23 yoshida futbolni tashlab, mehnat birjasi orqali kiyim-kechak do‘konida ish topgan va 6 yildan keyin CHL g‘olibiga aylangan Eduar Mendining tarixi.
Bir necha yillik sud mashmashalaridan so‘ng Angliya chempionati sakkizinchi divizioni (!)dan APLning eng yaxshi to‘purari darajasiga ko‘tarilgan Jeymi Vardi o‘tkir syujetli faoliyati bilan Gollivud ijodkorlari e’tiborida turgandi. Mana, yaqinda o‘ta sifatli drama bosh qahramoni bo‘lishga munosib yana bir yigit o‘rtaga chiqdi. Gap CHL finalida «Manchester Siti» futbolchilariga gol urish imkoniyatini bermagan holda, «shalpangquloq» kubokni boshi uzra baland ko‘targan «Chelsi» darvozaboni Eduar Mendi haqida ketmoqda. Atigi bir yil avval bu yigitni faqat Liga 1 muxlislari yaxshiroq tanishardi. Endi u - yevrokuboklar shohsupasiga ko‘tarilgan jamoaning asosiy qahramonlaridan biri!
Mehnat birjasi, liboslar do‘koni....
Eduar ayni payt Senegal milliy jamoasi sharafini himoya qilayotgan bo‘lsada, uning vatani - Fransiya. Harqalay, Mendi Gavr yaqinidan qo‘nim topgan immigrantlar oilasida dunyoga kelgan. Onasi - senegallik, otasi - Gvineya-Bisaudan. Mendilar oilasida futbolga qiziqish o‘ta kuchli bo‘lib, aka-ukalar asosan to‘p tepish bilan vaqt o‘tkazishardi. Ular orasida Liga1 jamoasidan osongina o‘rin olib, 24 yoshida «Real» safiga qo‘shilgan Ferlan Mendi ham bor edi (Eduar va Ferlan - yaqin qarindosh). Lekin qahramonimizning o‘zi katta doiraga chiqishiga qadar mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tadi. Misol uchun, «Gavr» akademiyasi mutaxassislari Eduarning darvozabonlik qobiliyatini to‘g‘ri baholay olmaydilar. Oqibatda u 19 yoshida to‘rtinchi divizion vakili «Sherbur»da o‘ynash bilan cheklanadi. Boz ustiga, shu kamtarin jamoa tarkibiga ham mustahkam o‘rnasholmagan Eduar 4 yildan keyin erkin agent maqomini oladi. Shu tariqa sarmoyasiz qolgan futbolchi homilador rafiqasi bilan ota-onasi xonadoniga qaytishdan o‘zga chora topolmaydi. 12 oylik izlanishlari samara bermagach (o‘ziga klub topolmagandi), futbolchi nima qilishini bilmay qoladi, chunki agenti ham aloqani uzib qo‘ygandi. «Har kuni unga SMS-xabar jo‘natardim, ammo biror marta javob olmadim. Nihoyat, transferlar darchasining oxirgi kuni agent aloqaga chiqib, yangi jamoa topolmaganini aytdi, boshqa ish qidirishimni tavsiya etdi», - deya eslaydi Mendi o‘sha kunlarni.
Xullas, ilojsiz qolgan Eduar loaqal ishsizlik uchun yordam puli olish maqsadida mehnat birjasiga boradi. Keyin shaxsiy ma’lumotlarini turli tashkilotlarga jo‘natib, suhbatlardan o‘ta boshlaydi. Bo‘sh vaqtda esa do‘stlari bilan yoki yolg‘iz o‘zi stadionda shug‘ullanib yuradi. Oxir-oqibat, Eduar erkaklar liboslari savdosiga mo‘ljallangan do‘kondan ish topadi. Shu tariqa 23 yoshli futbolchi sportdan voz kechib, yangi sohada ish boshlashga yaqin turgandi. Lekin ana shu qaltis pallada mo‘’jiza yuz beradi: «Ishsizlik maqomi men uchun tarsakidan ham kuchliroq jazo edi. Bunday tushkun holatda har qanday kishi o‘z salohiyatiga nisbatan ishonchni butunlay yo‘qotib qo‘yar ekan. Qisqasi, futbolda nimadir qila olishimga shubhalanib qoldim. Qarangki, do‘konda ish boshlashga kelishib qo‘yganimdan 8 kun o‘tgach, «Marsel»dan taklif oldim - jamoada to‘rtinchi darvozabon rolini bajarishimni aytishdi. Esimda, taklifni eshitib, «shok» holatiga tushgandim».
