Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Xabi Alonso Messini qanday to‘xtatib qolganini aytdi

Xabi Alonso Messini qanday to‘xtatib qolganini aytdi

Baho:
+ | -

"U men ko‘rgan yarim himoyachilar ichida eng kuchlilaridan biri. U o‘yinni yaxshi tushunadi va unga katta qiziqish bilan yondoshadi. Xabi hafta davomida g‘alaba qozonish yo‘llarini o‘ylaydigan futbolchi edi. U tez orada murabbiy sifatida yana futbolga qaytishiga shubham yo‘q. Ana shunda u o‘zi uchun istagan klubini tanlashi mumkin. Kelajakda ajoyib murabbiy bo‘lib yetishishiga shubham yo‘q".

Pep Gvardiola.

2018-yildan boshlab o‘z murabbiylik faoliyatini boshlagan Xabi Alonso “Real Madrid”ning 12 yoshgacha bo‘lgan futbolchilari bilan qisqa fursatda chempionlikni qo‘lga kiritishni uddaladi. 2019-yil boshida qahramonimiz kerakli lisenziyalarni qo‘lga kiritdi va jonajon klubi “Real Sosyedad” jamoasining o‘rinbosarlariga ustozlik qilishni boshladi. Ayni damda u asosiy jamoaning murabbiyi bo‘lish uchun asosiy da’vogarlardan biri bo‘lib turibdi. Yaqindagina “The Coaches' Voice" nashri uchun bergan intervyusida o‘zi to‘p surgan jamoalardagi taktik sxemalar haqida to‘xtalib o‘tdi.

 

“Liverpul”

Rafa Benites qo‘lostida asosan 4-2-3-1 sxemasida harakat qilar edik. Men chap tayanch yarim himoyachisi vazifasini bajarar edim. Mening maydondagi harakatlarim, ikkinchi tayanch yarim himoyachisining kim bo‘lishi va hujumchi ortidagi futbolchi bilan bog‘liq edi. Aggarda 10-raqam pozisiyasida Jerrard harakat qilsa, mening birinchi vazifam u tashlab ketgan bosh zonalarni yopish va tezkorlik bilan uning o‘rnini egallashim  edi. Shu yo‘sinda biz Jerrardni ikkinchi hujumchi pozisiyasiga olib chiqar edk. Uzoq yillar davomida Maskerano bilan birgalikda tayanch yarim himoyasida harakat qildik. U juda ham mehnatkash futbolchi bo‘lib, asosiy vazifasi hujumlarni barbod qilishdan iborat edi. Xavyer markazni bir o‘zi ushlab turishi, men hujumda Jerrardga yordam berishga chiqishim talab etilar edi. Bizning o‘yin falsafamiz tezkor hujumlar ustiga qurilgan bo‘lib, o‘yindagi eng muhim vazifam to‘pni markazda qabul qilib, qanotdagi futbolchilarni oldinga boshlashdan iborat edi. Rafa mendan ko‘proq dioganal paslarni ijro etishimni talab qilar, oldimdagi futbolchilar bilan o‘ynashimni istamas edi.

“Real Madrid”

Joze Mourinyo qo‘l ostida tayanch yarim himoyasida asosan men va Sami Xedira harakat qilar edik. Xedira jismonan baquvvat futbolchi bo‘lgani bois, ko‘proq oldinga harakat qilishga mo‘ljallangan edi. Shunday bo‘lsada, hujumlarimizning barchasi Mesut O‘zilning harakatlariga bog‘langani shundoqqina yodimda. U doimo jarima maydonchasi atrofida to‘pni qabul qilishi va hujumni xavfli tusga kiritishi Jozening talabi edi. Bu maydonda to‘p surish uchun eng noqulay pozisiya. Sababi, to‘pni qabul qilishing bilan himoyachilardan bir nechtasi vaziyatni yumshatish uchun sen tomonga otiladi. Kichik bo‘shliqda qolib ketishinga qaramay, sen hujumga yangi temp berishing kerak. Madridda to‘p surgan chog‘larim doimo O‘zil bilan o‘ynashga harakat qilganman. Sababi, u to‘psiz harakat qilish borasida chinakam professional. Qanotlarda Ronaldu va Di Mariya hujumni so‘nggi bosqichga olib chiqishi talab etilar edi. Shu o‘rinda Ronalduni ham qayd etib o‘tish joiz. Unga to‘pni aniq tashlab bersangiz bo‘ldi. Qolganini o‘zi “ijod” qilib yuborishga qodir futbolchi.

