Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Bizda Eldor Shomurodovlar ko‘p, afsuski...

Bizda Eldor Shomurodovlar ko‘p, afsuski...

Baho:
+1 | -1

Bir necha kun oldin futbolga bordim. Ham, ham tanishlar bilan diydorlashuv. Bir akamiz jiyanini ham o‘zi bilan olib kelgan ekan. “Futbol maktabida o‘qigan”, dedi. “Zo‘r o‘ynaydi, ko‘r”, dedi. Qiziqib qoldim. O‘yinini tomosha qildim. Haqiqatan chiroyli harakat qiladi. Juda zo‘r o‘ynaydi. Ikkala oyoqda ham zarbasi kuchli, driblingi bor, nozik harakatlarga ham usta.

Yigitchaga qiziqib qoldim. Surishtirdim. Nega akademiyalarga bermadingiz, futbolchi bo‘ladimi endi, desam, “Qayda”, degandek yelka qisdi. Nega endi, o‘yini zo‘r-ku, tarbiyalasa, juda yaxshi futbolchi chiqadi, dedim yana. Aka esa bosh barmog‘i bilan ko‘rsatkich barmog‘ini ishqaladi: “Pul yo‘q-da, uka”. Keyin gapirib berdi. O‘zlari tomondagi akademiyaga bermoqchi bo‘lgan, ammo puli yetmagan. “Keyin, uka, akademiyaga kiritdim ham dey, baribir, katta klublar tarkibiga olinmaydi”, dedi. Klublar safiga kirish ham pul-da, dedi. Agar hech bo‘lmaganda “Nasaf” yoki “Mash’al” kabi klublarda o‘ynamasa (akamiz qashqadaryolik), shuncha ovoragarchilik va rasxod uvol-da, dedi. Nima deyarimni bilmadim ham. Lekin, ishoning, bu bola shu holida ham Superligadagi uncha-buncha futbolchilardan yaxshi o‘ynardi.

Rosti, ayni damda akademiyaga kirish yoki katta klublarda o‘ynash uchun pul to‘lash kerakmi, yo‘qmi, bilmayman (gap pora haqida ketyapti). Ammo muhimi bu emas. Muhimi xalqning ongidagi tushuncha. Xalq bugun o‘zbek futbolida mashhur bo‘lish uchun kimgadir yoki kimlargadir pul berishing kerak, tanish-bilishing bo‘lishi kerak, degan fikrda. Afsuski, bu fikr bejizga tug‘ilmagan. Oldingi yillardagi korrupsiya ana shunday fikr uyg‘otgan. Salbiy fikrni esa yo‘qqa chiqarish mushkul ish.

Bizda Eldor Shomurodov kabi futbolchilar istagancha topiladi. Ishonavering. Faqat buning uchun xalq ongida “O‘zbek futbolida pul rol o‘ynamaydi, iqtidorlilar kelib o‘zini ko‘rsatishi mumkin”, degan tushunchani uyg‘otish kerak. Futboli rivojlangan davlatlarni ko‘ring, asosiy o‘rinda iqtidor turadi. Agar dunyo futbolida ham pul birlamchi bo‘lganida, xalq futbolning shaffofligiga ishonmaganida Ronaldu, Messilar yetishib chiqmasdi. Ko‘ring, qarang, 8 ta mashhur futbolchining kamida 4 tasi kambag‘alning bolasi, nochor hayot kechirgan. Xo‘sh, bizda, Superligada to‘p surayotgan futbolchilar orasida shundaylardan sanab bering-chi...

Bizda iqtidorlar ko‘p. Ammo ana shu iqtidorlar bilan o‘zbek futboli orasida katta jarlik hosil bo‘lgan. Bu jarlik — ishonchsizlik, korrupsiya, adolatsizlik... Yaqinda Andijonda edi, adashmasam, Ravshan Ermatovga murojaat yo‘llashdi. Bolalar musobaqasida birinchi o‘rinni egallagan jamoa qolib ketyapti-yu, yutqazgan jamoa keyingi bosqichga yo‘l olyapti. Nega? Sababi oddiy — moddiy manfaat ko‘zlangan o‘yinlar, tanish-bilishchilik, xullas, eski kasalimiz.

Ayni damda korrupsiyaga qarshi kurash kechyapti, o‘zbek futbolida ham shunday (har holda, nashrlarda shunday o‘qiymiz). Aslida, shunday qilmasa ham bo‘lmas. O‘zingiz o‘ylang, terma jamoa klublardan futbolchi oladi, klublar akademiyalardan futbolchi oladi, akademiyaga kirish esa pullik bo‘lsa. Ya’ni iqtidori zo‘r, ammo puli kamning o‘rniga iqtidori o‘rtachayu puli ko‘p akademiyaga kiraversa... Ya’ni boshlang‘ich bo‘g‘inning o‘zida “nosozlik bo‘lsa”. Qanday qilib rivojlanishni kutish mumkin? Agar Ronaldu bizda tug‘ilganida Ronalduga aylanmas edi. Onasida pul yo‘q, otasi ko‘p ichadi, akademiyada o‘qiganida to‘lovni zo‘rg‘a amallab, o‘zi och yurgan. Lekin iqtidori zo‘rligi uchun “Sporting”ga kirgan va mashhurlikka erishgan. Bizda esa o‘sha qashshoq sharoit  bilan nimagadir erishishi dargumon bo‘lardi. Messi ham shunday. Yoki Ibragimovich...

Shu paytga qadar korrupsiya Superligani ich-ichidan chiritdi. Umid qilamizki, ayni damda futbolni tushunadigan Ravshan Ermatov birinchi navbatda futbolga e’tibor qaratadi. To‘g‘ri, korrupsiyani yo‘qotish  birdaniga bo‘ladigan ish emas, buning uchun birinchi navbatda xalqni iqtidori bor har qanday bola o‘zbek futboli kelajagiga aylanishi mumkinligiga ishontirish kerak. Ana shunda o‘zbek futboli kamida Eron futboli kabi rivojlanadi. Bizda esa panada yurgan Eldor Shomurodovlarning ko‘ksiga shamol tegadi, o‘zbek futbolida shunchaki ermak uchun yuradigan, qorni to‘q, “yutsak yaxshi, yutmasak ham hech narsa emas”, deydiganlar emas, futbolga o‘zining xaloskori, umidi sifatida qaraydigan iqtidorli futbolchilar paydo bo‘ladi.

 

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 23:38, 08.10.2019.
O'qildi: 13986 marta.
Fikrlar: 6 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.