Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Balki bu Messi va Ronaldu o‘rtasidagi so‘nggi uchrashuv bo‘lar...

Balki bu Messi va Ronaldu o‘rtasidagi so‘nggi uchrashuv bo‘lar...

Baho:
+ | -

Stadion.uz Yevropa Chempionlar Ligasi musobaqasining «G» guruhi haqida alohida to‘xtalib o‘tishga qaror qildi. Gap shundaki, ushbu guruhda «Yuventus» va «Barselona» to‘qnashuvini millionlab muxlislar orziqib kutishmoqda. Sababi, juda oddiy.

Sayyoramizdagi barcha futbol muxlislari Messi va Ronalduning qarama-qarshiligini juda sog‘ingan.Afsuski, bu ular o‘rtasidagi so‘nggi rasmiy uchrashuvlari bo‘lishi mumkin. Shu sababli, ushbu guruh haqidagi ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashishga qaror qildik.

«Yuventus» (UYEFA reytingida 5-o‘rin)

Murabbi: Andrea Pirlo

Yozdagi yo‘qotishlari: Klub hali o‘z o‘yin falsafasini to‘liq yo‘lga qo‘ymagan Sarriga chiqish eshiklarini ko‘rsatib yubordi. Futbolchilardan Rugani ijaraga berib yuborilgan bo‘lsa, Matyudi va Iguain MLSga ravona bo‘ldi. Shuningdek, Duglas Kosta ham «Bavariya»ga ijaraga berib yuborildi.

Kimlar tarkibga qo‘shildi: Artur, MakKin, Kyeza va Arturlar yangi mavsumda jamoaga yordam berishi kutilmoqda.

YECHLdagi eng yaxshi natijalari: 1984/85, 1995/96 yilda chempionlikni qo‘lga kiritgan.

Jamoa yetakchilari: Buffon, Kellini, Bonuchchi, Ronaldu

Kuchsiz tomonlari:Ushbu musobaqada murabbiy sifatida hali ishlab ko‘rmagan Andrea Pirloni eng ojiz nuqta desak, adashmagan bo‘lamiz. O‘tgan mavsumda Sarri aynan shu musobaqadagi omadsizlik sababli klub Sarrini iste’foga chiqargan edi. Pirloning oldida ham muhim va qiyin vazifa turibdi.

Kuchli tomonlari: Futbolchilarning ushbu musobaqadagi tajribasi qo‘l kelishi mumkin. Ichki birinchilikdagi raqobatning yo‘qligi, bor e’tiborni YECHL uchrashuvlariga qaratish imkoniyatini yaratadi.

Optimal tarkib: (5-3-2): Shesni — Kuadrado (Danilo), Bonuchchi, de Ligt, Kellini, Sandro (Frabotta) — Artur, Rabyo, Dibala — Morata, Ronaldu

«Barselona» (UYEFA reytingida 3-o‘rin)

Murabbiy: Ronald Kuman

Yozdagi yo‘qotishlar: Kike Setyenni yo‘qotish deb bo‘lmaydi. Messini jamoada kuch bilan olib qolishga muvaffaq bo‘lishdi. Afsuski, kelajagi porloq Arturni bila turib qo‘yib yuborishdi. Vidal, Rakitich, va Suares singari «eski maktab» a’zolari arzimagan pullar evaziga boshqa klublarga ravona bo‘ldi. Himoyadagi muammolarni bartaraf etishga qodir Todibo esa, «Benfika»ga ijara asosida o‘tib ketdi. Afsuski, markaziy hujumchi o‘rni bo‘sh qolib ketdi. Suaresning o‘rnini to‘ldirishga qodir futbolchi xarid qilinmadi.

Kimlar tarkibga qo‘shildi: Dest "Ayaks"dan Kataloniyaga yetib keldi. Piyanichni Kumandan avvalroq xarid qilishdi. Trinkan hozircha ijara asosida. Fati bilan shartnoma imzolandi. Endi oldingi chiziqdagi asosiy futbolchilardan biriga aylanadi.

YECHLdagi eng yaxshi natijalar: 1991/92, 2005/06, 2008/09, 2010/11, 2014/15 yilgi mavsumlar chempioni

Jamoa yetakchilari: Buskets, Messi, Ter Shtegen

Kuchsiz nuqtalari: Jamoa va rahbariyat o‘rtasidagi nizolar. shuningdek, himoya va markaziy hujumdagi bo‘shliq ham klubga musobaqada pand berishi mumkin. «Barselona»ni ancha yillardan beri yelkasida olib yurgan Messining ruhiy bosim ostida qolib ketishi.

Kuchli tomonlari: Nima bo‘lgan taqdirda ham, «Barselona» dunyo futboli grandi! U istalgan daqiqada, super tempni namoyish etishi mumkin. To‘g‘ri, stabillik borasida jamoa (tarkibdan kelib chiqib) maqtana olmadi, biroq alohida o‘yinlar uchun 90 daqiqa maksimum namoyish etishga qodir.

Optimal tarkib: (4-2-3-1): ter Shtegen — Dest, Pike, Lengle (Arauxo), Alba — Buskets, de Yong — Fati, Messi, Koutinyo — Grizmann.

«Dinamo Kiyev» (UYEFA reytingida 26 o‘rinda)

Murabbiy: Mirko Luchesko

Yozdagi yo‘qotishlar: Hech qanday yo‘qotish bo‘lmadi. Jamoa bilan omadsizlikka uchragan murabbiy Mixayilichenko iste’foga chiqarildi. Uning o‘rnini egallagan Mirko barcha iqtidorli yoshlarni jamoada olib qoldi. Kiyevliklarda yo‘qotishlar yo‘q.

