Kirish Ro'yxatdan o'tish
25/11 00:45 Lasio 3-0 Bolonya
25/11 01:00 Atletik Bilbao 1-0 Real Sosyedad
25/11 19:00 Al-Ayn 1-2 Al-Ahli (SA)
25/11 21:00 Istiqlol 0-0 Paxtakor
25/11 21:00 Al-G‘arafa 1-3 An-Nasr (SA)
25/11 22:30 Empoli 1-1 Udineze
25/11 23:00 Ar-Rayyan - Persepolis
26/11 00:45 Venetsiya 0-1 Lechche
26/11 01:00 Nyukasl 0-2 Vest Xem

E’tirof: tanishing – «Ayntraxt»!

E’tirof: tanishing – «Ayntraxt»!

Baho:
+ | -

Bu jamoa atigi bir marta Germaniya chempioni bo‘lgan (1959), besh marotaba mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan. O‘z navbatida, 1980 yili UYEFA kubogida zafar quchgan. O‘shanda yarim finaldayoq sovrin nemislarga nasib etishi aniq bo‘lib ulgurgandi (barcha to‘rt jamoa Germaniyadan edi). «Ayntraxt» esa o‘zining eng yorqin o‘yinini aynan yarim finalda o‘tkazib, dastlabki uchrashuvdagi mag‘lubiyat (0:2)dan so‘ng «Bavariya»ni 5:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi. Ikki o‘yindan iborat finalda esa «Borussiya M»ni safardagi gol evaziga taslim etdi (2:3, 1:0). Bugun mana shunday tarixga ega klub bilan yaqinroq tanishamiz.

Ajoyib skautlik xizmati

Odatda, o‘rtamiyona klub barqaror o‘yin ko‘rsatsa, uning skautlik borasida yetuk ekani haqida gapiriladi. Asli kelib chiqishi Ekvatorial Gvineyadan bo‘lgan Ben Mangani futbolchi sifatida ko‘pchilik yaxshi tanimaydi (20 yil davomida «Allemaniya» va «Karlsrue» singari kamtarona klublarda o‘ynagan), ammo uning skautlik xususiyatlariga tan berish lozim. Buni Manga bilan ikkinchi jamoada ishlayotgan Fredi Bobich ham yaxshi anglaydi.

Ushbu mutaxassisning sa’y-harakatlari evaziga «Shtutgart» Kimmix, Ryudiger va Vernerni sotish evaziga mo‘may daromadga ega bo‘ldi, «Ayntraxt»dagi ilk mavsumida esa Manga transferlardan bor-yo‘g‘i 2,5 million keltirdi - jamoa ligada «jon» saqlab qoldi, Germaniya kubogi finaligacha yetib bordi. Ke­yingi mavsum «Ayntraxt» 18 million yevro sarfladi, lekin mamlakat kubogi sohibi bo‘ldi, Bundesligada 8-o‘rinni egalladi, barcha xaridlar o‘zini oqladi.

Rebich uchun atigi 2 million to‘landi, ushbu futbolchi esa JCH-2018 finaligacha borib, Germaniyaning yangi yulduziga aylandi. Yovich uchun esa 7 million to‘lashgandi, hozir esa bu futbolchining narxi deyarli sakkiz martaga qimmatroq. Sebastyan Aller 7 millionga sotib olingan, ayni payt uni 40 milliondan kamiga qo‘yib yuborishmaydi. Bunday misollarni yana istagancha keltirish mumkin.

Fidoyi fanatlar

So‘nggi 20 yil mobaynida «Ayntraxt» yevrokuboklarda bor-yo‘g‘i ikki marta qatnashdi: 2006 yili UYEFA kubogida o‘z guruhida so‘nggi o‘rinni egalladi, 2014 yilda esa Yevropa Ligasi 1|16 final bosqichida «Portu»ga yutqazdi (2:2, 3:3, o‘z uyida ko‘proq gol o‘tkazib yuborgani uchun musobaqani tark etdi). Uchinchi «missiya» joriy mavsumga to‘g‘ri keldi. «Ayntraxt» fanatlari esa fursatdan foydalanib, yevrokubok turnirlariga qanday munosabatda bo‘lishni ko‘rsatib qo‘yishdi.

Ular oltita shaharga safar uyushtirishdi - Marsel, Rim, Limasol, Xarkov, Milan va Lissabonga. Hamma yerda muxlislar ko‘p bo‘ldi. Ayniqsa, Italiyani yoqtiradiganlar bisyor edi - Rimga borishga 17 ming kishi «zayavka» topshirgan bo‘lsa, Milanga 20 ming ishqiboz tashrif buyurdi.

Bu fanatlar, umuman, o‘z uylarida o‘tadigan o‘yinlar payti stadionda qoyilmaqom muhit yaratishadi.

Mavsum yomon boshlandi

Mavsumning ilk o‘yinida (Superkubok) 0:5 hisobida yutqazgan (garchi raqib «Bavariya» bo‘lsada), so‘ngra kamtarona «Ulm»ga imkoniyatni boy berib, kubok bahslarini tark etgan klub mavsumning qolgan qismini muvaffaqiyatli o‘tkazishini taxmin qilish mumkinmi? Ha, «Ayntraxt» uchun boshlanishi yomon chiqdi - ushbu sarguzashtlardan tashqari, jamoa Bundesliganing beshta o‘yinida 4 ochko to‘pladi. Umuman, keyingi yetti o‘yindan oltitasida g‘alaba qozondi, ayniqsa, «Fortuna»ga qarshi kechgan bahs (7:1) esda qolarli bo‘ldi. Ushbu ro‘yxatga Yevropa Ligasi guruh bosqichidagi 6ta yutuqni ham qo‘shamiz va natijada Bundesliga jamoalari uchun rekord ko‘rsatkichga ega bo‘lamiz.

