Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Chempionlikni kutayotgan romantik murabbiy

Chempionlikni kutayotgan romantik murabbiy

Baho:
+ | -

16 iyun. Shu kuni jahonning eng yaxshi murabbiyi – Yurgen Klopp 53 bahorini qarshi oldi. Uning futbolni judaaa qotirib o‘ynamaganini hamma biladi, murabbiyligi qandayligini-da barcha biladi. Shu bois, nemis mutaxassisining hayotiga kirib boraylik.

Klopp hikoyasidagi eng muhim jihat - nafaqat futbol, balki boshqa sohalarda ham kishilar mag‘lubiyatni o‘ziga xos saboq sifatida qadrlay olmasliklari va murabbiy uchun g‘alabaga xuddi o‘zi kabi shubha qilmaydigan shogirdlar qurshovida bo‘lishi muhimligi:

O‘zidan eshitaylik, a?
(Bu tarjima uff.uz saytida S. Rahmonov tomonidan amalga oshirilgan)

«O‘ylashimcha, futboldagi muvaffaqiyatning 98 foizini mag‘lubiyatga bo‘lgan o‘rinli munosabat, uni tabassum bilan qabul qilish va keyingi o‘yindan lazzatlanish ta’minlaydi. O‘z xatolarimdan saboq olishni faoliyatimning ilk kunlaridan boshlaganman. O‘sha saboqni hech qachon unutmayman. Yashil maydondagi 10 yillik faoliyatdan keyin «Mayns»ni murabbiy sifatida qabul qilgandim. Muammo shunda ediki, barcha futbolchilar yaqin do‘stlarim edilar. Bir «dumalab» ustozga aylanib qoldim, ular esa avvalgidek «Kloppo» deb chaqirishardi.

Dastlabki uchrashuvga tarkibni e’lon qilgach, har qaysi futbolchi bilan yakkama-yakka suhbatlashish kerak, degan qarorga keldim. Reja o‘ta murakkab edi, chunki ular ikki kishilik xonalarga joylashishgandi. Endi tasavvur qiling: birinchi eshikni ochdim, ikki o‘yinchi ikki qo‘shni karavotda o‘tiribdi. Birinchi futbolchiga yuzlandim: «Sen ertaga maydonga tushasan». Keyin ikkinchisiga dedim: «Afsuski, sen tarkibdan chetdasan».

Ikkinchi futbolchi taajjub bilan savol berganidan keyin rejam qanchalar bema’ni ekanligini angladim: «Ammo Klopp... Nima uchun?»

Bunday savolga javob yo‘q. Qanoatlantiruvchi yagona ibora: «Men faqat 11 nafar o‘yinchini maydonga tushira olaman». Afsuski, bu ko‘ngilsiz manzarani yana 8 marta kuzatishimga to‘g‘ri keldi - 18 nafar shogirdlarim 9ta ikki kishilik xonaga joylashishgandi. Har safar javobi bo‘lmagan noxush savolni eshitishga majbur bo‘ldim: «Ammo Kloppo... Nima uchun?»

Mana buni chinakam azob deyish mumkin! Murabbiy sifatida yo‘l qo‘ygan xatolarimning eng buyugi. Bunday vaziyatda qo‘limdan nima keladi? Balchiqqa belangan poyafzalni yaxshilab tozalash va xatoni takrorlamaslikka ahd qilgan holda yo‘lga otlanish.

Agar mag‘lubiyatlarning muhimligiga shubha qilayotgan bo‘lsangiz, eslatib qo‘yaman: faoliyatimdagi eng buyuk zafar ulkan omadsizlikdan keyin dunyoga keldi.

O‘tgan mavsum «Barselona»dan qabul qilingan 0:3 hisobidagi mag‘lubiyat eng yomon natija edi. Javob uchrashuviga tayyorgarlik jarayonida hammasini ochiq-oydin bayon etdim. Hech qanaqa Rokkilarni tilga olmadim. Asosan taktika borasida to‘xtaldim. Shuningdek, bor haqiqatni gapirdim: «Biz dunyoning eng yaxshi ikki hujumchisisiz maydonga tushamiz. Barcha muxlislarning fikricha, g‘alaba qozonishimizning iloji yo‘q. Tan olaman, ular haqlar. Ammo gap siz haqingizda ekanini inobatga olsak, bizda imkoniyat bor».

Bu gaplarga o‘zim ham ishonardim. Gap shogirdlarimning texnik imkoniyatlarida emas, ularning qanaqa yigitlar ekanliklari va hayotda qanday to‘siqlarni yenga olganliklarida edi. Shundan kelib chiqqan holda qo‘shimcha qildim: «Mabodo, mag‘lubiyatga uchrasak, chiroyli o‘yin bilan qabul qilaylik».

