Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Osiyo futboli yulduzlari: Yana Ginnes kitobiga kirgan fors haqida badia...

Osiyo futboli yulduzlari: Yana Ginnes kitobiga kirgan fors haqida badia...

Baho:
+ | -

2014 yili Ali Dai Ginness rekordlar kitobidan joy oldi. Gap shundaki, u Eron terma jamoasi o‘yinida 25-soniyadayoq hisobni ochgandi. Hammasi ancha vaqt jahon milliy terma jamoalari bosh to‘purari bo‘lib yurgan eronlik Ali Dai haqida: baxtsiz hodisa, siyosatga zarba, shaxsiy hujjatlarni qalbakilashtirish bo‘yicha ayblov... Ha, nafaqat Osiyo, balki butun jahon futbolida yorqin iz qoldirgan fors hujumchisi maydon tashqarida ham hamisha e’tibor markazida bo‘lgan.

Dai birinchi, baribir. Hozircha

Uzoq vaqt milliy jamoalar safida eng ko‘p gol urish bo‘yicha jahon rekordi Ali Daiga tegishli bo‘ldi. Mana, Yevro-2020 yakuniga ko‘ra, portugaliyalik Krishtianu Ronaldu nihoyat, eronlik sobiq hujumchi natijasini takrorladi. Lekin mohiyatan olganda, Ali Dai hamon elit goleadorlar ro‘yxatining 1-qatorida! Gap shundaki, u Eron milliy jamoasi safida 109ta gol urish uchun 149ta o‘yin sarflagan. Yevrofutbol yulduzi esa 109ta golni Portugaliya terma jamoasi libosidagi 179ta uchrashuvda nishonladi. Xullas, o‘rtacha koeffisiyent bo‘yicha qit’a­doshimiz oldinda, baribir. Oddiy aytganda, Ali Daining samaradorlik foizi nisbatan yaxshi, demak, u hamon 1-o‘rinda!

Darvoqe, Eron futboli yulduzi 2019 yilning sentyabr oyidagi chiqishida milliy jamoada gol urish bo‘yicha rekordini aynan Ronaldu albatta, yangilashini aytgandi: «Rekordlar yangilanib turishi tabiiy        hol. Marrani bir nuqtaga olib chiqib qo‘yganman, endi navbat bosh­qalarga. Rekordim qulasa, xafa bo‘lamanmi? Nega endi? Deylik, Krishtianu Ronaldu futbol olamida sanoqsiz sovrinlar yutgan ajoyib yigit. Bilishimcha, u hozir ham juda yaxshi sport formasida». Dai rekordini yangilash Ronalduning o‘zi uchun ham muhim va katta yutuq hisoblanadi. Misol uchun, Krish koronavirusga chalinganidan  keyin maydonga qaytgan payt undan shu rekord haqida alohida so‘rashganida, dangal javob bergandi: «Mana, 100ta gol marradan oshib o‘tishga muvaffaq bo‘ldim, nega endi to‘xtashim kerak? Albatta, buyog‘iga rekord sari intilishim turgan gap. Qadamba-qadam oldinga harakatlanyapman. Yo‘q, bor xayolim shunda emas, chunki rekordlar tabiiy ravishda o‘rnatilishiga ishonaman».

 

Asosiysi - milliy jamoa

Umuman olganda, Ali Dai har doim avvalo, mamlakati milliy jamoasi haqida o‘ylagan. Oddiy misol, u klublar safida terma jamoa libosidagidan atigi 3ta ko‘p gol urgan. Endi Daining diqqatga sazovor ba’zi ko‘rsatkichlariga e’tibor qarating:

***    Eron terma jamoasi o‘yinlarida 8ta «xet-trik»

***    Jahon milliy jamoalarida 100ta gol marrasiga yetgan birinchi futbolchi

***    Milliy jamoa safidagi 109ta golidan 96tasini Osiyo termalariga «tortiq» etgan

***    Ali Dai 2ta jahon chempio­natida qatnashgan, ammo gol urgan emas

***    Ali Dai klublar miqyosidagi 287ta rasmiy uchrashuvda 112ta gol urgan

Eron termasi yetakchisi 1996 yili 1ta o‘yinda raqib darvozasini 5 marta nishonga olgan - «flesh». Bu voqea Osiyo kubogidan o‘rin olgan Eron - Shri-Lanka o‘yini (7:0)da kuzatilgandi. Dai shuningdek, turli turnirlar doi­rasidagi 4ta o‘yinda «poker»ga erishgan. Eng e’tiborli faktlardan biri - hujumchi 2000 yili milliy jamoaning 19ta o‘yinida 20ta gol hosil qilgan - ajoyib o‘rtacha ko‘rsatkich. Eronlik golea­dor butun faoliyati davomida mamlakat bosh jamoasiga ko‘proq e’tibor qaratgani ham - fakt. Har holda, u klublarda ko‘pincha jarohatlangan va o‘yinlarni o‘tkazib yuborgan.

