Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Tarix saboqlari yoxud o‘zbek futboliga bir nazar

Tarix saboqlari yoxud o‘zbek futboliga bir nazar

Baho:
+ | -1

O‘zbekistonda futbol sobiq Ittifoq davrida shakllangan va respublika sharafini himoya qilgan yagona jamoa bu — Toshkentning "Paxtakor" jamoasi bo‘lgan.

"Paxtakor" o‘z davrida o‘zining chiroyli o‘yinlari bilan nafaqat o‘zbek ishqibozlarining, balki boshqa yurtlardagi muxlislarning ham mehrini qozongan edi. Chunki uning safida Ittifoq terma jamoasi a’zolari bo‘lmish YU.Pshenichnikov, G.Krasniskiy, M.An, V.Fedorov kabi sport ustalari to‘p tepishgan, jamoa ayniqsa poytaxt — Moskva jamoalaridan boshqalarga nisbatan ko‘p ochko tortib olganligi uchun ikki marta sovringa ham sazovor bo‘lgan. Bundan tashqari "Paxtakor"ning ikki o‘yinchisi — B.Abduraimov va A.YAkubik Ittifoq birinchiligida yil yakuni bo‘yicha to‘purar bo‘lishgan.

Raqiblar "Paxtakor" bilan extiyot bo‘lib o‘ynashgan va hatto ayrim hollarda hakamning ko‘magi bilangina ochko tortib olishga erishishgan. "Paxtakor" to‘g‘risida bunday iliq gaplarni yana davom ettirish mumkin. Lekin shunday bo‘lsada ushbu jamoa Ittifoq davrida biron marta sovrinli o‘rinni egallamagan. Buning sababi oddiy. Birinchidan Ittifoq chempionati Oliy ligasida ishtirok etgan 16 ta jamoaning 5 tasini doimiy ravishda Moskva jamoalari va yana 5 tasini Ukraina jamoalari tashkil etgan va ular navbatma-navbat chempionlikni qo‘lga kiritaverishgan. Ora-chorada Tbilisining "Dinamo", Yerevanning "Ararat va Minskning "Dinamo" klublari bir martadan chempion bo‘lishgan.

Hakamlarning markazdan tayinlanishi va ularning aksariyati berilgan topshiriqni “quloq qoqmay” ado etishi oqibatida «qardosh» respublikalar futboli juda ko‘p jabr ko‘rgan. Birgina misol: Moskvada bo‘lib o‘tgan "Spartak"-"Paxtakor" (1:0) o‘yinining ertasiga "Sovetskiy sport" gazetasida bir maqola e’lon qilingandi. Makolaning birinchi jumlasi taxminan shunday bayon qilingan edi: "O‘yin hakpmning 2 qo‘pol xatosi bilan boshlandi. Hakam avvaliga "Spartak" darvozasiga toza penaltini bermadi, keyinroq yo‘q joydan "Paxtakor" darvozasiga penalti belgiladi".

Yuqorida qayd etilganlar sobiq Ittifoqda futbol rivojiga to‘siv bo‘luvchi negativ holatlar edi. Buni men faqat birgina "Paxtakor" misolida keltirdim, xolos.

Tarixsiz kelajak yo‘q ekanligiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, biz bizdan oldingilar yo‘l qo‘ygan xatolarni takrorlamasligimiz kerak. Aytmoqchimanki, o‘shanda SSSR davlati hudud jihatdan va aholi soni bo‘yicha dunyoda yuqori o‘rinlarda tursa-da, 70-yillardan keyin futbol sohasida jahon miqyosida katta natijalarga erishmagan. Bunga futbol tizimini to‘g‘ri tashkil etilmaganligi, faqat markaz jamoalarini qo‘llab-quvvatlash, boshka respublikalar futbolining e’tibordan chetda qolishi sabab bo‘lgan deb hisoblayman.

