Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Quvondiq Ro‘ziyev: «Futbolimiz o‘syapti, biroq…»

Quvondiq Ro‘ziyev: «Futbolimiz o‘syapti, biroq…»

Baho:
+ | -

«Qo‘qon-1912» jamoasi joriy mavsum mahsuldorlik bobida chakki ko‘rinmayapti. Baxtiyor Ashurmatov shogirdlari 9ta o‘yinda 17ta gol urishdi. Bu Superligadagi ikkinchi yuqori ko‘rsatkichdir. Xullas, qo‘qonliklar gol urish bobida faqat «Paxtakor»dan ortda qolishmoqda, xolos. Jamoaning yetakchi o‘yinchilaridan biri Quvondiq Ro‘ziyev hozircha 1-turda urgan 1ta goli bilan cheklanib turibdi, lekin bu uning murabbiylar ishonchini oqlolmayotganini anglatmaydi. Binobarin, Quvondiq maydonda imkon qadar effektli harakatlanmoqda.

- Butun dunyoni xavotirga solib turgan pandemiya tufayli yurtimizda ham karantin qoidalari qayta kuchaytirildi. Buning ortidan Superliganing navbatdagi 3ta turini Toshkentda markazlashgan tizimda o‘tkazish varianti yuzaga keldi, bu ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Qiziq, futbolchilar bu borada qanday fikrdalar? Shaxsan siz vodiy klubi a’zosi sifatida nima deysiz?

- Menimcha, birinchi galdagi masala - futbolni to‘xtatib qo‘ymaslik va uchrashuvlarni bexavotir o‘tkazish. PFLda bizdan ko‘ra ko‘proq bosh qotirayotgan kishilar ishlashmoqda va o‘ylaymanki, ular barcha omillarni hisobga olishadi. Bilishimcha, Osiyoning ba’zi ligalarida xuddi shu tartib qo‘llanilishi mumkin. Umuman, o‘yinlar to‘xtab qolmasligi yo‘lida izlanayotgan mutasaddilar o‘rtaga tashlagan variantdan fojea yasash kerak emas. Lekin bunda har bir ishtirokchi jamoaning yondashuvidan kelib chiqib, qaror chiqarish maqsadga muvofiq.

- Umuman, karantin davridagi o‘yinlar qanday taassurot qoldirmoqda?

- Garchi bo‘sh tribunalar ostida o‘ynayotgan bo‘lsakda, Superligada kurash ancha jiddiylashgani yaqqol sezilmoqda. O‘yinlar ham mazmunli o‘tmoqda. Masalan, liga yetakchisi «Paxtakor» restartdan keyin muhim ochkolarni yo‘qotdi, AGMK esa hamon mag‘lubiyatsiz odimlamoqda. «Navbahor»ga qarang, bu jamoa muxlislarsiz ham yaxshi o‘ynay olishini isbotlamoqda. Vaholanki, ko‘pchilik Namangan klubining asosan muxlislar daldasi bilan natija qayd etishini ta’kidlardi. «Qo‘qon-1912» haqida ham iliq fikrlar aytish mumkin.

- Lekin jamoangiz Qo‘qondagi ketma-ket g‘alabalardan keyin safarda AGMKga yutqazdi. Olmaliqda sizlarga nima yetishmadi?

- O‘z maydonimizda rasmiylashtirilgan ketma-ket  3ta g‘alaba kuchimizga ishonch hissini yanada oshirgani tayin. Bu o‘yinlar pandemiya tufayli yuzaga kelgan tanaffusdan keyin jismoniy tayyorgarlikni bir maromga solishda ham nihoyatda foydali bo‘ldi. AGMKga qarshi kechgan uchrashuvni olsak, menimcha, raqibga munosib kurash taqdim etdik. Faqat bitta jihat - Olmaliq klubi tarkibida yetuk ijrochilar ko‘pligi va zaxira o‘rindig‘ining nisbatan «uzun»ligi o‘z so‘zini aytdi. Bunday o‘yinlarda kichik detallar ham ko‘p narsani hal qilishi hech gap emas. Sanjar Tursunovning goli fikrimni to‘liq tasdiqlaydi. Xullas, AGMK faqat top-darajadagi ijrochilar va omad evaziga  g‘alaba qozondi.

- Tursunovning goli. Ko‘pchilik buni yil goli sifatida tilga olmoqda. Bunga nima deysiz?

