Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

«Liverchester Sinayted» nega ingliz klublari shunchalik omadli?

«Liverchester Sinayted» nega ingliz klublari shunchalik omadli?

Baho:
+ | -

Ma’lumki, bu mavsum yevrokuboklar finalida Angliya klublari misli ko‘rilmagan natijaga erishdilar.

Boshqacha aytsak, YECHL va YEL finallariga APLning birdaniga to‘rt klubi - «Liverpul», «Tottenxem», «Arsenal» va «Chelsi» yo‘l olishdi. Qisqasi, bu mavsum APLga ataldi. Shu munosabat bilan ayrim xorijlik hamkasblarimiz ingliz jamoalarining muvaffaqiyatiga nima sabab bo‘lgani haqida bosh qotirishdi va birmuncha qiziqarli fikrlarni ilgari surishdi.

Rahmat senga, Platini!

«Liverpul» va «Tottenxem», «Arsenal» va «Chelsi»... Bir-ikki yillar oldin shu to‘rtlik bir mavsumda YECHL va YEL finaliga chiqishi mumkinligi haqida umuman o‘ylab ko‘rmagan bo‘lardik. Chunki bir tomondan, bunaqasi hali tarixda kuzatilmagan, ikkinchi tomondan esa «Siti» hamda «Yunayted»ning superyulduzlar uchun ko‘r-ko‘rona pul sarflashlaridan so‘ng, mantiq bo‘yicha, aynan shu klublar yevroturnirlar finaliga yo‘l olishlari lozim edi.

Ammo ko‘rinib turibdiki, qachonlardir Mishel Platini ilgari surgan va amalga tatbiq etgan g‘oya - «moliyaviy feyr-pley» ish berishni boshladi. Biz buni Angliya misolida yaqqol sezyapmiz. O‘shanda hammani bir savol o‘ylantirgandi: xo‘sh, grandlarning karmonini qanday nazorat qilamiz?! Qarangki, bu juda oson ekan - shunchaki, ularga transferni taqiqlab qo‘yilsa, bas. To‘g‘ri, qaysidir lahzalarda qoidalarni chetlab o‘tish ham mumkindek tuyulgandi. Biroq shunday yo‘l tutishni istagan va shayxlar pulida «cho‘milgan» «Siti» yoxud «PSJ» yevrokuboklarda nimaga erishdi? Deyarli hech nimaga.

O‘zi aslini olganda, so‘nggi yillarda butun Yevropa Britaniya klublari ustidan kulishni boshlagandi. Zero finalgacha bo‘lgan bosqichlarda «Liverchester Sitinayted» kabi nomlar qanchalik kuchli va yengilmas tuyulmasin, oxir-oqibatda, g‘olib yo «Real» yoxud «Barselona» bo‘lishiga o‘rganib qoldik. Shuningdek, «Bavariya» ham aksariyat hollarda ingliz jamoalari yo‘lini to‘sardi. E’tibor bering: so‘nggi bor APL vakili («Chelsi») YECHL bosh sovrinini 2012 yilda, xuddi o‘sha «feyr-pley» joriy etilgan paytda qo‘lga kiritgan ekan. Mana, oradan yetti yil o‘tib, yangi «Evropa qiroli» yana «angliyalik» bo‘ladi. Qizig‘i shundaki, biz buni hali final o‘tmasidan turib bilamiz. Zo‘r-a?! Buning uchun Platiniga alohida minnatdorlik bildirsak, arziydi.

 

«Liverpul» va «Tottenxem»ning ekotizimi

Ana endi yana asosiy savolga qaytamiz: xo‘sh, fransiyalik amaldor aslida nimani reja qilgandi? Platini kuchli va kuchsiz, puldor va qashshoq klublarning darajasini tenglashtirishni, jamoalar faqat pul yordamida emas, manfaatli seleksiya hamda kuchli menejment orqali rivojlanishini istardi. Xullas, UYEFA joriy etgan «moliyaviy feyr-pley» mantig‘i quyidagicha: uch yil oralig‘ida istalgan klubning buromadi (sarflagan mablag‘i) umumiy daromaddan besh foizgina oshib ketishi mumkin. Bundan ortig‘i - taqiqlanadi. Mazkur yangilikdan so‘ng hech kim, hatto arab shayxlari ham pullarini o‘zi istagancha sarflay olmay qolishdi. To‘g‘ri, «PSJ» bir amallab «Barselona»dan Neymarni «o‘g‘irlab keldi», ammo yuqorida aytganimizdek, bu parijliklarga nima berdi? Hech nima...

