Bu mutaxassis 3-4-3 taktik sxemasini ishlab chiqish orqali dovruq qozongan. Aynan shunday - uch himoyachi taktikasida o‘ynagan «Milan» Zakkeroni boshqaruvida 1999 yili Skudettoni qo‘lga kiritgandi. Italiyalik murabbiy ushbu taktikaning e’tiborga molik jihatlariga SO FOOT.com saytiga bergan intervyusida atroflicha to‘xtaldi. «SE» esa mazkur suhbatning eng diqqatga sazovor qismini muxlislar hukmiga havola etdi.
- 3-4-3 tizimi birdaniga sizning tashrif qog‘ozingizga aylanmagandi...
- Murabbiylikni boshlagan kezlarim ko‘pchilik singari eski uslublarga tayandim, ya’ni menga nimani o‘rgatgan bo‘lishsa, shogirdlarimga ham o‘shani o‘rgatishga intildim. Ammo qaysidir ma’noda mening omadim keldi - dastlab turli yoshdagi bolalarni shug‘ullantirdim, hech kim natija talab qilmadi, turfa g‘oyalarni qo‘llash imkoniga ega bo‘ldim. Birinchidan, mening jamoamdagi himoyachilar alohida futbolchilarni qo‘riqlashga moslashtirilgan, yarim himoya hududiy metodni qo‘llardi. Bosqichma-bosqich o‘zimga ishonchim ortdi, hisobda oldinda borayotgan paytimizda ham tajribalarni ishga soldim. Vaholanki, aksariyat murabbiylar bunday pallada o‘zgarishlarga qo‘l urishmaydi, ijobiy holatdan ijobiylik qidirishmaydi.
- Ma’lumotlarga ko‘ra, 3-4-3 sxemasini ilk bor 1997 yilgi mavsum oxirida, sizning boshqaruvingizdagi «Udineze» Turinda «Yuventus»ga qarshi bahs yuritganda qo‘llagan ekansiz...
- Aslida hammasi mazkur o‘yindan bir yarim yil muqaddam boshlangandi. Menga avvaliga sof uch hujumchi bilan o‘ynash taktikasi yoqqandi. Zemanning «Fodja»si hamda Kroyfning «Barselona»si xuddi shunday o‘ynardi - aynan ulardan namuna olgandim. Mening rejamga ko‘ra, ushbu uchovlonni to‘rt yarim himoyachi to‘p bilan ta’minlab turishi kerak edi, o‘ndan yettini ayiramiz - mudofaa chizig‘ida faqat uch kishi qoladi. To‘g‘ri, futbolchilar turli yangiliklarni xushlamaydilar. Lekin ayrim uchrashuvlarda, yutqazayotgan paytimizda mos ravishda zaxira o‘zgarishlari evaziga sxemani 3-4-3ga o‘zgartirardim va biz nisbatan quvnoqroq o‘yin ko‘rsatardik. Biroq futbolchilar mazkur holatda sxemaning ta’sir ko‘rsatmagani, shunchaki, raqib hisobda oldinda borgani uchun biroz bo‘shashganini ta’kidlashardi.
- Ammo «Yuventus» - «Udineze» bahsidagi ssenariy mutlaqo boshqacha bo‘lgandi...
- Uchinchi daqiqadayoq bir himoyachimiz maydondan chetlatildi - shunga qaramay, biz yangi sxemani sinovdan o‘tkazish imkoniga ega bo‘ldik. O‘sha kezlari «Yuventus» barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratayotgandi, shogirdlarim o‘yinni o‘zgacha kayfiyatda boshlashdi, buni sezdim. Lokatellini maydonga tushirdim, Gargoni orqaroqqa surdim, shunda sxema 3-4-2ga o‘zgardi. Agar o‘ylaganlarim ish bermaganida, darvozamizdan o‘ntaga yaqin to‘p olib chiqardik, lekin hammasi aksincha ko‘rinish oldi - biz 3:0 hisobida g‘alaba qozondik, hujumchilarimiz Birxoff va Amorozo gol urishdi. Mazkur g‘alabadan so‘ng chempionatda intriga paydo bo‘ldi, chunki «Parma» («Yuventus»ning o‘sha mavsumdagi yagona raqobatchisi) o‘sha turda zafar quchgandi. Ammo ikki hafadan keyin Parmaga safar uyushtirib, mezbonlarni 2:0 hisobida yengdik - bu safar ham 3-4-3 taktikasini tanlagandik. Natijada chempionatdagi intriga yana yo‘qoldi. Bizning yigitlar esa, nihoyat, yangi taktikaga ishonishdi. Ammo takrorlayman, bunday sxemani biz avval ham qo‘llagandik, shunchaki, chap qanotdagi uchinchi hujumchi vazifasini asli pozisiyasi yarim himoyachi bo‘lgan Stropp bajargani sababli ham jurnalistlar buni payqamay qolishgan.
