Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Xayrulla Hamidov maqolasi: «Birovning to‘yi...»

Xayrulla Hamidov maqolasi: «Birovning to‘yi...»

Baho:
+ | -

“Real” muxlislarini tabriklayman. Qirollik klubi darhaqiqat final jamoasi ekanligini yana bir karra isbotladi. “Atletiko” garchi kecha hujumkorroq ko‘ringan bo‘lsa-da, penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lishini ko‘pchilik kutdi. Shu voqea sodir bo‘ldi. Xullas, tabrikladim va endi superkubok haqidagi fikrlarimni bildirsam.

Arablar futbolga aralashib ko‘p yaxshi ishlar qilishmoqda. Deylik, “ManSiti” loyihasi o‘ziga yarasha jozibador, Qatar milliarderlarining ulushidan nasibador PSJ ham qay bir ma’noda o‘ziga xoslikka ega. Angliya stadionlari nomini o‘zlashtirib olishayotgani ham juda tanqid qilarli hol emas. Ammo Ispaniya superkubogida 4 ta jamoaning qatnashishi baribir oqlanadigan narsa emas. Ba’zan qadriyatlarni saqlab qolish kerak. Futbolni futbol qilib turgan reglamentlarini pul uchun almashmaslik kerak baribir. Pul bilan bitmagan ishlar katta pul bilan ham bitmasligi kerak bu hududda. Ispanlar esa, rozi bo‘lishdi. Shou uchun rozi bo‘lishdi.

To‘g‘ri, Saudiyada o‘tgan uchta o‘yin yozda o‘tadigan ikki superkubok o‘yinidan shiddatliroq va qiziqarliroq o‘tdi. Chunki saratonda jamoalar o‘ynagisi kelmay to‘p surishadi odatda. Terma jamoalaridan qaytgan yulduzlarning horg‘inligi, mavsum oralig‘ida turgan klublarning bu o‘yinga panja ostidan qarashlari natijasida superkubok bahslari oxirgi payt rostan ham ikkinchi darajaga tushib qolgandi.

Saudiya Arabistoni homiylari bu turnirni “tiriltirishdi” go‘yo. Gap yo‘q. Biroq, kechagi finaldan so‘ng bu ishtiyoqning davomi qanday bo‘larkan, deb o‘ylab qoldim. Finalga Chempion va Kubok Sohibi chiqa olmadi. Kubok taqdirini o‘tgan mavsum hech narsa yutmagan klublar qo‘lga kiritishdi. O‘xshatish mumkin bo‘lsa, aytaman: ikki tomoshabin birovning to‘yi o‘tadigan to‘yxonaga kirib kelib, o‘zlarining to‘ylarini qilib ketishdi.

Xo‘sh, ertaga yana bir homiy chiqib YECHL borasida ham shunaqa ish qilsa-chi? YECHL g‘olibi va Yevropa Ligasi g‘olibi o‘rtasida o‘tayotgan o‘yin unchalik qiziq emas, kelinglar, shularning yoniga ikki nomdor klubni ham qo‘shaylik, desa, o‘zi shundog‘am Yevropa Chempionlar Kubogidan keyin yangi nom olgan bu turnirda chempion bo‘lmaganlarning ishtiroki va undan so‘ng superkubok to‘rtligi safidan ham g‘olib bo‘lmaganlar o‘rin olsa, hammasi chuvalashib ketmaydimi? Haqdorlar qolib, haqqi yo‘qlar g‘olib bo‘lib yursa, g‘alati emasmi?

Aslida bunga birinchi navbatda Superkubok darajasini tushirib yuborgan yevropaliklarning o‘zlari aybdor. Agar shu turnirga sal e’tiborliroq bo‘lishganda, arablar ularning ishlariga aralashishmasdi. “Real” va “Atletiko” finalidan so‘ng ularning tillari yana uzun bo‘ldiki, bunaqa finalni nari borsa YECHL finalida ko‘rgansizlar, deyishyapti ular. Haqiqatan ham shunday. Ammo YECHLda uzoq kurashlardan so‘ng finalga boradiganlar jangini ko‘rardik, bu safar homiylarning xohishi bilan el-klasiko umidida ikki tomonga sochilgan juftliklar xotimasini ko‘ryapmiz, deydigan ko‘hna vakili topilmaydi. Pulini olib bo‘lgan chunki.

Turnir homiylari Angliya superkubogiga ham “hujum” qilib ko‘rishsa zo‘r bo‘lardi. Har holda, bir tomonda "Real", "Barsa", "Atletiko", "Valensiya", bir tomonda "Liverpul", "Man. Siti", "Yunayted" va "Chelsi" ishtirokidagi turnirlar ko‘paysa, erta-indin “o‘zi bizga YECHL nimaga kerak” devorarmidik?!

Xayrulla HAMIDOV.

Manba: https://t.me/x_hamidov
Kiritildi: 15:27, 13.01.2020.
O'qildi: 10513 marta.
Fikrlar: 12 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.