Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Xayrulla Hamidov maqolasi: «Arteta siymosi»

Xayrulla Hamidov maqolasi: «Arteta siymosi»

Baho:
+ | -

“Arsenal” o‘zini yaxshi his qiladigan hududida qirolligini isbotladi: Angliya kubogini 14-bor qo‘lga kiritdi. Ko‘pchilik bu paytda jamoaning kubok klubiga aylanib bo‘lganini, jamoa bir o‘yinga jiddiy e’tibor qaratib mazkur turnirni yengganini aytar, ammo uch yil oldingi kubogidan bunisi boshqacharoq. Ya’ni, bu yupanch uchun qo‘lga kiritilgan natija emas, balki katta epoxaning ibtidosidek ko‘rinmoqda.

“Arsenal”ning holati aslida haliyam zo‘r emas. Jamoa davraviy tizimda kuchli sakkizlik bilan cheklandi. Jamoaning haqiqiy salobati uzoq davom etadigan turnirda bilinadi. Ammo yaqindagina ishga kelgan Mikel Arteta uchun bu kubok juda zarur edi. Ispaniyalik mutaxassis nazdida bu kubok qiymatli emas, shundoq, o‘ziga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlab olish uchun zarur edi. Muxlislarning umidi uchun o‘ta qiymatli edi.

Arteta tengqurlari bo‘lmish Sulsher va Lemparddan ko‘ra vayronaroq joyga keldi. MYU hamda “Chelsi” hatto ardoqli murabbiylaridan keyin-da juda chuqurga tushib ketmadi. “Arsenal” esa Arsen Venger davridayoq yangi qonga ehtiyoj sezayotgan, chempionatdagi g‘olibligi uzoqlashib borayotgan edi. Tabiiyki, Vengerdek siymo ketgach, bu muammo yanada kattarib ketdi. Kelgan murabbiylar klubni isloh qila olishmadi. Nainki tuzata olishmadi, balki transfer ishlarida ko‘plab noto‘g‘ri ishlarga qo‘l urishdiki, oqibatda jamoa bir ko‘rsatuvda aytganimizdek gavdasining bir qismi baquvvat, boshqa tomoni nimjon “bodibildingchi”ga aylanib qoldi.

Arteta shu jihatni yaxshi bilgan holda birinchi qilgan ishi “Arsenal”ning baqquvat joylaridan ko‘ra nimjon “a’zolari”ni yaxshilashga, ulardan negativni olib tashlab, pozitivini yuzaga keltirishga kirishdi. O‘yinida sezildi muhimi. Eng yaxshi tomoni, ispan mutaxassisi muammo qayerdaligini bilgan holda tashhis qo‘ydi va o‘sha muammolarni boshqa yutuqlar bilan yopishni boshladi.

Uchta himoyachi bilan o‘ynaganida va Mourinyo uslubiga o‘tib natija qayd etganida, Arteta vaziyat taqozo qilsa, o‘zi istamagan uslubiga ham o‘ta olishini ko‘rsatdi. Birinchi jamoa bo‘lib o‘ynashni o‘rgangan Kloppni, Gvardiolani va Lempardni ularning kamchiligida ushlab, yenga oldi. Bu hazil ish emas. Arteta hali o‘z uslubiga o‘tmay turib-da bir yil ichida shu ishlarni qila olyaptimi, janob Kronke kerakli futbolchilarni olib bersa, APLning changini chiqarib tashlashi mumkinligini isbotladi.

Ha, Arteta juda og‘ir yo‘lni tanlab, undan g‘olib chiqishni boshladi. Pandemiyaning chuqur davrida koronavirusni matonat bilan yenggani kabi bu muammolar ustida qattiq ishlayapti. Top-klublar ichida eng ko‘p muammosi mavjud jamoaga kelib, hammadan oldin uni yecha olyaptimi, kelajagi borasida ishonsa bo‘ladi. Bu yilgi Angliya kubogi va Yevropa ligasi yo‘llanmasi aslida boshlanishi. Arteta uchun uzoq va tikonli yo‘lning ibtidosidagi buloqdan suv chiqqandek huzur ulashuvchi mukofot bu. Bu buloq suvining quvvatida ispaniyalik murabbiy ham maydonda kuchli raqiblariga qarshi kurashishi, ham transfer olamida yetakchi futbolchilarning APLning 8-klubiga kelishida matonat ko‘rsatishi talab etiladi. Men bilganim, ko‘p o‘yinchilar “Arsenal”ga faqat murabbiyning istiqboliga ishonib kelmoqchi. Boshqa hech qanday motivasiya topilmaydi London shimolida.

Men biror bir klubga tizimni tubdan o‘zgartirib yuboradigan murabbiy kelsa, uni kuzatishga kirishaman. Bundan buyon “Arsenal” qiziq mavzu. Yupanch uchun muxlislariga kubok ulashuvchi va YELda o‘ynashni oldiga maqsad qiladigan jamoa emas, futbol o‘ynashni boshlagan va katta mehnatlar evaziga toplik darajasiga qaytish yo‘liga tushgan klubga aylanmoqda.

“Arsenal” muxlislarini men kubok bilan yo yevrokubok yo‘llanmasi bilan tabriklamoqchi emasman. Qutlovim boshqa masalada. Kubokni o‘rtamiyona murabbiylar ham qo‘lga kirita olishadi, ammo haqiqiy futbol havosini faqat katta murabbiylar olib kelishadi. Ana shunday epkin shabada Shimoliy Londonga qaytgani bilan tabriklayman. Kronke o‘zining javohirini saqlashini va unga maksimum sharoitlar qilib berishini istayman. Aks holda, bunday olmosni qadrlaydigan boshqa boyvuchchalar ko‘plab topiladi.

Xayrulla Hamidov.

Manba: https://t.me/xayrulla_hamidov
Kiritildi: 14:26, 02.08.2020.
O'qildi: 5508 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.