Yevropada yangi turnirning dastlabki o‘yinlariga iyul oyidayoq start beriladi. Florentino Peres va Anyelli qanchalik xohlashmasin, bu Superliga emas. Biz siz bilan Chempionlar ligasi hamda Yevropa ligasidan keyin uchinchi o‘rinda turuvchi, Konferensiya Ligasi deb nomlangan UEFA tashkilotining yangi musobaqasi haqida fikr yuritamiz. Quyida, musobaqa haqida yaxshiroq tasavvur hosil qilishingiz mumkin bo‘ladi.
Ushbu turnir qanday va nima uchun xizmat qiladi?
UEFA tashkiloti 2015 yildan buyon uchinchi o‘rinda turuvchi yevrokubok musobaqasini yaratish ustida bosh qotirayotgan edi. Bundan ko‘zlangan maqsad – bu Yevropada futboli endigina rivoj topayotgan mamlakatlar klublarini ham xalqaro maydonda o‘zlarini sinab ko‘rishiga imkoniyat yaratish. Qolaversa, Yevropa ligasi dastlabki saralash bosqichidayoq mag‘lubiyatga uchragan jamoalarga ushbu turnir ayni muddao bo‘ladi.
Grand klublardan qaysilari ushbu turnirda qatnashadi?
Deyarli hech bir top-klub qatnashmaydi. Katta beshlik chempionatlaridan bittagacha klubda qatnashish imkoniyati mavjud. Masalan, Angliyada liga kubogiga sazovor bo‘lgan jamoa ushbu turnir qatnashchisi bo‘lishi mumkin. Ispaniya, Italiya, Germaniya va Fransiyada esa qoidaga muvofiq, beshinchi va yettinchi o‘rinlarni egallagan klublar orasida Yevropa ligasiga yo‘llanma olganlarining pastida joylashgan jamoalar bo‘lishadi.
Mana, hozirgi top-5 chempionatlarda Konferensiya ligasiga quyidagi beshta: «Tottenhem», «Lans», «Roma», «Vilyarreal» va "Union Berlin" klublari qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lishgan.
Shuningdek, ushbu musobaqani YECHL va Yevropa ligasi saralashlarida mag‘lub bo‘lganlar bilan to‘ldirish o‘rinli bo‘ladi.
Ya’ni nazariy jihatdan «Fenerbaxche», «Reynjers» va «Olimpiakos» kabi jamoalar keyinchalik Konferensiyalar ligasida qatnashishi mumkin. Albatta, ushbu jamoalarni hozirgi holatini gigantlar bilan solishtirish mushkul ish.
Turnir qaysi formatda tashkil qilinadi?
Boshqa yevrokuboklarda bo‘lgani kabi: to‘rtta saralash bosqichi, 32 ta klubdan iborat guruh va pley-offdan iborat bo‘ladi.
Bu yerda tavofut yuzaga kelgan. Ya’ni ushbu musobaqada ikkita 1/8 final bo‘lib o‘tadi. Dastabkisida, guruhda ikkinchi o‘rinni egallagan sakkizta jamoa, Yevropa ligasi guruhlarida uchinchi o‘rinni egallagan boshqa sakkiztalik bilan o‘zaro bahslashishadi. So‘ngra, ushbu juftliklarning g‘oliblari, Konferensiya ligasi guruhida birinchi o‘rinni egallagan klublar bilan to‘liq 1/8 finalda to‘qnash keladi. Keyin hammasi odatiy tusda bo‘ladi. G‘olib klublar keyingi yili Albaniya poytaxtida o‘tkazilajak ikkita chorak, ikkita yarim va final bahslarida qatnashadilar.
Musobaqa klublarga yana bir imtiyoz taqdim etadi: turnir g‘olibi keyingi yilgi Yevropa ligasi guruh bosqichida qatnashishi kafolatlanadi.
Qanday mukofotlar belgilangan?
Bu haqda rasmiy ma’lumot hozircha mavjud emas. Lekin mukofot qiymati ko‘pi bilan Yevropa ligasidagi darajada bo‘ladi. O‘tgan mavsum u yerdagi pul sovrinari quyidagicha edi:
Guruhdagi ishtirok uchun — 2,9 mln yevro;
Guruhdagi g‘alaba uchun — 0.57 mln yevro;
Guruhdagi durang uchun — 0.19 mln yevro;
Guruhdagi birinchi o‘rin uchun — 1 mln yevro;
Guruhdagi ikkinchi o‘rin uchun — 0,5 mln yevro;
1/16 finalga chiqish — 0,5 mln yevro;
1/8 finalga chiqish — 1,1 mln yevro;
1/4 finalga chiqish — 1,5 mln yevro;
1/2 finalga chiqish — 2,4 mln yevro;
Finaldagi mag‘lubiyat — 4,5 mln yevro;
Finaldagi g‘alaba — 8,5 mln yevro.
Kelayotgan mavsumda bizni yana bir ajoyib turnir kutmoqda. Umid qilamizki, musobaqaning debyuti muvaffaqiyatli bo‘ladi.
Jaloliddin ISMATOV tayyorladi.