Xabaringiz bor, koronavirus tarqalishi oqibatida joriy yilning 15 mart kuni PFL rasman o‘z tasarrufida o‘tkaziladigan futbol musobaqalarini noma’lum muddatga qoldirgandi.
Superliga, Pro-liga va boshqa musobaqalar qachon qaytishi hozircha aniq emas. O‘zPFL ham chempionatni boshlash tarafdori, ammo rahbariyat Koronavirusga qarshi kurash Respublika Maxsus komissiyasining ruxsatini kutishga majbur. Ma’lumotlarga qaraganda, 1 iyungacha uzaytirilgan karantin mamlakatimizda yana davom etadi. Natijada, joriy mavsumda 3 ta tur o‘ynalgan Superliga va hali boshlanmagan Pro liga o‘yinlarining o‘tkazilishi mavhumligicha qolishi mumkin.
Yaqinda O‘zbekiston professional futbol ligasi direktori etib tayinlangan Diyor Imomxo‘jayev o‘zining Futbol TV studiyasida aytgan gaplariga asoslanib, PFL ham Janubiy Koreya va Bundesligadan o‘rnak olgan holda mahalliy chempionat uchrashuvlarini yo‘lga qo‘yish uchun hozirlanayotganini payqash qiyin emas.
E’tiborimizni bir jihatga qaratsak. Yil boshida tuzilgan rejaga ko‘ra, Superliga va Pro-liga bahslari mart oyida boshlanib, noyabrga qadar davom etishi kerak edi. Davralar orasidagi transfer oynasi esa 9 iyuldan 5 avgustgacha bo‘lgandi. Ammo barchasi o‘zgarib ketdi.
Taklif
Joriy mavsumdagi yozgi transfer oynasini mavsum qayta boshlanguniga qadar tashkil etishni taklif qilamiz. Ya’ni, masalan O‘zbekiston chempionat o‘yinlari iyun oyining o‘rtasi — iyul oyi boshida boshlanishiga umid qilgan holda, yozgi transfer muddatini 1 iyundan – 1 iyulgacha ochiq deb e’lon qilish kerak.
Buning bir nechta foydali jihatlari bor.
Birinchidan, mazkur mavsum boshlanguniga qadar turli sabablarga qaydnomaga kirishga ulgurmagan yoxud qishki mavsum paytida xorij klublarida yig‘inda bo‘lib, yakunda klub bilan shartnoma imzolashga muvaffaq bo‘lmasdan ortga qaytishga majbur bo‘lgan o‘yinchilar bo‘lsa, ularga O‘zbekiston chempionatida ertaroq ishtirok etish uchun imkoniyat yuzaga keladi.
Ikkinchidan, mavsum qayta boshlanganidan keyin dekabr oyigacha chempionatda tanaffus yuzaga kelmaydi. Yozgi transfer odatdagidek iyul oyida uyushtirilsa, bu muddat chempionat uchrashuvlari bilan “aralashib” ketadi. O‘yin davom etayotgan paytda klublar yangi futbolchilar bilan shartnoma imzolab, ularni jamoa o‘yiniga moslashtirish uchun imkoniyat kam bo‘ladi. Demak, transfer “oyna”sini iyun oyida ochish orqali uni ortiqcha talafotsiz tashkil etish mumkin.
Uchinchidan, endi mavsum boshlansa, har 3-4 kunda bitta tur o‘tkazilishi katta ehtimol. Bunday tig‘iz taqvimda 5 tagacha o‘zgarishga ruxsat berilsa ham, baribir jarohatlar avvalgidan ko‘proq kuzatilishini Bundesliganing karantindan keyingi o‘yinlarida ko‘ryapmiz. Qaydnomadan yangi o‘tkaziladigan futbolchilar maksimal sport formasiga kirib olish uchun ham yetarlicha vaqt kerak bo‘ladi. Tranfer oynasi hozirgi qiyin sharoitda klublarga rotasiya qilish uchun kerak bo‘ladigan yana bir nechta o‘yinchilarni sotib olishga imkoniyat eshiklarini ochadi.
Xulosa.
O‘zbekiston professional ligasi FIFA qonun-qoidalaridan kelib chiqib, shuningdek, klublar bilan maslahatlashgan holda ushbu g‘oyani amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganib chiqishi mumkin.