Xo‘sh, bizda-chi? Mamlakatimiz mustaqil bo‘lganiga 28 yildan ko‘p vaqt bo‘ldi. O‘tgan vaqt mobaynida futbol sohasida ko‘p xatoliklar bo‘ldi. Ko‘pchilik buni tan oladi va qayerda qanday xatoliklarga yo‘l qo‘yilganligini ham bilishadi. Shunda bir savol tug‘iladi. Nima uchun 28 yil da’vomida bila turib shu kamchiliklarni bartaraf etish yo‘lini topa olmayapmiz? O‘zi O‘zbekistonda futbol ilmi bilan shug‘ullanadigan, uni tahlil qila oladigan va aniq fikrlaydigan kimsa bormi? Bor bo‘lsa nega terma jamoamizda o‘sish yo‘q? Nega har safar jahon chepionatidan qolib ketayapmiz?

Savol berish oson, javob berish qiyin demoqchimisiz? Unda javob shunday: Ahvolni tubdan o‘nglash uchun mas’ulyatni to‘la his qilgan holda 28 yillik faoliyatni o‘rganib chiqish va O‘zbekiston futboli mashinasini jiddiy ta’mirdan o‘tkazish kerak bo‘ladi.

Men futbol mutaxassisi emasman, lekin 55 yillik futbol muxlisi sifatida bizning futboldagi ko‘zga yaqqol tashlanib turgan kamchiliklarga e’tibor qaratishni joiz deb topdim.

Gapni 2019 yil yakunidan boshlaydigan bo‘lsak, Superligada deyarli har yilgi ssenariy yana qaytarildi va 1-3-o‘rinlarni Toshkent shahri jamoalari egalladi. Tan olib aytish kerak, bugungi kunda Toshkentning har uchchala jamoasiga teng keladigan jamoa topilmayapti. Ushbu holatni jamoalarning tarkibi bilan ham izoxlash mumkin.

Lekin ayrim hollarda hakamning hushtagi aynan shu jamoalarning foydasiga chalinishi negativ holatlarni paydo qilishi bilan birga muxlislarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Masalan, eng yangisini oladiga bo‘lsak, chempionatning so‘nggi turlarida “Bunyodkor” -“Paxtakor” o‘yini oxirida hakam jarayondan 3-4 metr masofada turgan bo‘lsada, jarima maydonida “Paxtakor” o‘yinchisi tomonidan o‘yin qoidasi buzilgani ko‘rgan holda penalti belgilamadi. Xayriyatki, keyinroq “Bunyodkor” g‘alaba qozonib ushbu holat ham bosti-bosti bo‘lib ketdi. Men bu bilan u yoki bu jamoa sha’niga yomon fikr bildirmoqchi emasman, aksincha hakamlik borasida so‘z yuritmoqchiman.

Dunyoning eng zo‘r hakami O‘zbekistondan ekanligidan hammamiz faxrlanamiz. Shunday ekan o‘zimizning ichki chempionatimizda ham hakamlar tajribasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilishi kerak va ularning soni hamda sifatiga e’tibor qaratish zarur. Fikrimcha, Toshkent shahri jamoalari bilan bo‘ladigan o‘yinlarga Toshkentdan hakam tayinlash amaliyotidan voz kechgan ma’qul. Bu holat adolat mezoniga ham to‘g‘ri keladi va ancha shaffoflikni vujudga keltirish bilan birga jamoasining mag‘lubiyati sababini faqat poytaxtlik hakamlarga ag‘daradigan ayrim muxlislarni tinchlantirishi mumkin. Buning uchun joylarda boshlang‘ich futbol hakamlari maktabini tashkil etish va ularning tajribasini bosqichma-bosqich oshirib borishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish kerak.

