2011 yili Pirlo "Milan"dan ketib "Yuventus" safiga borib qo‘shilgan edi. O‘sha Pirlo o‘ynagan yili "rossonerilar" chempion bo‘lgan va shundan so‘ng hech qaysi klub "skudetto" uchun kurashda turinliklar bilan tenglasha olmayotgan edi. Bu mavsum Pirlo "Yuventus"ga keldi va go‘yo o‘zi boshlab ketgan an’anasiga yakun yasashga yaqin turibdi. Pirlo jamaosi bu mavsumda oxirgi yillardagi eng yomon natijalaridan birini qayd etdi. Jamoa YECHLni nimchorak finalda tark etdi va hozircha A Seriyada 4-o‘rinda bormoqda. Biz bilgan "keksa senyora" ancha zaiflashib qoldi. Bunga bir qator sabablar keltirsa bo‘ladi.
"Italyancha" futboldan voz kechish
Turin klubi har doim o‘zining kuchli mudofaasi bilan Yevropada mashhur hisoblanardi. Yaqin yillarda shu uslubi bilan bir qator ko‘xna qit’a grand klublari uchun bosh og‘rik bo‘la olardi, ammo hozir "keksa senyora"da bunday o‘yindan asar ham qolmagan. Bardzali, Kyellini va Bonuchchi triosining davri tugashi ham qisman klubning shu holatga kelishiga sabab bo‘ldi. Klub himoya chizig‘iga kuchli e’tibor bermay qo‘ydi. Shu sababli, natijalarda barqarorlik yo‘q.
Bir o‘yinchiga bog‘lanib qolishning oqibati
Krishtianu Ronalduning "Yuventus" klubiga kelishi ham klubning o‘yin uslubiga ta’sir o‘tkazdi. Aynan uning tashrifi sabab, jamoaviy o‘yin yo‘qolib qoldi. Klub a’zolarining bir futbolchiga o‘ta darajada ishonib yuborishi qisman ularda konsentratsiyani tushurib yuborishi mumkin. Balki, menejment va marketing masalalariga u ijobiy ta’sir o‘tkazgandir, ammo bular muxlislar uchun ahamiyatsiz. Ular har doim o‘z jamoasidan sovrinlar kutishadi. Aslida, "keksa senyora" Ronalduni YECHLni yutishga klubga yordam berish uchun olib kelgan edi. Yakunda klub Italiya chempionligidan ham maxrum bo‘ldi.
Allegrining ketishi
Allegri qanday mutaxassis ekanligi ayni damda bilinmoqda. U "Yuventus"da ko‘p ishlar qilgan edi. Garchi, uning jamoasi YECHL finallarida mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa ham, o‘yin jihatdan 53 yoshli mutaxassis shogirdlari Yevropada eng kuchlilardan biri edi. Unday keyin kelgan Sarri amalda hech narsa qila olmadi. Pirloni esa gapirmasa ham bo‘laveradi. Rahbariyat kutgan yana bir reja ish bermadi. Aslida, yangi murabbiy qo‘l ostida klubda progress bo‘lishi kutilayotgan edi. Yakunda klub o‘sha darajasini ham yo‘qotib qo‘ydi.
O‘yindagi dinamikaning yo‘qolishi
Shahsan men ko‘rib o‘rgangan "Yuventus" raqiblarini bir daqiqaga ham tindirmasdi. Kuchli pressing va agressiv futbol turin klubi o‘yinida yaqqol namoyon edi. "Barselona"ni chorak finalda, "Real"ni esa yarim finalda qoldirib ketadigan "Yuventus" ayni dam "Lion" va "Portu" kabi klublardan ham o‘ta olmayapti. Ayni dam klubda "temir harakterli" futbolchilar yetishmasligi muammosi bor. Shuningdek, "keksa senyora" tarkibida pleymeyker muammosi ham mavjud. Pyanich "ko‘k-anorranglilar" tarkibida o‘z o‘rnini topa olmayotgan bir paytda, Turin klubida uning o‘rnini bosa oladigan o‘yinchi topilmayapti.
"Tekinning oshi tatimas"
Klubning transfer siyosatida ham biroz muammolar mavjud. Ular o‘z tarkibiga har doim erkin agentlarni qo‘shib olishga urinadi. Tabiyki, savol paydo bo‘ladi. O‘zga klublarga kerak bo‘lmay qolgan futbolchilar "Yuventus"da qanchilik yaxshi o‘yin ko‘rsata oladi? Rabyo, Remsi va yana shu kabi ayrim tekinga kelgan futbolchilar jamoa o‘yinida qandaydir bir o‘zgarish qila olmayapti. Uning o‘rniga, yosh va o‘z darajasida bo‘lib turgan o‘yinchi olib kelinsa maqsadga muvaffaq bo‘lardi.
"Yuventus" kabi klubning bu darajadagi o‘yin ko‘rsatishi nafaqat shu klubning muxlislari uchun, balki, neytral shaxslar uchun ham qayg‘uli holat. Biz kuchli klublardan har doim kuchli o‘yinlar kutamiz. Ana shunda haqiqiy raqobat vujudga keladi.
Xudayqulov KARIM tayyorladi.