- O‘z vaqtida, jamoangiz tanlagan taktikani quyidagicha izohlagandingiz: hammasi oddiy - har bir chiziqda uch nafardan futbolchi bor, yana bir kishi yarim himoya va hujum o‘rtasida harakatlanadi...
- Prinsip mana bunday: himoyada hamisha raqibga nisbatan ortiqcha bir futbolchi bo‘lishi shart. Buning uchun, aytaylik, mudofaa chizig‘iga qanot yarim himoyachilaridan biri qaytadi. Yoki raqib bir hujumchi bilan o‘ynayotgan bo‘lsa, uni zararsizlantirish uchun bizga ikki himoyachi kifoya qiladi - bunday paytda yarim himoyachi o‘z pozisiyasida qoladi.
- Sizning himoyachilaringiz oldinga borishmaganmi?
- Xuddi shunday, ular o‘z hududlarini yopishgan, qanotlarda esa yetarli ko‘nikmaga ega vingerlar o‘ynashgan. Aksariyat murabbiylar bizning sxemadan ko‘chirma olishga urinishgan, ammo uddalay olishmagan - chunki uch nafar markaziy himoyachi xizmatidan foydalanishgan. Markaziy himoyachilarning o‘ziga xos xususiyatlari bor, ular qanotlarda o‘zlarini noqulay sezishadi. Shu bois ularga qanotdagi yarim himoyachilar yordam berishi lozim. Bunday paytda 3-4-3 sxemasi 5-2-3 yoki 5-4-1ga almashadi - yaqqol nomutanosiblik.
- Markazga ikki tayanch yarim himoyachisining qo‘yilishi himoyalanish rejasining alohida qismimi?
- Unday emas! Axir «Udineze»da yarim himoya markazida Jannikedda va Yoxan Vaalem, «Milan»da esa Albertini va Ambrozini to‘p surishgan - ular oldinga dadil intilishgan. Bizdan ko‘chirma olganlarda esa, takrorlayman, ikki yarim himoyachi mudofaa vakiliga aylanishgan.
- Hujumchilaringiz ham himoyaga yordam berisharmidi?
- Buning nima keragi bor? Vaziyatga qarab o‘rta chiziqqa qaytishlari mumkin. O‘sha Amorozo va Birxoff har doim oldinda o‘ynashgan. Xuddi Leonardo va Vea singari - bular yoshi o‘tib qolgan futbolchilar edi, ularga ham hujum, ham himoyada o‘ynash uchun kuch yetishmagan.
- Hujumdagi uchlikda asosiy rolni qanotdagilar bajarishganmi?
- Ular hujum kengligini saqlashgan, vaqti-vaqti bilan markazga o‘tishgan. Qanotdagilarning qaysidir biri vaziyatga qarab, «o‘nlik» pozisiyasiga ko‘chib o‘tgan. Raqib oldida hamisha jumboq paydo bo‘lgan - kim oldinga o‘tadi-yu, kim Birxoffning ortidagi insayd bo‘ladi?
- Birxoff faoliyati davomida asosan siz boshqargan jamoalarda ko‘p gol urgan (1995-2001 yillar mobaynida «Udineze» va «Milan» safida jami 177ta o‘yin o‘tkazib, 95ta to‘p kiritgan).
- Chunki uni qanotlardan qo‘llab-quvvatlashgan. Odatda, yondan amalga oshiriladigan uzatmalar Leonardo va Vea singari qanot hujumchilari emas, balki xavbeklar hisobiga yozilgan. Shu tariqa, qanotlarda raqibga qaraganda hamisha bir nafar ko‘proq futbolchiga ega bo‘lganmiz.
- 1998 yili «Udineze»dan «Milan»ga siz bilan birga Xelveg va Birxoff ham o‘tishgan. «Rossoneri»da ular yordamida 3-4-3 sxemasini qo‘llash nisbatan osonroq bo‘lganmi?
- Xuddi shunday, axir ularning barcha mayda detallardan xabarlari bo‘lgan. Qolaversa, jamoaga ishonch bag‘ishlash, uni qayta shakllantirish kerak edi. «Milan»da o‘sha kezlari ajoyib uchlik to‘p surardi - Albertini, Maldini hamda Kostakurta. To‘g‘ri, Sakki va Kapello boshqaruvidagi ikki yil «Milan» uchun muvaffaqiyatsiz yakunlangan - jamoa ichki chempionatda dastlab 10, keyin 11-o‘rinlarni egallagan, vaholanki, bunga qadar odatiy tarzda to‘rt himoyachi bilan o‘ynab, barcha raqiblarni tor-mor etishgandi. Mazkur holatda shu uch yetakchidan «Udineze»ning sobiq murabbiyi so‘zlariga quloq tutish talab etilardi. Ammo ular bilan ushbu masalada suhbatlashganimizda, ortiqcha ikkilanishsiz gapimga ko‘ndilar: «Siz shunday deb o‘ylasangiz, unda olg‘a!». Natijada bu uchovlon jamoadagi yangi g‘oya targ‘ibotchisi bo‘lishgan. Oldimizda mavsumoldi tayyorgarlik uchun olti hafta qolgandi. Rostini aytsam, chempionatda g‘olib chiqishni o‘ylamagandik, biroq raqobatchilar kutilmaganda «qoqilishdi» - ishtaha esa tamaddi payti keladi...
