Futbolning sir-sinoati yana bo‘y ko‘rsatdi - ilk o‘yinda 3:0 hisobida g‘alaba qozongan «Barselona» va Angliyada chiroyli futbol namoyish etib, buni hisobda ham aks ettirgan «Ayaks» qolib, APLning ikki vakili mo‘’jizaviy tarzda Madrid finali yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa-ya... Ha, CHL tarixida ikkinchi marta inglizcha final ko‘radigan bo‘ldik. Ayting, buni kim taxmin qilgan yoki kutgandi?
«Ayaks» - «Tottenxem»
*** «Tottenxem» - CHK|CHL tarixida finalga chiqqan 40-klub. Yana bir tomoni CHLning oxirgi 11 mavsumidan buyon yangi finalchi ko‘zga tashlanmayotgandi. Xullas, 2008 yili «Chelsi» finalchilar qatoriga qo‘shilganidan keyin elit ro‘yxat o‘zgarmayotgandi.
*** «Tottenxem» yarim himoyachisi Lukas Moura 90}6-daqiqada g‘alaba golini urdi va alohida natijaga erishdi. Braziliyalik 26 yoshli futbolchi - CHL tarixida yarim final doirasidagi bahsda «xet-trik» qayd etgan atigi 5-o‘yinchidir. Bunga qadar turnirning 1|2 finalining bitta o‘yinida 3ta gol urish Alessandro Del Pyero, Ivisa Olich, Robert Levandovski va Krishtianu Ronalduga nasib etgandi.
*** «Tottenxem» oxirgi 20 yil badaliga CHL yarim final bahsini 0:2 hisobida boy bera turib, yakunda g‘alaba qozongan ilk jamoa bo‘ldi. Bunday holat oxirgi marta 1999 yili kuzatilgandi. O‘shanda «MYU» klubi «Yuventus»ga qarshi uchrashuvda 0:2 hisobini 3:2ga aylantirish uddasidan chiqqandi. Eslatma, Angliya jamoasi o‘sha mavsum finalda «Bavariya»ni fantastik tarzda yengib (2:1), bosh sovrin sohibiga aylangan edi.
*** «Tottenxem» Angliyaning CHL finaliga chiqqan 5-klubidir. Xullas, «shporlar» bu borada APLni rekordchi chempionatga aylantirishdi. Bunga qadar turnirning hal qiluvchi bahsida «Arsenal», «Chelsi», «Liverpul» va «MYU» jamoalari APL sharafini himoya qilgandi. Gap zamonaviy turnir tarixi haqida ketmoqda, ya’ni Yevropa Chempionlar kubogi musobaqasi CHLga aylantirilganidan keyingi davrda hech qaysi mamlakatdan finalga 5ta jamoa chiqqan emasdi. Angliya ligasi bu borada 4ta finalchi klubga ega Ispaniya Primerosidan o‘zib ketdi.
*** «Liverpul» - «Tottenxem» 2008 yildan keyingi davr uchun ilk inglizcha final hisoblanadi. Umuman, turnirning yangi tarixida final atigi bir marta «Angliya derbisi» ko‘rinishini olgandi. Ya’ni CHL-2007|2008ning Moskva shahridagi «Lujniki» stadionida tashkillashtirilgan hal qiluvchi bahsida «MYU» va «Chelsi» o‘zaro hisob-kitob qilgandi (1:1, penaltilar bo‘yicha - 6:5). Darvoqe, UYEFA kubogi-1971|1972da ham inglizcha final kuzatilgan va unda aynan «Tottenxem» jamoasi «Vulverxempton»dan ustun kelgandi - 2:1, 1:1.
*** «Tottenxem» o‘z tarixida ilk bora CHL finalida o‘ynaydi. Darvoqe, London klubi bunga qadar 3 marta yevrokubok sohibiga aylangan edi. Hozirda «taqachilar» muzeyida UYEFA kubogi (1972 va 1984 yillar) hamda Kubok egalari kubogi (1963 yil) bor.
*** Lukas Moura «Ayaks» darvozasini 204 soniya ichida ikki bora nishonga oldi. «Tottenxem» qahramoni 55-59-daqiqalarda Andre Onanani o‘z darvozasidan 2 marta to‘p olib chiqishga majbur etdi. Lukas joriy turnirning guruh bosqichida 2tagina gol urgandi.
*** «Ayaks» sardori Matteys de Ligt 19 yoshu 269 kunligida CHL yarim finalida gol muallifiga aylandi. Xullas, u turnir tarixidagi 1|2 final bahslarida gol urgan eng yosh futbolchilar ro‘yxatida 4-o‘ringa joylashdi. Ro‘yxatning kuchli uchligida Nordin Voter («Ayaks», 1996 yil), Obafemi Martins («Inter», 2003 yil) va Kilian Mbappe («Monako», 2017 yil) bor.
*** «Ayaks» o‘z tarixida ilk marta CHL o‘yinida birinchi bo‘lib gol urgani holda yakunda mag‘lubiyatni tan oldi. Amsterdamliklar bungacha 49ta o‘yinda hisobni ochgan bo‘lsalar, ularning 41tasi g‘alaba qozongan va 8tasida durang natija qayd etishgandi.
*** «Ayaks» uchrashuvning ilk daqiqalarida CHLdagi yubiley - 150-golini nishonlab, Gollandiyaning bu marraga yetgan birinchi jamoasi bo‘ldi.
*** Deyli Blind CHLda «Ayaks» safida 26-o‘yinini o‘tkazib, bu borada otasi - Danniga tenglashib oldi. 29 yoshli golland 2008-2014 va 2018-2019 yillar oralig‘ida shunday natijaga erishdi. Katta Blind esa 1986-1999 yillar oralig‘ida aynan «Ayaks» sharafini himoya qilgandi. Aytgancha, u 1995 yili Amsterdam klubi safida CHL bosh sovrini sohibiga aylangan edi.
