Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

E’tirof: Olimpiada kashfiyoti

E’tirof: Olimpiada kashfiyoti

Baho:
+ | -

Yaponiya termasining 20 yoshli yarim himoyachisi Takefusa Kubo Tokioda o‘tkazilgan Olimpiadaning futbol bahslarida eng yaxshi futbolchilardan biriga aylandi. U ikki yildan buyon «Real» a’zosi hisoblanadi, lekin o‘tgan vaqtni ijarada o‘tkazdi. Xo‘sh, Anchelotti davrida uning holati o‘zgaradimi?

Olimpiya vorisi

Yaponiya futbol termasi Olimpiadada o‘z tarixidagi eng yaxshi ishtiroklaridan birini namoyish etdi. Turnir mezbonlari yarim finalgacha yetib borib, qo‘shimcha vaqtning oxirida ispanlarga imkoniyatni boy berishdi (0:1). Bronza medallari uchun kechgan vaqtda esa «kunchiqar yurt» vakillari meksikaliklarga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Vaholanki, ushbu jamoalar guruh bosqichida ham o‘zaro to‘qnash kelishgan va unda yaponlar g‘alaba qozonishgandi (2:1). Agar jamoa yana yutuqqa erishganida, yarim asr avvalgi natijani takrorlagan bo‘lardi. 1968 yili yaponlar uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda aynan meksikaliklarni yengishgan (2:0), buni raqib maydonida amalga oshirishgandi.

O‘shanda Yaponiya termasi bosh qahramoni bo‘lgan yosh Kunisige Kamamoto ko‘p o‘tmay millat afsonasiga aylandi. 23 yoshli hujumchi Olimpiada-1968da 7ta gol urdi, oradan 10 yil o‘tib esa, 76ta uchrashuvda 75ta to‘p kiritgan holda, Yaponiya termasi tarixidagi eng yaxshi «bombardir» maqomiga erishdi.

Ayni payt buyuk Kamamotoning vorisi bo‘lish uchun 20 yoshli Takefusa Kubo astoydil harakat qilmoqda. Hattoki, bu futbolchilarga o‘z vatanlarida qo‘yilgan laqablar ham o‘xshash: Kamamotoni shoirona tarzda «qamish» deb atashsa, Kuboni «bambuk» deyishadi. Aynan Takefusa sababli Olimpiada mezbonlari guruh bosqichini ajoyib natijalar bilan yakunlashdi: uchta o‘yin - uchta g‘alaba (7:1). Kubo har bir bahsda to‘p kiritdi, Meksika, Fransiya va JAR termalari darvozasini ishg‘ol qildi va jamoasining musobaqadagi eng yaxshi to‘purari bo‘ldi.

Kamamotoning 7ta gol urganini inobatga olsak, Kuboning natijasi haminqadardek ko‘rinar, lekin u ajdodidan farqli ravishda, «to‘qqizlik» emas, «o‘nlik» pozisiyasida to‘p suradi. Takefusa birinchi navbatda yaponlarning hujumdagi kreativligiga javobgar, garchi hujumlarni yakunlashda ham ajoyib harakat qiladi. Statistikaga ko‘ra, u jamoada nafaqat sheriklarini qulay vaziyatga olib chiqish bo‘yicha yetakchi, balki darvozalar tomon tez-tez zarba ham yo‘llaydi. Ma’lum muddat bir o‘yindagi o‘rtacha zarbalar borasida Kubo hattoki, Olimpiadaning eng yaxshi to‘purari Risharlisonni ham ortda qoldirdi.

«Yaponiyalik Messi»

Umuman olganda, yaponlarning o‘zi uchun Takefusa Kuboning Olimpiadada qatnashishi katta kashfiyot bo‘lgani yo‘q. Uni hozirgi avlodning eng asosiy iqtidori deb hisoblashadi: navqiron yaponiyalikning 18 yoshidanoq milliy terma tarkibida to‘p surayotgani bejiz emas! 2019 yili voyaga yetib ulgurgan futbolchi jamoa bilan Janubiy Amerika kubogida ishtirok etish uchun bordi, u yerda Yaponiya termasi o‘z tarixida ikkinchi marta qatnashayotgandi.

