Yevropa Chempionlar Ligasi chorak finalining «Barselona»ga qarshi ilk o‘yinidan keyin «MYU» ustozi Ole Gunnar Sulsher shogirdlari uchrashuvni juda yaxshi o‘tkazganlarini, ba’zi bir futbolchilar esa hatto, o‘z darajalaridan ham yuqoriroq saviyada harakat qilishganini aytdi. Murabbiy bu o‘rinda jamoaning 22 yoshli yarim himoyachisi, Ander Erreraning jarohati sababli shunday muhim bahsda qatnashish imkoniga ega bo‘lgan Skott Maktominayni nazarda tutganini hamma sezdi. Chindan ham, shu kuni Skott «Barselona» yarim himoyasini butunlay sochib yuborishni uddaladi.
Yakkakurashlarda 100 foiz ustunlik, 5 marta to‘pni raqibdan tortib olish, 2 bora hujum yo‘nalishini kesish, 3 marta aldamchi harakat bilan raqibni ortda qoldirish - mana, Maktominayni nima uchun maqtashyapti. Vaholanki, yaqin-yaqingacha baland bo‘yli beo‘xshov bu yigitni deyarli hech kim tanimasdi. Bugun shu futbolchi «Barselona» a’zolarini xuddi arvohdek dahshatga solmoqda. Qolaversa, Skott o‘yindagi harakatlari bilan nafaqat Sulsher, balki ko‘pgina taniqli mutaxassislarning ham maqtoviga sazovor bo‘ldi.
Umuman olganda esa, bu - Maktominayning ilk «zo‘r» o‘yini emas. Shu paytgacha Skott asosiy tarkibda ko‘plab o‘yinlar o‘tkazib, sekin-asta tajriba oshirmoqda. Uni qaysidir ma’noda Joze Mourinyoning «topilmasi» desak bo‘laveradi. Chunonchi, aynan «Benazir» Maktominayning debyutiga zamin yaratib, uni Nemanya Matichga munosib sherik qila olgandi. Boz ustiga, klub tarbiyalanuvchisi hisoblangan yigitcha qandaydir bir yarim yil ichida futboldagi boshlang‘ich orzulariga erishib bo‘ldi, hisobi: muhim o‘yinlarda qatnashdi, CHL havosidan nafas oldi, terma jamoa libosini kiydi. Shuning uchun Maktominay - «Manchester Yunayted»da «Yil futbolchisi» bo‘lishga bosh da’vogar, bizningcha. Ko‘raylik-chi, nima uchun Skottni «Benazir» shunchalik yoqtirib qoldi ekan?!
Xo‘sh, kim o‘zi u - Maktominay?
To‘g‘risini aytganda, Maktominay yaqindagina sof tayanch yarim himoyachiga aylangan. Zero, Skott «Yunayted» akademiyasida tarbiyalanar ekan, 17 yoshigacha hujumchi ortidagi pozisiya uchun Markus Rashford bilan raqobatlashdi. Rashford esa bilasizki, nihoyatda qobiliyatli yigitcha hisoblangan va 2015 yili Lui Van Gal qo‘l ostidagi bosh jamoa safiga o‘tgandi. O‘shanda, go‘yoki, Maktominay uchun endi hamma yo‘llar ochilgandek edi, ammo bir muammo ortidan ikkinchisi paydo bo‘ldi: qandaydir bir yarim yil ichida yigitchaning bo‘yi naq 25 santimetrga o‘sib, 167dan 192 sm.ga yetdi. Bu keskin o‘zgarish albatta, yigitchaning faoliyatiga salbiy ta’sir qildi va u o‘z tanasini his qilishni o‘rganishi uchun yana ma’lum vaqtgacha yoshlar jamoasi safiga qaytdi. Maktominay tanasining o‘lchamlariga moslashib olganida esa birdaniga unda yangi ustunliklar bo‘y ko‘rsatdi: endi u bo‘yining balandligidan, og‘irligidan foydalanib, tengdoshlaridan to‘pni osongina olib qo‘yar, shuningdek, havodagi kurashlarda ham hammadan ustunlik qilardi. Eng muhimi, o‘lchamlardagi o‘zgarishlarga qaramay, yigitcha hujumchilarga xos chaqqonlik va chidamlilik sifatlarini o‘zida saqlab qolgandi. O‘yinni «o‘qiy olishi» esa uni akademiyaning eng yaxshi tarbiyalanuvchilaridan biriga aylantirdi. Farqi - Skott endi hujumda emas, maydon markaziga joylashtirilgandi.
