Davlatimiz tomonidan Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma qo‘lga kiritgan sportchilarimiz 100 million, ularning murabbiylari esa 50 million so‘mdan pul mukofotlariga sazovor bo‘lishi belgilab qo‘yilgan. Bugun Turizm va sport vazirligida oxirgi kunlarda Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasiga sazovor bo‘lgan bokschi va qilichbozlarimiz belgilangan mukofotlariga ega bo‘lishdi.
Tantanali taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi MOQ rahbariyati, sportchi va murabbiylar, OAV xodimlari hamda keng sport jamoatchiligi mutasaddilari ishtirok etishdi. Tadbir avvalida Aziz Abduhakimov sportchilarimizni qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlari bilan qutlab o‘tdi.
“Muhtaram Prezidentimizning jismoniy tarbiya va sportga qaratayotgan e’tiborlari samarasi bilan atletlarimiz xalqaro arenalarda yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelishmoqda. Bir necha hafta ichida 4 nafar bokschimiz va 3 nafar qilichbozimizning Tokio-2020 Olimpiadasiga yo‘llanma qo‘lga kiritgani o‘zbek sporti muxlislariga quvonch bag‘ishladi. Fursatdan foydalanib, atletlarimizni qo‘lga kiritilgan bunday muvaffaqiyat bilan qutlab o‘tamiz va ularga bo‘lajak Olimpiya o‘yinlarida ham omad tilab qolamiz”, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari.
Shundan so‘ng MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
“Sizlarning g‘alabangiz yoshlarga katta motivasiya bermoqda. Bularning bari hukumatimizning sportga qaratayotgan e’tiborining natijasi. Kelajakda ham o‘z g‘alabalaringiz bilan xalqimizni, yurtimizni yanada mashhur qilishingizni tilab qolamiz. Barchangizga omad yor bo‘lsin!”.
Shundan so‘ng sportchilarimizga o‘z mukofotlari topshirildi. Unga ko‘ra,
Sportchi Dilshod Ro‘zmetov 100 million so‘m, uning murabbiyi Farruh Qilichev 50 million so‘m;
Sportchi Fanat Qahramonov 100 million so‘m, uning murabbiyi Bahodir Hasanov 50 million so‘m;
Sportchi Rayhon Qodirova 100 million so‘m, uning murabbiyi Kamoliddin Mutalov 50 million so‘m;
Sportchi Shahnoza Yunusova 100 million so‘m, uning murabbiyi Islom Tojiboyev 50 million so‘m;
Marosimda ma’lum sabablarga ko‘ra ishtirok eta olmagan bokschi qizlarimizga sovrinlari yetkazib berilishi ta’kidlab o‘tildi.
Tadbir davomida sportchi va murabbiylarimiz davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik uchun tashakkur aytib, bunday e’tiborni Tokio-2020 Olimpiadasida oqlashga va’da berishdi.