Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Amaldorlarning futbolga ta’siri, g‘o‘r futbolchilar va fakt bilan gapirmaydigan jurnalistlar. Abramov Moskvada intervyu berdi

Amaldorlarning futbolga ta’siri, g‘o‘r futbolchilar va fakt bilan gapirmaydigan jurnalistlar. Abramov Moskvada intervyu berdi

Baho:
+ | -

Ayni vaqtda Rossiya poytaxti Moskvada bo‘lib turgan sobiq O‘zbekiston Milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov "Ozodlik Radiosi"ga intervyu berdi. Mazkur intervyu davomida Vadim Karlenovich jurnalist tomonidan berilgan bir qator qiziqarli va qaltis savollarga javob berdi.

— 2019 yilda O‘zbekiston terma jamoasini qabul qilib olar ekansiz, nimaga umid qildingiz? Axir, dunyo tanigan xorijlik murabbiydan og‘ir meros qolgan va siz tajribali murabbiy o‘laroq halokat yuz berishini oldindan bilishingiz kerak edi-ku.

— Gap halokatda emas. Shubhasiz, jamoani qabul qilib olganimda keyingi bosqichga chiqishimizga ishongan edim. Chiqqan bo‘lar edik ham, ammo keyin o‘zingizga ma’lum koronavirus tarqaldi. Bunday bo‘ladi deb kim ham o‘ylabdi deysiz, ikkinchidan bu holat cho‘zilib ketganidan so‘ng, dunyoda hamma narsa o‘zgarib ketdi. Ma’lum bo‘ldiki, Shimoliy Koreya terma jamoasi kelmas ekan. Buning aftidan bizga hech qanday aloqasi yo‘q edi. Lekin shunday vaziyat yuzaga keldi, FIFA bilan OFK natijalarga ko‘ra 6 ochko olib tashlanishini haqida qaror qabul qildi. Bizda 9 ochko bor edi va men Singapur va Yamanni yutib ochkolarimiz 15 taga yetishiga ishonar edim. Shunday bo‘ldi ham, ammo 6 ochkoyimiz kuyib ketadi deb hech ham o‘ylamagan edim. Livan esa 10 ochkosi bo‘la turib, guruhdan chiqdi. Shimoliy Koreya ularning guruhida bo‘lgani hisobiga bizdan yuqori bo‘ldi. Bunaqasiga birinchi marotaba guvoh bo‘lishim. Tasavvur qiling, biz Singapurni 5-0 hisobida mag‘lub etib, eng yaxshi ikkinchi o‘rinlar orasida ikkinchi bo‘ldik. Keyin Yaman ustidan g‘alaba qozondik va to‘rtinchi o‘ringa tushib ketdik. Shunaqasi ham bo‘ladimi, axir.

— Qarang, Vadim Korlenovich bir xil xatolar. Avvaliga Babayan O‘zbekistonni Rossiyada o‘tgan Jahon Chempionatiga olib chiqa olmadi. Keyin Kuper bilan ham shunday bo‘ldi. Nima gap o‘zi? Bugungi o‘zbek futbolida qanday muammolar bor?

— Men bizda bo‘layotgan muammolarni na Kuperga va na Babayanga to‘nkamoqchi emasman. Keling, uzoqqa bormaylik, ana Rossiya Jahon va Yevropa Chempionatlari saralashidan o‘tyapti. Muayyan jamoaning ayni damdagi raqiblariga qarab fikr yuritish kerak. Saralash shunday narsaki, unda omad kulib boqishi reytingga bog‘liq. Reytingda baland o‘rinda turganlarga kuchsizroq jamoalar tushadi. Shunday bo‘lsada, o‘ylaymanki, asosiy ko‘rsatkich o‘yinning o‘zida. Agar, yaxshi o‘yin ko‘rsatsangiz, mag‘lub bo‘lgan paytingizda ham muxlislar kechirishadi va tamoman boshqacha munosabatda bo‘lishadi. Menimcha, terma jamoam o‘yini yomon emas edi. Yana bilmadim menga shunday tuyuldi. Bahoni boshqalar berishadi.

— Siz terma jamoaga kelganingizda, u terma jamoada 89-o‘rinda turgan edi. Ketganingizdan so‘ng 3 pog‘ona ko‘tarilib, 86-o‘ringa ko‘tarildi. Nima deb o‘ylaysiz, bu arzigulik natijami?

— Agar, siz rasmiy o‘yinlarga qarasangiz, biz atigi 2 ta uchrashuvda mag‘lub bo‘ldik. Ikkisida ham Saudiya Arabistoniga. Qolaversa, taxminan 10 ta nazorat uchrashuvi o‘tkazgan bo‘lsak, ularda koronavirus sababli, hali o‘z jamoasida qoyillatib o‘ynamaydigan yosh, g‘o‘r futbolchilarni pishitish bilan shug‘ullandik. Aslida, bu haqda gapirish kulgili. Kelajakni o‘ylab, mendan keyin keladigan murabbiyni o‘ylab, bu ishni qildim. Muammomiz ham aynan shunda . Aslida, bu ishni klublar qilishi lozim. Bor gap shu.

— Mana siz tajribasiz, g‘o‘r yoshlarni kelajakni o‘ylab, tavakkal qilgansiz. Ammo ko‘pchilik bunda g‘arazli niyatlarni ko‘radi. Xususan, sizni bundan moddiy manfaatdor bo‘lgan deb hisoblashadi.