Taxminan o‘shanda xorij matbuotida Kuboning boshqa bir taxallusi paydo bo‘ldi - «yaponiyalik Messi». Shu tariqa Takefusaning kelgusida Kataloniya grandi tarkibida paydo bo‘lishi taxmin qilindi, chunki u «ko‘k-anorranglilar»ning Yaponiyadagi lagerida o‘zini ko‘rsatishga ulgurgandi. Chindan ham, Lionel bilan yosh yaponiyalikni birlashtirib turuvchi jihatlar ko‘p edi. Har ikkisining bo‘yi baland emas, ikkisi ham chapaqay, ikkisining ham texnik salohiyati shubhadan xoli. Kubo Messini o‘z kumiri deb atagani ham bejiz emas. Take 2011-2015 yillar mobaynida La Masiyada porladi, Ansu Fati hamda Erik Garsiya bilan yonma-yon to‘p surdi. Lekin 14 yoshga to‘lganida, vataniga qaytishga majbur bo‘ldi, sabab - transfer bayonnomasi qoidalarini buzganligi uchun «Barsa»ga nisbatan sanksiya qo‘llangandi.

«Yaponiyaga qaytishni umuman xohlamagandim. Ispaniyada yashashga ko‘nikkanman, jamoada o‘zimni yaxshi his qilayordim va nega endi ketishim kerakligini tushunmagandim. Keyinchalik barchasini yangidan boshlashim mumkinligini o‘ylab, qo‘rqqandim», - deya eslaydi futbolchi.

Shunga qaramay, Yevropa klublari iqtidorli yarim himoyachini nazarda chetga chiqarishmadi, uning Yaponiya chempionatidagi o‘yinlarini muntazam kuzatib borishdi. Kubo o‘z yurtida 16 yoshida debyut qilgandi. Kopa-2019 boshlanishi arafasida grandlarning unga bo‘lgan qiziqishi ortdi. Braziliyada o‘tgan turnirda 173 santimetr bo‘yga ega bolakay texnik jihatlar bo‘yicha mahalliy mahorat sohiblaridan zarracha qolishmadi! O‘yin davomida amalga oshirilgan aldab o‘tishlar (2,7) bo‘yicha u musobaqadagi barcha futbolchilarni ortda qoldirib, Sanches (2,7) va Koutinyo (2,3) darajasini namoyish etdi.

O‘z navbatida, Takefusa o‘z yoshiga xos bo‘lmagan ajoyib o‘yin ko‘rsatdi, maydondagi holatni yaxshi o‘qiy oldi, to‘pni qoyilmaqom tarzda nazorat qildi. Bir uchrashuvdagi keskin uzatmalar soni (2,7) bo‘yicha hatto Messini (1,8) ortda qoldirdi va ushbu ko‘rsatkich borasida kubokda ikkinchi o‘rinni egalladi. Vaholanki, uning jamoasi guruhdan chiqa olmagandi.

O‘sha yilning yozida Kuboga «PSJ», «Real» va «Barselona» jiddiy qiziqish bildira boshladi. Taxminlarga ters o‘laroq, qahramonimiz Madridga ko‘chib o‘tishga qaror qildi va Amerika kubogi davom etayotgan pallada «qaymoqranglilar» bilan shartnoma imzoladi. Poytaxt jamoasining Takega bosqichma-bosqich rivojlanish rejasini taklif etishi futbolchining Kataloniyadagi o‘tmishini unutishiga sabab bo‘ldi. Mazkur holatda «Real» «yaponiyalik Messi»ga umuman pul sarflamadi, uni erkin agent sifatida qabul qildi. Vaholanki, o‘sha payt Kuboning transfer narxi qariyb 2 million yevroni tashkil etardi.

«Real»ning yangi yulduzi

«Qirollik klubi» tomonidan taklif etilgan reja Kuboga asosiy jamoada to‘p surish kafolatini bermasdi. Avval-boshdan yaponiyalik iqtidor sohibiga «Kastilya» yoki «Malyorka»dan birini tanlashi kerakligi aytildi, natijada Take Madrid yoshlari safida uchinchi divizionda to‘p surishdan ko‘ra, La Liga autsayderi tarkibiga qo‘shilishni ma’qul ko‘rdi. O‘tgan ikki yil mobaynida Kubo o‘zi tanlagan strategiyani o‘zgartirmadi va o‘zini Ispaniya chempionatidagi turli jamoalarni sinab ko‘rdi, «Real» taklifiga munosib bo‘lishga intildi.

