Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Igor Sergeev: Uchinchi urinish – Qozog‘iston!

Igor Sergeev: Uchinchi urinish – Qozog‘iston!

Baho:
+ | -

Ushbu mavsumda aktobeliklar faollik ko‘rsatishmoqda. Dastlab «qizil-oqlar» murabbiy tanlashda futbol ahlini ajablantirdilar. Mavsumga yaqinda «Jalgiris» bilan Litvada chempion bo‘lgan belaruslik mutaxassis Aleksey Baga bilan kirishishdi. Keyin tabiiyki, navbat transferlarga keldi. Ayni payt «Aktobe» yetti nafar yangi o‘yinchi bilan jamoani kuchaytirdi, ularning aksariyati munosib tajribaga ega yigitlar: qozog‘istonlik Yuriy Persux, Didar Jalmukan va Yerkebulan Nurgaliyev, APL vakili «Vulverxempton» klubining sobiq futbolchisi Tongo Dumbiya, sobiq «borisovchilar» Erven Mukam va Boyan Dubayich, shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeev. Sports.ru quyidagi maqolada aynan hamyurtimiz haqida so‘z yuritdi.

Qozog‘istonda mazkur qo‘shni mamlakat futbolchilari bilan juda yaxshi munosabatda bo‘lishadi. Ko‘p yillar davomida Ulug‘bek Baqoyev va Ja’far Irismetov chempionatni «yondirishdi». Aytgancha, Aleksandr Geynrix va Temur Kapadze «Aktobe» tarkibida ancha muvaffaqiyatli o‘ynashganini ham unutmaslik kerak. «Qizil-oqlar»ning yangi hujumchisi tabiiyki, bu yerga ko‘chib o‘tishidan oldin ular bilan maslahatlashgan: «Darhol va ikkilanmasdan qaror qabul qilishga odatlanmaganman. Bu yerda vatandoshlarim bir necha yil davomida o‘ynashgan. Ular mazkur jamoa, shahar, muxlislar haqida faqat iliq fikrlar bildirishdi», - dedi Sergeev klub matbuot xizmatiga bergan birinchi intervyusida.

Igorning faoliyati uning vatani - Toshkentda, «Paxtakor»dan boshlangan. Forvard asosiy jamoaga 17 yoshida klub akademiyasidan o‘tgan va shartnoma tuzgan. Biroq unchalik ham tez ko‘zga tashlanmadi.

Sergeev o‘zining birinchi to‘liq mavsumini 2013 yilda o‘tkazgan. O‘sha yil hujumchi uchun «Hamdo‘stlik kubogi» bilan boshlandi. Musobaqa davomida Qozog‘istonni ikki marotaba mag‘lub etgan O‘zbekiston termasi turnirda beshinchi o‘rinni egalladi. «Pley-off» o‘yinida Sergeev Stas Pavlov darvozasini ikki marta «silkitib», qozog‘istonliklarni ranjitgandi.

Keyin 20 yoshli futbolchi milliy chempionatida ham o‘ynash imkonini qo‘lga kiritdi. «Paxtakor» tarkibida Sergeev 20ta o‘yin o‘tkazgan holda, 5ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Xorij klublari ham o‘sha paytdan boshlab hujumchini ta’qib qilishni boshlashdi. Milliy terma jamoa ham nazardan chetda qolmadi. Igor Iordaniyaga qarshi o‘yinda O‘zbekiston tarkibidagi debyutini o‘tkazdi va ke­yingi uchrashuvda debyut golini ham urdi. Ayni payt ushbu forvard hisobida terma jamoa libosida 53ta uchrashuv va 15ta gol mavjud.

«Qaysi jamoada bo‘lsam ham, doimo chempionlik va to‘purarlar ro‘yxatida yetakchilik qilishga intilaman. Albatta, hamma xato qiladi, men uni tuzatish uchun bor kuchimni sarflayman», - degandi Sergeev yana bir muvaffaqiyatli mavsumdan so‘ng.

Bir necha yillar davomida hujumchi «Paxtakor» yetakchisi va qahramoniga aylandi. 2016 yili Sergeev boshqa jamoaga ko‘chib o‘tishga qaror qildi. Ehtimol, o‘sha payt Igor o‘zini O‘zbekiston chempionati darajasidan o‘tib ketgan, deb qaror qilgandir. Chunki bungacha u bir necha bor chempion bo‘lgan va superkubok bilan kubokni ham olishga ulgurgandi.

