Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Eldor Shomurodov Joze Mourinyo tufayli «Roma»dami?

Eldor Shomurodov Joze Mourinyo tufayli «Roma»dami?

Baho:
+ | -

Rossiyaning sports.ru sayti maqolasida ayni shu fikr ilgari surildi: «Eldor Shomurodov «Roma»ga Joze Mourinyo tufayli o‘tdi. U Didye Drogbani yoqtiradi, Joze yo‘lga qo‘ygan tizimda esa Diyego Kosta va Fernando Torres uslubida harakatlanadi». Demak, quyida Rossiya OAVda hamyurtimizga bag‘ishlab yozilgan katta tahliliy maqola mazmuni bilan tanishib chiqamiz.

Yevgeniy Savin iyul oyi boshida o‘z kanaliga Eldor Shomurodovdan olgan intervyuni joylashtirdi. Muallif suhbat davomida «Jenoa» hujumchisidan «Roma»ning yangi bosh murabbiyi Joze Mourinyo ro‘yxatiga kiritilgani haqida eshitgan-eshitmagani to‘g‘risida so‘radi. «Eshitmadim, rost gapiryapman, - deya tan oldi Eldor. - Lekin yaxshi klub safiga qo‘shilishdan cho‘chimayman. Nimalarga qodirligimni amalda ko‘rmoqchiman. O‘zimni sinab ko‘rardim, albatta». Videomaqola berilganidan bir oy o‘tgach, Shomurodov «Roma» futbolchisiga aylandi. 7 avgust kuni esa rimliklar libosida birinchi golini urdi, to‘g‘ri, italiyaliklar «Betis» bilan o‘rtoqlik uchrashuvida 2:5 hisobida mag‘lubiyatga uchrashdi.

Bunga qadar Eldorning RPL yulduziga aylangani, «Jenoa»ga o‘tgani, Italiyadagi birinchi mavsumi, shuningdek, «Roma»ga transferi va hattoki, hujumchining palovga muhabbati haqida yozganmiz. Endi esa uning nega aynan Rim klubi safiga qo‘shilgani va Joze Mourinyo jamoasida nimaning hisobiga o‘ynab ketishi mumkinligini tahlil qilishga urinib ko‘ramiz. Avvalo, aytish kerak, Eldor va «Jenoa» manfaatlari bir-biriga to‘g‘ri keldi. Shomurodov top-klubga o‘tmoqchi edi, «Jenoa» uchun esa, futbolchini qayta sotish - foydali. Italiya futbolining asosiy insayderi Janluka di Marsio oldinroq Nobel Arustamyanga «Jenoa» Shomurodov bilan deyarli tasodifan shartnoma tuzganini aytgandi. Klub prezidenti Enriko Presiozi aslida tarkibda Mario Balotellini ko‘rishni xohlagan, ammo sport direktori Daniele Fajano va bosh murabbiy Rolando Maran (ikkisi ham o‘tgan mavsum davomida klubdan ketdi) bunga qarshi chiqishgan. Qisqasi, Maran boshqa hujumchi topishni so‘ragan. «Fajano agent Gabriele Jyuffrida (u «Jenoa»da o‘ynagan Kshishtof Pentek bilan ham ishlaydi) bilan birga murabbiyga Shomurodovni ko‘rsatdi», - dedi di Marsio. - Shunda Maran rozi bo‘ldi, chunki uning uchun Balotellini sotib olishni xohlagan prezidentni ortda qoldirish muhim edi». Albatta, kelishuv Presiozi roziligisiz amalga oshmasdi, baribir. Di Marsioning aytishicha, «Jenoa» prezidenti juda aqlli biznesmen va Shomurodovni ko‘rgani zahoti darhol qaror chiqargan - «Bo‘ldi sotib olamiz». Ya’ni Presiozi futbolchini 7-8 millionga xarid qilish va 1-2 yildan keyin 20-25 «limon»ga sotish mumkinligini tushungan. «Agar Presioziga ko‘proq pul taklif etilsa, u hamma narsani sotadi, hattoki, o‘z oyog‘ini ham...», - deya hazillashgandi Janluka di Marsio.

