Kecha Tokio-2020 olimpiadasining og‘ir atletika bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi -76 kg vazn toifasi «A» guruhida hamyurtimiz Kumushxon Fayzullayeva ham ishtirok etib, yakunda 6-o‘rinni egallaganidan xabaringiz bor.
Yosh sportchimizning musobaqadagi ishtiroki ijtimoiy tarmoqlarda turli bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Kimlardir uni to‘rt yillikning nufuzli musobaqasidagi debyuti bilan olqishlagan bo‘lsa, boshqalar dast ko‘tarishda so‘nggi pog‘onani egallagani, siltab ko‘tarish mashqida ham raqiblarining omadsizligi unga qo‘l kelganligini ta’kidlab, atletimizning chiqishini qoniqarsiz baholashmoqda. Xo‘sh, aslidachi?!
Kumushxon hali juda yosh, endigina 19ga to‘ldi. Og‘ir atletika sportida bu yoshida kamdan-kam sportchi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan. Kechagi bahsda u o‘z vazn toifasidagi eng yosh ishtirokchi bo‘ldi.
2018 yili Argentinada o‘tkazilgan o‘smirlar III yozgi Olimpiya o‘yinlarida Fayzullayeva -63 kg vazn toifasida oltin medalga sazovor bo‘lgan. O‘shanda Kumushxon atigi 16 yoshda edi. Hozir esa 19ga kirdi, ya’ni ayni o‘sadigan, rivojlanadigan yoshda.
Tabiiyki, bu yoshda har qanday sog‘lom insonning bo‘yi o‘sadi, vazni esa ortadi. Shunday ekan, Fayzullayeva o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqada qatnashgan vaznini kattalar o‘rtasidagi musobaqada ham saqlab qolishi amri mahol.
Qolaversa, sportchimiz hozir musobaqalarda asosan -71 kg vazn toifasida ishtirok etib kelayotgan edi. Xalqaro og‘ir atletika federasiyasi qaroriga ko‘ra, ayollar quyidagi vaznlarda musobaqalashadi: -45 kg, -49 kg, -55 kg, -59 kg, -64 kg, -71 kg, -76 kg, -81 kg, -87 kg hamda +87 kg. Shulardan Olimpiya o‘yinlari uchun quyidagi vazn toifalari tanlab olingan: -49 kg, -55 kg, -59 kg, -64 kg, -76 kg, -87 kg hamda +87 kg.
Xo‘sh, Kumushxon qaysi vaznda ishtirok etishi kerak edi. -64 kgga tushish ayni paytda sportchimiz uchun deyarli imkonsiz ish, -71 kg esa Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilmagan. Boz ustiga sportchimiz yanada o‘sishini inobatga olgan holda murabbiylar uni -76 kg vazn toifasiga yo‘naltirdi (ajab emaski, Parij-2024da ham u ayni shu vaznda qatnashsa).
O‘zidan katta, tajribali opalari bilan kurashda garchi hamyurtimizning omadi chopmagan bo‘lsada, Tokio-2020 olimpiadasi Fayzullayeva uchun katta tajriba maktabi vazifasini o‘tadi. Bu esa unga kelgusi musobaqalarda qo‘l kelishiga shubha yo‘q.
- Maqsadim, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘lib, O‘zbekiston bayrog‘ini yuqoriga ko‘tarish va madhiyasini yangratish. Ushbu maqsadimdan aslo qaytmayman. Ko‘pchilik qiz bola ekanligim, turmushga chiqib, oila qurishim kerakligini aytishadi. Hali yoshman va bunga nasib qilsa erishaman. Tokio-2020 men uchun juda katta maktabi bo‘ldi. Endi 2024 yili Parijda bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlarida ham qatnashib, ona Vatanim bayrog‘ini yuqoriga ko‘tarish uchun astoydil harakat qilaman. Asosiy maqsadim, olimpiada rekordini yangilab, O‘zbekiston nomini tarixga muhrlash. Agar Parijda chempion bo‘lsamu, lekin rekordni yangilay olmasam, maqsadimni keyingi Olimpiadada albatta amalga oshirishga harakat qilaman, - dedi biz bilan suhbatda iste’dodli sportchi qizimiz.
Kumushxon, ilohim niyatlaringizga yeting deymiz. Va albatta sizdagi mana shu qat’iyat, matonat, maqsad sari intilish har bir sportchimizga yo‘ldosh bo‘lishini tilab qolamiz.