Mino Rayola - 21-asrning eng mashhur agentlaridan biridir. U haqda eshitmagan bo‘lsangiz ham, uning kelishuvlaridan xabardorsiz: Zlatan Ibragimovich, Mario Balotelli, Pavel Nedved va Dennis Bergkamplarning transferlari shular jumlasidandir.
Rayola Italiyada tug‘ilgan. Ammo anchadan buyon Gollandiya pasporti bilan yashaydi. Bu uning ish jarayoniga ta’sir o‘tkazgan. U Italiya «A» seriyasi va Erediviziondagi barcha yirik transferlarni nazorat qiladi.
Aynan u «Ayaks»ning 19 yoshli sardori Mateys de Ligt va «Manchester Yunayted» yarim himoyachisi Pol Pogbalarning agentidir. Ikki futbolchi ham joriy yozning eng yirik transferlariga nomzodlardan hisoblanishadi. Gollandiyalik futbolchini «Barsa», fransiyalikni esa «Real» o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Lekin ayni paytda ikkita kelishuv ham amalga oshmasligi mumkin.
9 may kuni Rayolaga uch oy Italiyada faoliyat olib borishi uchun taqiq qo‘yildi. Oradan bir kun o‘tib, FIFA bu taqiqni butun jahonga taalluqli qilib qo‘ydi. Transfer bozori ochilishiga esa ko‘p qolmadi.
Rayolani nega chetlatishdi?
Hech kim anig‘ini bilmaydi. Italiya sport agentlari ittifoqi ham, FIFA ham chetlatish sabablarini ma’lum qilmadi. Uning ukasi Vinchensoni esa ikki oyga chetlatishdi. Rayola bunga siyosiy tus bermoqda. Uning fikricha, hammasiga shu bahorda Italiyada bo‘lib o‘tgan irqchilik mojarosi sabab ekan. «Afsuski, bu meni hayron qoldirmadi. Bunga siyosiy qarashlar sabab deb o‘ylayman. Umid qilamanki, tekshiruvlardan so‘ng haqiqat ro‘yobga chiqadi. Menimcha, Italiya futbol federasiyasi ularning vakillarini tanqid qilganim uchun kechirmagan», - dedi Rayola.
Shu tariqa Mino boshqa bir mijozi Moyze Kin bilan yuz bergan vaziyatni esga olmoqda. «Bolonya»ga qarshi uchrashuvda 19 yoshli italiyalikka nisbatan hushtakbozlik qilishgandi. Shundan so‘ng «Yuventus» futbolchisi tribunaga qarab, nomaqbul qiliq qilgandi. O‘shanda Bonuchchi Kin nohaqligini aytgandi. Shuningdek, muxlislar ham uning fikriga qo‘shilishdi. Rayola o‘z mijozining tarafini olib, haqiqiy italiyalik rasist bo‘lmasligini aytgandi.
De Ligt va Pogba transferlari Rayola qo‘lidami?
19 yoshli de Ligt kelajagi borasida o‘zi bir qarorga kela olmasligini aytib o‘tgandi. «Turli klublardan qiziqishlar bo‘layotgani rost. Ammo ayni paytda men «Ayaks» futbolchisiman. Kelajagimni Mino Rayola hal qiladi», - degandi futbolchi mart oyi-da.
Gap-so‘zlarga qaraganda, «Barselona» va «Ayaks» o‘rtasidagi muzokaralar aynan Rayola tufayli buzilgan. Agent kelishuvning 20 foizini o‘ziniki qilmoqchi bo‘lgan. Ya’ni, 14 million yevroni. Natijada «Ayaks» muzokaralarni to‘xtatib qo‘ydi. Chunki amsterdamliklar ko‘proq summaga ega chiqmoqchilar.
Umuman olganda, shu yozda de Ligt borasida kelishib olish uchun imkoniyat bor. Chunki Gollandiya va Ispaniyada transfer darchasi Rayolaning diskvalifikasiyasi tugaganidan uch hafta o‘tgach yakuniga yetadi. Pogba transferi borasidagi vaziyat esa biroz og‘irroq.
Gap shundaki, Angliyada transfer oynasi 9 avgust kuni yopiladi. Ya’ni Rayolaning chetlatilishi yakunlanishi bilan bir xil vaqtda. Shunda ham «MYU» Pogbani sotish imkoniyatiga ega. Lekin inglizlar uning o‘rniga boshqa futbolchi xarid qilishga ulgurishmaydi.
Yuqoridagi vaziyat de Ligt va Pogbaning transferiga qanday ta’sir o‘tkazishini vaqt ko‘rsatadi. Rayola diskvalifikasiyasini sudda hal qilishga va’da bergandi. Lekin FIFAning qaroridan so‘ng hammasi izdan chiqib ketdi. Ko‘ramiz, bu jarayon nima bilan yakun topar ekan...