«Arsenal»ning chexiyalik darvozaboni Petr Chex mavsum yakunida professional futbol bilan xayrlashishini ma’lum qildi.
Bundan xabar topgan football.ua sayti muxbirlari 36 yoshli faxriy kiperni darhol alohida suhbatga chorlashdi. Natijada Pert 20 yillik yorqin va samarador faoliyatida davomida kuzatilgan ba’zi voqealarni esga oldi.
***************
- Shuni ta’kidlashim lozim, YECHL-2011|2012 finali («Chelsi» - «Bavariya» qarama-qarshiligida «ko‘klar» penaltilar seriyasiga ko‘ra, g‘olib chiqishgan)ni hech qachon qayta tomosha qilgan emasman. To‘g‘ri, o‘sha uchrashuvning muayyan qismini ko‘rganimni inkor etmayman. Aniqrog‘i, o‘yinni o‘g‘lim tomosha qilayotgan pallada kadrlarga ko‘zim tushgan. Shuningdek, «Chelsi» o‘yinchilari bilan mehmonxonada kechki taom chog‘i televizorda CHLga bag‘ishlangan shouni ko‘rganman. Hammasi shundan keyin boshlandi. Frenk Lempard, Eshli Koul va Jon Terri bilan birga edim. Biz o‘yinning ayrim lavhalarini tomosha qilganmiz. TVda faqat oxirgi penaltilar qayta-qayta namoyish etilgani esimda. Lekin takror bo‘lsada, aytaman, o‘yinning to‘liq videoyozuvini biror marta ko‘rmaganman. Shuningdek, 2008 yilgi finalga ham («MYU» - «Chelsi» bellashuvida ham g‘olib penaltilar seriyasida ma’lum bo‘lgan, faqat omad «qizil iblislar» tomonida) qiyo boqqan emasman...
***************
- O‘zi o‘yinlardan olingan ayrim lahzalarni qayta tomosha qilishga toqatim yo‘q. Chunki tabiatan bugungi kun bilan yashayman. O‘tmishga tez-tez nigoh tashlaydigan kishi real voqealar haqidagi tasavvurini yo‘qotib qo‘yishi hech gap emas. Agar o‘tmishdan kuch olishni istasangiz, yanglishasiz. Vaziyatni o‘nglash imkoniyatini bugungi voqeliklardan izlash lozim. Shaxsan men hamisha shunday qilaman. Lekin faoliyatim yakuniga yetganidan keyin istalgan uchrashuvni bemalol takroran ko‘rib chiqishim mumkin.
***************
- 2006 yil «Reding»ga qarshi kechgan bahsda orttirilgan jiddiy jarohat? Dubulg‘a? Maydonda mo‘ljalni aniqroq olishim uchun tez-tez ortga burilishga majbur bo‘la boshladim. «Reding» bilan o‘yinning menda yagona ta’siri shu. Axir 3 kun koma holatida yotdim. Bu omadim kelganidan dalolat, menimcha. Chunki o‘sha oqshom aynan qanday falokat yuz berganini umuman eslolmayman. Ko‘pchilik shundan so‘ng mavsum oxiriga qadar maydonga tushishdan tiyilishim zarurligi xususida maslahat berdi. Avvaliga bunga amal ham qildim. Lekin keyinchalik mashg‘ulotlarda qatnasha boshlagach, fikrim birdaniga o‘zgardi: «Qani, harakat qilaveraychi, bundan nima chiqarkin?»
***************
- Ochig‘i, o‘shanda o‘z oldimga qandaydir maqsad qo‘ymagandim. Bosh suyagim shikastlanganidan keyin oradan 3 oy o‘tgach, mashg‘ulotlarda qatnashishga ruxsat berishdi. Tez orada o‘zimni yaxshi his eta boshladim va maydonga tusha olishimni sezdim. Maydonga qaytishimda, ma’lum darajada tavakkal ham bor edi. Muhimi, o‘yindan-o‘yinga o‘zimni baxtiyor his eta boshladim. Ha, ba’zi muammolar yo‘q emasdi. Ulardan forig‘ bo‘lishda esa aynan futbol katta yordam berdi.
***************
- «Arsenal» safiga o‘tishim? Roman Abramovich bilan uning uyida uchrashdik va o‘z qarorimni dangal aytib, sabablarni ham keltirdim. Shunda klub sohibi biroz asabiylashdi, ammo menda boshqa yo‘lning o‘zi yo‘q edi. Qisqasi, Abramovich qarorimdan rosa ranjigan bo‘lsada, klub uchun qo‘ldan kelganicha xizmat qilganim tufayli jiddiy e’tiroz bildirmadi. U shunchaki, ko‘zlarini yumgan holda, yakuniy qarorini ma’lum qildi: «Yaxshi, ketishing mumkin». Aslida turli jamoalardan takliflar olgandim, ammo ixtiyorimda «B» rejasi yo‘q edi. Faqat har qanday holatda ham, APLda qolishni istaganim rost. Zero, eng yaxshi o‘yinchilar eng kuchli ligada o‘ynashlari lozim.
***************
- Yaqinda «Chelsi»dan taklif olganim rost. Jamoa mutasaddilari meni Maykl Emenalo egallab kelgan lavozimda ko‘rmoqchilar. Eshiklarim hamma uchun doimo ochiq. Tafsilotlarga to‘xtalmoqchi emasman, faqat o‘zim uchun eng yaxshi ko‘ringan variantni tanlayman.
***************
- Xalq hikmatiga ko‘ra, agar barabanchi xatoga yo‘l qo‘ysa, hammasi barbod bo‘ladi. Darvozabonni aynan barabanchiga o‘xshatish mumkin: to‘pni qo‘lingdan chiqarib yubordingmi, tamom, seni poylab turgan raqib bundan foydalanadi. Senda boshqa yo‘l yo‘q. Darvozabon va barabanchi o‘rtasidagi asosiy o‘xshashlik ana shu...