Bugungi kunga kelib ham o‘z darajasini yo‘qotmayotgan Leo Messi futbol tarixidagi kam sonli daholardan biri. O‘tgan yili klubdan ketish-ketmasligi borasida ancha-muncha shov-shuvlarni keltirib chiqargan Messi o‘zining (balki) so‘nggi mavsumiga kelib maydonga borini tashlayapti, ketar chog‘ida ham o‘z imzosini butun futbol olamiga sezilarli qilib ko‘rsatib ketmoqchi.
Stadion.uz bu gal argentinalik yulduzning joriy mavsum erishishi kutilayotgan bir qator diqqatga sazovor rekordlari xususida so‘z yuritadi.
1. 13 mavsumdan beri 20 tadan ziyod gol urgan birinchi futbolchi
Ushbu statiskani bejizga keltirmadik. Bu yerda zimdan qaralsa Ronaldu va Messining kurashi haliyam prinsipial ahamiyat kasb etayotganini ilg‘ash qiyin emas. Qiziq tomoni, har ikkala futbolchi ham 20 dan ziyod golni aynan so‘nggi 12 mavsumdan beri urib kelishyapti. Joriy mavsum esa ichki chempionatda har ikki yulduzda ham bir xil 19 gol mavjud. Ko‘rinib turibdiki, rekordga atigi 1 gol qolgan xolos.
2. Chempionlar ligasi pley-offida 50 ta gol urgan ikkinchi futbolchi
Messi uchun xalqaro maydonlar har doim ham omadli turnir sanalib kelgan. Umuman olganda Leo har bir musobaqada dadil tarzda o‘z so‘zini aytib kelgan. Chempionlar ligasini ham bemalol uning uchun atalgan turnir desa bo‘ladi. Qahramonimiz YECHL pley-offlarida gol urish bo‘yicha ancha sermahsul ko‘rsatkichga ega. Hozircha uning hisobida bu bosqichda jami 48 ta gol mavjud. Bu borada undan yuqoriroq ko‘rsatkichni faqatgina Krishtianu Ronaldu qayd etgan (67).
Messida esa 50 lik dovonga yetish uchun atigi 2 ta gol qolgan. «Barselona»ni nimchorak finalda anchayin murakkab raqib kutib turganini hisobga olsak, katta ehtimol «ko‘k-anorranglilar» musobaqani bu yil ham erta tark etish arafasida bo‘lib turibdi. Albatta, ushbu omil ham Messini yuqoridagi rekorddan uzoqlashtirishi turgan gap. Biroq biz tilga olayotgan barcha taxminlar taxminligicha qoladi va bularning barchasi vaqt bilan bog‘liq jarayonlardir.
3. YECHLda 9 ta xet-trik qayd etgan ilk futbolchi
Chempionlar ligasi tarixida eng ko‘p xet-trikka erishgan futbolchilar aynan Messi va Ronaldu hisoblanishadi (8 tadan). Ko‘rib turganingizdek, taqdir bu yo‘lda ham ularni yana birlashtirmoqda. Messi musobaqaning joriy mavsumida agar bir uchrashuv davomida 3 ta gol uradigan bo‘lsa, bu uning uchun umumiy hisobdagi 9-si bo‘lib yoziladi. Biroq ushbu natijani birinchi bo‘lib zabt etish uchun Ronalduda yaxshiroq imkoniyat mavjud.
Gap shundaki, «Yuventus» o‘z pley-off uchrashuvini «Barsa»dan oldinroq o‘tkazadi. Bundan tashqari «keksa sinyora»ning safar bahsida ham yutkazib kelganini hisobga olsak, Krishda javob o‘yini oldidan yetarlicha motivasiya yig‘ilib qolgan. Messini esa Parijda Mbappe boshliq jiddiy armiya kutib turibdi.