Bu vaqtda esa «Liverpul» va «Tottenxem» singari klublar yuzaga kelgan imkoniyatdan unumli foydalanib, sezilarli darajada o‘sishga muvaffaq bo‘lishdi. Aniqroq aytganda, ular yangi porlab chiqayotgan yosh futbolchilarni arzimas pulga xarid qilishni, keyin esa ularni top-darajaga olib chiqishni maqsad qilgan o‘z ekotizimlarini yaratib olishdi. Buning uchun klublar avvalo, nafi tegmayotgan, ammo katta maosh olayotgan faxriy futbolchilardan butunlay voz kechishdi. «Tottenxem» esa hatto, kerakli chiziqlarni kuchaytirib olganidan so‘ng umuman yangi futbolchilarni sotib olishni to‘xtatdi. To‘g‘ri, «qizillar» ayrim superxaridlarni (himoyachi Virjil van Deyk - 84 mln. yevro, darvozabon Alisson - 62,5 mln., Nabi Keyta va Fabinyo -105 mln. dollar) amalga oshirishdi, ammo shu bilan birga, ular kerakli vaqtda Koutinyoni 135 million evaziga «Barselona»ga pullab, «balans»ni to‘g‘rilab olishdi.

Qisqasi, «Liverpul» va «Tottenxem» mana shu o‘tgan davr mobaynida kelajak uchun yaxshigina tarkib tuzib olishdi. Deylik, 1980 yillarda tug‘ilgan futbolchilar ikki jamoada atigi 9 nafargina, xolos va ular Yurgen Klop hamda Maurisio Pochettinoning ishlashiga xalal bermay, aksincha, murabbiylarni imkon qadar qo‘llab-quvvatlashmoqda.

 

«Arsenal» an’anasi

Biz yuqorida «Liverpul» hamda «Tottenxem»ga qo‘proq e’tibor qaratdik, ammo yevrokuboklarning 2018|2019 yillar mavsumidagi barcha kashfiyot klublari aynan «moliyaviy feyr-pley» tufayli shu darajaga yetishganini unutmaslik lozim. Misol uchun, bundan uch yillar avval «Ayaks» va «Ayntraxt» klublaridagi futbolchilarni o‘z muxlislaridan boshqa hech kim tanimasdi, hisob. Endi YECHL va YEL finaliga chiqishiga bir bahyagina qolgan klublar hammaning asosiy mavzusiga aylandi. Biz esa shuni ta’kidlashni istardikki, Platinining islohotlari bo‘lmaganida, amsterdamliklar ham, frankfurtliklar ham yarim final bosqichini faqat tushlarida ko‘rishardi.

Xullas, biz yana Angliyaga qaytamiz. Yevropa Ligasining bu yilgi finaliga, Bokuga yo‘llanmani birinchi bo‘lib hal qilgan «Arsenal»da Platinining g‘oyasiga qadar ham pulni aql bilan ishlatish an’anasi mavjud bo‘lgan. Xususan, Arsen Venger 1990-yillardayoq e’tiborini saviyali, ammo narxi arzon futbolchilarga qaratardi. Aynan shu sababli ham londonliklar tarkibida bir paytlari sharqiy yevropalik yigitlar ham to‘p surish baxtiga muyassar bo‘lishgan: ukrainalik Oleg Lujniy, belarus Aleksandr Gleb, latviyalik Igor Stepanov...

Qimmatbaho xaridlardan kechish «kanonirlar»ning «Xayberi» stadionidan «Emireyts»ga (ayni vaqtda «Tottenxem» xuddi shu holatda) ko‘chib o‘tishi bilan ham bog‘liq edi. Buning natijasida Andrey Arshavinning «Zenit»dan Londonga 15 million funtga ko‘chib o‘tishi o‘sha paytda «Arsenal» tarixidagi eng qimmat xarid deb baholangandi!..

Unai Emeri shogirdlariga 29 may kuni Bokuda qarshilik qiladigan «Chelsi»da esa holat biroz boshqacharoq. Chunonchi, rossiyalik milliarder Roman Abramovichga tegishli hisoblangan klub hozircha «eski aqidalar» tarafdori bo‘lib turibdi va jamoa xo‘jayini uchun qaysidir sovrinni yutish - hammasidan muhimroq. Ammo qattiqqo‘l UYEFA «Chelsi»dagi ayrim muammoli vaziyatlar sabab, klubga yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishni taqiqladi. Bu esa shuni anglatadiki, «Chelsi» agar zamonaviy futboldan ortda qolishni istamasa, o‘z falsafasini o‘zgartirishi lozim.