2019 yil «Ayntraxt» uchun chin ma’noda muvaffaqiyatli kechmoqda: 12 o‘yinda bir mag‘lubiyat va 7ta g‘alaba. Ichki chempionatda - YECHLga yo‘llanma beruvchi o‘rinlar uchun kurashmoqda, yevrokuboklarda - «Chelsi»ga qarshi yarim final. O‘tgan yilning sentyabrida bunday ko‘rsatkichlarni orzu ham qilmagandi jamoa. O‘shanday Germaniyaning barcha klublari yevrokuboklarni 1|8 finaldayoq tark etishini hech kim kutmagandi. «Ayntraxt» ulardan mustasno, albatta.

Uch himoyachi sxemasi va yovvoyi pressing

«Ayntraxt» Niko Kovach «Bavariya»ga ketgach, uning o‘rniga avstriyalik mutaxassis Adi Xyutterni tayinladi. Ushbu murabbiy futbolchilik davrida Zalsburgning «Kazino» (hozirgi «Red Bull») klubi bilan UYEFA kubogi finaliga yetib borgan, o‘sha musobaqada aynan «Ayntraxt» to‘sig‘idan ham o‘tgandi. Murabbiylik sohasiga kirib kelgach, Avstriya va Shveysariya chempionligini qo‘lga kiritgandi. O‘z yurtida 30 yil mobaynida chempionlik nimaligini bilmagan «Yang Boyz» bilan muvaffaqiyatga erishgach, Xyutterni Germaniyaga chaqirishdi.

Boshlanishi ko‘ngildagidek chiqmadi, ammo asta-sekin vaziyat o‘nglandi. Xyutter qo‘l ostida «Ayntraxt» serharakat, tezkor va pressing ishlatadigan jamoaga aylandi. Bu klub odatda 3-4-1-2 sxemasini tanlaydi, havodagi kurashlarda ilg‘or (Aller - butun Bundesligada yetakchi), qarshi hujumlarda xavfli.

«Ayntraxt» futbolchilari bilan boG‘liQ QiziQarli voQealar

Ante Rebich sobiq jamoalariga qarshi bahslarda gol ursa, uni nishonlamaydi, lekin negadir «Verder» va «Frayburg» bilan o‘yinlarda ham shunday qildi, vaholanki, bu klublarda o‘ynamagandi. Sabab? Shunchaki, raqiblarni adashtirib yubordi. «O‘shanda «Verder» darvozasini ishg‘ol qilganimda, «Leypsig» bilan o‘ynayapmiz, deb o‘ylagandim. «Frayburg»ga qarshi bahsda gol urganimda esa raqib «Fiorentina» deb o‘ylaganman», - deya «Instagram»dagi sahifasiga jiddiy post qoldirgandi xorvat.

Shunga o‘xshash qayd uchun Filip Kostichning ustidan kulganlar ham uchragandi. Bu futbolchi o‘sha kezlari «Groningen» sharafini himoya qilgan, Yevropa Ligasi doirasidagi «Aberdin»ga qarshi kechgan safar uchrashuvidan (0:0) keyin «O‘zimizga kerakli natijaning 80 foizini qo‘lga kiritdik», degandi. Yakunda gollandlar o‘z maydonlarida 1:2 hisobida yutqazib, musobaqani tark etishdi. Raqib futbolchilaridan biri esa Kostichga o‘ziga xos tarzda javob qaytarishdan tiyilmadi: «Aytgan gaplarini ularning bo‘g‘ziga qayta tiqib yuborganimdan xursandman».

Luka Yovich faoliyatining boshida otasining mashinasida tunagan - u yashaydigan shaharni Belgraddan uch soatli yo‘l ajratib turar, shu bois vaqtni zoye ketkazmay, otasi bilan avtomobilda tong ottirishni ma’qul ko‘rishgan. Luka to‘p suradigan «Srvena Zvezda» klubidagilar vaziyatdan xabar topishgach, boshpana masalasi ijobiy hal etilgan.

35 yoshli yaponiyalik futbolchi Makoto Xasebe garchi 2014 yildan buyon «Ayntraxt»da to‘p surayotgan bo‘lsada, sardorlik vazifasini unga topshirish haqida umuman o‘ylashmaydi. Lekin Xasebeni nafaqat o‘z klubi, balki butun ligadagilar yaxshi ko‘rishadi, o‘z vatanida ham katta obro‘ga ega. Makoto futboldan boshqa sohada ham dovruq qozonishga ulgurgan. U Yaponiyadagi kuchli zilziladan keyin 2011 yili «Idrokingizni to‘g‘rilang» nomli kitobini chop ettirgan, asar mavzusi stressga qarshi kurashish to‘g‘risida bo‘lgan. Ushbu faoliyat orqali kelgan bir yarim million dollarni esa xayriya yo‘liga sarflagan.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 11:37, 29.04.2019.
O'qildi: 2405 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.