Kristian Eriksen - haqiqiy iste’dodli futbolchi. U buni deyarli har mavsum ko‘rsatgan ajoyib statistikalari va super texnik mahorati orqali to‘laqonli isbotlab keladi. Ayniqsa, 2018-19 yilgi mavsum uning faoliyati davomidagi eng sermahsul va chiroylilaridan biri sifatida yodda qoldi. U Premyer-liganing 35 ta uchrashuvida maydonga tushib 8 ta gol urdi. «Tottenhem» bilan YECHL finaligacha yetib bordi va yakunda barcha tan olgan hujum triosi ichida o‘zini ajratib turuvchi jihatlarini ko‘rsata oldi. Lekin jamoada qishga kelib rahbariyat o‘zgardi va yangi murabbiy Mourinyo rejalarida daniyalik futbolchiga joy topilmadi. Yakunda u Italiyaga ko‘chib o‘tishga qaror qildi. Uning uchun yangilik hisoblangan Milanning «Inter» klubi ko‘pchilik tomonidan futbolchini ochib yuborishi kutilayotgandi. Lekin haqiqatan ham yangi klub uning uchun mana deyarli bir yildan beri yangiligicha qolmoqda. Bir so‘z bilan aytganda Eriksen sinov murabbiylariga to‘g‘ri kelib qolayotganidanmi ularning ham o‘z navbatida yangi xaridlarga ko‘nikib olishlari uchun vaqt talab etiladi, bu normal holat.
Biroq, iqtidorli Eriksenning Italiyaning gigant klublaridan birida haligacha o‘yinini topib keta olmayotganining sababi nimada bo‘lishi mumkin?
Axir, hujumkor futbol rejimiga sekin-asta o‘tib borayotgan A Seriya jamoalariga Kristiandek iqtidorlar kerak emasmi? Jamoaga APLdan kelib qo‘shilgan boshqa sheriklari o‘z vaqtida adaptasiyani eplab ketishdi, lekin Kristianga Italiya haligacha go‘yo begona shahardek tuyulmoqda. U joriy mavsum to‘lig‘icha o‘yin amaliyotining yo‘qligidan aziyat chekyapti. To‘g‘ri, A Seriyada 7 marta, YECHLda esa 4 marta uning uchun maydonda imkon berildi. Biroq futbolchi hali biror marta foydali ish koeffisiyentini namoyish eta olmadi. Buni uning asosan uchrashuvlar yakunlanayotgan paytlarda, o‘yin masalasi deyarli hal bo‘lib ulgurgan pallalarda maydonga tushirilayotgani bilan ham izohlashimiz mumkin. Konte bir-ikki marta mana shu taxlit futbolchining ustidan kulgandek taassurot qoldirmoqda. Umumiy hisobda u «neradzurrilar» libosida 36 ta bahsda 4 ta gol urib 3 ta golga assist bergan.
Avvalo, Eriksenda Italiyaga ko‘chib o‘tgach, til va madaniyat bo‘yicha jiddiy kamchiliklar yuzaga keldi. U italyan tilini o‘zlashtirishda haligacha oqsamoqda. Buni o‘z sheriklari, jumladan Lukaku ham bir necha bor ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, juda ko‘plab mutaxassislarning fikricha futbolchining asosiy muammosi Kontega bog‘liq. Bu omil uslublarning o‘zaro mos tushmasligi bilan tahlil qilinadi. Natija o‘laroq, daniyalik xavbek klub tarixidagi omadsiz o‘yinchilar ro‘yxatida Berkamp va Kuarejmalardan keyn 3-o‘rinni band etib turibdi. Italiyalik murabbiyning o‘zi ishlagan klublaridagi quradigan uslubiga e’tibor qaratsangiz, u kuchli taktik futbol tarafdori, buning uchun u yo‘lidan chiqqan istalgan to‘siqni olib tashlashga tayyor. Konte maydonda harakat qilayotgan shogirdlaridan maksimal darajadagi natijani talab qiladi. Shu bilan birga u ba’zi hollarda individual mahorat egalarining kelajagiga ham bolta urib yuborganini ko‘p kuzatganmiz. Masalan, «Yuventus»da ishlab yurgan kezlari uning Del Piyeroga bo‘lgan munosabatini va futbolchining keyingi taqdirini ham xuddi shu senariy ostida yakun topgan deyish mumkin. Buni murabbiyning o‘zi ham bir intervyusida ta’kidlab o‘tgan edi: «Men shogirdlarimning maydonda mening ko‘rsatmalarimdan ortiqcha harakatlar bajarishini yoqtirmayman, ular murabbiy uslubiga singdirilishii kerak. Futbolchilar maydonda imrovizasiyaga aslo yo‘l qo‘ymasliklari talab etiladi», - deya aytib o‘tib ketgan.
