Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Hind ligasida ishlash qanday?

Hind ligasida ishlash qanday?

Baho:
+ | -

Angliyalik afsonaviy goleador Robbi Fauler ayni payt Hindistonning «Ist Bengal» jamoasini boshqarmoqda. Angliya futbolida yorqin iz qoldirgan sobiq hujumchi The Guardian nash­riga bergan intervyusida hozirgi ishi, Hindiston va mamlakat futboli haqida batafsil gapirib berdi.

***

Fauler murabbiy sifatida o‘z sayohatini 2011 yilning oxirida Tailandning «Muangtong Yunayted» klubida boshladi. Kamtarin jamoada ma’lum muddat o‘ynovchi-murabbiy rolida faoliyat yuritgan hujumchi buning ortidan biroz tajriba to‘pladi va Avs­traliyaga yo‘l oldi. Aniqrog‘i, Robbi «Brisben Roar»da Styuart Bakster o‘rnini egalladi, ammo binoyidek tarkibga ega jamoada aytarli natija qayd etolmadi. «Brisben Roar» yosh mutaxassis qo‘l ostida turnir jadvalining pastki qismidan chiqolmadi va u tatbiq etgan o‘yin uslubi haqida salbiy fikrlar ko‘payib bordi, xususan, Fowlerball atamasi vujudga keldi. Fauler boshida tan­qidlarga nisbatan keskin javob bergan bo‘lsa, keyinchalik hammasini tushundimi, har holda, ularni xotirjam qabul qilishni o‘rgandi: «Shaxsan o‘zim Fowlerball iborasini hech qachon ishlatmaganman, lekin o‘ylashimcha, bu uncha yomon emas. Gap shaxsning murabbiy rolidagi o‘ziga xos xususiyatlari haqida ketmoqda. Demak, odamlar ushbu iborani ishlatsalar, faqat xursand bo‘lishim kerak. Ular yaxshi ma’noda qo‘llashadimi yoki aksincha, salbiy ma’noda - buning farqi yo‘q. Murabbiylik falsafam oddiy: maydonda sifatli uzatmalar vositasida o‘ynaydigan, to‘p nazoratini qo‘lga olish uchun ko‘p harakatlanadigan jamoaga ega bo‘lishni xohlayman. Yo‘q, Yurgen Kloppga o‘xshashim shart emas, shunchaki, barcha kuchli murabbiylarga xos jihatlarni o‘zlashtirsam, yengilmaslik mentalitetini shakllantirsam, bas. Tabiiyki, har bir mutaxassisda alohida xususiyatlari bor. Umuman, Fowlerball atamasining keng aylanmasiga qarshi emasman. Axir bu faqat o‘zimga xos ishora-ku».

***

2020 yilning boshida hammasi tubdan o‘zgardi. Ya’ni Fauler jamoasi 12ta uchrashuvdan 8tasida g‘alaba nashidasini surdi, ammo koronavirus tufayli mart oyida joriy qilingan karantin tartibi barchasini buzib yubordi. O‘sha vaqt «Brisben Roar» Avstraliya «A» ligasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilgan va Fauler qatorasiga 3-marta oy laureati sifatida maxsus sovrin olishni kutayotgandi, amalda u eng yaxshi murabbiyga atalgan haykalchani emas, Angliyaga qaytish chiptasini oldi - pandemiya ancha jiddiylashgandi. Avstraliya chempionati mavsumi shu bilan iyul oyidagina qayta tiklandi, biroq klub bu vaqtda taniqli ingliz bilan shartnomani bekor qilishni lozim topdi. Fauler avstraliyaliklarni noqonuniy iste’fo yuzasidan ayblab, FIFAga arz qildi. Xalqaro futbol tashkiloti esa o‘tgan yilning noyabrida uning shikoyatiga qoniqarli javob berdi, faqat yosh murabbiy bu orada Hindistonga yuzlanib, Osiyoning eng yirik va qadimiy klublaridan biri «Ist Bengal»da ish boshlashga ulgurgan edi. Biroq Fauler jamoasi oktyabr oyidan beri Hindiston Superligasi (ISL)ning boshqa ishtirokchilari qatori Goada to‘xtab qoldi. Sabab - koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar. Hind klublari bitta hududda bo‘lish barobarida ortiqcha aloqalardan cheklanishga majbur. «Garchi mutlaqo ozod bo‘lsakda, mohiyatan olganda, ochiq qamoqda o‘tirgandekmiz. Ha, odamlar aytishlari mumkin: «Sizlar besh yulduzli mehmonxonada yashayapsizlar-ku...». Ammo hamon izolyasiya sharoiti, naq 4-5 oydan buyon xonadan chiqmay o‘tiribmiz. Ha, tash­qariga ham chiqamiz, lekin faqat mashg‘ulotlar yoki o‘yin o‘tkazish uchun...», - deydi Fauler.

