Afsonaviy Enso Bearzot nomidagi nufuzli sovringa RPLda «Zenit» bilan 5-o‘ringa rozi bo‘lgan, Italiya terma jamoasini esa Millatlar Ligasi final bosqichiga olib chiqa olmagan Roberto Manchini loyiq topildi. Demak, silliqroq iboralar bilan aytganda, tashkilotchilar bu masalaga o‘ta yengiltaklik bilan qaraganliklari ko‘pchilik muxlislarni ajablantirdi. Ana shu ajabtovur qaror bizni joriy etilganiga uncha ko‘p bo‘lmagan sovrin tarixi va uning dastlabki sohiblari bilan tanishishga undadi.
Enso Bearzot mukofoti. Manbasi va ahamiyati
Aslida Italiyada yilning eng yaxshi murabbiyiga beriladigan mukofot 2ta: Enso Bearzot nomidagi va Oskar de Kalcho sovrinlari. Anglagan bo‘lsangiz, Oskar de Kalcho «A» seriyada faoliyat yuritayotgan murabbiylarga mo‘ljallangan. Biroq nomdor mutaxassislarning ko‘pchiligi xorijda ishlashadi va yuksak natijalarga erishayotganlari ham oz emas. Enso Bearzot sovrini aynan Apennin tashqarisidagi italiyaliklar mehnatini munosib taqdirlashga xizmat qiladi.
Mazkur mukofot 2011 yilda, buyuk murabbiy vafotidan bir yil keyin ta’sis etilgan. Bearzot 1982 yilda «Moviy gvardiya»ni chempionlik shohsupasiga olib chiqqan, 1975-1986 yillar oralig‘ida shogirdlarini 104 marta maydonga olib tushish orqali o‘ziga xos rekord o‘rnatgandi. Bu yuksak natija hanuzgacha o‘z kuchini yo‘qotmagan. Yana bir hayratomuz fakt: navbati bilan Italiyaga 3ta jahon tojlarini tortiq etgan ikki kasbdosh - Vittorio Posso va Enso Bearzot bir kunda - 21 dekabr sanasida yorug‘ dunyoni tark etishgan. To‘g‘ri, 42 yillik farq bilan. Qiziq, bu ma’lumotdan Marchello Lippining xabari bormikan?
Endi afsonaviy murabbiy sharafiga joriy etilgan mukofot xususida. Ta’sischilar - IFF va italiyalik ishchilar Sport ittifoqi. Hay’at raisi lavozimini doimo FF prezidenti ado etadi. Amaldagi rahbar - Gabriele Gravina. Mamlakat yetakchi nashrlarining jurnalistlari Gravinaning yordamchilari hisoblanadilar. Hammasi risoladagidek. Aytgancha, Enso Bearzot sovrini har yili Italiya Milliy olimpiya qo‘mitasining shon-shuhrat zalida tantanali ravishda o‘z sohibiga topshiriladi. Yuqorida zikr etganimizdek, hammasi a’lo darajada! Faqat tanlov bundan mustasno.
Avvalgi yillar G‘oliblari
Ehtimol, Enso Bearzot mukofoti sohiblarini yaqqol ko‘rinib turadigan natijalar emas, bizga ma’lum bo‘lmagan qandaydir o‘ziga xos, boshqalardan ajralib turadigan fazilatlarga qarab aniqlashar? Nima ham derdik, balki sovrinning avvalgi yillardagi g‘oliblari bilan tanishish bu jumboqqa javob topishimizga yordam berar?
2011 yil. Chezare Prandelli (Italiya terma jamoasi)
Prandelli «Moviy gvardiya»ni Yevro-2012 turniriga olib chiqdi. Jamoa saralash bosqichini mag‘lubiyatsiz bosib o‘tdi. Musobaqaning hal qiluvchi bosqichi ham «Skuadra Adzurra»ning ishonchli qo‘llarda ekanini isbotladi: Italiya finalgacha yetib bordi.
2012 yil. Valter Massarri («Napoli»)
O‘sha davrda Massarrining obro‘si juda ko‘tarilib ketgandi - «Napoli»da ishlab turgan mutaxassis «Inter»dan taklif olgandi. Ammo shu paytgacha sovrinni qo‘lga kiritolmagan Antonio Konte o‘sha mavsumda Massarridan samaraliroq harakat qilib, anchadan beri Skudettoga erisha olmayotgan «Yuventus»ni shohsupaga olib chiqqandi. Roberto Di Matteo mavsumni «Chelsi» bilan YECHL g‘olibi sifatida yakunlagan, Roberto Manchini esa «Manchester Siti» bilan APL chempioni bo‘lgandi. Qiziq, Massarri ikki chempion va klub futbolidagi eng nufuzli sovrin sohibini nimaning evaziga ortda qoldirdi?