Kimlar tarkibga qo‘shildi: Luchesko transfer siyosati borasida o‘zgacha qarorga keldi. Qahramonimiz «Brayton»dan 21 yoshli rumin Balutni ijaraga oldi va bu o‘zini YECHL saralash uchrashuvlarida to‘liq oqladi. Shuningdek, yoshlar safidagi Zabarniy ham asosiy jamoadan chaqiruv oldi.

YECHLdagi eng yaxshi natijalar: 3 bor yarim final ishtirokchisi 1976/77, 1986/87, 1998/99.

Jamoa yetakchilari: Sigankov, Sidorchuk, Buyalskiy.

Kuchsiz tomonlari: Kiyev klubining guruhdagi raqiblari juda kuchli. Boz ustiga, «Dinamo» anchadan beri bunday katta musobaqada ishtirok etmayapti. Jamoaning suyagi yoshlardan tashkil topgan. Qiziqqon yigitlar natija uchun to‘p surishda oqsab qolishi mumkin.

Kuchli tomonlari: Luchesko juda ayyor murabbiy. Uning futbolchilari esa, juda iqtidorli. Jerson, De Pena Mikolenko, Popov, Sharapenko singari futbolchilar uchu bu musobaqa Yevropa chiptasini ta’minlashi mumkin. Xuddi Miranchuk «Yuve»ga qarshi o‘yin orqali Italiyaga yo‘l olgani kabi.

Optimal tarkib: (4-2-3-1): Bushan – Kendzera, Popov, Mikolenko (Zabarniy), Karavayev – Sidorchuk, Shaparenko – Jerson, Buyalskiy (Sigankov), De Pena — Supryaga.

«Ferensvarosh» (UYEFA reytingida 135 o‘rinda)

Murabbiy: Sergey Rebrov

Yozdagi yo‘qotishlar: Jamoa yozda birorta futbolchi bilan xayrlashmadi. E’tiborlisi shundaki, guruh bosqichiga qadar klub 4 ta raqibni musobaqadan chiqarib yubordi. Ular orasida «Seltik» va «Dinamo Zagreb» klublari ham mavjud.

Kimlar tarkibga qo‘shildi: Deyarli bor pul alban hujumchisi - Uzuni uchun sarf etildi. Shuningdek, Robert Mak va Zubkovlar debyut uchrashuvini o‘tkazishi mumkin.

YECHLdagi eng yaxshi natijalar: Ikki bor guruh bosqichida ishtirok etgan 1995/96 i 2020/21.

Jamoa yetakchilari: Lovrenchich, Dibus, Blajich, Somaliya, Nguyen.

Kuchsiz tomonlari: Jamoa ushbu guruhda mutlaq autsayder. Tarkibning kuchsiz ekanligidan tashqari, xalqaro o‘yinlar borasida klubda umuman tajriba mavjud emas. Afsuski, uzoq davom etgan saralash uchrashuvlarida Rebrov o‘z «arsenali»dagi barcha tryuklarni namoyish etib bo‘ldi. Uni grand klublar ortiqcha muammosiz zararlantirishi mumkin.

Kuchli tomonlari: Ushbu klub muxlislari allaqachon bayram qilishni boshlab yuborgan. Sababi, jamoa o‘z oldiga qo‘ygan maksimum vazifani uddalab bo‘ldi. Endi, muxlislar uchun shunchaki shou namoyish etishsa bo‘lgani. Hech qanday bosimsiz muxlislar qurshovida to‘p surish imkoniyati mavjud. Uy uchrashuvlarida olingan ochkolar yakunda oltinga teng bo‘lishi mumkin. UYEFA Budapesht hokimiyatiga muxlislarni stadionga kiritish yoki kiritmaslik borasidagi tanlovni qoldirgan. Agar, Vengriyaliklar muxlislarga ruxsan berishsa, bu chinakam shouga aylanib ketishi mumkin.

Optimal tarkib:  (4-3-3): Dibus – Lovrenchich, Blajich, Kovachevich, Sivich (Xeyster) – Somaliya, Xaratin, Shiger (Isael) – Zubkov, Uzuni, Nguyen (Mak).

Guruhning «fishka»lari bilan tanishing!

- «Barsa» favorit? Kuman o‘z jamoasining o‘yin falsafasi guruhdagi barchanikidan kuchliroq ekanligini aytdi. Shunga qaramay, birinchi o‘rin uchun qizg‘in bahs ketishi turgan gap.

- «Dinamo» jamoasida afsonaga aylangan Rebrov o‘z klubiga qarshi murabbiy sifatida Ukrainaga tashrif buyuradi. «Shaxtyor»da uzoq vaqt ishlagan Luchesko esa, Rebrovga qarshi tajribasini ishga soladimi?

- Lucheskoning jamoalari «Barselona» bilan naqd 7 bor to‘qnash kelgan. 5 ta mag‘lubiyat va ikkita g‘alaba. Bundan ko‘rinib turibdiki, murabbiy uchun «Barselona» o‘tib bo‘lmas to‘siq emas.

- Messi va Ronaldu qarama-qarshiligi! Mana ushbu guruhning asosiy fishkasi! Leo katta ehtimol bilan bir mavsumdan so‘ng boshqa klub a’zosiga aylanadi. Ronaldu ham tobora avvalgi darajasida emasligini his etib turibdi. 15 yildan ortiq vaqt davom etgan super to‘qnashuvning final qismiga ham yetib keldik. Ushbu final qay darajada shiddatli o‘tadi? Ularning qay biri so‘nggi duelda kuchliroq chiqadi? Bu savollarga javobni «G» guruhi ishtirokchilari o‘rtasidagi o‘yinlarda bilib olishimiz mumkin.

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 16:29, 11.10.2020.
O'qildi: 11055 marta.
Fikrlar: 45 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.