin bir narsani to‘g‘ri tushunaylik: hozir 2019 yil. Bu degani yangi asrimizning dastlabki 20 yili ham hash-pash degancha o‘tib ketmoqda. Biz bo‘lsa, hali ham moliyaviy masalalar bilan o‘ralashib qolyapmiz. Kelgusi 2-3 yil ichida bu holatni ham yaxshilab o‘rganib chiqish va guruhlar taqsimotida hech qanday oldindan belgilashlar bo‘lmasligi kerak. Har ikki mintaqadan 6tadan chempionat vakillari qatnashayotgani so‘nggi 5 yillikning eng muhim yutuqlaridan bo‘lsa kerak.

Ochkolar qanday hisoblanishi lozim?

OFK 2016|2017 yillar mavsumidan boshlab koeffisiyentlar jadvalini hisoblashda saralash bosqichidagi natijalarni ham inobatga olishga qaror qilgan. Guruh bosqichida esa jamg‘ariladigan ochkolar faqat guruh bosqichida ishtirok etadigan klublar soniga bo‘linadi va o‘rtacha ball hisoblanadi. Shu jo­yiga bir taklif bor. Biz ham UYEFA amalga kiritgan yangi qoidani o‘zimizda sinab ko‘rsak bo‘ladi. Ya’niki, turnirda oldin g‘olib chiqqan jamoalar koeffisiyentiga qo‘shimcha ochkolar qo‘shib hisoblanishi kerak. Misol uchun, g‘alaba qozonsa, 1 ball, durang uchun - 0,5 ball.

 

Legionerlar limiti kerakmi?

Musobaqa nufuzini yuksaltirish yo‘lida qilinadigan birlamchi ishlardan biri - legionerlar uchun belgilangan «3+1» limitini bekor qilishdir. Chunki muxlislar stadionga kuchli futbolchilarning o‘yinini tomosha qilgani keladilar. Legionerlar masalasidagi cheklovlar esa qit’amizda futbolning gurkirab rivojlanishiga xalaqit beryapti.

Misol uchun, olaylik, Koreya Key-ligasi vakili «Teju FK» safida 3 nafar braziliyalik va 1 nafar yapon futbolchisi bor. Tailandning yetakchi klubi «Buriram Yunayted» safida Braziliya, Mali, Venesuela, Filippin (2), Yaponiya, Vyetnam fuqarolaribo‘lgan legionerlar to‘p surishadi, mahalliy futbolchilardan 3 nafari Tailand terma jamoasi safida Xitoyda bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirda ishtirok etdi.  Qisqasi, OFK legionerlarga qo‘yilgan cheklovni olib tashlasa, qit’a futboli rivoji yo‘lidagi haqiqiy inqilob yuz berardi.

 

Xarajatlar va mukofot pullari

To‘g‘ri, qit’amizdagi musobaqa mukofot jamg‘armasi bo‘yicha Yevropa va Janubiy Amerikadan ortda. Lekin ayni paytda berilayotgan pullar ham ba’zi jamoalarni u qadar qiziqtirmasa kerak. OFK rasmiy saytida e’lon qilingan 68 sahifali Osiyo Chempionlar Ligasi-2019 musobaqalar reglamentining 62-63-boblarida jamoalarga beriladigan safar xarajatlari va mukofot pullari tartibga solinadi.

Ayni payt guruh bosqichi ishtirokchilariga mazkur bosqichga chiqqani uchun 40 ming dollar beriladi. Agarda jamoa guruh bellashuvlarida g‘alaba qozonsa, 60 ming dollar, durang uchun esa 10 ming dollardan oladi. Klubga bosqichdan bosqichga chiqiishiga qarab quyidagicha bonuslar to‘lanadi: 1|8 final - 100 ming, 1|4 final - 150 ming, 1|2 final - 250 ming dollar. Chempionga - 4 mln., finalchiga - 2 mln. AQSH dollaridan tegadi. Bundan tashqari, har bir bosqichdagi g‘alabalar uchun 50 ming dollardan to‘lab boriladi.

Solishtirish uchun YECHLdagi (2018|2019 yillar mavsumi uchun) mukofot summalarini keltirib o‘tsak. Guruh bosqichidagi g‘alaba uchun - 2,7 mln. dollar, durang uchun - 0,9 mln. dollar. Klubga bosqichdan bos­qichga chiqiishiga qarab quyidagicha bonuslar to‘lanadi: 1|8 final - 9,5 mln., 1|4 final - 10,5 mln., 1|2 final - 12 mln. dollar. Chempionga - 19 mln., finalchiga - 15 mln. AQSH dollari tegadi.