— Tushunarli. Men 2010 yili terma jamoada kelganimda, muayyan odamlar guruhi va jurnalistlar mening go‘yoki totalizatorga aloqam borligi haqida materiallar berishardi. Avstraliyaga 6:0 hisobida mag‘lub bo‘lgan paytimizda, guyo men mag‘lubiyatga uchrashim uchun futbolchilarga pul tarqatganimni yozishgacha borgan. Bunaqa hollarda nima bo‘lganini futbolchilardan boshqa hech kim bilmaydi. Lekin bizda baxtga qarshi futbolchilar sukut saqlashadi. Intervyu berishmaydi. Intervyuni yolg‘ondan tap tortmaydigan odamlar beradi. Misol uchun, men es-hushli odam sifatida, siz bilan sizning sohangizda, jurnalistikada munozara qilmayman. Zero, ayonki bu borada siz ustunlikka egasiz. Bu ishning past-balandini bilasiz. Bahsimiz futbol sohasiga o‘tgan taqdirda, ustunlik men tomonga o‘tadi. Tug‘rimi? Jurnalist bilan uning sohasiga oid munozarani qo‘zg‘ash oqilona ish emas. Siz baribir g‘olib chiqasiz. Lekin qarang, jurnalistlar men haqimda nimalarni yozishdi. Qani o‘z fikrini aniq faktlar bilan asoslab yozadigan jurnalistlar? Muayyan statistika bor. Kim qancha vaqt qayerda o‘ynagani haqida. Umuman men hayratdaman. Hamma yaxshi tushunadi, O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisi xorij klublarida o‘ynasa, kuchli bo‘ladi. Buni barcha anglaydi. 2011 yilda hamma futbolchilarimiz chet elga ketishdi. Bari o‘z klublariga joylashdi. O‘shanda hech kim meni "u falonchini taklif qilgan, korrupsioner deb aytmagan. O‘sha futbolchilar allaqachon faoliyatini yakunlagan. Ulardan so‘rashingiz mumkin, kim ularni chet el klublariga joylashishganini? Ular o‘zi joylashishdi va har bir futbolchining o‘zining agentlari bor.

— Darvoqe, xabaringiz bor, bir muddat "Navbahor"ga Andrey Kanchelskis murabbiylik qildi. U bilan va unga qadar ham shunday muammolar bo‘lganki, jamoaning kiyim almashtirish xonasiga klubning qo‘shtirnoq ichidagi "xo‘jayinlari", mahalliy amaldorlar yoki ularning farzandlari kirib, futbolchilarga qanday o‘ynash, hatto yutish yoki yutqazish haqida gapirishgan. Klub ta’sischisi va hokim bo‘lgan taqdirda ham, ularning futbolchilarga buyruq berishga qanchalik haqqi bor?

— Bilmadim, men aniq bunday holatga duch kelmaganman. Aniqroq javob olish uchun Kanchelskisning o‘zidan javob olishingiz mumkin. Menda boshqacharoq bo‘lgan. "Lokomotiv"da ishlab yurgan paytlarimda, bir odam kelib, falonchini asosiy tarkibga tushurasiz. Xo‘jayinning xohishi shu deb aytgan. Bizda qoidalar shunday — kim pul bersa musiqani o‘sha buyurtma qiladi. Men nima qildim, bilasizmi? Jamoani yig‘ib, barchaning oldida o‘sha futbolchiga aytdim: "Vazir sening asosiy tarkibda maydonga tushishing kerakligini aytibdi. Bu qanaqa mas’uliyat ekanini bilasanmi? Sen hozir maydonga chiqib, vazirga ham, bizga ham pan bermasliging lozim. O‘yin boshlandi va hash-pash deguncha bizga ikkita gol urishdi va men qaysidir daqiqada uni almashtirdim, vassalom. Shu bilan uning asosiy tarkibda maydonga tushish masalasi yopildi. Har kimda vaziyat turlicha bo‘ladi. Davlatdan emas o‘z yoningizdan pul to‘lagan taqdiringizda ham, bunday yo‘l tutishingiz noto‘g‘ri. Bu ahmoqona ish, aslida. Mening yonimga o‘sha odam kelib,"vazir aytdi, falonchini maydonga tushurarkansiz", — dedi. Buni borib vazirdan so‘ramayman-ku. Barcha futbol rivojlangan mamlakatlarda, xususan, bizda ham mamlakat rahbari futbolga javobgar bo‘ladigan aniq bir javobgar odamni tayinlaydi. Lekin u odam odatda futbolga begona. Keyin u nima qiladi? Bu vazifani zimmasiga yuklab qo‘yishgan, rad etolmaydi. Futbol uchun katta pul ajratiladi. Uni kimga bersa bo‘ladi? Tadbirkor atrofiga qarab, yaqin insonlari orasidan qidiradi. Farosatlisi chiqib qolsa,  bu futbol uchun foydali ish bo‘lar edi. Lekin ko‘pincha  futbolga mutlaqo yod qishilar bo‘ladi va tadbirkorga yaqin bo‘lgani uchun bu ish bilan shug‘ullana boshlaydi. Masalan, u sizni tanladi va siz uning oldida javobgarsiz. Shuning uchun, garchi, mahalliy futbolning sirlaridan xabardor bo‘lsa ham shu yerlik murabbiyga ishonmaysiz. Sababi, ertaga u mag‘lub bo‘lib, muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, javobini sizdan so‘rashadi. Siz esa aqlli odamsiz. Chet elda muvaffaqiyat qozongan biror shaxsni jamoaga olib kelasiz. Ana biznikilar Skolarini olib kelishgan edi. Nomdor murabbiy muvaffaqiyatga erishmasa ham, bahona tayyor. "Eng zo‘r murabbiyni olib keldim-ku", yana nima qilay", —  deyishingiz mumkin. Mana, muammo nimada.

 

                                                            Xudayqulov KARIM tayyorladi

Manba: Oзодлик радиоси
Kiritildi: 18:00, 16.08.2021.
O'qildi: 7921 marta.
Fikrlar: 6 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.