«Liverpul» - «Barselona»
*** «Barselona» o‘z tarixida yevrokuboklar doirasidagi o‘yinlarda 6-marta 4ta gol qo‘yib yubordi. Kataloniyaliklar oxirgi marta CHL-2016|2017 1|8 finali ilk uchrashuvida shunday qismatga duch kelishgandi («PSJ»ga qarshi bahs - 0:4). To‘g‘ri, «Barselona» shunga qaramay, javob uchrashuvida barchasini o‘z-o‘rniga qo‘yib (6:1), keyingi raundga chiqqandi.
*** «Liverpul» CHK|CHL tarixida yarim finalning ilk o‘yinida yirik hisobda yengilishiga qaramay, yakunda hal qiluvchi uchrashuvga yo‘l olgan 3-klubdir. 1971 yili «Panatinaikos» («Srvena Zvezda» - 1:4, 3:0) va 1986 yili «Barselona» («Gyoteborg» - 0:3, 3:0, pen. - 5:4) shunday natijaga erishgandi.
*** «Liverpul»ning belgiyalik hujumchisi Divok Origi evrokuboklarda ilk marta «dubl»ga erishdi.
*** «Barseloan» darvozasini qisqa vaqt ichida ikki bora nishonga olgan Jorjinyo Veynaldum 2012 yilning avgustida PSV safida YEL saralash bosqichidan o‘rin olgan «Zeta»ga qarshi o‘yin (9:0)da «xet-trik» qayd etgandi.
*** «Liverpul» o‘z tarixida 3-marta CHK|CHL finaliga ketma-ket ravishda yo‘l oldi. Mersisaydliklar o‘tgan mavsum hal qiluvchi o‘yinda «Real»ga bas kelolmagandilar - 1:3. Angliya klubi 1977 yili CHK finalida «Borussiya» (Menxengladbax)ni 3:1 hisobida yengib, keyingi mavsum «Bryugge»ni yagona gol evaziga taslim etgandi (1:0). Mavsum-1983|1984ning hal qiluvchi bahsida ham «Liverpul» qo‘li baland kelgan («Roma» - 1:1, pen. - 4:2), biroq «qizillar» keyingi yili omadsizlikka uchrashgan («Yuventus» - 0:1).
*** «Barselona» CHLning oxirgi 3 mavsumida «pley-off» raundlari doirasidagi safar o‘yinlarda atigi 2ta gol urdi. Qolaversa, jamoa bu oraliqda 7ta o‘yindan 1tasini o‘z foydasiga hal qildi, xolos (2ta durang va 4ta mag‘lubiyat). Boz ustiga, «Barselona» bu o‘yinlarda naq 15ta gol qo‘yib yubordi.
*** «Liverpul» darvozaboni Alisson qatorasiga 2-mavsum CHL «pley-off» raundida «Barselona»ga qarshi o‘ynab, uning keyingi bosqichga chiqishiga yo‘l qo‘ymadi. Braziliyalik kiper mavsum-2017|2018da «Roma» safida 1|4 finalning ilk o‘yinida 4ta gol qo‘yib borgan, ammo javob bahsida darvozasini daxlsiz saqlagandi - 1:4, 3:0.
*** 2013 yildan buyon CHL finali ilk marta Krishtianu Ronaldu va Lionel Messisiz o‘tadi. Bu oraliqda argentinalik futbolchi hal qiluvchi bahsda 1 marta, portugaliyalik yulduz esa 4 marta ishtirok etdi. Xullas, ikkisidan xoli oxirgi final 6 yil oldin kuzatilgandi («Borussiya» D. - «Bavariya» - 1:2). Diqqatga sazovor tomoni, o‘shanda Dortmund jamoasini Yurgen Klopp boshqargandi.
*** 2013 yildan buyon final ilk marta Ispaniya klubisiz o‘tadigan bo‘ldi. E’tiborlisi, La-liga vakillari bu muddat ichida qatorasiga 5 marta bosh sov-rin sohibiga aylanishdi. 2014, 2016, 2017 va 2018 yillarda «Real» zafar quchgan bo‘lsa, mavsum-2014|2015 yakunida «Barselona» taxtga ko‘tarildi. Oxirgi yillarda «Atletiko» ham ikki marta final yuzini ko‘rganini aytish o‘rinli.
*** «Liverpul» Yurgen Klopp boshqaruvida qatorasiga 3-marta yevrokuboklar finaliga chiqdi. Boshqacha aytganda, Mersisayd jamoasi germaniyalik mutaxassis davrida yevrokuboklarning 2ta o‘yindan iborat bosqichlarida biror marta yengilgani yo‘q. Klopp debyut mavsumida Liverpul»ni YEL finali sari yetaklagan, ammo «Sevilya» oldida ojiz qolgandi. «Qizillar» keyingi mavsum CHL bosh sovrini uchun kurashda «Real»ga yutqazishdi.
*** «Barselona» qatorasiga ikkinchi marta CHL «pley-off» raundi doirasidagi ilk o‘yinda 3ta gol farqi bilan g‘alaba qozongan holda kurashdan chiqib ketdi. Kataloniyaliklar o‘tgan mavsum 1|4 finalda xuddi shunday omadsizlikka uchrashgandi («Roma» - 4:1, 0:3).
*** «Liverpul» himoyachisi Trent Aleksander-Arnold «Barselona»ga qarshi javob o‘yinida 2ta golga assistentlik qildi. Shu bilan uning joriy mavsumdagi samarali uzatmalari soni 14taga yetdi (barcha turnirlarda). Angliyalik futbolchi bu borada «Liverpul» yetakchisidir.