- Avvalo, aytishim kerak, bu golda darvozabonimiz Botirali Ergashevni ayblamaslik kerak. Chunki ijro nihoyatda mukammal chiqdi. To‘p tepilgan pallada hattoki, raqib hujumchilari ham maydonning ikkinchi yarmida edilar. Bunday gollar futbolda kamdan-kam uchraydi. Masalan, Superligada oldin bunaqasi bo‘lganini eslolmayman. To‘g‘ri, Liga kubogi bahsida jamoadoshim Murod Xolmuhammedov shunga o‘xshash gol urgandi. Demak, bizning futbolchilardan ham shedevr gollar kutsak bo‘ladi. Ehtimol, Tursunovning goli chindan ham, yil yakunida eng chiroylisi sifatida tan olinishi mumkin. Lekin oldinda hali o‘yinlar ko‘p va bundanda chiroyli gollar ko‘rishimiz hech gap emas. To‘g‘ri, ortda qolgan uchrashuvlarni nazarda tutsak, Tursunov darhaqiqat, eng chiroyli gol muallifiga aylandi.

- O‘tgan yilgi natijalar bilan taqqoslaganda, jamoangizning hozirgi ko‘rsatkichlari chakki emas. Qiziq, mavsum boshida qo‘yilgan vazifa qanday edi-yu, hozirgisi qanday?

- Birinchi navbatda, bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatovning tarkib o‘zagini saqlab qolishga erishganini aytishim o‘rinli. Qolaversa, yigitlarga 9-10-o‘rinlar emas, ancha yuqoriga intilish zarurligini uqtirdi. Aslida yil boshida rahbariyat oldimizga kuchli oltilikka kirish vazifasini qo‘ygandi. Lekin biz - yigitlar ko‘rsatayotgan o‘yinimiz hamda tarkibimizdan kelib chiqib,  yanada yuqoriroq o‘rinlar uchun kurashishga kelishib oldik. Buning uchun jamoamizda hammasi yetarli - mahorat ham, tajriba ham, ishtiyoq ham. Faqat bir yoqadan bosh chiqarib, murabbiylar ko‘rsatmasiga to‘liq amal qilsak, ko‘zlangan marraga yetishimiz mumkin. Umuman, «Qo‘qon-1912» nega endi kuchli to‘rtlikka intilmasligi kerak? Agar xuddi shunday yondashuvda bo‘lsak, duch kelgan raqibni yenga olamiz.

- Viloyatingiz bosh jamoasi - «Surxon» 2 yildan buyon elitada o‘ynamoqda, siz esa hamon «Qo‘qon-1912»dasiz?

- Qancha ko‘p mablag‘ topishingizga qaramay, ishingizdan qoniqmasangiz, hech narsa tatimaydi. Aslida «Surxon» va «Qo‘qon-1912» saviya bobida bir-biriga yaqin jamoalar. Shunday ekan, hozir Termizga qaytib yangi muhitga moslashishga vaqt sarflashdan ko‘ra, Qo‘qonda qolganim yaxshi. Binobarin, bu yerda ozmi-ko‘p muxlislar ortdirdim, asosiysi, jamoadagi yigitlar bilan xuddi bir oiladek ahilmiz. Xullas, ayni payt «Surxon»ga borishdan ma’no ko‘rmayapman. O‘z oldiga muayyan maqsad qo‘ygan, deylik, OCHLda o‘ynashni rejalashtirayotgan klubdan taklif tushsa, bu boshqa masala.  

- «Paxtakor» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanasiz. Aytingchi, siz kamol topgan davr bilan hozirgisini taqqoslasak, nimalarda farq yaqqol ko‘zga tashlanadi?

- Ko‘z tegmasin, yildan yilga futbolimizga e’tibor oshmoqda, sharoitlar yaxshilanmoqda. Har holda, biz o‘qigan davrga nisbatan hozir sharoitlar ancha yaxshi. Qolaversa, bolalar futbolini yuksaltirish borasida uzluksiz chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Eshitishimcha, har bir viloyatda futbol akademiyasi tuzish borasida ish boshlanibdi. Albatta, bu quvonarli hol. Axir deylik, surxondaryolik bolalar nega endi futbol sir-asrorlarini o‘rganish uchun Toshkentda tahsil olishlari kerak? O‘ylaymanki, har bir hududda yetarli sharoitlarga ega akademiyalar barpo etilsa, yangidan-yangi Shomurodovlar, Masharipovlar yetishib chiqaverishadi. Hozir futbolimiz o‘sish yo‘lida. Mana, yangicha g‘oya va o‘zgartirishlar amalga tatbiq qilinmoqda, futbolga qarash o‘zgarmoqda. Umid qilaman, yosh avlodga yaxshi sharoitlar yaratilayotgani samarasiz ketmaydi.

