Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

YCHL: Oltin avlodlar to‘qnashuvi

YCHL: Oltin avlodlar to‘qnashuvi

Baho:
+ | -

Yevropa chempionlar ligasi yarim finallarining dastlabkisi yakunlandi. Hammani hayron qoldirib, grandlarni yutib, shonli o‘tmishini o‘ylayotgan — «Ayaks». Katta tajriba evaziga final tomon dadil qadam tashlagan «Barselona» hamda yarim final o‘yinlarida dastlabki bahsda raqib darvozasiga birorta ham gol kirita olmagan APLning ikki klubi. Bularning hammasi bizga YCHLni katta qiziqish bilan tomosha qilishimizga sababchi bo‘ldi.

Gapni shonli o‘tmishga ega, hamisha «Oltin avlodlar»ni o‘z tarkibida yetishtirgan «Ayaks»dan  boshlaymiz. Ko‘hna qit’ada o‘tgan asrning 70-yillarida bir jamoa paydo bo‘ldiki, bu futbolda hamma sovrinlarga egalik qilishni boshladi. Afsonaviy Rinus Mixels bosh murabbiyligidagi bu jamoa zamonaviy futbolda yangi davrni boshlab yubordi. «Total futbol» atamasi aynan «Ayaks» muallifligida dunyoga keldi. Tarkibida Kroyf, Neskens, Rep, De Yong, Surbiyer, Krol kabi yulduzlarni jamlagan jamoa ko‘hna qit’ada ketma-ket 3 marta YCHLni yutdi. Ularning avlodi haqiqatan ham oltin edi. Ular butun dunyoga Oltin «Ayaks»ni va golland futbolini tanitishdi. O‘sha paytlarda «Ayaks»ning biryo‘la 3 a’zosiga Kataloniyaning «Barselona» jamoasi og‘iz soldi. Bular — bosh murabbiy Rinus Mixels, futbolchilar — Yoxan Kroyf va Yoxan Neskens edi. Ular «Barsa»ga borgan birinchi mavsumdayoq «Barselona» safarda «Real»ni 5:0 hisobida yutdi. «Total futbol» asoschisi Rinus Mixels o‘z falsafasini «Barselona»ga ham singdira oldi.

Oradan yillar o‘tdi. «Ayaks» ana shunday oltin jamoani  o‘tgan asrning 80-yillari o‘rtalarida shakllantirdi. Bu paytga kelib Yoxan Kroyf bosh murabbiy, tarkibda Marko van Basten, Frank Raykaard kabi yetakchilar yetishib chiqishdi. Ular 1987 yilda Yevropa Kubok egalari kubogini yutishdi. Azaldan «Barselona» «Ayaks» futbolchilariga qiziqib kelgan. Bosh murabbiy Yoxan Kroyf bilan birga Marko van Basten «Barselona»ga o‘tishga yaqin turgandi. Ammo van Basten kutilmaganda «Milan»ni tanladi.

«Ayaks»ning futbol maktabidan shu darajada ko‘p yulduzlar yetishib chiqishganki, ular bu borada dunyoda yagona desa ham bo‘ladi. Shuning uchun ham bu jamoaning nomi ismi jismiga mos — Oltin «Ayaks»! O‘tgan asrning 90-yillari boshlarida amsterdamliklar yana bir marta dunyoni titratishdi. O‘shanda Lui van Gal bosh murabbiyligidagi bu jamoa 1992 yilda UYEFA Kubogini yutdi. O‘sha yilning o‘zida «Ayaks»ning tarkibini «ko‘hna qit’a» grandlari talon-taroj qilib yuborishdi. Birgina Dennis Bergkampga Yevropaning biryo‘la 5 ta grand klubi taklif bilan chiqdi. Bular — «Real», «Barselona», «Milan», «Yuventus» va «Inter». Kutilmaganda «uloq»ni «neradzurri» ilib ketdi. Bu bilan «Ayaks» maktabi to‘xtab qolmadi. 1995 yilda finlyandiyalik Yari Litmanen, nigeriyalik Finidi Jorj, Nvankvo Kanu, aka-uka de Burlar, Edgar Davids, Klarens Zeedorf, Mark Overmars, Frank Raykaard, Danni Blind, Edvin van der Sar kabi yulduzlar o‘ynagan jamoa 2 marta YCHL finaliga chiqdi. Ulardan bittasida g‘olib chiqdi. Shundan keyin biz «Ayaks»ni YCHL finalida boshqa ko‘rmadik.

Ammo shundan keyin ham «Ayaks»dan yulduzlar yetishib chiqishda davom etdi. 2002- yilda ham «Ayaks» tarkibida yangi yulduzli jamoa shakllandi. Tasavvur eting, Zlatan Ibrahimovich, Kristian Kivu, Nayjel de Yong, Endi van der Meyde, Rafael van der Vart, Uesli Sneyder kabi yulduzlar uzoq yillar «Ayaks» safida to‘p tepishganda nima bo‘lardi. Afsuski, bu yigitlar o‘zlarini tarbiyalagan va dunyoga tanitgan jamoa safida bor-yo‘g‘i 1 yil o‘ynashdi.

Ana shundan keyin biz Oltin «Ayaks» o‘yinlarini uzoq yillar sog‘indik. 2010 yilda Jahon chempionati finalida o‘ynagan Gollandiya ham, 2017 yilda Yevropa Ligasi finalida o‘ynagan «Ayaks» ham bizga  o‘tmishdagi «Ayaks»ni eslatmadi. Biz joriy yilda «Real» va «Yuventus»ni yenggan «Ayaks» orqaligina o‘tmishdagi «Ayaks»ni yodga olgandekmiz. Ammo o‘tmishdagi «Ayaks» bo‘lishi uchun amsterdamliklar eng kamida Chempionlar ligasini yutishlari kerak. Garchi raqiblardan birining tarkibida Lionel Messidek yulduz o‘ynasa ham...

«Ayaks»ning bu tarkibi yozda talon-taroj bo‘ladi.  Grandlar «Ayaks» bog‘ida pishib yetilgan «olma»larni terib olib ketishadi baribir. Ungacha shonli o‘tmishga ega «Ayaks» Chempionlar Ligasini yutishi kerak. Biroq raqiblar bunga ko‘narmikan. «Barselona» joriy yilda 120 yillik yubileyini nishonlaydi, Lionel Messi 6-marta dunyoda eng yaxshi bo‘lishga jiddiy ahd qilgan, boshqa raqiblar ham sovg‘a emas. Lekin inglizlar dastlabki yarim finallarda juda yomon natija qayd etishdi.

Azaldan «Barselona»ga "nonu go‘sht" bo‘lib kelgan ingliz klublari bu safar ham qurbon vazifasini o‘tab berishdi. Menimcha, endi «Barselona» imkoniyatni boy bermaydi.

Shu o‘rinda bir voqea esimga tushadi. Pep Gvardiola angliyalik jurnalistlarga intervyu berguncha ular «APL dunyodagi eng kuchli chempionat» deb yuborishdi. Shunda Pep «kibrlanmang» dedi. «Siz bizning chempionat dunyoda eng kuchli deyapsizlar, boshqa chempionatlarni tomosha qilmagan ko‘rinasizlar», — deb so‘zida davom etdi u. Xullas, shunaqa gaplar.

Safarali Siddiqov

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 19:22, 06.05.2019.
O'qildi: 11126 marta.
Fikrlar: 7 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.