Forvard Xitoy Superligasi turnir jadvali o‘rtalarida yurgan «Beyjin Guoan»ga yo‘l oldi. Ammo Xitoyda to‘purar-hujumchi o‘zini ko‘rsata olmadi. 14 o‘yinda u faqat bir martagina raqib darvozasiga yo‘l topdi.

Keyingi mavsumni Sergeev yana «Paxtakor»da o‘tkazdi. Toshkent jamoasi chempionatda faqat uchinchi bo‘ldi, ammo hujumchiga o‘ziga bo‘lgan ishonch (u har ikkinchi uchrashuvda gol urdi) va barqarorlik qaytdi. Futbolchilardagi bunday xususiyatlarni esa hujumchining o‘zi qadrlaydi: «Menga ko‘plab hujumchilar yoqadi. Levandovski va Benzema harakatlaridan qoyil qolaman, aynan ularni dunyoning eng yaxshi hujumchilari deb hisoblayman. Ular nafaqat muntazam gol urishadi, balki doimo barqaror futbol namoyish etishadi».

2018 yilda Sergeev yana o‘z kuchini xorijda sinab ko‘rdi. Bu safar u BAA chempionatining unchalik katta bo‘lmagan klubi - «Al-Dafra»ni tanladi. O‘zbek futbolchisi bu yerda ham uzoq qolmadi - yana bitta gol bilan cheklandi va «Paxtakor»ga qaytdi.

«Paxtakor» - mening uyim. O‘zimni boshqa jamoada tasavvur qila olmayman. Bu yerga qabul qilinganimdan xursandman. O‘zimni juda yaxshi his qilyapman va yana jamoaga foyda keltirmoqchiman», - degandi hujumchi qaytganidan keyin.

Qaytish muvaffaqiyatli chiqdi. Ikki yarim mavsum davomida Sergeev 38ta gol urib, o‘z nomini «Paxtakor» tarixiga abadiy yozdirib qo‘ydi. Toshkent klubidagi 180ta o‘yin davomida Igor 101ta to‘p kiritdi. Ayni payt u «Paxtakor»ning barcha davrlardagi eng yaxshi to‘purari sanaladi.

Sergeev Qozog‘istonga o‘zbekistonlik superyulduz maqomida keldi. Mahalliy chempionatda unga teng keladigan yo‘q edi, ammo xorijda u hali muvaffaqiyatga erishmagan. Ehtimol, Baga uning uchun to‘g‘ri so‘zlarni topa olardir, ayniqsa, Igorning o‘zi belaruslik mutaxassis bilan ishlashdan mamnun: «Aleksey Anatolyevich savodli. U nimani xohlashini va unga qanday erishishni biladi. Hech bo‘lmaganda - u to‘g‘ri o‘ylaydi. «BATE»ning ham, «Jalgiris»ning ham o‘yinlarini tomosha qildim. O‘ylaymanki, uning futboli menga mos keladi».

Qozog‘istonga ko‘chib o‘tish Sergeev uchun «Paxtakor»dan boshqa joyda o‘ynash uchun uchinchi urinishdir. Dastlabki ikkitasini muvaffaqiyatli deb bo‘lmaydi, ammo Qozog‘iston chempionatida barchasi biroz boshqacha. Bu yerda Sergeevga moslashish ancha oson kechadi. Hech bo‘lmaganda, til va ruhiy to‘siqlar bo‘lmaydi.

Igor golni his qilish qobiliyatiga ega chinakam sportchi. Qahramonimiz yaxshi zarbaga ega, ikkinchi qavatda ham yaxshi o‘ynaydi. «Paxtakor»da sheriklari uni jarima maydonchasidan qidirishardi va vaziyatni hal qilishi uchun Sergeevga atigi bir nechta teginish yetarli edi.

Igor O‘zbekistonda imkoni bo‘lgan barcha narsani yutdi. Endi u bunday fintlarini Qozog‘istonda takrorlamoqchi: «Men hujumchiman, vazifam - raqib darvozasini ishg‘ol qilish. Men gol uraman, biz g‘alaba qozonamiz. 100 foiz borimni berishni rejalashtirmoqdaman. Qozog‘istonda ham ko‘plab sovrinlarni yutishga harakat qilaman! Biz shaharga avvalgi shon-shuhratini qaytarish uchun birgalikda intilamiz».

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:30, 19.04.2021.
O'qildi: 5329 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.