Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Sariq kartochkani svetofor chirog‘ida turgan inson o‘ylab topgan, ammo…

Sariq kartochkani svetofor chirog‘ida turgan inson o‘ylab topgan, ammo…

Baho:
+ | -

Stadion.uz futbol olamiga ta’sir ko‘rsatgan tarixiy voqealar bilan yaqindan tanishtirib o‘tishda davom etadi. Avvalroq penaltilar seriyasi haqida fikr almashgan edik. Endi navbat futbolning ajralmas bo‘lagiga aylangan sariq kartochkaga.

Bugungi kunga kelib, kartochkalar futbol olami uchun odatiy holga aylanib ulgurgan. Ushbu sport bilan yaqindan tanish bo‘lmaganlar ham sariq va qizil rangdagi kartochkalar nimani anglatishidan xabardor. Shunday bo‘lsada, ushbu kartochkalar muomalaga kiritilganiga endigina 50 yil bo‘lganidan hammaning ham xabari yo‘q.

Futbolchi maydonni tark etishni istamagan…

Ilk bor rangli kartochkalar futbol olamida 1970 yilda paydo bo‘ldi. Bunga qadar hakamlar ogohlantirish va maydondan chetlatishga murojaat etishgan. Bu omilning qiyin tomoni shunda ediki, har bir hakam nima sababdan futbolchini maydondan chetlatayotgani haqida tushuncha berishi lozim edi. Ba’zan boshqa tilda so‘zlashuvchi futbolchilar va hakamlar o‘rtasida tushunmovchiliklar sodir bo‘lar, murabbiylar esa, vaziyatni to‘liq tahlil qilishga qiynalishar edi.

Shunga o‘xshash holat 1966 yilda sodir bo‘lgan edi. JCHning chorak final bahsida Angliya va Argentina termalari to‘qnash keladi. Argentina termasi a’zosi Antonio Rattin hakam – Rudolf Kraytleynga o‘yin davomida e’tiroz bildirishdan to‘xtamaydi. O‘yin davomida hakamning har bir hushtagini erinmay muhokama qilgan Rattinni Rudolf qo‘pollik uchun maydondan chetladi. Buni futbolchiga avvaliga tushuna olmaydi. Gap shundaki, Rattin barcha jamoadoshlari singari faqat ispan tilida so‘zlashar va boshqa tildagi so‘zlarni anglamas edi. Hakam esa, faqat nemis tilidagina ravon so‘zlar edi. Shu bois, hakam uzoq muddat davomida Antonioga maydonni tark etish lozimligini uqtira olmaydi. Pauza cho‘zilib ketganini payqagan ingliz hakami Ken Aston vaziyatga aralashishga qaror qiladi. U tribundan pastga tushadi va ispan tilida Antonioga u chetlatilganini tushuntirib beradi.

Svetofor sababli o‘ylab topilgan kartochkalar

Chorak finalda bo‘lib o‘tgan yoqimsiz holat Ken Astonga uzoq muddat tinchlik bermaydi. U barchaning ko‘nglidagi shubhani yo‘qotuvchi va hammaga birdek tushunarli yangi uslubdagi ogohlantirish o‘ylab topish borasida bosh qotirishni boshlaydi. O‘z uyi sari mashinasida yo‘l olayotgan hakam svetoforning chiroqlarida to‘xtaydi va unga zimdan razm soladi. Buni nimasi qiyin? Sariq ogohlantiradi, qizil esa to‘xtatadi. Shunday bo‘lsada, maydonga svetofor o‘rnatishning imkoni yo‘qligi bois bu hayolini tezda miyasidan chiqarib tashlaydi.

Uyiga kechroq kelgach, hakam bo‘lgan voqeani turmush o‘rtog‘i Xildagi so‘zlab beradi. Shundan so‘ng, Ken odatdagidek o‘z kursisiga o‘tiradi va gazeta o‘qishni boshlaydi. Oradan bir necha daqiqa o‘tgach, turmush o‘rtog‘i qo‘lida ikki xil karton qog‘ozdagi kartochkalarni ko‘tarib keladi. Biri qizil, ikkinchisi sariq rangda edi! Karton qog‘ozlarga tikilib turgan Kenning hayoliga fikr yashin tezligida keldi: «Bu kartochkalar hakamning cho‘ntagida bo‘ladi. Ulardan biri ogohlantiradi, ikkinchisi esa futbolchini o‘yindan chetlatadi.» Turmush o‘rtog‘ining yechimi Astonga juda manzur keldi va o‘z g‘oyasini ommaga e’lon qildi. E’tiborlisi shundaki, sodda va tushunarli yechim tezda qo‘llab-quvvatlandi va FIFA futbol qoidalariga rasman o‘zgartirish kiritdi.

Ilk sariq kartochka egasi kim?