Aytish kerak, Faulerning hind diyoridagi faoliyati xuddi Avs­traliyada bo‘lgani kabi juda yomon boshlandi: Sharqiy Bengal jamoa­si yangi murabbiy qo‘l ostidagi dastlabki 5ta o‘yinda atigi 1 ochko oldi. Muhimi, shundan keyin yaxshilik alomatlari ham sezildi. Har holda, «Ist Bengal» keyingi 10ta o‘yinda atigi 2 marta mag‘lubiyatga uchradi va hozircha turnir jadvalining 10-qatorida bormoqda. To‘g‘ri, bu «Brisben Roar»ning chinakamiga qaytishi emas, lekin natija va oldinga siljish bor, baribir. «Ist Bengal»ning 2020 yiligina I-League turniridan ISL tasnifiga o‘tganini hisobga olsak, 10-o‘rin ham chakki emas. Deylik, jamoaning «Moxun Bagan»ga qarshi o‘yini «Sharqiy Bengal derbisi»ni 100 mingdan ko‘p muxlis tomosha qildi: «Ochig‘i, yangi ligaga kirishish oson bo‘lgani yo‘q. Zero, klub I-League turniriga mo‘ljallangan edi, ISL esa - mutlaqo boshqa daraja. Qolaversa, mavsum boshida 12-13 nafar futbolchi bilan xayrlashdik va tarkibni qayta shakllantirishimizga to‘g‘ri keldi. Shuning uchunmi, boshida rosa qiynaldik, muhimi, oxirgi vaqtlarda munosib natijalar qayd etyapmiz. Bilaman, hali ko‘p jihatlar ustida ishlashimiz kerak. Bu jarayonda oldinga siljish borligi quvonarli hol, albatta».

***

Garchi Hindiston futboli darajasi, raqobat ko‘lami va mavjud talablarni Yevropaning asosiy ligalari standartlari bilan taqqoslash mumkin bo‘lmasada, bu murabbiy ishini yengillashtirmaydi, aslo. Binobarin, Osiyo futbol madaniyati Yevropanikidan keskin farqlanadiki, bunga beparvo qarash yaramaydi. Fauler allaqachon Hindiston futbolining ayrim rasmiy mutasaddilarini ranjitishga ham ulgurdi. Mahalliy gezetalar muqovasida Robbining suratlari tez-tez chiqmoqda va angliyalik mutaxassis o‘z chiqishlarida ko‘pincha hakamlik saviyasi juda past ekanligini ta’kidlaydi, yana hindistonlik hamkasblari malakasini shubha ostiga qo‘yadi. Umuman, Fauler hamon ushbu mamlakatda o‘z yo‘lini topishga, shuningdek, o‘yin haqidagi qarashlarini mahalliy futbolchilarga singdirishga urinmoqda: «Shogirdlarim murabbiylik uslubim, falsafamni ancha tushuna boshlashdi, ularni o‘zgacha futbolga burish harakatidaman. O‘z navbatida, o‘zim ham shogirdlarim odatlariga ko‘nikib qoldim. Asosiysi, ularning rivojlanishlari, o‘yin bobida o‘sishlariga yordam bera olishimni bilaman. Maqsadim ham shu - hind yigitlari darajasini ko‘tarish». Biroq ba’zi jihatlar, xususan, turmush tarziga moslashish nisbatan ko‘p vaqt talab qiladi. Fauler birinchi navbatda, taomlar rasionini tartibga solishi kerakligini yaxshi biladi: «Misol uchun, Buyuk Britaniyada hamma ko‘proq makaron, tovuq go‘shti va oqsilga boy taomlar iste’mol qilishga odatlangan. Bu yerda esa futbolchilar hali ham hazm bo‘lishi qiyin taomlarni o‘zgacha qadrlashadi. Tushuning, buni birdaniga taqiqlab qo‘yish mumkin emas. Agar shunday qilsangiz, faqat zarar ko‘rasiz. Demoqchimanki, taomlanish tartibini astalik bilan yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq».

Fauler shuning barobarida murabbiylik g‘oyasini shakllantirish va barchasini shogirdlariga singdirishni o‘ylaydi. Muhimi, hind futbolchilari unga «Liverpul» afsonasi sifatida qarashadi va so‘zlariga beparvo emaslar: «Ha, vaqtida «Liverpul»da o‘ynaganim va ma’lum darajada nom qozonganim qaysidir ma’noda qo‘l kelmoqda. Har holda, menga hurmat bilan qarashadiki, bu nazariy mashg‘ulotlar vaqti ishimni ancha yengillashtiradi. Ammo amaliy mashg‘ulotlarda boshqacha - bunda mashhurligingizdan naf yo‘q. Futbolchilarga hammasini amalda ko‘rsatib berishingiz kerak, ular shunga qarab intilishadi va talabingizni teranroq anglashlari mumkin. Tabiatan juda oddiy odamman. Yurgen Kloppning murabbiylik uslubiga yopishib olish va unga qarab ish tutishni istamayman. Chunki Robbiman va shogirdlarim shaxsiy fikrim borligini ko‘rishlari kerak. Tan olaman, «Liverpul» effekti zo‘r va yaxshigina ta’sir ko‘rsatishi ham tayin. Shunday bo‘lsada, jamoam «qizillar»ga tenglashish o‘rniga o‘z yo‘lidan borishini xohlayman».

***

Balki Fauler kun kelib, Angliyaga qaytar va «murabbiylik qilichi»ni «Liverpul»da ham sinab ko‘rar, lekin bunga hali erta: «Mana, jimgina o‘tirayotganim yo‘q. Shunday ekan, menga Ang­liyada salohiyatimni sinab ko‘rish imkoniyatini taqdim etishmagani yuzasidan nolishim joiz emas. Tabiatan bosh­qacha insonman - hozirgi holatimdan mamnunman, axir menda nimalarga qodirligimni anglash uchun yaxshigina imkoniyat bor. Xullas, Hindistonda hammasini yanada yaxshilab, mukammallashtirib olishim mumkin. Albatta, hind diyorida muvaffaqiyatga erishib, munosib nom qoldirmoqchiman. Hozir ham har doimgidek ishtiyoqqa to‘laman. Futbolchilik vaqtidagi xususiyatlarimni zarracha yo‘qotgan emasman: murabbiylikda ham har doim g‘alabaga intilaman, barchadan ustun kelishni xohlayman. Bosh­qacha bo‘lishi mumkin ham emas».

O‘.UMAROV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 08:03, 24.03.2021.
O'qildi: 2576 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.