4. 8-"Pichichi" mukofoti
Ushbu sovrin La Liganing bir mavsum davomidagi eng ko‘p gol urgan futbolchisiga berilishidan xabaringiz bor. Messi ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha ham mutlaq rekordchi hisoblanadi (7). U o‘tgan yili 26 ta gol bilan ushbu sovringa ega chiqqan edi va bu ro‘yxatda Telmo Zarrani (6) ortda qoldirgan. Leo garchi joriy mavsumni eng yomon startda boshlagan bo‘lsada hozirga kelib yaxshi tempga tushib olgan va to‘prurarlar ro‘yxatida 19 ta gol bilan birinchi o‘rinda ketmoqda.
Agar u mana shu suratda davom etadigan bo‘lsa, katta ehtimol mavsum yakunida ham Pichichi sovrinini hech kimga berib qo‘ymaydi va ushbu mukofotni ketma-ket 4 marta qo‘lga kiritgan La Liga tarixidagi yagona futbolchiga aylanadi.
5. La Liganing 18 mavsumidan beri gol urib kelayotgan yagona futbolchi
Messi Ispaniyada o‘z debyutini amalga oshirgandan beri (2004-05) shu paytgacha hech bir mavsumni golsiz tark etmagan. U La Liga tarixidagi 17 mavsumda gol urgan yagona o‘yinchi hisoblanadi. Agar joriy mavsumni ham o‘z qarorida qolgan holda «Barselona»da yakunlamoqchi bo‘lsa uning bu seriyasi 18 taga uzayadi. Musobaqadagi gollari soni esa hozirgacha jami 463 tani tashkil etmoqda va bu faqat bitta ichki chempionat davomida qayd etilgan futbol tarixidagi yagona ko‘rsatkich ham hisoblanadi.
6. Chempionlar ligasining 17 mavsumida gol urgan ilk futbolchi
Qahramonimiz ushbu rekordni qayd etishi uchun «Barselona»da kelasi mavsum ham qolishiga to‘g‘ri keladi. Chunki u o‘tgan yili musobaqadagi ketma-ket 16-mavsumida gol urishning uddasidan chiqqan va biroz vaqt o‘tgach, Karim Benzema uning bu rekordini yangilagan edi. Endi yuqoridagi ikki futbolchi bu boradagi mutlaq rekord uchun kurash olib boradi.
Messi yozda klubini tark etsa ham bu natijani qayd etish ehtimoli baribir yuqoriligicha qolaveradi. Biroq, u «Barsa»da hali bu kabi dovonlarning yana bir qanchasini bemalol bosib o‘tishi mumkin.
7. Chempionlar ligasidagi eng yaxshi assistent
Leoda YECHLdagi samarali uzatmalar soni 36 tani tashkil etadi. Bu boradagi eng yaxshi ko‘rsatkich esa Krishtianu Ronalduga tegishli - 41 ta. Ko‘rib turganingizdek, argentinalik futbolchida ushbu natijani o‘ziniki qilib olish uchun hali joriy mavsum kichik bo‘lsada imkoniyat mavjud. O‘z navbatida Krish ham «Yuventus»ga o‘tganidan beri assistentlik borasida maqtanarli natijalar qayd eta olmayapti.
8. Terma jamoasida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi
Messi milliy terma jamoa miqyosidagi o‘yinlarda sermahsul natijalarga erisha olmagan. Biroq u ayni damda Argentina tarixidagi eng yaxshi o‘yinchilardan biri hisoblanadi. Leo milliy terma jamao libosida eng ko‘p o‘yin o‘tkazish bo‘yicha hozircha 3-pog‘onani band etgan (142). Bu yo‘lda u Maskerano (147) va Zanetti (143)lardan ortda bormoqda xolos.
Yuqoridagi ikki futbolchining faoliyatini yakunlaganini hisobga olsak, oldinda turgan Kopa Amerika hamda Jahon chempionati musobaqalari «La Pulga»ni bu borada birinchi o‘ringa olib chiqishi turgan gap. Shuningdek, Messi milliy terma jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar ham hisoblanadi. Uning hisobida 71 ta gol mavjud.