Sunday World nashrining jurnalisti Kevin Palmer Transfermarkt portalidagi ma’lumotlardan foydalangan holda Angliya klublaring so‘nggi besh yildagi sof xarajatlar reytingini tuzdi.
Unga ko‘ra, ro‘yxatni 601 million funt sterling sarflagan «Manchester Siti» boshqarmoqda, ikkinchi o‘rindan «Manchester Yunayted» (484 million funt sterling) joy olgan bo‘lsa, Londonning «Arsenal» klubi kuchli uchlikni yakunlagan — 267 million funt.
Ta’kidlash joizki, APL peshqadami va 2018/19 yilgi mavsum Chempionlar Ligasi g‘olibi «Liverpul»ning so‘nggi besh yil ichidagi xarajatlari 107 million funt sterlingga teng bo‘lgan, bu ingliz klublari orasida 14-ko‘rsatkichdir.
So‘nggi besh yilda eng ko‘p xarajat qilgan ingliz klublari:
1. «Manchester Siti» — 601,98 million funt sterling
2. «Manchester Yunayted» — 484,88
3. «Arsenal» — 267, 88
4. «Everton» — 225, 42
5. «Brayton» — 214, 86
6. «Vulverhempton» — 205, 22
7. «Vest Hem» — 187, 49
8. «Bornmut» — 176, 95
9. «Aston Villa» — 166, 65
10. «Uotford» — 125, 69.
Angliya chempionatining 29-turidan keyin «Liverpul» 82 ochko bilan musobaqa jadvalida peshqadamlik qilmoqda. «Manchester Siti» esa 57 ochkosi bilan 2-o‘rinni egallab turibdi. Musobaqalarga 17 iyundan restart beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Liverpul» Britaniyaning eng mashhur klubi deb tan olingandi.