Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Yil sarhisobi. Barchani hayratda qoldirganlar…

Yil sarhisobi. Barchani hayratda qoldirganlar…

Baho:
+ | -

Ortda qolayotgan yil bizga ko‘plab quvonchli daqiqalarni taqdim etgani hech kimga sir emas. Bugun o‘ziga hos kichik sarhisob o‘tkazmoqchimiz.

Yil kashfiyot futbolchisi : Temmi Abraham

Bu yilning chinakam kashfiyotiga aylangan Temmi Abrahamni alohida qayd etib o‘tishni lozim deb topdik. To‘g‘ri, ortda qolayotgan yil davomida Erling Xoland, Federiko Valverde singari futbolchilar ham o‘zlarini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lishdi, biroq Abraham “Chelsi”ning so‘nggi yildagi eng katta muammosini bartaraf etgani va APLning shiddatiga dosh bergani uning foydasiga ishladi.

“Aristokratlar” anchadan beri to‘purar hujumchi izlash bilan band edi. Kichik bo‘lmagan summalarga xarid qilingan Morata, Batshuayi, Iguain singari futbolchilar ishonchni oqlamagan bir paytda “qayerdandir” Abraham paydo bo‘ldi. Baland bo‘yli, jismonan baquvvat, tezkor va kuchli zarbaga ega zamonaviy hujumchi. O‘zining APLdagi birinchi mavsumini o‘tkazayotganiga qaramay, hujumchi 11 ta gol va 3 ta assistni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Uning statistikasiga ham alohida e’tibor qarating: har bir o‘yinda havodagi kurashlarning 2,3 tasida g‘olib chiqayotgan hujumchi o‘yin davomida o‘rtacha bir bor yakunlovchi uzatmani amalga oshirmoqda. Bundan tashqari, har bir uchrashuvda darvoza sari 3 bor zarba yo‘llashning yo‘lini topmoqda.

Ochig‘i bu uning yoshidagi futbolchilar uchun shunchaki fantastik ko‘rsatgich. Eng muhimi esa, “Chelsi” futbolchi uchun ortiqcha pul sarflagani yo‘q. Shunchaki, unga ishonch bildiridi xolos. Abraham esa, kreditlardan unumli foydalanishda davom etmoqda.

Yilning kashfiyot jamoasi«Leypsig»

Mavsumni kutilmaganda omadli boshlagan jamoalar yetarlicha topiladi. “Sheffild”, “Kalyari” yoki “Real Sosedad” shular jumlasidan, biroq Bundesligadagi bir klub mavsum ekvatoriga kelib shu qadar yorqin o‘yin ko‘rsatmoqdaki, xatto “Bavariya” va “Borussiya Dortmund” tillarini tishlab qolishdi. Sezib turganingizdek, so‘z Germaniyaning “Leypsig” jamoasi haqida bormoqda.

O‘z tarixida ilk bor YECHLning pley-off yo‘llanmasini birinchi o‘rin bilan qo‘lga kiritgan klub ichki birinchilikda ham 1-o‘rinda borayotganidan xabaringiz bor. Jamoaning suyagi to‘liq yoshlardan tashkil topgan. 32 yoshlik murabbiy, yoshartirilgan tarkib xatto klub infratuzilmasi ham juda yangi. 2009-yilda tashkil topgan klub katta tezlikda jahon grandlari orasiga suqulib kirmoqda. Ha, ha suqulib kirmoqda! Jamoa tavakkalga suyangan tomoshabop o‘yin namoyish etayotgan bo‘lsada, bu natija beryapti. Soddaroq qilib aytganda, “Leypsig” o‘ziga ham, raqibga ham erkin to‘p surishga yo‘l  qo‘yib beradigan jamoa. Aynan shu aspekt tufayli, Bundesliganing eng tomoshabop jamoalardan biriga aylangan klub o‘z muxlislari sonini ortirib bormoqda. Klub har bir o‘yinda o‘rtacha hisobda “Manchester Siti (2,74)” va “Liverpul (2,56)”dan ko‘ra ko‘proq gol kiritishni(“Leypsig” 2,82) uddalayotgani so‘zimizga isbot bo‘la oladi.

