Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

APL muxlislari «bosh ko‘tarmoqda»

APL muxlislari «bosh ko‘tarmoqda»

Baho:
+ | -

Stadion.uz futbol vatanidagi qiziqarli voqea bilan yaqindan tanishtirib o‘tadi.

Angliyada futbol muxlislari o‘yinlarning translyasiyasidan norozi bo‘lishmoqda. Bunga yetarlicha sabablar mavjud. Sababi, oktyabr oyidan boshlab, APL uchrashuvlarini "Sky Sport", "BT Sport" va "Amazon prime" orqali pulli ko‘rishga majbur bo‘lishmoqda. E’tiborlisi shundaki, ushbu kanallar mijozlarga o‘yinlarni donasini 14,95 funtdan sotishni yo‘lga qo‘ydi. Mavsum davomida 180 ta o‘yin mavjud. Shunday ekan, APLni teleekran orqali ko‘rish narxi inglizlar uchun keskin oshib ketdi.

Shu bois, APLning barcha bahsini tomosha qilish narxi 3239 funtga qimmatlashdi. Hayron bo‘lishingiz mumkin, ammo brodkasterlar va APL shunday qarorga keldi. Gap shundaki, APL mutasaddilari barcha o‘yinlarni pulli tomosha qilishni yo‘lga qo‘yishga qaror qilishdi. Aks holda, birorta bahsni ham jonli namoyish etmoqchi emasligini ham qo‘shib qo‘ydi. Bu qarorni barcha 20 ta klub qo‘llab-quvvatladi, ammo muxlislarchi? Ulardan hech kim so‘rab o‘tirgani yo‘q. Bu vaziyat borasida APL rahbarlari o‘zlarini oqlashlari oson.

Sababi, ular klublarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun shu yo‘lni tanlanganini ma’lum qilishmoqda. Bu so‘zlar g‘azab otiga mingan muxlislarni jahl otidan tushirishga kamlik qildi. Oqibatda, butun Angliya bo‘ylab yangi harakat boshlandi.

APLda ishtirok etuvchi klublarning muxlislari internet orqali #baycotPPV xeshtegi orqali o‘z noroziligini bildirishni boshlashdi. Ular APL jamoalarining futbol uchrashuvlarini tomosha qilish uchun sarflanishi mumkin bo‘lgan 15 funtni xayriya fondiga o‘tkazishni maslahat berishdi. Bu chaqiruvga tezda mamlakatning turli burchaklaridan javob kelishni boshladi.

Birinchilardan bo‘lib, «Nyukasl» jamoasi muxlislari tashabbus ko‘rsatishdi. Ular sevimli jamoalarining o‘yinini tomosha qilish o‘rniga, 20 ming funtni xayriya qilishdi. Ushbu qadam, tezda internetda shov-shuv ko‘tarilishiga sabab bo‘lgani rost. Jamoa «qizil iblislar»ga yirik hisobda mag‘lub bo‘lgach, bu uchrashuvni 15 funtga tomosha qilgan muxlislar ularning safiga qo‘shilishni boshladi.

Ko‘p o‘tmay, «Liverpul» jamoasi muxlislari «uloqni» ilib ketishdi. Ular bu masalada hammadan peshqadam bo‘lish maqsadida hatto «Everton» muxlislari bilan birlashishdan ham qaytishgani yo‘q. «Liverpul»ni qo‘llab-quvvatlovchi butun dunyodagi eng qudratli fond - Fans Supporting Foodbanks ishga kirishdi. Bir necha soat o‘tib, «Everton»ning muxlislar armiyasiga suyanuvchi The blue Union ham norozilikka qo‘shildi. Ikki tomon o‘zaro o‘yinda birlashdi va o‘z muxlislarini APL va pulli kanallarga boykot e’lon qilishni boshladi. Oqibatda, ushbu harakat ishtirokchilari soni keskin ortib ketdi. Hatto, Liverpul shahri meri - Stiv Roterem ham muxlislarni oqlab chiqishga qaror qildi:

«Men butun umr "Liverpul"ga muxlislik qildim, ammo hozir futbol tomosha qilish uchun sarflamoqchi bo‘lgan 15 funtimni shu pulga muhtojlarga bermoqchiman»

Bu harakat tezda Liverpul shahri aholisiga ta’sir ko‘rsatdi. Yarim kun davomida xayriya fondiga 28 ming funt kelib tushgan bo‘lsa, kech borib bu summa 60 mingdan ortib ketdi. Ijtimoiy tarmoqlar esa, turli hazillar bilan to‘lib toshib ketdi. Fan klubning tvitterdagi rasmiy sahifasida juda ta’sirli so‘zlar e’lon qilindi. Bu so‘zlar tezda ushbu harakatning asosiy shioriga aylandi desak, adashmagan bo‘lamiz.