Professionallar bilanmashg‘ulotlar, Liga 2 qahramoni
«Chelsi» muxlislari «Sherbur»da Eduar bilan birga o‘ynagan Ted Laviga rahmat aytishlari kerak. Mendini o‘ta og‘ir pallada aynan u futbolga qaytardi. Ted eski qadrdoni - «Marsel» darvozabonlari murabbiyi Dominik Bernatovich bilan bog‘lanib, ko‘mak so‘raydi. U o‘sha payt to‘rtinchi kiper o‘rniga nomzod qidirayotgandi. Ehtimolki, Dominikka Mendining erkin agent ekanligi ham ma’qul tushgandir, ammo uni yigitchaning 1 yildan buyon amaliyotsiz yurgani biroz o‘ylantirib qo‘yadi. Muhimi, Ted hal qiluvchi rolni o‘ynab, do‘sti uchun kafolat beradi, shu tariqa murabbiyni Eduarni sinab ko‘rishga ko‘ndiradi. Bernatovich esa ilk mashg‘ulotdayoq kiper chindan ham, chakki emasligiga ishonch hosil qiladi. Albatta, Eduarda texnik nuqsonlar ko‘p bo‘lib, uning harakatlarida bo‘lajak yulduz xislatlaridan nishona ham ko‘rinmagandi. Lekin o‘ta kuchli ishtiyoqi va o‘rganishga chanqoq ekanligi bilan murabbiy e’tiborini qozonadi. «Agar Eduar yaxshi o‘ynolmasa, meni iste’foga chiqarishlari tayin edi. Zero, «Marsel» o‘ta talabchan klub. Amalda Eduar bilan shartnoma tuzish eng muvaffaqiyatli qarorim bo‘lib chiqdi. U faqat mahoratini oshirishni o‘ylar va har kuni soat 8:00da bazaga yetib kelib, qolganlar to‘planishlariga qadar mustaqil tarzda tayyorgarlik ko‘rardi», - deydi Dominik. Mendining o‘zi ham shiddatli taraqqiyotidan hayron qolganini tan olgandi. U mazkur yuksalishni asl professionallar va tajribali futbolchilar bilan shug‘ullanganligi samarasi sifatida baholaydi. Shunga qaramay, Eduar asosiy jamoadan ancha yiroqda edi, baribir. Vaqt o‘tishi bilan darvozabonni o‘rinbosarlar jamoasiga jalb etishadi. Keyin Dominik Bernatovichning ijobiy bahosi qo‘l keladi - u 2016 yili 24 yoshli kiperni «Reyms»ga tavsiya etadi. Mendi yangi jamoadagi dastlabki mavsumni nisbatan tajribaliroq Yoann Karasso «soya»sida o‘tkazadi, navbatdagisida esa «Reyms»ning elitaga yo‘l olishiga asosiy darvozabon sifatida sezilarli ulush qo‘shadi. U o‘sha mavsum 19ta «quruq» o‘yin va ishonchli harakati evaziga Liga 2ning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etiladi.
Chexga xos salobat, penalti qaytarish siri
Eduar tez orada Senegal terma jamoasi e’tiboriga tushadi va xalqaro musobaqada bo‘y ko‘rsatadi. U xususan, Afrika Millatlar kubogida «Chelsi»ning darvozabonlar murabbiyi Kristof Lollishonda kuchli taassurot qoldiradi. Biroq London klubi rahbariyati Mendiga nisbatan yoshroq va kelajagi porloq ko‘ringan Kepa Arrisabalagani «Atletik»dan 80 mln. yevroga xarid qiladi. Eduar esa «Renn»ga o‘tadi va o‘ta ishonchli o‘yinlari bilan jamoaning 3-o‘ringa ko‘tarilib, CHL yo‘llanmasi sohibi bo‘lishini ta’minlaydi. O‘sha mavsum Eduar bartaraf etilgan zarbalar foizi bo‘yicha Fransiya chempionatida eng yaxshi natijani qayd etgandi. «Edu fidokorona mehnati tufayli yuksak saviyaga erishdi. U o‘ziga nisbatan o‘ta talabchan, qat’iyatli yigit. Shuningdek, jamoadoshlaridan ham fidoyilik talab qiladi. Mendi jamoamizda atigi 1 mavsum ushlanib turdi, lekin xuddi 10 yildan buyon o‘ynayotgandek taassurot qoldirdi» - bu «Renn» darvozabonlari ustozi Olivye Sorenning ta’rifi.