Take debyut mavsumidayoq o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatdi. 18 yoshli yarim himoyachi «Malyorka» tarkibidagi eng yaxshilardan biri bo‘ldi, 35ta o‘yinda «golQpas» tizimi bo‘yicha 8 ochko jamg‘ardi. Bir yildan so‘ng yaponiyalik yanada obro‘liroq klub - «Vilyarreal» ijaraga oldi. Yarim himoyachi «sariq submarina» safida yo‘qolib qolmadi va jamoasining Yevropa Ligasi guruh bosqichini birinchi o‘rinda yakunlashiga hissa qo‘shdi, 5ta o‘yinda 3ta samarali uzatma muallifiga aylandi. Agar ijara kelishuvi bir yilga mo‘ljallanganda, Kubo bu jamoa bilan o‘zining dastlabki yevrokubogiga ega bo‘lishi mumkin edi. Ammo qishda yana klubini almashtirishiga to‘g‘ri keldi: mavsum-2020G‘2021ning ikkinchi qismini «Xetafe»da o‘tkazdi.

Shu yozda Kuboning biografiyasida yangi sahifa ochilishi kerak. Ispaniya elitasidagi ikki yillik ishtirokdan keyin yaponiyalik yarim himoyachi Tokioda o‘tkazilgan Olimpiadada o‘z saviyasini ko‘rsatdi - demak, yanada kuchliroq jamoa tarkibiga qo‘shilishdan umid qilsa arziydi.

Marca ma’lumotiga ko‘ra, dastavval «Real» futbolchini yana ijaraga berishga qaror qilgan. Uni qo‘lga kiritishga asosiy da’vogar sifatida «Real Sosyedad» ko‘rsatilmoqda. O‘tgan mavsum basklar Primerada 5-o‘rinni egallashdi, shunday ekan, Kubo uchun bu ijara Ispaniyadagi faoliyati davomida eng nufuzlisi bo‘lsa, ajabmas. Qolaversa, klub mazkur kelishuvdan bir necha million yevro undirishi mumkin, zero Takening narxi 15 mln.gacha oshdi. Ikkinchi variant - «Malyorka»: bir yildan so‘ng jamoa yana La Ligaga qaytdi.

Lekin endi madridliklar Kubo bo‘yicha tuzgan rejalarini qayta ko‘rib chiqib, uni «Real»ning asosiy jamoasi tarkibiga kiritishga tayyorlar, ammo buning uchun klub limit muammosini hal qilishi lozim. La Liga jamoalarga Yevroittifoqqa a’zo bo‘lmagan mamlakatlar fuqarolarining faqat uch nafarini tarkibga kiritishga ruxsat beradi. Ayni payt «Real»da bunday futbolchilar besh nafar: braziliyaliklar Militao, Vinisius va Rodrigo, uelslik Beyl hamda yaponiyalik Kubo. Yaqinda liga madridliklarga qulaylik yaratib, «Breksit» voqeasiga qaramay, Garet Beylning YEI fuqarosi maqomini saqlab turishiga imkon berdi. Lekin baribir, Takening tarkibga qo‘shilishi uchun buning o‘zi yetarli bo‘lmaydi.

Yaponiyalikka ikki holatdan birida omad kulib boqishi mumkin. Birinchidan, agar shu yozda Vinisius nihoyat, Ispaniya pasportini olsa. «Real» braziliyalik futbolchini daxlsizlar ro‘yxatiga qo‘shgan, uni sotishni rejalashtirmayapti, shunday ekan, boshqa vaziyatda u jamoa «zayavka»sidan tushib qolmasa kerak. Klubning Militao bilan xayrlashish ehtimoli ham ko‘p emas - Madridda shundoq ham markaziy himoyachilar tanqisligi mavjud. Yosh Rodrigo esa ijaraga ketishi mumkin, qachonki, unda Florentino Peres ko‘rgan salohiyatni Karlo Anchelotti ham payqasa, albatta.

Shunisi aniqki, har qanday holatda ham, Kuboda rivojlanish uchun imkoniyat yetarli.

O‘.UMAROV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 09:15, 21.08.2021.
O'qildi: 5307 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.