Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Italiya kubogi finali oldidan final. «Yuventus» Turinda «Inter»ga qarshi (prevyu)

Italiya kubogi finali oldidan final. «Yuventus» Turinda «Inter»ga qarshi (prevyu)

Baho:
+ | -

Italiya kubogi yarim final javob uchrashuvlari bugun davom ettiriladi. Antonio Konte va uning jamoasi final bosqichiga chiqish uchun Turin shahriga yo‘l olishadi. Ularning raqibi esa 10 yildan beri Skudettoni hech qaysi jamoaga bermay kelayotgan "Yuventus" jamoasi. Mazkur jamoalarning imkoniyatlari, jamoaviy yangiliklari, o‘zaro bahslari va ehtimoliy tarkibi haqidagi qisqacha prevyuni sizlarga taqdim etamiz.

Bugun bo‘lishi kerak bo‘lgan "Yuventus" va "Inter" o‘rtasidagi uchrashuv ikkala jamoa o‘rtasidagi 238-o‘yin sifatida tarixda qoladi. Mazkur sana ham Italiya futboli tarixida ham yorqin sahifalardan biri bo‘lib qolishi aniq. Chunki bu jamoalar o‘rtasidagi uchrashuv doimo o‘z shiddati va qiziqarliligi bilan doimo muxlislar e’tiborida bo‘lib kelgan.

"Yuventus" birinchi yarim final o‘yinida "Juzeppe Meassa"da "neradzurri"ni 2:1 hisobida mag‘lub etib, A seriyadagi mag‘lubiyatga javob qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. O‘sha oqshom turinliklar hujumchisi Krishtianu Ronaldu uchun ajoyib uchrashuv bo‘ldi. Portugaliyalik hujumchi Samir Xandanovich darvozasiga ikkita gol urishga erishdi. "Inter" ikki yetakchisi — hujumchi Romelu Lukaku hamda himoyachi Ashraf Hakimiysiz "keksa sinyora"ga qarshi to‘qnash keldi. Belgiyalik futbolchisiz milanliklar hujumining butun og‘irligi, mazkur o‘yindagi birinchi golni kiritgan Lautaro Martines bo‘yniga tushdi. O‘sha o‘yinda turinliklar g‘alabani osonlikcha qo‘lga kiritmaganini aytib o‘tish kerak. To‘pga egalik qilishda ham, hujumlar tashkil qilishda ham milanliklar, turinlik raqiblaridan qolishmadi.

Birinchi golning yuzaga kelishida, shunchaki "Inter" futbolchilarining chiroyli kombinasion o‘yini natijasida yuzaga keldi. Nikola Barella qanotdan reyd uyushtirib, qulay vaziyatga chiqib kelayotgan Martinesni to‘p bilan ta’minladi, argentinalik hujumchi esa o‘z vazifasini ajoyib tarzda bajardi. "Yuventus" hisobni tenglashtirgan vaziyatda, biz shunchaki zamonaviy futbol mahsulini ko‘rdik. VARning chiqargan qaroriga ko‘ra milanliklar Kuadradoga nisbatan o‘z jarima maydoni ichida qoida buzgan. Ronaldu penaltini shu qadar ajoyib tarzda darvozaga yo‘lladiki, Xandanovich o‘z joyida qolganida ham, bu to‘pni qaytarish amri-mahal edi. Ronaldu dublni rasmiylashtirgan vaziyatda, shunchaki, darvozabon va himoyachi bir-birini tushunmasligi natijasida yuzaga keldi va Krishtianu bu vaziyatdan ham mohirona tarzda foydalandi. Ikkinchi taymda "Keksa sinyora"ga qaraganda biroz kuchliroq harakat qilgan Konte shogirdlari ko‘plab vaziyatlar yaratdi. Ammo Buffon darvozasidan boshqa gol o‘tkazib yuborishga yo‘l qo‘ymadi. "Inter" futbolchilari har ikkala golni o‘z xatolari natijasida o‘tkazib yuborishdi. Javob bahsida bu xatolardan tegishli xulosa chiqargan milanliklar bu kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilsa kerak.

"Yuventus"

"Yuventus" chempionatdagi eng yaxshi himoyaga ega jamoa. A seriya 18-turi doirasidagi "San-Siro"da bo‘lgan "Inter" va "Yuve" bahsida turinliklar mavsumdagi eng yomon o‘yinini ko‘rsatishdi. "Keksa sinyora" o‘sha dahshatli oqshomdan beri g‘alabali seriya davom ettirmoqda. Ular so‘nggi olti uchrashuvda bor-yo‘g‘i bitta gol o‘tkazib yuborishdi. Turin jamoasining himoyasidagi ishonchli harakati muvaffaqiyat kaliti deya, Jorjo Kyellinini e’tirof etishimiz mumkin. U har doim jamoadoshlariga qanday harakat qilishni aytib beradigan yetakchi o‘yinchilardan biri.

