Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Tur yakunlari: “Andijon“da “barakasiz“ ochkolar, chempionatni bezayotgan “AGMK“, “qaldirg‘ochlar“ “lochinlar“lardan ustun keldi

Tur yakunlari: “Andijon“da “barakasiz“ ochkolar, chempionatni bezayotgan “AGMK“, “qaldirg‘ochlar“ “lochinlar“lardan ustun keldi

Baho:
+ | -

Chempionatning 8-tur bahslarini ortda qoldirgan uchrashuvlar haftaning dushanba va seshanba kunlari bo‘lib o‘tdi.

6 iyul kuni Toshkentda “Lokomotiv“ hamda “Surxon“ jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda, tobora g‘alabaga bo‘lgan ishonchni qaytarishga harakat qilayotgan mezbonlarning qo‘li baland keldi 2:1. Farruh Ibrahimovning golidan so‘ng, mehmonlar safidan Jahongir Mehmonov muvozanatni tiklagan bo‘lsa, Marat Bikmayev hisobni yana bittaga oshrgan holda o‘z jamoasiga g‘alabani taqdim etdi. Darvoqe, yetakchilar Diyor Turapov va Marat Bikmayevlarning tarkibga qaytgani “temiryo‘lchilar“ o‘yinida sezirarli yaxshilanish yuz berayotganini ko‘rsatmoqda. O‘z o‘rnida, mavsum avvalida yaxshi taassurot qoldirgan termizliklar esa turnir jadvalida pastlab borishmoqda. Shu boisdandir, jamoaga taniqli mutaxassis Ravshan Xaydarov taklif etildi. Yangi bosh murabbiy qo‘l ostida, jamoa o‘z natijalarini yaxshilashga ishonmoqda.

Shu kuni Navoiyda “hamdardlar“ uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Hali biron marta g‘alaba nashidasini sura olmagan “Qizilqum“ va “Andijon“ jamoalari bu imkoniyatdan yana bebahra qolishdi. Ko‘proq teng kurashlar ostida kechgan bahsda, so‘nggi daqiqalarga qadar, Sherali Jo‘rayevning goli evaziga hisobda oldinda borayotgan maydon egalari oxirigacha qat’iyat ko‘rsata olishmadi. Natijada, Siroj Meliyev hisobni tenglashtirdi 1:1. Shu tariqa andijonliklar qatorasiga 3 o‘yinda ham durang qayd etib, ayni paytda 5 ochko bilan hozircha, turnir jadvalida 11 pog‘onadan yuqorilagani yo‘q. Navoiyliklar esa 2 ochko bilan 13 o‘rinni band etishgan.

Birinchi futbol kuniga Qarshidagi o‘yin yakun yasadi.  Unda yetakchi o‘rinlar uchun kurashayotgan “Nasaf“ “Metallurg“ni qabul qildi.

So‘nggi daqiqalarga qadar tabloda o‘zgarish bo‘lmadi. Ammo, Akmal Mozgovoyning goli evaziga mezbonlar g‘alabani ilib ketishdi. Ushbu g‘alabadan so‘ng, Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi turnir jadvalida ushbu o‘yindan avval, aynan bekobodliklar egallab turgan 5 o‘ringa borib joylashdi.

Seshanba oqshomida muxlislar ancha qiziqarli qarama-qarshiliklarning guvohi bo‘lishdi. Dastlab, Toshkentda “Paxtakor“ “Mash’al“ga hech qanday imkoniyat qoldirmadi 3:0. Tarkibda muhim o‘rni, jamoada esa o‘z o‘yinini topib borayotgan Eren Derdiyo‘q dubl qayd etib, jami 5 ta gol bilan tupurarlar poygasida yana odimladi. Uchrashuvda darvozaga kiritilgan uchinchi to‘p muallifi Dragan Cheran ham 8 ta gol bilan ushbu poygada peshqadamlik qilmoqda. Chempionat avvalida raqiblariga yetarlicha qarshilik ko‘rsatib, ancha iliq taassurot qoldirgan muborakliklar esa borgan sari quyi pog‘onalar sari tushib bormoqdalar.

Turning ikki markaziy uchrashuvidan biri Olmaliqda bo‘lib o‘tdi. Unda, shu bugunga qadar raqiblari kimligidan qat’iy nazar, ularga umuman imkoniyat qoldirmasdan, mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirib kelayotgan “AGMK“, tobora ahil jamoa shakllantirib, ancha yaxshi natijalar qayd etayotgan Baxtiyor Ashurmatov shogirdlari, “Qo‘qon-1912“ bilan to‘qnash keldi. Birinchi bo‘lim, teng kurashlar ostida o‘tgan bo‘lsada, taymning ikkinchi qismida mezbonlar ustunlikni to‘liq qo‘lga olishdi. Avval, Elguja Grigalashvili hisobni ochgan bo‘lsa, nafaqat ushbu tur va ehtimolki mavsumning eng chiroyli goliga mualliflik qilgan Sanjar Tursunov, darvozabon Botirali Ergashevning qo‘pol xatosidan so‘ng, deyarli 60 metrlardan super gol kiritib, farqni yana bittaga oshirdi. Ushbu ikkita golga mehmonlar safidan Yakuba Bamba bir marotaba javob qaytara oldi. Shu tariqa Mirjalol Qosimov qo‘l ostidagi jamoa karvonboshidan so‘nggi ikkinchi o‘rinni yanada mustahkamladi.

Bundan tashqari shu kuni, ishlari umuman o‘nglanmayotgan “Buxoro“ Jizzaxga safar qildi. To‘liqligicha barqarorlik namoyish etolmayotgan “So‘g‘diyona“ jamoasi, o‘tgan turlardagi durrang va mag‘lubiyatdan so‘ng, bu safar raqiblari ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi 3:1. Mezbonlar tarkibida harakat qilgan Shoxruz Norxonovning goliga raqiblardan Bobur Farxodov javob qaytargan bo‘lsa, keyinchalik Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari raqiblar darvozasiga yana ikkita to‘p kiritishga muvofaq bo‘lishdi.

Ulardan biriga Javohir Qahramonov mualliflik qilgan bo‘lsa, yana biri Saxob Rashidovning hisobiga yozildi.

Ushbu o‘yindan so‘ng, buxoroliklar turnir jadvalida eng so‘nggi o‘ringa tushib qolishdi, jizzaxliklar esa 11 ochko jamg‘arib “Lokomotiv“ni ta’qib etishda davom etishdi.

So‘ngi to‘qnashuv, turning yana bir markaziy va yakunlovchi bahsi Toshkentdagi “Milliy“ o‘yingohda bo‘lib o‘tdi. Unda, mezbon “Bunyodkor“, o‘z natijalarini yaxshilab borayotgan “Navbahor“ni qabul qildi. Vadim Abramov shogirdlari ham xuddi namanganliklar singari o‘z uyida kuchli jamoaga aylanishini ko‘rsatib qo‘ydi. Mehmonlar tarkibida Igor Golban, maydon egalari Dilshod Ahmadaliyev, Shahboz Erkinov hamda Selim Nurmurodovlar tomonidan yo‘llangan uchta golga faqatgina bir marotaba javob qaytara oldi. Yakunda hisob 3:1. Ushbu g‘alabadan so‘ng, “qaldirg‘ochlar“ 16 ochko bilan kuchli uchlikka qaytishdi. Andrey Kancheliskis shogirdlari esa, ayni paytda 14 ochko jamg‘argan holda 6 pog‘onada borishmoqda.

Dadajon FOZILJONOV tayyorladi

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 11:50, 08.07.2020.
O'qildi: 4273 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.