«Hujum chizig‘idagi tajribam endi qo‘l kelyapti. Garchi o‘zim markaziy yarim himoyachi bo‘lsamda, hujumchi qanday uzatma xohlayotganini aniq bilaman. Chunonchi, forvard doim yarim himoyachilardan o‘ziga xos to‘p uzatishlarni kutadi va yoshligimdan oldingi chiziqda harakatlanganim bois, sheriklarimga qay tarzda to‘p oshirishni yaxshi bilaman», - deydi Skott Maktominay.
Mourinyo o‘tgan mavsum oxirlarida maydon markazida oddiy, ammo ishonchli ijrochilarga ehtiyoj seza boshladi. Shu sababli, Maktominayni sekin-asta asosiy tarkibga jalb qildi. Oradan bir yilgina vaqt o‘tib, «MYU»ning APL va yevrokuboklardagi barcha o‘yinlari bevosita Skottga bog‘lanib qoldi.
Mourinyo nega uni maQtayveradi?
Yuqoridagi savolga javob berishdan oldin Maktominay portugaliyalik mutaxassis uchun qanchalik muhim o‘yinchi ekanini tushunib olish zarur. Deylik, Joze Mourinyo 4-2-3-1 ko‘rinishidagi o‘yin uslubiga qattiq mehr qo‘ygan bo‘lib, markazdagi ikki nafar tayanch yarim himoyachilar himoyaga faol ko‘maklashishi, «mo‘’jiza» yaratmasligi va o‘tkir «pas»lar bilan hujumni rivojlantira olishi talab etiladi. Bilasizki, bu o‘rinda Pol Pogbani sinab ko‘rish varianti o‘zini oqlamadi. Chunki Pogba himoyaga yordam berishni, o‘z jarima maydoni yaqinida o‘ynashni unchalik xushlamaydi. Maruan Fellayniga esa xotirjamlik va aniqlik yetishmaydi. Boz ustiga, u raqib jarima maydonida «simyog‘och» rolida ko‘proq naf keltiradi. To‘g‘ri, tarkibda Ander Errera ham bor, lekin unga aksariyat hollarda jismoniy ko‘rsatkichlar pand berib qo‘ydi. Misol uchun, raqibning baquvvat va gavdali hujumchilariga deyarli qarshilik ko‘rsatolmaydi. Xullas, o‘sha paytlari Mourinyo oldida shunday muammo tug‘ildiki, u zudlik bilan Nemanya Matichga munosib sherik topmasa, o‘zi shundoq ham qiynalayotgan markaz butunlay abgor bo‘lardi.
Shunday qilib, «Benazir»ning tanlovi «Kalashnikov» avtomatidek oddiy va ishonchli yigit - Maktominayda to‘xtadi. Skottni ko‘p tomondan «MYU» afsonalaridan biri bo‘lgan Maykl Karrikka o‘xshatish mumkin. Zero, u ham xuddi o‘z vaqtida Karrik ser Fergining ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajargani kabi, Mourinyoning ishonchini to‘la oqlay oldi.
Shuningdek, Jozega Maktominayning o‘yinni o‘qiy olishi va bo‘sh hududlarni yopishi ham juda ma’qul tushib qolgandi. Jismoniy ko‘rsatkichlar esa yigitchaning maydondagi ustunligini ta’minlab, uning Matich uchun ideal sherik bo‘lishiga zamin yaratdi. Aksariyat o‘yinlarda ortida Skott borligini his qilgan serb oldinroqqa siljishga muvaffaq bo‘ldi.
Hozircha Maktominay hujumlarda faol qatnashmayapti. U muntazam ravishda o‘ziga tegishli hududni qo‘riqlab, sheriklarining o‘rnini to‘ldiryapti va qarshi hujum xavfi mavjud paytlarda keskin uzatmalar berishdan tiyilyapti. Raqibni qarshi olish, to‘p uchun kurash, yaqin masofaga «pas» - mana shu Maktominay o‘yinining sodda algoritmi.