Jamiyatda halol raqobat bor joyda rivojlanish bo‘ladi. Futbolda ham shunday raqobatni shakllantirish kerak. Masalan, agar bir shaharda kuchli bir barzangi polvon bilan bir nimjon odamni kurashga tushirsangiz har safar katta polvon yutaveradi. Keyin u yengilmas bo‘lgani va undan boshqa polvon bo‘lmagani uchun o‘ziga bino qo‘yishni boshlaydi, o‘zini ustida ishlamay qo‘yadi. Natijada boshqa shaharga borib yutqazib keladi. Men bizdagi har yili ichki chempionatda 1-2-o‘rinni egallab, OCHLda muvaffaqiyatsiz qatnashayotgan jamoalarimizni o‘sha polvonga o‘xshataman. Shunday emasmi? Bizda aynan jamoalar o‘rtasidagi raqobat darajasining pastligi respublikamiz futboli rivojiga jiddiy salbiy ta’sir etuvchi holat bo‘lib qolmoqda.    

Aytishim mumkinki, viloyat jamoalarining iqtisodiy holati yaxshilangandagina raqobat kuchayishi mumkin. Lekin viloyatlarda jamoani ushlab turish, chet eldan kuchli legionerlarni taklif qilish uchun yetarli mablag‘ bormikan? Yoki Davlat bosh islohotchi sifatida ularga doim yordam berishi kerakmi? Bu endi katta muammo. Lekin jahon chempionatiga chiqishni xohlar ekanmiz, bu muammolar tezroq xal etilishi kerak.

Agar biz “har bir jamoa professional, ular o‘zini o‘zi boqishi kerak” degan tartib bilan ishlaydigan bo‘lsak, bu ham bir yo‘li. Lekin, mening fikrimcha, — uzoq vakt talab qiladigan yo‘lga o‘xshaydi.

Uchinchi yo‘li Superligada o‘ynash uchun yetarli darajada mablag‘i bo‘lgan kuchli jamoalardan ularning soni nechta bo‘lishidan qat’iy nazar alohida haqiqiy professional liga tashkil qilinishi kerak.

Chet eldan legionerlarni taklif qilish amaliyotida cheklovlar joriy qilinishi lozim. Bu shu ma’nodaki, har bir taklif qilinayotgan legionerning o‘yin sifati, yoshi, ayniqsa oxirgi yillardagi o‘yin ko‘rsatkichlari o‘rganib chiqilishi va respublika miqyosida tuzilgan maxsus komissiyaning xulosasiga ko‘ra masala hal etilishi kerak.

To‘g‘rida, o‘zimizda yetishib chiqqan futbolchilardan past darajada to‘p suradigan “mehmonlar”ning bizga nima keragi bor? Bunday usulning qo‘llanishi hozirda dolzarb masala bo‘lib turgan davlatning korrupsiyaga qarshi kurash siyosatiga ham mos keladi.

Yana ta’kidlab aytamanki, futbolni rivojlantirish uchun albatda davlat ko‘magi kerak bo‘ladi. Demoqchimanki, har bir viloyatda futbol akademiyasi tashkil etilishi kerak, zero yoshlar bir viloyatdan boshqa viloyatga borib yurmasinlar. Chel eldan bo‘lsa ham tajribali murabbiylar taklif qilinishi zarur. Yoshlarga yaratilgan barcha sharoitlarning barchasi davlat hisobidan yoxud agar imkoni bo‘lsa, shu akademiyani tashkil kilgan homiy tomonidan to‘la amalga oshirilishi kerak. Futbol akademiyalari o‘rtasida tez-tez musobaqalar uyushtirib turilgandagina ularning orasidan yorqin iste’dodlarni tanlab olish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Yuqorida qayd etilgan fikrlar O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmonida ko‘rsatilgan talablarga ham to‘la mos keladi, deb uylayman.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, o‘zbek futbolini rivojlantirish uchun avvalambor ish boshida qalbida vatanparvarlik jo‘shib turgan halol, pok, mehnatsevar va fidoiy insonlar bo‘lishi keak. Aks holda...

Zokir Ismatullayev
Toshkent shaxar, Olmazor tumani,
Sebzor dahasi

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 20:02, 10.12.2019.
O'qildi: 5463 marta.
Fikrlar: 6 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.