Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

O‘zbekiston 2025 yilda shaxmat bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ntalikka kirishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston 2025 yilda shaxmat bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ntalikka kirishni rejalashtirmoqda

Baho:
+ | -

Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘ta muhim qaror qabul qilindi.

Ushbu yirik loyiha shaxmatni ommaviy sport turiga aylantirishga qaratilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston shaxmat maktabi poydevorini mustahkamlash va mamlakatni dunyoda yetakchilardan biriga aylantirish ko‘zda tutilgan.

“Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida 2025 yilga qadar erishilishi kerak bo‘lgan asosiy vazifalar va maqsadlar belgilangan.

Bugun mazkur qaror ijrosi yuzasidan yosh shaxmatchilar bilan uchrashuv tashkil etildi. Videokonferensiya tarzida bo‘lib o‘tgan uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Abduhakimov Samarqand viloyati hokimligidan turib boshqarib bordi. Toshkentda tashkil etilgan studiyadan esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston shaxmat federasiyasi rahbariyati, taniqli sportchi va trenerlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari joy olishdi.

“Shaxmat dunyodagi eng qadimiy sport turlaridan hisoblanadi. Uning Vatani Hindiston deb tan olinsa-da, so‘nggi tadqiqotlar shaxmat aslida O‘zbekiston zaminida paydo bo‘lgan, degan farazni ilgari surmoqda. Mashhur Dalvarzintepa yodgorliklarida olib borilgan arxeologik qazilmalar vaqtida eramizdan oldingi 1-2-asrlarga oid shaxmat donalari hamda Samarqanddagi Afrosiyob tepaliklarida o‘tkazilgan tadqiqotlarda esa eramizgacha 7-8-asrlarga taalluqli 7ta shaxmat donasi topilganligi ham fikrimizni tasdiqlaydi.

Ushbu aql-idrok sporti ajdodlarimiz orasida ham keng ommalashgan. Hattoki sohibqiron Amir Temur harbiy yurishlar oldidan bo‘lajak jang strategiyalarini aynan shatranj ustida aniqlab olganligi tarixiy manbaalarda yozib qoldirilgan. Ulug‘ ajdodlar yo‘lini munosib davom ettirayotgan bugungi avlod shaxmat olamida O‘zbekiston nomini yanada yuqorilarga ko‘tarayotganligi ham bejiz emas. Hamyurtlarimiz, jahon chempionlari Rustam Qosimjonov, Nodirbek Abdusattorov, aka-uka Javohir va Islom Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev va boshqalarni bugun butun dunyoda yaxshi tanishadi.

“Aql gimnastika”si shaxmat o‘sib kelayotgan yosh avlodning mantiqiy tafakkurini o‘stirishga xizmat qiladi. Qolaversa, shaxmat kishidan yuksak aql-zakovat, sabr-matonat va iroda talab qiladigan g‘oyat murakkab sport turidir. Bir so‘z bilan aytganda, shaxmat bilan shug‘ullangan inson murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri va oqilona yechim topishni o‘rganadi”, – dedi videokonferensiyada so‘zga chiqqan Aziz Abduhakimov.

Shuningdek, ma’ruzachi o‘z nutqida qarorning eng muhim jihatlariga ham to‘xtalib o‘tdi. Xususan, iqtidorli yosh shaxmatchilarni tanlash va saralash tizimini takomillashtirish, bolalar va kattalar o‘rtasida shaxmatni yanada ommalashtirish, bolalar va o‘smirlar shaxmat maktablarini tashkil etish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tdilar.

“Maktabda shaxmat” loyihasini amalga oshirish Dasturning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Keyingi o‘quv yilidan boshlab shaxmat bo‘yicha mashg‘ulotlar 150 ta maktabda joriy etiladi. Ushbu maktablar faqat shaxmatga ixtisoslashadi, xuddi ba’zi maktablar matematika yoki ingliz tiliga ixtisoslashgani kabi. Bolalar hech narsaga muhtoj bo‘lmasligi uchun ushbu maktablarga zarur jihozlarni sotib olish uchun davlat byudjetidan 7,5 mlrd so‘m ajratilishi belgilangan”, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Shaxmatni jadal rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi raisi A.Abduhakimov.

Ta’kidlandiki, 2025 yilgacha shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturida aniq maqsadlar belgilangan. Ushbu dasturning amalga oshirilishi samarasida aholining 3 foizi doimiy ravishda shaxmat bilan shug‘ullanadi. Hozir bu ko‘rsatkich 0,8 foizni tashkil qilmoqda.