 

Tarix o‘zgarganida...

Bir mavsumning o‘zida bir mamlakatning to‘rt klubi xalqaro turnirlarda finalga chiqishi chindan ham, noyob holat. Bungacha esa musobaqalarda uchta «vatandosh» va bitta «begona» klublar to‘qnash kelishganini ko‘p bora kuzatganmiz. Quyida ana shunday holatlarni yodga olamiz.

* UYEFA Kubogining 1979|1980 yillar mavsumidagi finali nemis klublari ishtirokida o‘tgan. O‘shanda Menxengladbaxning «Borussiya»si va «Ayntraxt» ikki o‘yindan iborat kurashda o‘zaro munosabatlarga oydinlik kiritishgan. Menxengladbaxdagi ilk o‘yin mezbonlarning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlanadi. Frankfurtda esa «Ayntraxt»ning qo‘li baland keladi - 1:0. Safarda urilgan gol ustunligi esa «Ayntraxt»ni turnir g‘olibiga aylantiradi. Chempionlar Kubogining o‘sha yilgi finalida esa «Gamburg» «Nottingem Forest»ga Madridda yutqazib qo‘yadi - 0:1.

* Mavsum-1989|1990 italyancha ko‘rinish olgan. UYEFA Kubogi uchun «Yuventus» va «Fiorentina» bellashadi va Turindagi o‘yin «keksa senyora»ning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan nihoyasiga yetadi. Florensiyadagi javob o‘yinida hisob ochilmagani uchun sovrin «Yuventus»ga nasib qiladi. Chempionlar Kubogi finalida esa «Milan» Venada «Benfika»ni ranjitadi - 1:0. Demak, har ikki yevrokubok bitta mamlakatning ikki klubiga nasib qilgan va inglizlar bu borada rekordchi hisoblanishmaydi.

* «A» seriya vakillari mavsum-1994|1995da ham o‘zlarini ko‘rsatishgan. Jumladan, UYEFA Kubogi finali «Parma» va «Yuventus» ishtirokida o‘tib, sovrin «Parma»da ketgan. Chunki Nevio Skala jamoasi o‘z maydonidagi ilk o‘yinda 1:0 hisobi bilan raqibni yengib, javob bahsida, Turinda durangga erishgan - 1:1. Narigi musobaqada esa «Ayaks» g‘olib bo‘lgan. Amsterdamliklar o‘shanda «Milan» ustidan Venada muvaffaqiyatga erishishgandi - 1:0.

* Italiyaliklarning Yevropadagi hukmronligi 1997|1998 yillar mavsumida ham davom etdi. Parijda o‘tgan va ilk marta birgina o‘yindan iborat bo‘lgan UYEFA Kubogi finalida «Inter» «Lasio»ni yirik hisobda yengdi - 3:0. Chempionlar Ligasi finalida esa «Yuventus» Amsterdamda «Real» bilan kuch sinashib, yagona gol evaziga mag‘lubiyatni tan oldi - 0:1.

* So‘nggi o‘n yillikka kelib, yevrokuboklarning hal qiluvchi bahslari asosan ispanlar ishtirokida o‘ta boshladi. Misol uchun, mavsum-2013|2014da «Sevilya» Yevropa Ligasi finalida «Benfika»ni penaltilar seriyasidan so‘ng mag‘lubiyatga uchratadi. Lissabondagi YECHL finali esa «Madrid derbisi»ga aylanadi va unda Karlo Anchelottining «Real»i «Atletiko»ni 4:1 hisobida ishonch bilan yengadi.

* Xuddi shu ko‘rinish mavsum-2015|2016da ham takrorlangan. Ya’ni «Sevilya» yana Yevropa Ligasi oltin medallarini Bazeldagi finalda «Liverpul»ni yengib, qo‘lga kiritadi - 3:1. Chempionlar Ligasida esa yana «Real» hamda «Atletiko» klublari to‘qnash kelishadi. Farqi shundaki, bu gal «Real» nisbatan qiyinchilikka uchrab, asosiy vaqtda «Atletiko»ni yenga olmaydi - 1:1. Ammo penaltilar seriyasida baribir, «Qirollik klubi» ustunlik qiladi - 5:3.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 14:41, 19.05.2019.
O'qildi: 3004 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.