Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Valverde, Zidan, Sulsher, Pochettino: kim ketishi, kim esa qolishi kerak?

Valverde, Zidan, Sulsher, Pochettino: kim ketishi, kim esa qolishi kerak?

Baho:
+ | -

Bundesliga navbatdagi turida “Ayntraxt”dan sharmandali tarzda mag‘lubiyatga uchragan “Bavariya” klubi yakunda bosh murabbiysiz qoldi. Myunxen klubi rahbariyati Niko Kovach bilan xayrlashishga qaror qildi.

Bunga asos bor edi. Xorvatiyalik mutaxassis aslida ham “Bavariya”ning bosimini ko‘tara oladigan darajada tajribali murabbiy emasdi. “Bavariya” Kovachga og‘irlik qilgani rost. Natijada esa bir qator salbiy natijalardan keyin unga chiqish eshiklari ko‘rsatildi.

Shuningdek, Yevropa kuchli beshligida ishi yurishmayotgan, iste’fosi yaqinligi bashorat qilinayotgan boshqa mutaxassislar ham bor. Quyida shular haqida so‘z yuritamiz.

VALVERDE — KETISHI DEYARLI ANIQ

Ernesto Valverdening mavsum oxirida “Barselona”dan ketishi aniqligi haqida xabarlar tarqalgan. Bu haqda oldingi maqolalarimdan birida ham aytib o‘tgandim. Ayni damda Ernestoning iste’fosi — ikkala tomon uchun ham qulay variant. Qolaversa, bu yoqda Kataloniya klubi rahbariyati mo‘ljallab turgan Ronald Kuman  jamoani boshqarishga jon deb rozi bo‘lib turibdi.

ZIDAN — EHTIMOLI YO‘Q EMAS

Zidanning “Real”dan ketishi birgina sharmandali mag‘lubiyatga bog‘liq bo‘lsa, ne ajab.

Shu paytgacha “Real”ning omadsizligini Ronalduning yo‘qligiga bog‘lab kelayotgandik. Buni qarangki, so‘nggi paytlardagi salbiy natijalarda Zidanning ham aybi kattagina. Fransiyalik mutaxassis bor futbolchilardan ham asosiy tarkibga keraklilarini tanlab ololmayapti. Masalan, “Betis”ga qarshi o‘yinda Marseloning o‘rniga maydonga tushirilgan Ferlan Mendi ishonchni oqlay olmadi. Hatto bir vaziyatda Azardan to‘pni qizg‘anib, yakkama-yakka vaziyatda gol ura olmadi. Vaholanki, Marselo bunday vaziyatlarda qanday harakat qilishni biladi.

Shunisi aniqki, bugungi Zidan — Zidanning murabbiylik borasidagi real holati. Zinedinning qo‘lidan hozircha boshqa narsa kelmaydi. Ketma-ket 3 yil qo‘lga kiritilgan YECHL kubogi esa Yaratganning Zidanga va “Real”ga in’omi bo‘ldi. Bunda Ronaldu effekti ham bor. Ammo hozir Zidanning aslida nimalar qila olishi bilinyapti, aniqrog‘i, Zidan o‘z murabbiylik darajasidan kelib chiqib natija ko‘rsatmoqda. Agar vaziyat shu tarzda davom etaversa, “Real”ning bema’ni transferlari (masalan, qishda) va beqaror o‘yini o‘zgarmasa, Zidan ham iste’foga chiqarilishi kerak, nazarimizda.

SULSHER — EHTIMOLI KAMROQ

Ule-Gunnar Sulsherning “Manchester Yunayted”dan ketish ehtimoli kamroq. To‘g‘ri, uning natijalari salbiy, biroq buning uchun Sulsherda asoslar bor: jarohatlar, qashshoq tarkib, kuchli futbolchilarning sotib olinmasligi.

Aslida, Ser Aleks Fergyusondan keyin “MYU”ni bir maromda boshqara olish qiyin edi. “MYU” Fergyusonning ta’limi, tarbiyasini olib katta bo‘lgan o‘g‘il kabi edi. Uning o‘yiniga, xarakteriga, taktikasiga Fergyusoncha resept singib ketgandi. Fergyuson ketganidan keyin esa uning reseptini biladigan odam kelgandagina “Manchester Yunayted” kuchsizlanmasdi, ehtimol. Ammo Fergyusoncha reseptni biladigan, ana shu uslub bilan “qizil iblislar”ni boshqara oladigan murabbiy kelmadi hozirgacha. “Manchester Yunayted”ning necha yillik uslubini o‘zgartirib, boshqa jamoa shakllantirish uchun yillar talab qilinadigan jarayon. Buni SAFdan keyin kelgan murabbiylar bajara olishmadi, endi esa Sulsher ayni shu vazifaga bel bog‘lagan. Shuning uchun rahbariyat unga imkoniyat bersa kerak, toki Sulsher o‘zining “Manchester Yunayted”ini shakllantirsin.

POCHETTINO — KETAR VAQTI BO‘LDI

Maurisio Pochettino variantini ko‘rib ajablangandirsiz. Albatta, argentinalik murabbiyning Londonda ishlari yaxshi. U “Tottenxem”ni “Tottenxem” qilgan murabbiy. Ammo har narsaning ibtidosi bo‘lgani kabi intihosi ham bo‘ladi. “Shporlar”ga oid xabarlardan ma’lum bo‘lyaptiki, Pochettinoning klubdan ketadigan vaqti keldi. U “Tottenxem”ga nima bera oladigan bo‘lsa, barini berdi. U “shporlar” bilan bundan ortiq natijaga erisha olmaydi. Shuning uchun ham endi Pochettinoga boshqa klub, “Tottenxem”ga esa boshqa murabbiy kerak. Balki, Pochettino o‘z falsafasini boshqa klubga yaxshiroq singdirar.

Yana bir bor takrorlayman, hozircha Pochettinoning “shporlar” safida ishlari yaxshi.

 

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 00:29, 05.11.2019.
O'qildi: 7288 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.