Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

«Savol yo‘llang!» loyihasining 1-soni: Ravshan Ermatov muxlislar savollariga javob berdi

«Savol yo‘llang!» loyihasining 1-soni: Ravshan Ermatov muxlislar savollariga javob berdi

Baho:
+ | -

Aziz futbol ishqibozlari, karantin davrida siz-u bizdan uyda qolib, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishda ulkan xissa qo‘shish talab etilmoqda.

O‘FA Media bo‘limi esa bu orada siz uchun qiziqarli loyihalarni taqdim etishda davom etadi.

Endilikda “Savol yo‘llang!” loyihasi doirasida o‘zbek futboli jamoatchiligi vakillariga o‘zingizni qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilish imkoniga ega bo‘lasiz.

Loyihaning ilk sonida O‘FA Birinchi vise-prezidenti Ravshan Ermatov siz yo‘llagan savollarning eng saralariga javob berdi.

Quyida O‘FAning rasmiy Instagram sahifasiga muxlislardan kelib tushgan savollarga berilgan javoblar bilan tanishishingiz mumkin:

Assalomu alaykum, milliy terma jamoamiz libosini o‘zgartirishning ilojisi bormi? Masalan, Puma, Adidas, Nike kompaniyalari bilan shartnoma tuzilishini istardik… (ssuxrob3753)

– Biz ayni vaqtda Germaniyaning Jako kompaniyasi bilan 2018 – 2021 yillarga tuzilgan amaldagi shartnoma asosida hamkorlik qilyapmiz. Shu bilan birga dunyoning yetakchi sport kiyimlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning faoliyatini ham kuzatib bormoqdamiz. Jako bilan shartnomamiz yakuniga yetgach, keyingi bosqich haqida o‘ylaymiz. Agar ushbu kompaniya bizning terma jamoalarimizga xos, yangilangan, sifatli hamda chiroyli formalarni taklif eta olsa, biz hamkorlikni davom ettiramiz. Aks holda, albatta boshqa takliflarni ham o‘rganib chiqishga tayyormiz. Bu ham bir raqobat.

Assalomu alaykum, Ravshan aka. Men Nukusdan Aybekman, savolim quyidagicha: Qoraqalpog‘istonda futbol muxlislari Vodiydagidan kam emas. Oxirgi marta Oliy liga havosidan 2001-2002 mavsumda nafas olganmiz. Qachon Qoraqalpog‘istonga katta futbol qaytadi? (6365.bek)

– Qoraqalpog‘istonda futbol an’analari uzoq yillarga borib taqaladi. Ushbu o‘lkadan terma jamoamiz uchun bir qancha iste’dodlar yetishib chiqqan, qolaversa bugungi kunda ham qoraqalpog‘istonlik ko‘plab mutaxassislar futbolimizdagi faoliyatini muvaffaqqiyatli davom ettirmoqdalar. O‘zbekiston futbol assosiasiyasi OFK bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘istonda FIFA standartlariga mos zamonaviy futbol maydonini qurib bitkazdi. O‘ylaymanki, yuqori sifatli maydon mahalliy futbolchilar uchun qulaylik yaratishga xizmat qiladi. Shu bilan birga tan olish kerak, yuqori ligalarimizda Qoraqalpog‘iston klublari soni ko‘p emas. Biz muammoni atroflicha o‘rganib chiqish maqsadida joylarga borib futbol bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdik. Qoraqalpog‘istonga O‘FAning mutaxassislari guruhini yuborib, bolalar futbolidan tortib, professional futbol ob’ektlari faoliyatini sinchikovlik bilan o‘rgandik. Kamchiliklar bor. Lekin, bosqichma-boqich ularni bartaraf etish va qoraqalpoq futbolini mavqeini tiklash bo‘yicha reja tuzib chiqildi. G‘alabalar hali oldinda.