Vaqtida aynan «Renn»dan «Chelsi»ga o‘tgan Petr Chex ham Mendiga qiziqib qoldi. «Ko‘klar» 2020 yili Timo Verner, Kay Xavers, Hakim Ziyesh va Ben Chiluell uchun kattagina sarmoya ajratishdi. Lekin Kepaning omadsizliklari ortidan unga jiddiy raqobat taqdim etadigan darvozabon topish zarurati ham yuzaga kelgandi. Jamoa orada Yan Oblakka da’vogar bo‘ldi, ammo «Atletiko» sloveniyalik uchun 100 mln. yevro so‘radi. Yakunda boshqa xarajatlarni ham hisobga olgan jamoa 4 baravar arzonroq sanalgan Mendi (transferi 24 million yevroga baholandi)ni amalda sinab ko‘rishga qaror qildi. Bunda Eduarning darvoza tomon yo‘llangan to‘pni ilib olish mahorati muhim rol o‘ynadi. Chunki Kepa ayni shu masalada xatolarga yo‘l qo‘yayotgandi. Chex ham ikki kasbdoshi o‘rtasidagi tafovutni aniq payqadi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Eduar bu fazilatni ham Bernatovich qo‘l ostida mukammallashtirgan ekan. Dominikning o‘zi «Marsel»dagi hamkorlikka oddiy izoh bergandi: «Eduarning qo‘llari uzun va havodan uzatilgan to‘plarni osongina egallab oladi. Ammo avvallari asosan to‘pni pastlayotgan payti ushlab olishga urinardi. Boshqa darvozabonlar ham xuddi shunday o‘ynashadi. Biroq bu noto‘g‘ri. Qisqasi, Mendini uchib kelayotgan to‘pni qarshi olish va uni pastlashidan avval ilib olishga o‘rgatdim. Bundan tashqari, mashg‘ulotlarda yuqoriga sakrash payti uning ishlamaydigan o‘ng oyog‘i bilan siltanishiga ham barham berdik. Natijada kiper kamchiliklardan tezroq qutuldi». Bernatovich ayniqsa, Mendining «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinda penaltini to‘sganidan o‘zgacha faxrlanadi. Eslang, Serxio Aguero raqib kiperini yosh boladek aldashni o‘ylagandi. Lekin Eduar muvozanatni yo‘qotmadi va to‘pni yengilgina ilib oldi: «Penalti payti kerakli vaqtdan ertaroq o‘rnidan qo‘zg‘alishi tufayli unga ko‘p tanbeh berardim, doimo shoshmaslikka chaqirardim. Qisqasi, sakrashga shay holatda qancha uzoq tursa, to‘pni qaytarish imkoniyati shuncha ortishini alohida uqtirganman».
29 yoshida CHL g‘olibi...
To‘rtinchi divizion jamoasiga ham yaroqsiz bo‘lib qolganidan keyin mehnat birjasiga murojaat qilgan kiper 7 yil o‘tib, CHL finalida o‘ynadi va bosh sovrin taqdiriga oydinlik kiritgan jangda darvozasi daxlsizligini ta’minladi. U bu muvaffaqiyatga maqsad sari intilish, fidoyilik, qat’iyat va albatta, birozgina omad tufayli erishdi. Asosiysi, Eduar yil sayin yuksalmoqda. Mana, xronologiyaga qarang:
- 25 yoshida Liga 2da debyutini nishonladi;
- 26 yoshida elitadagi ilk uchrashuvini o‘tkazdi;
- 28 yoshida CHL ishtirokchisiga aylandi;
- 29 yoshida CHL bosh sovrini - «shalpangquloq» kubok sohibiga aylandi.
Oldinda uni yana bir necha yillik faoliyat kutmoqda. Hech shubha yo‘q, Eduar o‘ziga nisbatan talabchanlikni oshirgan holda, mahoratini hali mukammal darajaga olib chiqadi va bundanda yorqinroq zafarlarga erishadi. Qiziqarli va ayniqsa, yosh avlodga namuna qilib ko‘rsatishga arziydigan drama uchun ajoyib ssenariy!
A.AHMEDOV tayyorladi