Himoya bugungi kunda "Yuventus"ning asosiy mavzusi. Leonardo Bonuchchi va Jorjo Kyellini "Roma"ga qarshi o‘yinda harakat qilishdi, ammo ulardan biri Bonuchchi bugungi uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. U A seriya uchrashuvi doirasida "Roma"ga qarshi o‘yinda muskullaridan bog‘liq jarohat olgandi. Agar Bonuchchi "Inter"ga qarshi o‘yinda maydonga tushmasa, uning o‘rnini to‘ldirish turinliklarda De Ligt va Merix Demiral variantlari bor. Matteys va Merix "Roma"ga qarshi o‘yin yakuniy ro‘yxatiga kiritilgan edi. Demak, bugun ulardan biri, Kyellini bilan juftlik hosil qilishi mumkin.

Italiya matbuoti yana ikkita yo‘qotish haqida xabar berdi. Braziliyalik yarim himoyachi Arturda isitma, Alvaro Moratada esa oshqozon bilan bog‘liq kasallik borligi haqida xabarlar chiqqan. "Barselona" sobiq yarim himoyachisi o‘ynay olmasa kerak. Agar ispaniyalik hujumchi vaqtida tiklansa, zaxira futbolchisi sifatida o‘yinni boshlaydi. Bosh murabbiy allaqachon Moratani o‘rniga Deyan Kulushevski tushishi haqida matbuotga xabar bergan. 10-yanvardan beri tizzasidan olgan jarohati tufayli maydonga tushmayotgan argentinalik Paulo Dibala ham jamoa bilan bazada bo‘lishi mumkin, chunki Italiya OAVning yozishicha, Dibala bugungi uchrashuvni zaxira o‘yinchisi sifatida yakuniy tarkibdan joy olishi mumkin. Argentinalikning sport formasi maydonga tushishga imkon beradimi yoki yo‘qmi, hozircha aniq emas. Qanday bo‘lmasin Dibala qaytishi bilan Chempionlar Ligasi bahslari bilan birga, shanba kuni neapolliklarga qarshi o‘yingacha yuqori formasini tiklab olishga harakat qilsa kerak.

"Inter"

Bu safar Antonio Konte Lu-La tandemidan ko‘p narsalarni umid qilmoqda. Ikkala hujumchi ham birinchi daqiqalardan maydonga tushishga tayyor. Murabbiyda ushbu juft hujumchidan boshqa tajovuzkor qartalari yo‘q. Romelu Lukaku va Lautaro Martines A seriyada eng yaxshi to‘purar juftlik va ikkisi ham bugun o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘yishga harakat qilishadi. Turinliklarga qarshi birinchi o‘yinda "Inter" uchun maydonda harakat qiladigan ikkita asosiy hujumchining bo‘lishi qanchalik muhimligini his qilgandik. Lukaku va Lautaro juftligi bilan yoki ularsiz "Inter"ning o‘yini ikki xilda kechishini biz dastlabki bahsda ko‘rdik. Mazkur futbolchilar bilan "Inter" 27 o‘yinning 17 o‘yinida g‘alaba qozondi va har bir o‘yinda o‘rtacha 2,1 gol (jami 58 gol) urdi. Shu kabi statistikalarda kelib chiqib, shuni aytishimiz mumkinki, Antonio Konte ham, "Inter" muhlislari ham bugungi uchrashuvda bu ikki futbolchidan ko‘p narsa kutishmoqda. Bu narsalarni sezgan futbolchilarda qandaydir bosim bilan o‘ynashi ham mumkin. Ortiqcha bosim esa, har doim xatolar yuzaga kelishiga zamin yaratadi. "Neradzurri"ning o‘ng qanotida usta Ashraf Hakimiy va Nikolo Barella kabi kuchli futbolchilardan tashkil topgan armiya mavjud. Bu Antonio Kontening qiyin vaziyatlarda otadigan kuchli o‘qi. Bu ikki juftlik qatnashgan o‘yinlarda milanliklar o‘ng qanoti nisbatan kamroq xatoga yo‘l qo‘yishadi. Markaziy yarim himoyachi Barellaning chap tomonida Arturo Vidal o‘ynab keladi. Afsuski, bugungi o‘yinni chililik o‘yinchi o‘tkazib yuboradi.

Shu paytda bir savol tug‘iladi. Barella yonida kim o‘ynaydi? Savol ochiq. Milanliklar murabbiyi oldida ikkita tanlov bor. Eshli Yang yoki Ivan Perishich. Ikkalasi ham tez-tez raqobatlashadi, ammo mavsumning ikkinchi yarmida xorvatiyalik o‘zini yaxshi ko‘rsatmoqda, u o‘zini o‘tgan hafta oxiridagi "Fiorentina" bilan o‘yinda yaxshi ko‘rsatdi va o‘sha uchrashuvdagi bir golga mualliflik qildi. Perishich kolumbiyalik Xuan Kuadradoni to‘xtatish uchun eng yaxshi qurol bo‘lishi mumkin. Xorvatning maydonga tushishi, shubhasiz, Kuadradoni hujumga kamroq o‘tib, himoyaga yordam berishiga majbur qilsa, ajabmas.

Biz bu uchrashuv haqida juda ko‘p muhokama qilishimiz mumkin, ammo ming marta eshitgandan, bir marta ko‘rgan yaxshi deganlaridek, bugun yarim tunda, soat 00:45 da start oladigan uchrashuvni tomosha qiling. Mazkur uchrashuv hujumlarga boy va shiddatli o‘tishiga hech ham shubha qilmaymiz.

Taxminiy tarkib



Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 10:54, 09.02.2021.
O'qildi: 4346 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.