 – Nega oxirgi yillarda amputantlarga e’tibor past? Jahonning eng kuchli terma jamoasi oxirgi yillarda o‘z o‘rnini berib qo‘ydi. (shukhrat.8353)

– O‘FAda faoliyatimni boshlaganimdan so‘ng birinchilardan bo‘lib mana shu terma jamoamiz haqida qiziqdim. Chunki, amputantlar terma jamoasi tarixiy natijalar qayd etishgan. Ularni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Ayni vaqtda terma jamoalar bo‘limi ushbu jamoamiz faoliyatini muvofiqlashtirib turibdi. Biz yil laureatlarini taqdirlash marosimida ham aynan mana shu terma jamoamizga atalgan maxsus nominasiya joriy etdik. Chunki, futbolchilar doimiy e’tiborda va e’tirofda ekanliklarini his etishlarini xohlaymiz. Shunda g‘alabalarga bo‘lgan intilish kuchayadi. Afsuski, o‘tgan yili amputantlar terma jamoasi g‘alabalariga poydevor qo‘ygan inson, bosh murabbiy Rustam Kariyev olamdan o‘tdilar. Bu futbolimiz uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Umid qilamanki, ularning shogirdlari orasida g‘alabali an’analarni davom ettiradigan mutaxassislar yetishib chiqadi.

 – Terma jamoamiz qachon kuchliroq raqiblar bilan Toshkentda o‘ynaydi? (boburbekmuxiddinov)

– O‘zbekiston milliy terma jamoasi hozirda Jahon chempionati saralash turnirida qatnashmoqda. Tayyorgarlik esa bosh murabbiyning rejasidan kelib chiqib olib boriladi. Terma jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Abramov rasmiy o‘yindagi bo‘lajak raqibdan kelib chiqib, biz uchun foydali bo‘lishi kutilayotgan raqibni tanlaydi va bizga murojaat qiladi. O‘z navbatida O‘FA rahbariyati va xalqaro aloqalar bo‘limi uning tanlagan jamoasi bilan muzokalar o‘tkazamiz.

 – Nega milliy terma jamoa bosh murabbiyi bir vaqtning o‘zida ikkita jamoada ishlaydi? (manunited_1)

– “Bunyodkor” klubi o‘zbek futbolida bugungi kunda juda katta o‘rin tutadi. Bilasiz, turli yoshdagi terma jamoalarimizga “Bunyodkor” akademiyasi ko‘plab iste’dodli futbolchilarni tarbiyalab berdi. Vadim Abramov assosiasiya bilan shartnoma tuzayotgan paytda bu masalani ko‘targandik. Murabbiy qiyin vaziyatda klubni tashlab ketmasligi, terma jamoadagi ishini prioritet masala deb bilishini ma’lum qildi.

– Ravshan Ermatov referilikka qaytadimi? (akhmedov_17)

– Bilasiz, davlatimiz rahbari tomonidan futbolga, umuman sportga qo‘yilayotgan talablar juda yuqori. Ayni vaqtda bizga topshirilgan mas’uliyatli vazifalarga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etyapmiz. Shu sababli, referilikka qaytish haqida hozir o‘ylamayapman.

 – Yaqin orada yurtimizda o‘tkaziladigan yirik futbol turnirlari haqida ma’lumot bera olasizmi? (elbek7187)

– O‘zbek futboli tarixida birinchi bor U-19 Osiyo chempionati bizning yurtimizga ishonib topshirildi. OFK rejasi bo‘yicha turnir oktyabr oyida boshlanishi kerak. Biroq, butun dunyo pandemiya holatiga duch kelgani sababli ko‘plab yirik turnirlarning sanalari o‘zgarib ketmoqda. Shu sababli ham qit’a chempionati borasida OFK tomonidan chiqariladigan qarorni kutib qolamiz. Umid qilamizki, tez fursatda insoniyat bu baloni yengib o‘tadi va O‘zbekistondagi Osiyo chempionati belgilangan muddatda boshlanadi.

