Kirish Ro'yxatdan o'tish
21/10 00:00 Barselona 5-1 Sevilya
21/10 18:00 So‘g‘diyona 1-1 OKMK
21/10 21:00 Al-Ayn 4-5 Al-Hilol
21/10 21:00 As-Sadd 1-0 Persepolis
21/10 21:00 Ash-Shorta 0-0 Paxtakor
21/10 23:00 Ar-Rayyan 1-2 Al-Ahli (SA)
21/10 23:45 Verona 0-3 Monsa
22/10 00:00 Valensiya 2-3 Las-Palmas
22/10 00:00 Nottingem Forest 1-0 Kristal Pelas

«Atletiko Madrid»ning cho‘qqiga yo‘li

«Atletiko Madrid»ning cho‘qqiga yo‘li

Baho:
+ | -

XXI asrda Ispaniya chempionligi bor-yo‘g‘i 4 holdagina "Barselona" yoki "Real"dan boshqa klubga nasib qilgan. Ikkiminginchi yillar avvalida "Valensiya" ikki bor bosh sovrin sohibi bo‘lgach, mana endi so‘nggi yetti yilda ikkinchi bor "Atletiko" chempion bo‘lmoqda.

Bu safar chempionning yo‘li qanday bo‘ldi? Sovrin nega aynan Simeone shogirdlariga nasib etdi? Natijaning eng katta hissadorlari kim? Hozir shu kabi savollarga javob izlab ko‘ramiz.

Nazdimda, titul qo‘lga kiritilishining bosh sababchisi — murabbiy! Keyin keladigan va ba’zi o‘rinlarda undan avval tilga olinayotgan faktor baribir Simeone shaxsiyati orqali o‘tishga majburdir.

Menimcha, argentinalik mutaxassis bu safar o‘zini tamomila o‘zgartira oldi. Avval Rodri, keyin Tomas Parti APLga transfer qilinishi ortidan markaz tubdan o‘zgarishi, himoyaga moyillik susayishini kutgan bo‘lsamda, Diyego qayerdandir yana bir kuchli "stopper" topib, eski ko‘rinishga qaytadi, deb o‘ylagandim. Yo‘q, unday bo‘lmadi. Masalan, o‘ta muhim bo‘lgan eng so‘nggi o‘yinga qarasak ham yarim himoyada Saul, Koke va Lyorente o‘ynagan. Va bu mavsum uchun tipik ko‘rinish. Bu uch ismda yaratuvchanlik iqtidori, buzish xislatidan ko‘ra kuchli baribir. To‘g‘ri, Koke bu o‘rinda ko‘proq mehnat qilishga majbur bo‘ldi. Ammo bundan u ham, jamoa ham yutdi.

Hujumda Suares ko‘pincha ikki ko‘makchi bilan o‘ynadi. Yannik Karrasko va Anxel Korrea. Ikkisi ham nominal yarimhimoyachi. Korrea Oblak bilan bir qatorda mavsumdagi barcha o‘yinlarda harakat qilgan ikki futbolchidan biridir. Bundaylar boshqa yo‘q. Ikkisi ham ancha serharakat futbolchi. Ularning qanotda bo‘lishi raqib himoyasidagi diqqatni sochib yubordi. Bo‘shliqlar esa Suares uchun ayni muddao edi. Tugal natija — 67 ta gol. Avvalgi ikki mavsumda klub 51 va 55 ta gol bilan kifoyalangan. Sezilarli o‘zgarish.

Luisning titulni qo‘lga kiritishdagi hissasi beqiyos. U o‘ziga chaqiriq tashlab, so‘ngra o‘zini o‘zi yengdi. 21 gol asli katta raqam emas, ammo bu har biri ikki barobar qiymatga ega 21 gol bo‘ldi. Mavmum avvalida barqaror bo‘lgan urugvaylik bahorda biroz sekinlashdi. Shundan so‘ng klubning ta’qibchilari bilan ochko farqi dastlab qisqarib, keyin yo‘qqa chiqa boshladi. Hatto orada Simeone o‘zining sevimli yopiq futboliga o‘tishga urindi. Va darhol bu fikridan qaytdi. Albatta bu mavsum madridliklar ko‘rsatgan o‘yin ochiq va super tezkor futbol emas, biroq ayni vaqtda bu yopiq va antifutbol ham emas. Muvozanat — bu eng mos so‘z ta’rif uchun.

Yana bir gap. Ikki mavsum ilgari "Real"dan xarid qilingan Markos Lyorente ham alohida tilga olinishi kerak. Unga qishda "MYU"dan 80 mln. yevrolik qiziqish bildirgani haqida o‘qigandim va xayratlangan edim. Biroq o‘yinlarini ko‘rib taajjubim yo‘qoldi. 12 gol va 11 assist — zo‘r ko‘rsatkich.

Darvoqe, eng muhim ismlardan yana biri — Yan Oblak. Endi... "Atletiko" darvozabondan doim yolchigan. Oblak istisno emas. 38 o‘yinda o‘tkazib yuborilgan 25 ta gol va 17 ta dahlsizlik. O‘z-o‘zini izohlovchi raqamlar. Bebaho kiper!

Himoyadan Renan Lodini e’tirof etgan bo‘lardim. O‘sdi. Hujumni boshlashda samarali futbolchi. Stefan Savich esa ancha qo‘pol bo‘lsa-da yomon mavsum o‘tkazmadi.

Simeone jamoasi o‘rta va kichik klublarga qarshi ochkolarni ola bildi. Odatda shundaylar chempion bo‘ladi yakunda. Hamma katta o‘yinlarda munosib o‘ynagan "Real" ham, ba’zi-ba’zida Pepning davrini eslatib, ba’zida o‘zinida tanimay qolgan beqaror "Barselona" ham xatolari bilan "Atletiko"ga yo‘l berishdi. U esa bu yo‘ldan cho‘qqigacha boroldi!

Hamma Ispaniya futboli ishqibozlariga tabrik. Sizlar bu mavsum yondirdinglar!

Orif Tolipov.

Manba: https://t.me/tolipovuz
Kiritildi: 08:12, 23.05.2021.
O'qildi: 2908 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.