2013 yil. Vinchenso Montella («Fiorentina»)
Bu safar ham Antonio Konte mukofotdan chetda qoldi. Mutasaddilar o‘rtamiyona «Fiorentina»ni to‘rtinchi pog‘onaga olib chiqqan Montella nomzodini ma’qul topishdi.
2014 yil. Karlo Anchelotti («Real»)
Bu mavsumda Kontening «Yuventus»ni qatorasiga uchinchi marta shohsupaga olib chiqishi ham g‘oliblikni ta’minlay olmadi. Lekin bu galgi tanlovga e’tiroz bildirishning iloji yo‘q: don Karlo «Real»ga uzoq kutilgan yubiley sovrin - «shalpangquloq»ni tortiq etdi.
2015 yil. Massimiliano Allegri (Yuventus»)
«Keksa sinyora»ning yangi bosh murabbiyi esa ilk mavsumidayoq yuksak unvonga sazovor bo‘ldi. To‘g‘ri, Maks faqat Skudetto bilan cheklanib qolmay, shogirdlarini YECHL finaliga ham olib chiqqandi.
2016. Klaudio Ranyeri («Lester»)
Sovrinning bu galgi sohibiga ham e’tiroz bo‘lishi mumkin emas. Ranyeri o‘z «tulkilari» bilan betakror ertak yaratdi.
2017 yil. Maurisio Sarri («Napoli»)
Ha, Sarrining serqirra ijodiga gap yo‘q. U «Yuventus» uchun chinakam bosh og‘rig‘i bo‘lgan jangovar jamoani yaratdi. «Napoli» so‘nggi turga qadar Skudettoga da’vogarlik qildi. Ammo... Bu yoqda Konte «Chelsi» bilan APL taxtini zabt etdi. Nahotki, eng kuchli chempionat g‘olibi mukofotga loyiq bo‘lmasa? Istaymizmi-yo‘qmi, mazkur qaror har qanday muxlisda hay’at a’zolari Kontega nisbatan adolatsizlik qilishmoqda, degan fikrni uyg‘otadi.
2018 yil. Eusebio Di Franchesko («Roma»)
Hatto iste’foga chiqishga ham ulgurgan mutaxassis o‘tgan yili «bo‘rilar»ni YECHL yarim finaliga olib chiqdi, «Yuventus» esa musobaqani ancha barvaqt tark etgandi. Demak, Eusebio mukofotga munosib.
Xulosa
Aksariyat hollarda Enso Bearzot sovrini tanlovida adolat mezonlariga rioya qilingan. Boz ustiga, hay’at a’zolarining norasmiy kelishuviga binoan, har qanday mutaxassis faqat bir marta mukofot bilan taqdirlanadi. Lekin e’tiroz bildirmaslikning iloji yo‘q bo‘lgan hollar ham mavjud: nima uchun so‘nggi 10 yillikning peshqadam murabbiylaridan bo‘lgan Antonio Konte hanuzgacha buyuk vatandoshining muruvvatidan benasib qolmoqda? Nima uchun 2012 yilda Italiya va Angliya chempionlari, YECHL g‘olibidan «A» seriyada kamtarin 5-o‘rinni band etgan Massarri ustun qo‘yildi? Mana bunisi chinakam jumboqdan o‘zga narsa emas.
Boshqa barcha vaziyatlarda hay’at a’zolarini tushunish qiyin emas: ular futboldagi natijalar, ustuvor yo‘nalishlar, nomzodlarning o‘z vazifalariga munosabatlari, fidoyiliklari, ilg‘or g‘oyalar kabi bir qator omillarni inobatga olishgan. Biroq o‘tgan yili yuksak mukofotga Roberto Manchinining loyiq topilganligi nafaqat sovrin nufuzi, balki marhum murabbiyning porloq xotirasiga ham putur yetkazadigan bo‘ldi. Bu qarorni faqat munofiqlik, kaltabinlik va tanish-bilishchilik illatlarining mahsuli sifatida baholash mumkin. Sog‘lom fikrlay oladigan, sof vijdonli kishi yoki guruh (hay’at) Robertoni yuksak mukofotga loyiq topish u yoqda tursin, hatto italiyalik murabbiylarning yetakchi o‘ntaligiga ham kiritmagan bo‘lardi.