Bizning o‘yin falsafamiz himoyadagi to‘pni katta tezlik bilan hujumchilarga yetkazib berishdan iborat bo‘lib, to‘liq qarshi hujumlarga tayangan futbol edi desam, adashmagan bo‘laman. Biz o‘yinlar davomida ko‘p pasdan foydalanmasakda juda ko‘p gol kiritishni uddalaganmiz.

Messiga qarshi himoya

Ochig‘i, uni to‘xtatib qolish biz uchun avvaliga katta muammolar tug‘dira boshladi. U doimo aldamchi to‘qqizlik ko‘rinishida maydonga tushar,  biroq Xavi o‘yinning tempini belgilab beruvchi futbolchi edi. Ko‘pincha Xaviga bosim o‘tkazish uchun oldinroq chiqishga to‘gri kelar, bunday vaziyatda Messi mening ortimda paydo bo‘lar edi. Messini zararsizlantirish uchun o‘z pozisiyasini tashlab oldinga intilgan Serxio Ramos qoldirgan bo‘shliqda Vilya yoki Pedro paydo bo‘ladi va Messi ularni ajoyib uzatma bilan ta’minlaydi. Qarabsizki, sizning darvozangiz ishg‘ol qilingan. Shunday bo‘lsada, vaqt o‘tgach, biz “Barselona”ning uslubiga qarshi chora topishni uddaladik. Men Xavi yoki Inyestani ta’qib qilmay qo‘ydim. Ramos esa, o‘z pozisiyasidan bir metr ham jilmaydigan bo‘ldi. Bu uslub sababli “Barselona” ko‘proq to‘p bilan muomilada bo‘lgan bo‘lsada, biz Messini o‘yindan chiqarishni uddalagan edi. Agarda, barchasini to‘g‘ri amalga oshirganimizda, o‘sha “Barselona”ni to‘xtatib qolishimiz mumkin edi.

“Bavariya”

Myunxendagi pozisiyam tayanch yarim himoyachisi bo‘lsada, qolgan jamoalarnikidan keskin farq qilar edi. Men sxemadagi yagona tayanch yarim himoyachisi edim. Oldinroqda ikkita yarim himoyachi joylashgan bo‘lib, ular o‘yin tempini belgilab berishi lozim edi. Eng qizig‘i shundaki, mening maydondagi asosiy vazifam to‘pni aniq va tezlik bilan oldinroqdagi ikkita yarim himoyachiga yetkazib berishdan iborat edi. Agarda raqibimiz ikkita hujumchi bilan harakat qilsa, men markaziy himoyachilar bilan bir chiziqda turgancha to‘pni himoyachilar bilan pas o‘ynash orqali oldinga yetkazishim talab etilgan. Gvardiolaning o‘yin falsafasi to‘pni va o‘yinni to‘liq boshqarishdan iborat. U to‘p nazorati, uning doimo yerda bo‘lishi, qanot futbolchilarining markazga yorib kirishi va boshqa ko‘plab mayda detallarni ham ko‘zdan qochirmas, barchasi uning rejasi asosida ketishi istaydigan murabbiy. “Bavariya”ga kelganimda 32 yoshda edim. Karyeramning katta qismi ortda qolgan bo‘lsada, Gvardioladan juda ko‘p narsalari o‘rganishga muvaffaq bo‘ldim.

Manba: Stadion.uz
Kiritildi: 01:23, 11.01.2020.
O'qildi: 10029 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.