 – Faoliyatingiz davomida boshqargan eng qiyin va esda qolarli o‘yin qaysi? (elbek7187)

– Savol uchun rahmat. Hakamlik faoliyatim davomida eng qiyin uchrashuvlar bu 2010 yilgi Jahon chempionati yarim finali Gollandiya – Urugvay va 2018 yilgi mundialdagi Xorvatiya – Argentina uchrashuvlari. Agar eng esda qolgan o‘yinni eslasam, bu albatta Jahon chempionati-2010 ochilish uchrashuvi, Janubiy Afrika Respublikasi va Meksika terma jamoalari o‘rtasidagi bahs.

– Milliy terma jamoamizga Yevropadan kuchli mutaxassis olib kelish masalasiga fikringiz qanday? (khaydarov.ozodbek)

– Yevropalik murabbiy masalasida ayni vaqtda gapirish noo‘rin. Chunki terma jamoamizda murabbiy bor. Agar umumiy bu mavzudagi fikrimni aytsam, murabbiyning qayerdan ekanligi muhim emas. Balki, asosiysi terma jamoaning o‘yin uslubiga qanchalik mosligini o‘rganish kerak. Murabbiyning ishga yondoshuvi va oldiga qo‘yadigan maqsadlari ahamiyatliroq.

– Klublarni xususiylashtirish qachon boshlanadi? (tolipov183)

– Juda o‘rinli savol. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida bu masalaga alohida e’tibor qaratilgan. 2030 yilga qadar klublarni bosqichma-bosqich xususiylashtirish bo‘yicha vazifa belgilab berilgan. Bu borada rejali ravishda ish boshlab yuborilgan.

– Futbolda iqtidori bo‘lib, yoshi esa 20dan o‘tgan bo‘lsa, ularni ko‘rikdan o‘tkazish mumkinmi, ular futbolda faoliyat olib bora oladimi? (ahmadjonovazamatjon)

– Agar 20 yoshgacha professional tarzda futbol o‘ynamagan bo‘lsa va shu yoshda endi boshlamoqchi bo‘lsa, u holda bu albatta kech. Chunki, 20 yoshga kelib futbolchilar klublarda asosiy tarkibda, terma jamoalarda esa xalqaro turnirlarda qatnashayotgan bo‘lishadi. Buning ustiga yuqori texnika va iste’doddan tashqari futbolda jismoniy kuch hamda tayyorgarlik katta rol o‘ynaydi. Yetarli tayyorgarliksiz futbol o‘ynash og‘ir jarohatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Agar umumiy futbol tizimidagi faoliyat nazarda tutilayotgan bo‘lsa, unda albatta boshqa yo‘nalishlarda o‘zini sinab ko‘rsa bo‘ladi. Murabbiylikka o‘qish mumkin. Hakamlikda o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rsa ham bo‘ladi.

VAR tizimi O‘zbekistonda qachondan ishlaydi? (abdulaziz_3110)

– VAR tizimini O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha dastlabki qadamlar hozirning o‘zida tashlangan. Biz o‘zbekistonlik mutaxassilarga tizimni o‘qitish bo‘yicha FIFA mutaxassislarini taklif etdik. Shundan so‘ng tizimning texnik jixozlash ishlarini boshladik. Xatto test rejimida ishlatib ham ko‘rdik. Albatta rasman ishga tushirish uchun bizning mutaxassislar bu yo‘nalishni to‘liq o‘zlashtirishi, stadionlar maxsus jixozlanishi, va eng muhimi VAR ishlatish uchun lisenziyaga ega bo‘lishimiz kerak. O‘ylaymanki bu ishlarni keyingi mavsum boshiga qadar yakuniga yetkazamiz va tizimni ishga tushiramiz.

Manba: ufa.uz
Kiritildi: 21:52, 21.04.2020.
O'qildi: 3466 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.