Aytish joiz, Ali Daining o‘zi Eron milliy jamoasida 109tadan ko‘proq gol urganini ta’kidlaydi. Uning aytishicha, Four Four Two nashri 2002 yilgi Osiyo o‘yinlarida urgan gollarini jahon reytingiga qo‘shmay xato qilmoqda. Dai o‘sha turnirda Afg‘oniston termasiga qarshi bahsda «dubl» qayd etishdan tashqari, livanliklar bilan o‘yinda hisob ochgan. To‘g‘ri, adolat yuzasidan aytish kerak, Osiyo o‘yinlari-2002da 23 yosh toifasidagi jamoa­lar qatnashgan va uning statistik ko‘rsatkichlari FIFA reestriga kiritilmagan.

 

Asosiy klub

Qahramonimizning klublar miqyo­sidagi faoliyatiga kelsak, u Erondan tashqarida ham yetarlicha o‘ynagan. Aniqrog‘i, Germaniya, Qatar va BAA chempionatlarida o‘z salohiyatini sinab ko‘rgan. Uning hayotidagi eng taniqli klub - bu «Bavariya». Dai Germaniya grandi safida Bundesliga chempioni bo‘lishdan tashqari, Yevropa Chempionlar Ligasi finaliga chiqqandi.

 

Asosiy voqelik

1998 yilgi jahon chempionati Ali Dai faoliyatidagi eng muhim voqelikdir. Hattoki, u mundialda gol quvonchini tuymagan bo‘lsada. Forslar Fransiya mundialida qatnashish yo‘lida saralashning qit’alararo «pley-off» o‘yinlarida Avstraliya termasiga qarshi to‘p surishgan. 1:1 hisobida yakunlangan birinchi o‘yinni Tehrondagi mashhur «Ozodi» stadionida 100 ming­dan ko‘p muxlis kuzatgandi. Avs­traliyadagi javob o‘yini eronliklarga juda og‘ir keladi. Uchrashuvning 75-daqiqasida ham mehmonlar 0:2 hisobida ortda borayotgandilar. Keyin Dai jamoadoshlari qandaydir 4 daqiqa ichida 2ta gol urib, fors mo‘’jizasini yaratishadi - safarda urilgan gol ustunligi qoidasiga muvofiq, aynan Eron termasi Fransiya-98 yo‘llanmasiga ega chiqadi. Daining o‘zi «yashil qit’a» vakillari bilan bo‘lgan o‘yinlarda gol urmagan bo‘lsada, ularni alohida esga oladi: «Tehrondagi birinchi o‘yindan so‘ng hamma Avstraliya termasini yaqqol favorit sifatida ko‘rsata boshladi. Bir qarashda, taxminlar o‘zini oqlaydigandek edi. Har holda, Melburndagi javob uchrashuvi mezbonlarning 2ta gollari bilan boshlandi, muhimi, yakunda o‘yinga qaytish uchun kuch topa oldik va 20 yil badaliga birinchi marta jahon chempionatiga chiqdik. O‘sha lahzalarni hozir ham juda yaxshi eslayman, go‘yo, faqat shu g‘alaba shukuhi bilan yashagandekman».Eronliklar Fransiyada Germaniya, Yugoslaviya va AQSH termalari bilan 1ta guruhdan joy olishadi. Ular 2ta uchrashuvda gol urmagan holda, mag‘lubiyatga uchrashadi, asosiysi, eng muhim bahsda iroda ko‘rsatishadi. Ya’ni amerikaliklarni 2:1 hisobida dog‘da qoldirishadi - «siyosiy dushman» ustidan qozonilgan g‘alaba butun Eronda boshqacha nishonlanadi. Dai ham shu yutuq faoliyatida alohida o‘rin tutishini ko‘p bora ta’kidlaydi. Eron termasi gollari Hamid Estili va Mehdi Mahdavikiya hisobiga yozilgan, Dai esa aynan g‘alabani ta’minlagan zarba hammuallifiga aylangandi. Shu tariqa Eron termasi guruhda 3-o‘rinni egallab, Fransiyadan o‘zgacha faxr tuyg‘usi bilan qaytadi.

Siyosatga zarba

AQSH termasiga qarshi o‘sha o‘yin ikki mamlakat o‘rtasidagi dushmanlik munosabatlari tufayli siyosatga qorishib ketgandi. To‘g‘ri, futbol bunga yo‘l qo‘ymagan. Deylik, maydonga tushishdan oldin eronlik futbolchilarga bosim o‘tkazilgan - amerikaliklarga yaqinlashish va ular bilan qo‘l berib ko‘rishish taqiqlangan. Lekin o‘yin oldidan barchasi boshqa­cha tus olgandi: amerikalik futbolchilar eronliklarga oq atirgullar sovg‘a qilishadi va raqiblar quchoqlashib ko‘rishishadi. Bu tinchlik belgisi edi, shuningdek, siyosatga qaratilgan zarba...

 

Notinch hayot...