"Biz APL muxlislari "Sky Sport" va "BT Sport"ga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Aynan ular sababli biz birlashdik. Ularning talablari sababli butun mamlakatdagi muxlislar birlashdi!

Pulli kanallariga qarshi boykot nochor ahvoldagi insonlar uchun madad kuchiga aylanmoqda. Biz sizning ochko‘zligingiz sababli talab qilayotgan summangizni, atrofimizdagi mehrga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash uchun sarf etmoqchimiz"

Ko‘p o‘tmay, bu harakatga Lids, Manchester, Birmingem, London singari katta shahardagi muxlislar ham qo‘shildi. Fond hisob raqamiga kelib tushayotgan pullar 116 ming funtni tashkil etishi, ijtimoiy tarmoqda juda katta «tantana» qilindi.

Ko‘p o‘tmay, fonddagi pullar ochlikdan azob chekayotganlarga yordam qo‘lini cho‘zishni boshladi. Fonddagi pullar juda nochor ahvoldagi oilalarga yetkazildi va barchasi shaffof amalga oshirildi. Ijtimoiy tarmoqdagi ta’sirli videolar sababli ushbu harakat jadallashib ketdi. «Ochlik uchun klub ranglilarini farqi yo‘q» shiori ostidagi harakatga futbolchilar ham o‘z hissasini qo‘shishni boshladi.

Birinchilardan bo‘lib Markus Reshford bu ishga qo‘l urdi. U o‘z tvitter akkauntida och qolgan bolalarga bepul tushlik yetkazib berishni boshladi. Bir necha oy ilgari bu ishni davlat bajarayotgan edi, biroq mutasaddilar ortiqcha xarajatdan voz kechishgani bois endi Reshford shaxsan o‘zi yegulik tarqatish bilan shug‘ullanmoqda. Uning jonkuyarligini hatto azaliy raqib ustozi - Yurgen Klopp ham alohida e’tirof etib o‘tdi.

Aslida, APL bahslarini har biridan 15 funt ishlab olish rejasi musobaqaning uzoq yillar davomida to‘plangan obro‘siga putur yetkazmoqda. Bundan tashqari, pandemiya chog‘ida insonlarga katta zarar keltirmoqda. «Liverpul» universiteti rahbari Kiran Maguayer shunday fikrda.

«Bu g‘oya davlat targ‘ib etayotgan siyosatga mutlaq qarshilik ko‘rsatmoqda. Sababi, uchrashuvlarni tomosha qilish qimmat bo‘lgani bois, endi ko‘pchilik birga bir xonada o‘yinni ko‘rishga majbur. Barcha 2-3 funt to‘lab, do‘stlari bilan futbol tomosha qilishni yo‘lga qo‘yib olgan. Bu pandemiya chog‘ida kasallikning oldini olish maqsadida qilinayotgan barcha harakatlarni chippakka chiqaradi.»

Ajablanarlisi shundaki,translyasiyadan tushayotgan pullar qayerga ketayotgani haqida aniq ma’lumot mavjud emas. Barchasi, APL hisob raqamiga o‘tadimi yoki klublar o‘z darajalaridagi «bo‘laklarni» o‘zlashtiradimi? Bu savollar hozircha ochiq qolmoqda. Kulgilisi shundaki, endilikda «chempionship» uchrashuvlarini tomosha qilish 10 funt. APL muxlislari buning sababini so‘rashganida, mutasaddilari elitadagi stadionlarda katta kameralar ishlayotganini bahona qilishmoqda. Shu bois, tez orada barcha o‘yinlarni tomosha qilishning o‘zgacharoq, kerak bo‘lsa noqonuniy yo‘llarini izlashga tushib ketadi. Bu aniq, sababi ingliz xalqi deyarli 100 yildan beri ushbu sport turi bilan «kasallangan». Uni qandaydir bir oy ichida to‘liq yo‘q qilishning imkoni yo‘q.

Vaziyatni ichkaridan yoritayotgan "Mirror", "Daily Mail" nashrlari bergan ma’lumotlarga qaraganda, "Sky Sport" va "BT Sport" o‘z g‘oyalari ortida katta pul to‘plashdan ko‘ra uni yo‘qotib qo‘yish mumkinligini anglab yetgan. Ingliz nashrlarining ma’lum qilishicha, tez orada brodkasterlar o‘yinlarni ekran orqali tomosha qilishni arzonlatishadi. Ularda ayni damda boshqa chora ham qolmagan.

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 17:10, 26.10.2020.
O'qildi: 6967 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.