Yilning eng omadli transferi: Mauro Ikardi

“Inter”dagi omadisz mavsumdan so‘ng, barchaning xafsalasini pir qilgan hujumchi yakunlanayotgan yilning eng yaxshi transferi bo‘lganiga ishonchimiz komil. PSJ tomonidan transfer oynasining so‘nggi kunida jarohat olgan Neymarning o‘rnini egallash uchun ijaraga olingan Ikardi taqdirning sovg‘asidan unumli foydalanishga muvaffaq bo‘ldi. Tezda gol kiritishni boshlab yuborgan argentinalik hujumchi  Kavanini zaxira o‘rindig‘iga mixlab qo‘ydi. Uning vaziyatlardan foydalanish borasidagi statistikasi hayron qoldirmay qo‘ymaydi. Ikardining darvoza sari yo‘llaydigan 2,8 ta zarbasidan biri golga aylanmoqda. Soddaroq qilib aytganda maydonga tushgan o‘yinlarini golsiz (ECHLning 6 ta uchrashuvida 5 ta gol kiritgan bo‘lsa, Liga 1 musobaqasining 11 ta uchrashuvida 9 bor darvozani ishg‘ol qilgan) tark etmayapti. “Inter”dan quvg‘in bo‘lgan Ikardi yana super yulduz maqomini tiklab olishga uddalagan bo‘lsa, PSJ Kavanining yangi o‘rinbosariga ega bo‘ldi. Mana buni transfer desa bo‘ladi!

Yil kashfiyotiga aylangan murabbiy : Frenk Lempard

Bu borada hech qanday savolga o‘rin bo‘lmasa kerak. O‘zining APLdagi debyut mavsumidayoq transferni amalga oshirmay jangovar jamoani shakllantirgan murabbiy klubdagi barcha muammolarni bartaraf etishni uddaladi. Xadson Odoi, Maunt, Abraham, Riz Jeyms, Tamori, Krsitenson singari futbolchilarni top darajaga olib chiqqan bo‘lsa, Villian va Jorjinoni qayta ishga tushirishga muvaffaq bo‘ldi. Ayni damda u qo‘l ostidagi klub neytral muxlislar tomonidan  APLning eng shiddatli jamoasi deya e’tirof etilmoqda. Natijalar ham chakki emas. Lempard shogirdlari oson bo‘lmagan YECHL guruh bosqichini omadli yakunladi va dunyoning eng kuchli birinchiligida kuchli to‘rtlikka kirish uchun asosiy da’vogarlardan biri bo‘lib turibdi. Eng muhimi esa, futbolchilar murabbiyning ishonchini chuqur his etishmoqda. Bu murabbiy uchun juda muhim faktor desak, adashmagan bo‘lamiz.
 

Yilning eng yaxshi futbolchisi Robert Levandovski

O‘zining 32 yoshida ham gol kiritishdan charchamayotgan hujumchi ortda qolayotgan mavsumning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga haqli. “Bavariya”dagi “avariya”ga qaramay, stabil o‘yin namoyish etayotgan hujumchi YECHLning 5 ta uchrashuvida 10 ta gol kiritishni uddaladi. Jamoaviy o‘yinning butkul yo‘qligiga qaramay, ichki birinchilik bahslarning 19 tasida 17 bor raqib darvozasini nishonga olgan hujumchini e’tirof qilmaslik mumkin emas. Germaniyadagi barcha musobaqalarda bir necha bor g‘olib chiqqaniga qaramay, motivasiyani yo‘qotmagan Levandovskiga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q. “Oltin butsa” uchun asosiy da’vogar bo‘lib turgan qahramonimiz shu tempda davom etsa, bu sovrinni Messidan tortib olishi aniq.

Manba: Stadion.uz
Kiritildi: 23:02, 30.12.2019.
O'qildi: 6837 marta.
Fikrlar: 13 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.