Keyingi mundial ilk bor Markaziy Amerika qit’asida o‘tkazildi. Unga Meksika mezbonlik qildi.  Bunga qadar Janubiy Amerika va Yevropadan boshqa qit’alarda musobaqa tashkillashtirilmagan edi. Turnirning ochilishi o‘yinida Sobiq sovet futbolchilari maydon egalariga qarshi to‘p surishadi. Aynan shu uchrashuvdayoq hakamlar Ken va Xilda Aston o‘ylab topgan kartochkadan foydalanishdi. O‘yinning birinchi bo‘limida Sobiq sovet termasi futbolchisi Kaxi Asatiani tarixdan joy oldi. Unga kartochka ko‘rsatgan ilk hakam esa, germaniyalik Kurt Cheshner edi. O‘yin nursiz durang bilan yakunlandi. Hakam esa 5 ta sariq kartochkadan foydalanadi. Ularning atigi 1 tasigina maydon egalariga ko‘rsatildi.

Mundialda kartochkalar borasida yangilik juda iliq qabul qilindi. Shu bois, deyarli barcha mamlakatlarda ushbu qoida milliy chempionat o‘yinlariga kiritilishi boshlanib ketdi. Ispanlar esa, kutilmaganda sariq kartochkaning rangini oqqa o‘zgartirdi. Ular shu yo‘sinda oq va qora rangdagi translyasiyalar chog‘ida muxlislar adashib ketmasliklarini reja qilishgan edi. Bu g‘oya 7 yil davomida o‘z kuchida bo‘ldi, ammo 1977 yilga kelib oq kartochkalar o‘rnini sariqlari egalladi.

21 asrga kelib, kartochkalar borasida reforma o‘tkazish haqida bosh qotirish boshlandi. Birinchilardan bo‘lib 2015 yilda UYEFAning o‘sha davrdagi prezidenti Mishel Platini oq kartochkani ishga solish borasida taklif bilan chiqdi. Unga ko‘ra, qarshisida oq kartochka ushlagan hakamni ko‘rgan futbolchilar 5 yo 10 daqiqa davomida maydondan chetlatilishi lozim edi.

Tan olish lozim, sariq va qizil o‘rtasida yana bir kartochka bo‘lishi lozimligi haqida avvalroq ham taklif kiritilgan. Barcha zamonlardagi eng adolatli hakamlardan biri Perluidji Kollina 2009 yilda oq kartochkani muomalaga kiritish borasida taklif bilan chiqadi. Hakam o‘z qarorini quyidagicha izohlaydi:

«Futbolda ayrim qo‘polliklar uchun qizil kartochka berib bo‘lmaydi, biroq ularni faqat sariq bilan ogohlantirish ham mumkin emas. Shunday vaziyatda, bir muddatga o‘yindan chetlatilishga sabab bo‘luvchi oq kartochka yordamga kelishi mumkin.»

2006 yilda Portugaliya futbol rahbarlari havorangdagi kartochkalardan foydalanishni tavsiya etishgan. Bu kartochka so‘kinish va turli irqchilikka oid so‘zlarni aytgan futbolchilarga ko‘rsatilishi va bunday kartochkalardan 2 tasi o‘z-o‘zidan qizilga aylanishi kerak edi. G‘oya tarafdorlari bu orqali yosh futbolchilarni tarbiyali o‘stirishni reja qilishgan desak, adashmagan bo‘lamiz.

Shu o‘rinda qiziq bir fakt. Italiyaning pastki ligalarida hakamlar o‘yin davomida yashil kartochkadan ham foydalanishi mumkin. Bu kartochka halol o‘yin namoyish etgan futbolchilargagina ko‘rsatiladi. Bunda kartochkani ilk bor qo‘lga kiritgan futbolchi Kristian Galone sanaladi.

Aston kartochkalar bilan chegaralanib qolmadi

Angliyalik hakam butun futbol olamini bir xil sistemadagi ogohlantirish bilan ta’minlabgina qolmay, unga yana turli qo‘shimchalar ham kiritgan. Misol uchun har bir uchrashuvga hakamlar tarkibida zaxira hakami bo‘lishi ham aynan Ken Astonning g‘oyasi sanaladi. Shuningdek, Aston maydonni tark etayotgan va tushib kelayotgan futbolchilarning raqamini kichik tabloda namoyish etishni ham o‘ylab topgan. Shu yo‘sinda, Aston futbol uchrashuvidagi ortiqcha pauzalarni oldini olgan. Shunday bo‘lsada, uning barcha g‘oyalari ham amalga oshmagan. Misol uchun, qahramonimiz FIFAga o‘yin durang bilan yakunlanganida, g‘olib nomini penalilar seriyasi orqali aniqlash taklifi bilan chiqqan. Hakam shu yo‘sinda, futbolchilarni ortiqcha jarohatdan saqlab qolmoqchi bo‘lgan, biroq FIFA penaltilar seriyasini tanlagan.

Yahyoxo'ja Ulug'xo'jayev

Manba: Stadion.uz
Kiritildi: 23:59, 07.11.2020.
O'qildi: 4792 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.