2019 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Libertadores kubogi (Janubiy Amerika) guruh bosqichi ishtirokchisiga 1 mln. dollar berilgan bo‘lsa, yarim final ishtirokchilari 1,75 mln. dollardan olishsa, g‘oliblarga umumiy hisobda 5,35 mln. dollar miqdorida mukofot beriladi. Musobaqa chempioniga 12 mln. dollar berilishi nazarda tutilgan.

 

Homiylar masalasi

Jahon chempionatida bo‘lgani singari, OCHL homiylari ham multimilliy korporasiyalardir. Ularning aksariyati Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, BAA, Qatar kabi chempionatlarning bosh homiylari hamdir. Mana ularning to‘liq ro‘yxati:

Abu Dhabi Airport, Fly Emirates, Molten (Adidas kompaniyasining Yaponiyada rasmiy to‘plar ishlab chiqaruvchi korxonasi), Nikon, Karcher, QNB Group, Allianz, Toyota, Tsingtao, Seiko, C’estbon, Lagardere Group, PES. Homiylardan tushadigan mablag‘lar va ularning musobaqasiga qanchasi sarf etilishi xususida ham hisobotlar berib borilsa, yaxshi bo‘lardi.

2018 yil 24 oktyabr sanasida OFK OCHL va OFK kubogiga homiylik qilish istagida bo‘lgan brendlar bilan imzolangan shartnomalar haqida ma’lumot berib, 2019 yildan yangi 5ta brend bilan ish boshlanayotganligini ma’lum qilgandi.

 

Translyasiyalar

OCHLni olis Kanada, AQSH va Yevropada ham tomosha qilishadi. Qit’amizda esa Xitoy, Eron, J.Koreya, Avstraliya, Kambodja milliy telekanallari ham alohida lisenziya shartnomalari tuzishgan. ASEAN (Fox Sports Asia), Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika (beIN SPORTS) mintaqalari uchun OCHL eksklyuziv tarzda uzatiladi.

O‘zbekiston MTRK tarkibidagi «Sport» telekanali ham mazkur turnirni mamlakat hududida uzatish bo‘­yicha translyasiya huquqini qo‘lga kiritgan. «Sport» telekanalida o‘yindan oldin mehmon jamoa rasmiy shaxs­lari, bosh murabbiyi yoki yetakchi o‘yinchilari bilan eksklyuziv intervyular ko‘proq uyushtirilishi, ularning o‘yindan oldingi hayoti haqida qiziqarli ma’lumotlar onlayn tarzda reportaj tarzida uzatib borilishi, bo‘lg‘usi o‘yin yuzasidan futbol sohasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan mutaxassislar va futbol funksionerlari tomonidan ixtisoslashgan va umumiy tahlillar uyushtirilishi bo‘yicha iltimoslarimiz bor. Aynan shu sohadagi izlanishlarni OFK va O‘FA ham qo‘llab-quvvatlashi kerak.

 

Tomoshabinlar masalasi

OCHLning joriy mavsumidagi 32ta o‘yinga jami 471046 tomoshabin kelgan. Bu bitta o‘yinga 14720 nafar muxlis deganidir. «Lokomotiv»ning uyidagi bahslarga hatto 4 ming ham ishqiboz kelmayapti. «Paxtakor» esa raqiblardan yolchigani uchun uning o‘yin­larida anshlag kuzatilmoqda. Umuman olganda, muxlislar masalasida unda ishtirok etayotgan klublar va OCHL jiddiy o‘zgarishlarga, kerak bo‘lsa, YON BERISHlarga qo‘l urishi darkor. E’tiborga muhtoj ijtimoiy qatlamlarga (nogironlar, bolalar) va ayollarga bo‘lgan e’tibor amalda bor «bo‘y-basti» bilan aks etishi lozim. 

O‘yin o‘tkaziladigan kunlar

So‘nggi uch mavsumdan buyon Saudiya Arabistoni klublari ishtirokidagi bahslarning aksariyati dushanba kuni bo‘lib o‘tmoqda. Umuman olganda, 16ta bahs 3 kun davomida o‘tkazilyapti. Bizningcha, oldingi variantga qaytish kerakmikan? Aslida, PFL bizning chempionat birinchi davra taqvimini OCHL guruh bosqichi taqvimidan kelib chiqqan holda tuzib chiqishi darkor. Dushanba va seshanba kunlari OCHLda guruh bahslari o‘tkazilishini inobatga olib, grandlarning o‘yinlarini payshanba (juma) kuniga qo‘ysa bo‘ladi.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 17:39, 08.04.2019.
O'qildi: 2214 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.