Ha, tan olish kerak, ba’zida Skottga biroz dadillik yetishmayotgandek ham tuyuladi. Deylik, u hujumni rivojlantirish uchun uzun «pas» berish o‘rniga, to‘pni orqaga yoki yaqinidagi futbolchiga oshiradi. Raqibni aldab o‘tsa bo‘ladigan vaziyatda ham sheriklari bilan o‘ynab qo‘ya qoladi. Ammo aynan shu jihatlarni Joze qadrlardi. Chunonchi, ko‘rsatma to‘g‘ri bajarilmoqda, axir.
«Maktominay yuqori saviyasini, futbolchi sifatida tengdoshlariga nisbatan ancha ulg‘ayganini ko‘rsata oldi. Meni hayron qoldirgani shuki, ba’zan tribunadagi muxlislarning bosimi tufayli aksariyat futbolchilar noto‘g‘ri qaror qabul qilishadi. Skott esa tomoshabinlar qanchalik ta’sir o‘tkazishga harakat qilishmasin, o‘zi to‘g‘ri bilgan yo‘lni tanlaydi», - deydi Joze Mourinyo.
Maktominayning yana bir ustunligi - uning yelimdek yopishqoqligi. Xususan, «Chelsi»ga qarshi o‘yinda Skottni raqib safidagi eng xavfli futbolchi - Eden Azarga «biriktirib» qo‘yishdi. Qahramonimiz esa belgiyalik raqibidan bir qadam uzoqlashmay, uni diqqat bilan qo‘riqladi va yakunda butunlay zararsizlantirdi.
«U ajoyib futbolchi. 21 yoshda «Chelsi»ga qarshi shunday sovuqqonlik bilan to‘p surishi, o‘yinni nazorat qilishi kishini ajablantiradi. Aminmanki, kelajakda Maktominay «Manchester Yunayted»ning eng muhim futbolchilaridan biriga aylanadi», - deydi Nemanya Matich.
Vaqt o‘tgani sari, Mourinyo Skottni o‘ta muhim uchrashuvlarda ham sinab ko‘rishni boshladi. Masalan, «Chelsi», «Liverpul» va «Sevilya»ga qarshi bahslarda Maktominayga ishonch bildirildi. 21 yoshli futbolchi esa «MYU»ning markazdagi muammolarini tinimsiz mehnati, o‘zini taklif qilishi va to‘p nazoratidagi yordami bilan ma’lum darajada bartaraf qildi. Qo‘shimchasiga, Maktominay birga-bir kurashlarda sira o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi.
Ma’lumki, Joze Mourinyo shogirdlarini OAVda tanqid qilishdan aslo uyalmaydigan murabbiylar sirasiga kiradi va katta ehtimol bilan aynan shu omil uni doim shogirdlari bilan orasi buzilishiga sabab bo‘ladi. Sulsher jamoaga kelishidan avval «Yunayted»da ichki muhit qay darajada yomonlashganini bilasiz, ammo shunda ham «Benazir» Maktominayni maqtashda davom etdi. Jumladan, «Brayton»ga qarshi o‘yindan keyingi intervyuni olaylik:
— Bugun Maktominay «Manchester Yunayted»dagi eng yomon o‘yinini ko‘rsatdi...
— Bugun o‘zi kim yaxshi o‘ynadi?
— Matich va Maktominay. Ha, u ko‘p xato qildi, yomon uzatmalar berdi, to‘pni o‘zida saqlab turolmadi, lekin xatolarini tuzatib, quyidagilarni aytishga jur’at qildi: «Men yomon o‘ynayman, ammo futbolda asosiy ishni bajaryapman: pozisiyani ushlayapman, to‘pni olib qo‘yyapman va himoyaga yordam beryapman».
Mana endi, Maktominayning iqtidoriga Sulsher ham tan beryapti. Zero, endigina 22ga to‘lgan yigitcha «Manchester Yunayted»dek klubning asosiy tarkibiga kirib, Yevropa darajasidagi yulduzlar ichida yo‘qolib qolmayapti. Bunga «Barsa»ga qarshi Manchester shahrida o‘tgan o‘yin yaqqol misol. Aftidan, «Old Trafford»ga Fergyuson davridagi iliq epkin qaytyapti, chog‘i...