26 aprel. 1903 yilning shu kunida bask talabalari tomonidan Madridda “Atletiko” klubiga asos solindi. Avvalida jamoa mustaqil klub sifatida faoliyat yuritishi kutilmagan, chunki basklar Ispaniya poytaxtida o‘zlarining “Atletik” jamoasi filialini ochishgan edi. Jamoalar libosi o‘xshashi ham shundan. Biroq, sal o‘tib, Atletik klub de Madrid nomi ostida Ispaniya birinchiligiga qo‘shildi. Qarashsa, o‘ynab keta oladigan jangovar ruhdagi klub.
Mana shu qisqa ma’lumotlardan “Atletiko” nima uchun Madridda turib Madridning “Real”iga “Barsa”ga qaraganda jiddiy qarshilik ko‘rsatishini bilib olishimiz mumkin. Jamoa qonida ozodlik kuychisi bo‘lmish basklar qoni oqadi.
"Atletiko" Ispaniya futbolida "Real" hamda "Barselona"dan keyingi uchinchi klub hisoblanadi. Faqat bugungi kuni bilan emas, umumiy ma’noda shu gap. Asos solingan payti eng arzon matolardan foydalangani uchun “matraschilar” nomini olgan klub – chunki u payti bu matodan matras tikishardi – muntazam ikki katta klub hukmronlik qilgan 120 yil ichida o‘n marotaba mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgani, aslida juda yaxshi natija. UYEFA ligasiing uch karra g‘olibi. YECHL finaliga uch bora chiqqan. Doimo raqibga imkoniyatni boy bergan.
“Atletiko”ning aybi Ispaniya klubi bo‘lgani. Chunki bu mamlakatda doimo dominator bo‘lgan ikki superklub bor. Ularning kurashiga aralashib yashashga mahkum jamoa ayni paytda eng cho‘qqisiga chiqqan. Chunki klub bu qadar uzoq davr munosib qarshilik ko‘rsata olmagan va jahon grandlari safiga qo‘shila olmagan edi.
Ba’zilar aytadi, "Atletiko" Simeonega eng ko‘p pulni berayotgan bo‘lsa, jamoa o‘ynashi uchun eng yaxshi o‘yingohlaridan birini qurib bergan bo‘lsa, nega undan katta natijalar talab qilmasligimiz kerak. To‘g‘ri, moliyaviy tomondan bu ko‘rsatkichlar bor gap. Biroq, e’tibor bering, bu pullar ManSiti yo PSJ, hatto Chelsiga o‘xshab oldin to‘kib tashlanmadi, balki argentinalik mutaxassis o‘rtamiyona jamoani cho‘qqiga olib chiqqach, shunga yarasha cho‘ntak kavlashga majbur bo‘lindi. Ya’nikim, Simeonening bu mehnatlarini qadrlamasa va uning natijalariga yarasha stadion qurib bermasa, uyat bo‘lardi. Mana farqi.
Shuning uchun 117 yoshini nishonlayotgan klubni futbol asrab-avaylashi kerak. Boylar ichiga bandit kiyimida kirib, ulardan qartada yutib olgan pullariga yaxshi liboslar sotib olgan va darhol davraga kiborlar ko‘rinishida kirib kelgan jamoani qadrlamaslik mumkin emas. "Real" va "Barsa" qozonida shu qadar dahshatli tarzda qaynadiki, mavsum davomida mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan YECHL chempionlarini xotirjam to‘xtata oldi. Bu asar futbolni shayxu pereslar egallab olgan bir davrda yozilayotgani noyobdir.
"Atletikon"ni yomon ko‘rishni to‘xtatishimiz kerak. U futbolda ko‘p qoidalarni buzish uchun, ba’zilarning ustida adolatni o‘rnatish uchun kelgan Zorro kabi qahramon aslida. Xullas, uning muxlislarini tabriklaymiz. Jamoa tanlashda adashmagansiz.
Xayrulla Hamidov