Lekin fakt faktligicha qolaveradi: Roberto Manchini - Italiyada yil murabbiyi. Keling, sovrinning navbatdagi sohibiga bag‘ishlangan e’tirof bilan tanishib chiqaylik:
«Roberto mazmunli futbolni yaxshi ko‘radi va iqtidorli yoshlarga ishonch bildiradi. Umid qilamizki, u o‘z g‘oyalaridan voz kechmaydi va buyuk Bearzot an’analarini davom ettiradi. Manchini - italiyaliklarga milliy terma jamoaga bo‘lgan muhabbatni qaytara oladigan mutaxassis».
Endi tanlov g‘olibining 2018 yildagi muvaffaqiyatlarini esga olaylik. Avvaliga u Artyom Zyubani «Zenit» zaxirasiga «tuzlab qo‘ydi», hujumchi esa mundialdagi samarali ishtiroki bilan italiyalik ustozining asl basharasini oshkor etdi. Roberto Piterdagi ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘yib, IFF bilan xufyona muzokaralar olib bordi. Oqibatda Rossiyaning yetakchi klubi YELni nimchorak finaldayoq tark etdi, RPLda 5-o‘rinni egalladi. Manchini o‘rnida sharf o‘ragan qo‘g‘irchoq o‘tirganida ham jamoa bunchalik omadsizlikka yuz tutmagan bo‘lardi. Chunki u so‘nggi 10 yil ichidagi eng past pog‘onadan joy oldi. Vaholanki, klub Robertoning talabiga ko‘ra ulkan transferlarni amalga oshirgandi. Murabbiyning terma jamoadagi natijalari ham maqtovga loyiq emas. YEMLdagi ishtiroki - 1:1, 0:1, 1:0, 0:0. Guruhdagi 2-o‘rin final bosqichi yo‘llanmasi uchun yetarli bo‘lmadi. Va?
Ularni o‘zing kechir, Enso...
Manchini esa yuzidan tabassum arimagan holda hay’at a’zolariga o‘z minnatdorchiligini izhor etdi: «Enso Bearzot mukofotiga sazovor bo‘lish - men uchun ulkan sharaf! Ayniqsa, aynan Bearzot 1984 yilda «Moviy gvardiya» libosida maydonga tushishimga imkoniyat yaratganini inobatga olsak». Yashavor, azamat! Ana endi aslida nima bo‘lganini eshiting:
Italiya termasini boshqargan Bearzot JCH-82dagi tarixiy g‘alabadan ancha avvalroq «Bolonya»ning Manchini familiyali iqtidor sohibiga e’tibor qaratgan, lekin Rossi kabi tajribali hujumchilarga ishonch bildirgandi. Roberto esa hatto nomzodlar ro‘yxatidan ham joy olmagandi. U 1984 yilda Bearzotdan taklif olib, Shimoliy Amerikaga yo‘l olgan va Kanada hamda AQSH termalariga qarshi bir bo‘limdan to‘p surgandi.
Amerikaliklar bilan uchrashuvdan keyin 19 yoshli Roberto Klaudio Jentile hamda Marko Tardelli hamrohligida tungi Nyu-York bo‘ylab sayrga chiqqandi. Mashhur «Studiya 54» klubidagi ko‘ngilxushlikdan so‘ng ular tongga yaqin mehmonxonaga qaytishdi. Chempionlar murabbiydan uzr so‘rashdi va Bearzotning pand-nasihatlarini eshitish bilan jazolanishdi. Navqiron Roberto esa avvaliga ustozidan kechirim so‘ragan bo‘lsada, keyin o‘z haq-huquqlarini himoya qilishga kirishdi. Natijada ikki kunlik tortishuvdan keyin Bearzot uni terma jamoadan chetlatdi va qaytib chaqirmadi. Oqibatda Manchini JCH-86ni tomoshabin sifatida kuzatdi, «Skuadra Adzurra»ga don Ensoning iste’fosidan keyin qaytdi. Afsonaviy murabbiy shogirdining yoshlikdagi sho‘xligini kechirishi mumkin edi. Ammo mehmonxonada yuz bergan «dahanaki jang» Robertoning barcha sifatlarini ochib bergach, undan butunlay voz kechgandi. Taajjubki, oradan 35 yil o‘tgach, shu noqobil shogird shunday buyuk sharafga loyiq ko‘rildi. Manchini bunga haqli bo‘lganida, alam qilmasdi. Ularni o‘zing kechir, Enso...