Daining futboldan tashqaridagi hayoti: terma jamoadan iste’fo, og‘ir baxtsiz hodisa va bosqinchilik... Eron termasi afsonasi 2008 yili jamoa bosh murabbiyi sifatida ish boshladi. Uning oldiga forslarni JCH-2010ga olib chiqish vazifasi qo‘­yilgandi. Dai bor imkoniyatlarni ishga soldi, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Eron termasi uning boshqaruvida saralash bosqichi doirasida 5ta o‘yin o‘tkazib, atigi 6 ochko to‘pladi. Jamoa Saudiya Arabistoni termasiga yutqazganidan so‘ng muxlislar murabbiydan iste’fo talab qilishdi va u ketdi. O‘sha jamoada yordamchi murabbiy rolini bajargan Human Afazelining aytishicha, Dai birinchi nav­batda, jamoani qayta shakllantirishni o‘ylab, tarkibga asosan yosh iqtidorlarni jalb etgan, biroq bu yondashuv oqibatida natija masalasida muammolar tug‘ilgan: «Aslida Aliga ko‘proq vaqt berish kerak edi. Mamlakat futbolida chin afsona bo‘lgani emas, eng murakkab payt barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgani uchun. Har holda, o‘sha yillar futbolimiz tang ahvolga tushib qolgandi va buni hamma bilardi».

Track Persia nashrida yozilishicha, Eronda Daiga hamisha aqlli va mulohazali kishi sifatida qaralgan. Ko‘pchilik uni mahalliy futbolning bo‘lajak rahbarlaridan biri o‘rnida ko‘rgani ham ayni haqiqat. Dai esa bunday qarashlarga lo‘nda javob bergan: «Yo‘q, tabiatan stol atrofida o‘tiradigan odam emasman. Har doim o‘zimni maydonda tasavvur qilaman - futbolchi yoki murabbiy rolida. Axir tajribamni stol ustidan uzatolmayman».

Dai va Eronning «Saypa» klubi yo‘llari tez-tez o‘zaro kesishgan. Hujumchi professional faoliyatining oxirgi mavsumlarida aynan shu jamoa sharafini himoya qildi. Qahramonimizning murabbiylik ishi ham «Saypa»da boshlandi. E’tiborlisi, klub bosh murabbiyni iste’foga chiqargach, Dai o‘ynovchi-murabbiy rolini zimmasiga oldi va yakunda Eron chempionati oltin medalini ta’minladi. Uni mamlakat milliy jamoasiga aynan «Saypa»dan chaqirishdi. Ali 2017 yili klubga qaytdi, ammo  ikkinchi urinishi muvaffaqiyat keltirmadi. 2018|2019 yillar mavsumi oxirida klub rahbariyatini keskin tanqid qildi va buning oqibatida ishdan bo‘shatildi. O‘shanda Dai futbolchilarni qo‘llab-quvvatlab, ularga mehnatlariga yarasha pul to‘lanmayotganini oshkora ayt­gandi. Qolaversa, «Saypa» bosh direktorini shaxsiy hujjatlarni qalbakilashtirishda aybladi. «Mustafo Modabbar? Bunday odamni tanimayman. Xotiramga tayanib aytaman, uni hamisha G‘afur qo‘mondon sifatida bilganman», - degandi Dai. Murabbiy bunda 1989 yili Eron Kurdistoni demokratik partiyasi bosh kotibining o‘ldirilishiga aloqadorlikda ayblangan qo‘mondon G‘afur Darjozini nazarda tutgandi.

 

Futboldan tashqarida

Ali Dai Eronning boshqa klublarini ham boshqardi, ammo asosan futboldan tashqarida ko‘zga tashlandi. 2012 yili Dai o‘z ukasi bilan «Roh Ohan» klubi o‘yinidan keyin qaytayotganida falokatga uchradi va jiddiy bosh jarohati tufayli shifoxonaga yotqizildi. Polisiya o‘shanda baxtsiz hodisaga tezlik me’yoridan oshirilganini sabab sifatida ko‘rsatgandi. Yaxshiki, falokat og‘ir oqibatlarga olib kelmadi va afsona qayta oyoqqa turdi. O‘shanda uning ahvolini butun dunyo kuzatib turgan, hattoki, shifoxona atrofi muxlislar bilan to‘lib ketgandi. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, Dai Toyota kompaniyasini avtomobilga xavfsizlik yostiqchasini noto‘g‘ri joylashtirganlikda ayblab, sudga murojaat qildi. Yaponiya avtokonserni bunga javoban ulovda funksiyalar ko‘pligi va iste’molchi yostiqcha rejimini o‘chirib qo‘yganini bildirdi. Keyingi yili Dai o‘g‘rilar hujumiga uchradi: «Qizimni ko‘rsatish uchun shifoxonaga borganimda, noma’lum shaxs ortimdan tashlandi. Shunda darhol o‘zimni himoya qilishga urindim, u esa sherigining motosiklida qochib ketdi. Menimcha, bosqinchilar bo‘ynimdagi zanjirni uzib olishni o‘ylashgan. Chunki jinoyatchilar qochib ketgach, zanjir qulfi ochilgani va ko‘ylagim ichiga tushib qolganini ko‘rdim. Xayriyatki, o‘sha payt qizim va ayolim oldimda emas, nariroqda turishgandi».

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:11, 27.07.2021.
O'qildi: 7629 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.