- Mavsum so‘ngida sxemaning ko‘rinishi biroz o‘zgardi - 3-4-1-2 bo‘ldi: Boban asosiy tarkibda o‘ynaganida, ikki hujumchi ortida joylashardi.
- Xuddi shunday, muhimi - biz uch himoyachi bilan o‘ynadik. «Lasio»ga qarshi kechgan ahamiyatli bahsni (27-tur, 0:0, «Lasio» yetakchi edi) odatdagidek uch hujumchi bilan boshladik, lekin Leonardoning jarohati bor edi (uni tanaffusda almashtirishgan, chempionat oxirigacha zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan), Boban esa kuchga to‘la edi, uzoq vaqt zaxirada o‘tirgandi, har doim chap qanot yarim himoyasida o‘ynagandi. Shu bois dastlab yon tomonda o‘ynab, asta-sekin markazga ko‘chardi. «Lasio»ning «Yuve»ga yutqazishi chempionatda burilish nuqtasi bo‘ldi. Bizda imkoniyat tug‘ildi. Mazkur natijadan ertasi kuni o‘yin o‘tkazish uchun Udinega borganda («Milan» mezbonlarni 5:1 hisobida yenggandi) xabar topdik. Futbolchilarimizga qarab, ular barchani mag‘lubiyatga uchratishga tayyor ekanligini sezganman. Avvalroq kimlardir «Lasio»ga yetib olishimizga shubha qilgan bo‘lsa, endi butun jamoa faqat chempionlik haqida o‘ylay boshladi. Buning uchun keyingi bir oy bo‘shashmaslik talab etilardi, biz shunday ham qildik («Milan» so‘nggi yetti o‘yinda g‘alaba qozonib, «Lasio»dan bir ochko o‘zib ketgan holda Italiya chempionligini qo‘lga kiritgan).
- Lekin baribir, o‘sha mavsum qaysidir murabbiy sizning taktikangizni o‘zlashtira oldimi?
- Hamma gap shunda - o‘zlashtira olishmadi! Barchalari bizni besh himoyachi bilan o‘ynayapti, deb o‘ylashgan. Tanlagan sxemamiz shu qadar jo‘shqin ediki, undan ko‘chirma olish oson emasdi.
- Lekin undan keyinchalik foydalanmay qo‘ydingiz...
- Gap shundaki, «Milan»dan keyin hech qaysi jamoani butun mavsum davomida to‘liq boshqarmadim. To‘g‘ri, Yaponiya termasida ishladim (2010-2014), ammo bu mutlaqo boshqacha vaziyat - futbolchilar bilan ikki oyda bir marta ko‘rishardik. Shunga qaramay, jamoamiz 3-4-3 sxemasini tanlagan paytlar ham bo‘lgan.
- Bugungi kunda Italiyada Gasperini («Atalanta») sizning sxemangizdan foydalanmoqda.
- Dastlab shunga o‘xshadi, ammo keyinchalik biroz o‘zgarishlar kiritdi, zero variantlar juda ko‘p. Bu murabbiyning ishiga befarq emasman. Axir 3-4-3 taktikasini tanlash tavakkalchilikka teng. Ko‘pchilik buni himoyaviy uslub deb hisoblashgani uchun undan to‘g‘ri foydalana olishmagan.
- Gvardiolaning «Manchester Siti»si ham 3-4-3 sxemasidan foydalanadi...
- O‘ziga xos uslubda, albatta. Men maksimal darajada vertikal futbol tarafdori edim, Pepning jamoalari esa to‘p nazoratiga e’tibor qaratadi. Konte ham «Chelsi»da uch himoyachi taktikasini qo‘llashga urindi - qaysidir ma’noda urinishlar samara berdi. Binobarin, uning jamoasidagi qanot hujumchilari u qadar keng o‘ynashmaganini inobatga olsak, sxema 3-4-2-1 holatida bo‘lgan. 3-4-3 taktikasining barcha nyuanslarini futbolchilarga yetkazish ma’lum vaqtni talab etadi. Imkoni bo‘lsa, yozda qaysidir jamoa boshqaruvini qo‘lga olaman va aynan shu sxemani qo‘llashga urinib ko‘raman.