Kontening bugungi «Inter»dagi taktik rejasini tajavvuzkor futbolga yo‘yish to‘g‘riroq bo‘ladi. Qanotlardan tashkil etiladigan hujumlarda loteral pozisiyasidagi o‘yinchilar oldinga chiqishadi va o‘z o‘rinlarini tez-tez almashtirib turishadi. Bu yerda ko‘pincha markaz zonasi ochiq qolib ketadi va mana shu yerda javlon uradigan mehnatkash futbolchi klubga yetishmayapti. Daniyalik futbolchini esa bilasiz, markazda ko‘rib o‘rganmaganmiz. Taktik yondashuv jihatidan ham londonliklar va milanliklar futbolida keskin farqlarni uchratishimiz mumkin. Kristian avval o‘ynab yurgan, asosan pleymeykerlar uchun tortib ketadigan 3-5-2 sxemasi endi uning yangi jamoasi uchun begona. U reja bo‘yicha qanot va markaziy hududlar uchun ham mas’ul bo‘ladigan 3-4-2-1 sxemasiga mos kelishi kerak edi. Konte shogirdlaridan maksimal darajadagi sovuqqonlik va shidatkor harakatlar talab qiladi. Eriksenning ba’zi o‘yinlarida esa aynan mana shu sovuqqonlik ko‘zga tashlanmayapti. «Tottenhem»da o‘ynab yurgan paytlari unga ko‘pincha to‘p yetkazib berilardi va biz futbolchini yakka kurashlarda ko‘p ham ko‘ravermas edik. Lekin «Inter»da esa buning mutlaqo teskarisi. Endi u bu yerda pressingga ishlashga majbur. Lekin uning hozirgi formasida negadir tezlik xususiyati keskin pasayib ketgan. Agar statistikaga murojaat qiladigan bo‘lsak, Eriksen raqibga pressing uyushtirish va to‘pni olib qo‘yish samaradorligi, shuningdek, birga bir vaziyatlar va yakkakurashlar ishtirokida eng past ko‘rsatkichga ega – 31%. Buni Konte hazilomuz tarzda bir intervyularisida qistirib ketdi: «Eriksen Italiyaga kelganidan so‘ng o‘z rasionida sabzavotlar va ko‘katlar iste’molini oshirib borishi kerak. Bizda iqlim buni talab etadi. Men esa hozir unda na energiya va na ishtiyoqni ko‘rganim yo‘q».
Darhaqiqat, Eriksenning tabiati nuqtayi nazaridan ham bu yer balki unga manzur bo‘lmagandir. Ammo, ba’zi nazariy jihatlar ham borki, bularni inkor etib bo‘lmaydi. Keskin hujumga asoslangan jamoa chizmalarida ham markaziy zonada katta bo‘shliqlar paydo bo‘lishi bor gap. Hozirgi zamonaviy futbolda o‘yinchining faqatgina bitta pozisiyada harakat qilishi kamlik qiladi. Yangi futbol yangicha qatlamni shakllantirgani sababli endi katta avlod vakillarining o‘zgacha uslublarga ko‘nikib ketishi biroz murakkab kechishi bor gap. Yangi davr futboli darhaqiqat juda mukammal bosqichlarni kashf etib bormoqda. Bugungi kunda natijaga bo‘lgan mas’uliyat sezilarli oshib ketdi va avvalgi yillarning jozibador va texnikaga qurilgan futboli ham sekin-asta urfdan chiqib bormoqda. Hozir golning yaratilishida bitta inson omili emas balki bir nechta futbolchilar yaxlit bitta sistemaga yig‘iladi.
Biz Kristianning misolida hozirgi «Inter»ning o‘yin uslubini kuzatib boryapmizki, jamoaga Eriksen kabi individual, kuchli formaga ega bo‘lgan iqtidorli futbolchilar juda zarur. Ayniqsa, klubga YECHLda aynan mana shu kabi xususiyatlar yetishmadi. Xavfli vaziyatlar yarata olish foizlari borgan sari pasayib ketmoqda. Ko‘pchilik mutaxassislarning fikriga ko‘ra ham Eriksenning ayni paytdagi achinarli vaziyati balki Kontening teskari uslubi va qattiqqo‘l xarakteriga bog‘liqdir. Lekin futbolchi o‘z ustida ishlashda davom etib, o‘ziga berilgan kichik imkoniyatlardan ham maksimal foydalana oladigan darajaga chiqsa, Konte ham o‘z navbatida albatta, shogirdiga ishonch bildirishni boshlaydi. Hozirgi zamonaviy futbolda kuchli jamoa tarkibidagi asosiy figuralardan biriga aylanish uchun klubdagi kuchli raqobat muhitida munosib ishtirok eta bilish kerak, ayniqsa uning pozisiyasida. Kristian Eriksen atrofidagi shaxsiy muamoalari va texnik kamchiliklarini tezroq bartaraf etib olishi uchun unda vaqt kam. Biz esa voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Yusufbek Saydaliyev tayyorladi