2020 yilning transfer bozori butunjahon pandemiyasi ta’sir etgan navbatdagi soha bo‘ldi. Daromad manbalaridan judo bo‘lgan klublar 100 mln. yevrodan ko‘proq bahodagi kelishuvlarni amalga oshira olishmagani bois, qishki darcha «harorati» mo‘’tadil bo‘ldi. Biroq yozgi-kuzgi oldi-sotdilar APL klublariga bir qator zalvorli transferlarni tuhfa etdi.
Son va qiymat qisqardi
Mazkur omillar asosiy o‘zgarishlarni qayd etish uchun yetarli. Dastlabki va yuz berishi muqarrar bo‘lgan dalil - kelishuvlar ko‘lami va ularda amalga oshirilgan to‘lovlar miqdori kamaydi. Bularning asosiy sababchisi klublardagi daromadlarning pasayib ketganligi bo‘ldi. Buning natijasida transferlar soni 18047dan 17077taga kamaydi. Ularda sarflangan mablag‘ esa 7,35 mlrd. dollardan 5,63 mlrd.ga tushib qoldi.
2020 yilning iyuli eng ommaviy transferlar oyi bo‘lmadi
Amalga oshirilgan kelishuvlarning oylar bo‘yicha taqsimotida ham sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Ancha yillardan beri bu borada yanvar va iyul oylari yaqqol yetakchilik qilayotgandi. 2020 yilda faqat dastlabki oy bu maqomni saqlab qoldi. Yanvarda TMS bazasi 4208ta kelishuv hujjatlari bilan boyidi. Ya’ni, 2019 yil yanvariga nisbatan 356taga ko‘proq. Iyulda esa 1377ta (avvalgi yilda 4512ta edi) shartnoma imzolandi. Bu holatni chempionatlar va yevrokubok musobaqalari muddatining kechiktirilgani munosabati bilan kelishuvlarni rasmiylashtirish muhlati ham o‘zgargani izohlay oladi. Mavsumlarning noodatiy vaqtda yakunlangani oqibatida sentyabr oyi kelishuvlar soni bo‘yicha 2-o‘rindan joy oldi - 2569ta transfer.
APLdagi top-transferlar buni tasdiqlaydi - 3ta qimmatbaho kelishuvning 2tasi aynan shu oyda amalga oshirildi. (Kay Xaversning «Chelsi»ga o‘tishi - 4 sentyabrda, Ruben Diashning «Manchester Siti»ga kelishi - 29 sentyabrda).
Ijaralar ko‘paydi
Klublar o‘rtasida ijara shartnomalarining oshganligini pandemiya ta’sirining muhim jihatlaridan biri deyish mumkin. 2019 yildagi kelishuvlarning 14,2 foizi ijara shartnomasi asosida bo‘lsa, noodatiy yilda bu ko‘rsatkich 16,2ga ko‘tarildi. Bu yo‘nalishda ham APL vakillari faollik ko‘rsatdilar. Biroq bu borada «Chelsi»dan (34 transferning aksariyati ijara) 45 nafar futbolchisidan vaqtincha yoki butunlay voz kechgan «Manchester Siti» o‘zib ketdi.
Shu bilan birgalikda doimiy asosdagi transferlar soni 1,3 foizga kamaydi. Joriy yilning qishki darchasida an’ana davom etdi. Ingliz jamoalari umumiy qiymati 84,2 mln. funt bo‘lgan 9ta kelishuv bilan kifoyalanishdi. O‘tgan yilning qishki transferida kelishuvlar soni ikki baravar ko‘proq, sarflangan mablag‘ 230 mln. funtni tashkil etgandi.
Pandemiyadan tobora uzoqlashilayotgan pallada klublar qanday futbolchilarni xarid qilayotganliklari bilan tanishish ham qiziqarli, albatta. 2020 yilda imzolangan kelishuvlarning ko‘pchiligi 18-23 yoshdagi o‘yinchilar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda - 7369 transfer. Bu boradagi ikkinchi natija 24-29 yoshlilarga tegishli (6981) Ta’kidlash joizki, yetakchi guruhlarning sarflagan mablag‘lari deyarli bir xil - 2,6 mlrd. dollardan. Ko‘rinib turibdiki, yosh iqtidor sohiblarining bahosi qimmatroq, degan gap-so‘zlar asossiz. Hech bo‘lmaganda, 2020 yilda qayd etilgan ko‘rsatkichlarga binoan.
Ommaviy xastalik yilidagi asosiy tendensiyalar
*** Dunyodagi eng ko‘chmanchi millat - braziliyaliklar. Hisobot yilida ushbu yurt vakillari bilan 2008ta kelishuv imzolandi. 2-o‘rindan joy olgan argentinalik sayyohlar hisobida 899ta transfer bor. 3-pog‘ona britaniyalik futbolchilarga nasib qildi - 817.
*** Xaridlar bobida ham Braziliya yetakchi - 1015 transfer. Portugaliya 755ta kelishuv bilan ikkinchi natijani qayd etdi. Angliya, o‘z navbatida, sotuvchilik bobida peshqadam bo‘ldi - 867ta transfer.
*** APL pandemiya sharoitida ham boshqalar uchun mo‘may daromad va changyutgich vazifalarini ado etib, 1,6 mlrd. dollardan voz kechdi. Italiyaliklar 730, ispanlar 607, nemislar va fransuzlar 550 mln.lik xarajatlar bilan kifoyalandilar.
*** Xaridlar hajmi bo‘yicha ingliz klublari ispanlardan (340), portugallardan (262), nemislar (245), fransuzlar (216) va gollandlar (149)dan oldindalar.
J.BOBOXONOV tayyorladi