Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Qirg‘iziston bilan o‘yin: kerakmidi, kerakmasmidi?

Qirg‘iziston bilan o‘yin: kerakmidi, kerakmasmidi?

Baho:
+3 | -

O‘zbekiston terma jamoasi Saudiya Arabistoniga qarshi jahon chempionati saralash uchrashuvi oldidan Qirg‘iziston termasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. Tabiiyki, bu raqib ko‘plab savollarni yuzaga keltirdi. O‘yini Saudiya Arabistoniniki bilan umuman o‘xshamaydigan jamoa bilan o‘ynash mantiqsizlikdek ko‘rindi. Ammo...

O‘ZIGA XOS SINOV

Vadim Abramov, aslida, Qirg‘izistonga qarshi umuman boshqacha o‘yin ko‘rsatishni niyat qilgan, deb o‘ylab qoldim. Ammo uning talabi bajarilmay, o‘yin teleekran orqali namoyish etiladigan bo‘lganidan keyin pozisiyasini o‘zgartirgan. Aslida, Abramov qirg‘izlarga qarshi o‘yinda o‘zi o‘ylagan taktikalarni sinovdan o‘tkazishni niyat qilgandi, ammo yakunda bu bellashuv shunchaki ikkinchi tarkibni sinovdan o‘tkazish uchun o‘tkazilgan bahs vazifasini bajardi.

Qirg‘izlar bilan o‘yinning foydali tomoni, bugun Abramov zaxiradagi futbolchilardan kim qanday darajada ekanligini aniqlab oldi. Taassufki, asosiy tarkibda tushirilgan futbolchilarning 70 foizi o‘zini oqlamadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, hali zaxiradan maydonga tushib, o‘yinni kuchaytira oladigan futbolchilardan iborat tarkibni ham shakllantirib olish kerak.

Quvonarlisi, yaxshimi, yomonmi, Abramov terma jamoaga yangi qon olib kiryapti. Ko‘plab futbolchilarga imkoniyat berilyapti. Terma jamoa o‘zini ko‘rsatish uchun raqobat maydoniga ham aylandi hatto. Bu esa foydadan xoli emas

HECH QANDAY TAKTIKA YO‘Q

Bugungi o‘yinda men hech qanday taktika ko‘rmadim. Vaholanki, Vadim Abramov arablarga qarshi taktika o‘ylab qo‘yganini aytgan va ushbu taktikani Qirg‘izistonga qarshi o‘yinda sinab ko‘rmoqchi ekanligini ta’kidladi. Lekin ma’lum bo‘ldiki, Abramov ushbu taktikasini o‘yinga singdirmagan. Qolaversa, “Hech qanday yangilik yo‘qligi ham bir yangilik”, deganlaridek, bugungi o‘yinda hech bir taktikani qo‘llamaslik ham bir taktika bo‘ldi.

MAHORAT SO‘ZINI AYTDI

O‘yinning ikkinchi bo‘limida maydonga tushirilgan asosiy tarkib futbolchilari o‘z so‘zini aytishdi. Shu o‘rinda Vadim Abramov va muxlislarning fikri bir joydan chiqqani, aniqrog‘i, muxlislarga yaqqol bilingan narsani murabbiy ham ko‘rgani bizni quvontirdi. Vaholanki, bu jihat oldingi murabbiylar davrida muammo edi.

KERAKSIZ JIHATI

Qirg‘izistonga qarshi o‘yin bemavrid tashkillashtirilgan mehmondorchilikdek tuyildi menga. Chunki Abramov va MTJ uchun ushbu bahs Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinga tayyorgarlik vazifasini to‘liq o‘tamagani ma’lum. Uning o‘rniga esa uslubi arablarnikiga o‘xshash biror-bir terma jamoa bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazib, Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinda tanlanadigan tarkib va taktikani tayyorlab olish lozim edi.

Nima bo‘lganda ham, Qirg‘izistonga qarshi o‘yin foydadan xoli bo‘lmadi. Abramov endi zaxiradan kimlarni tushirishni, qaysi futbolchilar o‘z ustida ko‘proq ishlashi kerakligini biladi.

Fikrimiz so‘nggida shuni alohida ta’kidlashni istardikki, bugungi o‘yin haqiqiy MTJning o‘yini emas. Shuning uchun tanqid qilishda biroz shoshilmang. Abramov shogirdlarining asl kuchi bu emas. Agar o‘yin boshidanoq asosiy tarkib maydonga tashlanganida hisob va o‘yin umuman boshqacha bo‘lardi. Ammo o‘yini Saudiyaning o‘yiniga mutlaqo o‘xshamaydigan jamoaga qarshi ahamiyatsiz o‘yinda Saudiyaga qarshi bahsda maydonga tushishi kutilayotgan futbolchilarni maydonga tushirish to‘g‘ri bo‘lmasdi.

Abramovga ishonishda davom eting, u nimanidir eplay oladiganga o‘xshayapti. Ishqilib, shunday bo‘lsin.

Nizomjon ISLOMOV

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 22:20, 09.11.2019.
O'qildi: 7258 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.