- Og‘riqli masalalardan biri shuki, bunga qadar Osiyo va jahon chempionatlarida porlagan aksariyat iqtidorlarni yo‘qotdik. Demoqchimanki, agarda futbolchi kattalar doirasida o‘zini ko‘rsatmas ekan, uning yoshlikdagi natijalari tezda unutiladi. Balki yoshlardan natija talab qilish to‘g‘ri emasdir... Ehtimol, iqtidorlarni erta kunda moddiy tomondan rag‘batlantirmaslik kerakdir...

- Yo‘q, har bir inson mehnatiga yarasha rag‘batlantirilishi kerak. Jumladan, futbolda ham. Iqtidorlarning kelajagi qanday bo‘lishida ko‘p narsa murabbiylarga bog‘liq. Agarda murabbiy ma’lum yutuqlarni qo‘lga kiritgan shogirdlariga talab darajasida motivasiya bersa, hammasi hali oldinda ekanligini tushintira olsa, ular mashg‘ulotlarda yanada jiddiyroq ishlashadi. Oddiy misol, Dilshod Nuraliyevni olaylik. 1994 yili tug‘ilgan futbolchilar uning qo‘l ostida Osiyo chempioni bo‘lishdi, jahon chempionatida o‘ynashdi. Lekin Dilshod akaning qo‘l ostida ishlagan keyingi avlod, ya’ni 1996 yili tug‘ilgan futbolchilar bugun «aka»laridan o‘zib ketishdi. Har holda, ular orasida milliy jamoa­ga nomzodlar ko‘p. Qisqasi, hammasi murabbiyning to‘g‘ri ta’limotidan, menimcha.

- Futbolimiz rivojiga past nazar bilan qaraydiganlar ham bor...

- Ishoning, futbolimiz yomon holatda emas. Shunchaki, buni natija bilan isbotlash qolyapti, xolos. Futbolimiz ma’lum vaqt izlanish jarayo­nini boshdan o‘tkazdi. Terma jamoalarimizga turli mutaxassislar olib kelindi. Hozir futbolchilardagi o‘sishni teleekran qarshisida o‘tirib ham payqash mumkin. Mana, legio­nerlarimiz J.Koreya, Belarus, Rossiya chempionatlarida barqa­ror o‘ynamoqdalar. Milliy jamoamizda ham strategiya o‘zgardi. Oddiy misol, oldinlari Avstraliya termasiga shunchaki, kuchimiz yetmasdi. Oxirgi o‘zaro qarama-qarshilikda esa teng­ma-teng o‘ynadik, faqat penaltilar seriyasi bo‘yicha yutqazdik. To‘g‘ri, masalaning yana bir tomonini unutmaslik kerak - bizda o‘sish bor, lekin raqiblar ham qarab turishgani yo‘q.

- Mamlakatimizda bolalar futbolini yanada rivojlantirish uchun qanday ishlarga qo‘l urish kerak, sizningcha?

- Shaxsan men kelajakda Surxondaryoda akademiya faoliyatini rivojlantirishga hissa qo‘shishni dilimga tugib qo‘yganman. Ochig‘i, «Surxon»ning hozirgi tarkibida mahalliy yigitlar juda kam. Niyatim - kelajakda akademiyada faoliyat yuritib, shu bo‘shliqni to‘ldirish. Chunki iqtidorlar yetarli, faqat ularga turtki kerak. Ehtimol, joylarda bolalarni tarbiyalashda ko‘pni ko‘rgan taniqli futbolchilar xizmatidan foydalanish kerakdir.

- Futbolchi va murabbiylardan nimalarnidir talab qilishni qo­yillatamiz. Aslida esa muxlislik va matbuot xizmati ham talabga yarasha kuchayishi kerak...

- To‘g‘ri fikr. Futbol muxlislar uchun o‘ynaladi. Biroq jamoa yutib tursa, ko‘klarga ko‘tarib maqtaydigan, mag‘lubiyatga uchrasa, tana toshlarini otadigan muxlislarni tushunmayman. Kishini ranjitadigan tomoni, agar jamoa ketma-ket 2ta o‘yinda mag‘lubiyatga uchrasa, ayrimlar shunchaki, futbolchilarni noshudga chiqarishadi, ulardan voz kechib qo‘ya qolishadi. Shuningdek, jurnalistlar saviyasini ham o‘stirish kerak. Ayniqsa, Superligamiz o‘yinlarini sharhlayotganlar orasida futbol sur’atiga mos tushmaydiganlar ham bor. Translyasiya borasida esa e’tiroz yo‘q. Avvallari faqat Toshkentdagi o‘yinlar ko‘rsatilardi. Shukrki, endi barcha o‘yinlar jonli tarzda uzatilmoqda. Yaqin kelajakda tasvir sifati ham yaxshilansa, ajabmas.

Xurshidbek suhbatlashdi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 18:04, 24.07.2020.
O'qildi: 4317 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.