Albatta, bularni gapirish juda oson, lekin amalga oshirish-chi? Men yon chiziqda turgan holda baqirishdan boshqasiga yaramayman. Barcha qiyinchiliklar maydondagi shogirdlarimga yuklangan.

Ana shu bebaho azamatlar va «Enfild»dagi 54000 muxlis ko‘magida biz uddalab bo‘lmaydigan vazifani ado etdik. Futbolning eng ajoyib xususiyati shuki, hech kim yolg‘iz o‘zi hech narsaga erisha olmaydi. Hech nar-sa-ga! Menga ishonavering».
 
Trent Aleksander-Arnold tomonidan amalga oshirilgan tarixiy burchak zarbasi Yurgen Klopp faoliyatida ushalmas armon bo‘lib qoldi.

«Afsuski, o‘sha lavha YECHL tarixidagi eng hayratlanarli lahza edi... Men uni ko‘ra olmadim. Balki bu futbol murabbiyi hayotidagi eng zo‘r metaforadir, bilmayman. Nima bo‘lganda ham, Trentning mukammal ijrosidan lazzatlanish menga nasib etmadi. To‘pning maydon tashqarisiga chiqib ketganini ko‘rdim, Trentning burchakka yo‘l olgani va Shakiri uning ortidan ergashganini ham ko‘rdim. Biroq keyin maydonga tushishga tayyorlanayotgan o‘yinchi tomon o‘girildim. Yordamchim bilan gaplashayotgan pallada... Bilasizmi, o‘sha lahzani eslasam, badanim jimirlashib ketadi... Birdaniga kuchli shovqinni eshitdim. Maydonga o‘girilgach, to‘pning darvozaga kirib ketayotganiga ko‘zim tushdi. Yana zaxira o‘rindig‘i tomon yuzlandim va Ben Vudbernning savolini eshitdim: «Hozir qanday voqea yuz berdi?» Men javob qaytardim: «Hech narsadan xabarim yo‘q!»

«Enfild» hayqiriqlardan to‘lib-toshgan, aqldan ozgandi. Yordamchimning savolini arang eshitdim: «O‘yin¬chi almashtiramizmi?» Eh-he, uning baqirig‘ini hech qachon unutmayman, u bir umr men bilan yashaydi. Tasavvur qiling, 18 yillik faoliyat davomida millionlab soatni takroriy o‘yinlarga sarflagan holda, yashil maydonda yuz bergan eng noyob tomoshani o‘tkazib yubordim. O‘sha oqshomdan keyin Divokning golini 500000 martadan ko‘proq tomosha qilgandirman. Lekin o‘z ko‘zlarim bilan faqat to‘pning darvozaga kirib ketishini ko‘rdim, xolos.

O‘yindan so‘ng kabinetimga qaytgach, bir shisha suvni ushlagancha, sukunatga sho‘ng‘idim. O‘sha lahzadagi kechinmalarimni ta’riflashga ojizman. Uyga qaytganimda oila a’zolarim va yaqinlarim ulkan bazm ilinjida o‘tirishgan ekan. Biroq men shunchalik toliqqan edimki, to‘ppa-to‘g‘ri uxlashga yo‘l oldim. A’zoi badanim jonsizdek edi.

Shu paytgacha bunchalik miriqib uxlamagandim. Eng yoqimli holatga ertalab duch keldim: «Hammasi tush emas, haqiqat ekan. Bu chindan ham yuz bergan mo‘’jiza!» Men uchun futbol - chinakam ilhom baxsh etadigan otashin nutq! Biz chindan ham Dragoni mahv etdik! Iyunda nufuzli sovrinni Liverpul ko‘chalaridan olib o‘tganimizdan beri shu fikr meni tark etmayapti.

O‘sha kungi shodiyonani ta’riflay olmayman. Avtobusda sayr qilar ekanmiz, endi parad tugasa kerak, deb o‘ylardik. Axir shaharda shuncha odam to‘planishini tasavvur qila olmasdik. Biroq namoyish davom etardi. O‘sha kunning ehtiroslari, hayrat va muhabbatini bir yerga jamlab, dunyoga tar-qatganimizda, u yanada charog‘on bo‘lib ketardi».

Yurgen Klopp haqida o‘ziga o‘xshagan gaplarni esladik. Har xil raqamlaru ma’lumotlar yarashmaydiganroq tuyuldi. Bo‘lakcha murabbiy, romantik murabbiy, futbolni bir pog‘ona yuqoriga olib chiqqan murabbiy "Liverpul" uchun APL tarixidagi ilk chempionlikni ham olib beradi, yaqin qoldi, undan keyingi his-tuyg‘ularini tasavvur qilishga, ochig‘i, qiynalyapman.

Xayrulla HAMIDOV.

Manba: @xayrulla_hamidov
Kiritildi: 10:03, 16.06.2020.
O'qildi: 5024 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.