Davlat-xususiy sheriklik asosida 25 ta yangi shaxmat maktablari va klublari tashkil etiladi. Faoliyat yuritayotgan shaxmat bo‘limlari soni 20 foizga ko‘payadi va ularda tahsil olayotgan bolalarning soni 10 500 nafarni tashkil qiladi.

Va nihoyat, 2025 yilga kelib O‘zbekiston Xalqaro shaxmat federasiyasi (FIDE) reytingining birinchi o‘ntaligiga kirishi kerak. Bugungi kunda esa O‘zbekiston dunyoning 162 mamlakati orasida 30 – o‘rinni egallab turibdi.

Qarorda ko‘plab shaxmat musobaqalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda professionallar va havaskorlar o‘z kuchlarini sinab ko‘rishlari mumkin. Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Shaxmat bo‘yicha xalqaro turnir, o‘zbekistonlik birinchi grossmeyster Georgiy A’zamov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir va XVII jahon chempioni Rustam Qosimjonov sharafiga xalqaro turnir bo‘lib o‘tadi. Qolaversa, azim Samarqandda “Sohibqiron kubogi”, Xivada “Al-Beruniy”, Buxoro va Termizda “Turizm va shaxmat haftaligi” xalqaro turnirlarini tashkil etish belgilangan.

Videokonferensiyada ko‘p karra jahon chempioni, dunyodagi eng yosh xalqaro grossmeysterlardan biri Javohir Sindorov, yana bir jahon chempionati g‘olibi Nodirbek Yoqubboyev, jahon chempioni Afruza Hamdamova, blis yo‘nalishida G‘arbiy Osiyo chempionatida 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan terma jamoamiz a’zosi Feruza Qurbonova, haqiqiy shaxmat fidoyisi, Samarqand davlat universiteti kafedra mudiri Abduvahob Vohidov va boshqalar so‘zga chiqib, mazkur qarorning ahamiyati, uning mamlakatda shaxmat sportini rivojlantirish borasida muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlashdi.

“Shaxmatchi uchun xalqaro musobaqalar juda muhim. Chunki, o‘z imkoniyatingiz qay darajada ekanligi chet ellik shaxmatchilarga qarshi o‘yinlarda ayon bo‘ladi. Yaqinda qabul qilingan qarorda har yili mamlakatimizda kamida 5ta xalqaro turnir o‘tkazilishi belgilab o‘tilgan. Bu bizning o‘z ustimizda yanada ko‘proq ishlab, ulkan muvaffaqiyatlarga erishishimizga yordam beradi. Natijada biz nafaqat yoshlar, balki tez orada kattalar o‘rtasida ham jahon chempionligini O‘zbekistonga olib kelishimizga ishonaman”, – deya ta’kidladi marosimda so‘zga chiqqan yoshlar o‘rtasida 6 karra jahon chempioni Javohir Sindorov.

Darvoqe, O‘zbekiston shaxmat federasiyasi yaqin vaqtlar ichida 2026 yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasini mamlakatimizda qabul qilish yuzasidan Xalqaro shaxmat federasiyasiga rasmiy taklif bilan chiqishni rejalashtirgan. O‘z navbatida FIDE rahbari ham matbuot orqali chiqishlarida respublikamiz shaxmat bo‘yicha har qanday darajadagi turnirlarni qabul qilishga tayyorligini aytib o‘tgandi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, shaxmatni rivojlantirishga qaratilgan Davlat dasturini amalga oshirishga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Abduhakimov boshchiligidagi Shaxmatni jadal rivojlantirish bo‘yicha Respublika kengashi rahbarlik qiladi. Shuningdek, har bir hududda shaxmatni jadal rivojlantirish bo‘yicha Hududiy ishchi guruhlar tuziladi, ularga tegishli viloyat hokimlari rahbarlik qiladi.

Bu esa mamlakatimizda shaxmat sporti yanada jadallik bilan ommalashib, ertangi kun egalari orasidan yangi Javohirlar, Nodirbeklar, Nafisalar yetishib chiqishiga, O‘zbekistonning esa qudratli shaxmat mamlakatlari safidan joy olishiga xizmat qiladi.

Manba: minsport.uz
Kiritildi: 20:19, 29.01.2021.
O'qildi: 2148 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.