Shomurodov uchun Italiya varianti ideal edi. U RPLga elit ligaga tayyorgarlik yo‘li sifatida qaradi. «Qatar va Xitoydan takliflar tushgandi, lekin u yerlarda faqat pul ishlash mumkin, - degandi Eldor intervyularidan birida. - Men esa futbolchi sifatida rivojlanishni xohlayman, har doim Yevropaga intilganman. Agar Italiyada o‘ynasang, seni butun dunyo kuzatayotganini bilib turasan». Shomurodov «A» seriyadagi debyut mavsumida 8ta gol urdi va Mattia Destro (11ta gol)dan keyin Janluka Skamakka bilan birga «Jenoa»ning ikkinchi to‘purariga aylandi. La Gazzetta dello Sport Eldorni mavsumning eng yaxshi futbolchilari ro‘yxatida 85 -o‘ringa qo‘ydi. U jumladan, Xandanovich, Brozovich, Eriksen, Kyellini, Shesni va Mertens kabi nomdor futbolchilardan oldinga joylashdi. «Italiya futboli o‘ylaganimdan ham qiyinroq ekan, lekin o‘z tanlovimdan mamnunman. Faqat eng kuchlilarga qarshi o‘ynash asnosida o‘sishingiz mumkin. Asosiysi, «Jenoa»da o‘zimni qulay his qilyapman», - dedi Shomurodov may oyida Corriere dello Sport gazetasiga bergan intervyusida. Murabbiy Davide Ballardini ham yangi futbolchini maqtashni paysalga solmadi: «U chiroyli va samarali o‘ynaydi. Mashg‘ulotlarda o‘ziga xos xususiyatlari borligini angladim. Faqat moslashishi kerak, axir butunlay boshqa futbol olamidan keldi, lekin potensiali katta». Klub sport direktori Franchesko Marrokko esa manfaatli kelishuvga shaylandi: «Bu jamoa uchun zo‘r topilma, istiqboli katta futbolchi. Albatta, Eldorni sotib olganimizdan juda xursandmiz». Qishdayoq Shomurodovga «Yuventus»ning qiziqayotgani haqida xabarlar tarqaldi va hujumchining o‘zi chorlovga tayyorligi aytdi: «Turinda o‘ynab, o‘z salohiyatimga baho berish - bundan hech narsa yo‘qotmayman. Raqobatdan cho‘chimayman, aksincha, u menga yoqadi». Eldor bilan ishlaydigan ProSports Management kompaniyasi prezidenti German Tkachenko esa, «Jenoa»ni bejiz tanlashmagani, bu klubdan tezda yuqoriga ko‘tarilish imkoniya­ti kattaligini ta’kidladi: «Genuyaliklar futbolchi sotishni yaxshi biladilar, oson sotadilar, ayniqsa, hujumchilarni. Transfer payti buni alohida tahlil qilgandik».

Presiozi «Jenoa»ni  2003 yili sotib olgan. Genuyaliklar ortda qolgan 18 yil davomida chindan ham, juda ko‘p hujumkor futbolchilarni transfer qilishdi. Eng ko‘p mablag‘ni Kshishtof Pentek keltirdi - atigi 6 oyda qiymati deyarli 8 baravar oshdi. Polshalik hujumchini «Krakoviya»dan 4,5 million yevroga sotib olgan klub uni «Milan»ga 35 million evaziga jo‘natdi. «Jenoa» joriy yoz «Visla»ning erkin agent maqomini olgan sobiq hujumchisi, 18 yoshli Aleksander Buksa bilan shartnoma tuzdi. Uning keyingi taqdirini osongina bashorat qilish mumkindek.

Ehtimol, Shomurodovning «Roma»ga o‘tishiga Mourinyo asosiy sababchidir. Bunda Eldorga qisman omad kulib boqdi. Agar Joze Rim jamoasi boshqaruvini qo‘lga olmaganida, uning «Roma» safiga qo‘shilishi qiyin edi. Bu yerda ko‘p narsa bir-biriga muvofiq keldi - portugaliyalikka o‘ziga xos xususiyatlarga ega hujumchi kerak edi, Shomurodov esa aynan Joze qo‘l ostida o‘ynashni orzu qilardi. «Mourinyoga nisbatan mehrim qayerdan? Hammasi oddiy - u birinchi raqamli, - dedi Eldor joriy yil yanvarda La Gazzetta dello Sport nashriga bergan intervyusida. - «Chelsi» muxlisiman, Didye Drogba esa, men uchun namuna va eng sevimli futbolchilardan biri». Shuningdek, German Tkachenko ham Mourinyoni yaxshi biladi, Roman Abramovich bilan aloqalari tufayli, albatta. Agent vaqtida biznesmenga «Chelsi»ni sotib olishda yordam berdi, keyin Ernan Krespo, Adrian Mutu, Xuan-Sebastyan Veron, Samuel Eto~O transferlarida vositachilik qildi. Shunday ekan, Tkachenko uchun Shomurodovni o‘z kumiri bilan tanishtirish, keyin uni portuga­liyalik murabbiyga tavsiya etish muammo emasdi. «German meni Mourinyo bilan uchrashuv haqida ogohlantirmagandi, - deya eslaydi Shomurodov 2019 yilning yozida Joze bilan tanishganini. - «Syurpriz» hozirlagandi. Stol atrofida o‘tirgandik, qo‘qqisdan Mourinyo kirib keldi. Avvaliga ko‘zlarimga ishonmadim, keyin salomlashib, biroz gaplashdik. Joze Osiyo kubogi o‘yinlarini sharhlagandi. Tkachenko unga chempionatda qatnashganim va gollar urganimni aytdi. Mou­rinyo esa barchasini bilardi». Tkachenkoning Savinga bergan ma’lumotlaridan parcha: «Joze» «Tottenxem»da ishlayotganida, qo‘ng‘iroq qilib, bench-option (zaxira) roliga hujumchi qidirayotganini aytdi. Shunda unga o‘zi Osiyo kubogida ko‘rgan yigitni eslatdim. Biz oldinroq u haqda gaplashgan va keyinchalik uchrashgandik ham. Londonliklar skaut yuborishdi, ba’zi harakatlar boshlandi. Biroq natijasiz - Eldor o‘sha payt jiddiy jarohat tufayli gol urolmayotgandi. Qisqasi, qandaydir e’tibor yo‘q emasdi, lekin mohiyatan olganda, do‘stona suhbat. Muhimi, mavridi kelsa, Shomurodov haqida yana gapirib berishimiz, uni eslatishimiz va bu foydamizga ishlashini tushundik». Aftidan, Mou endi Eldorni esladi va Italiyada ishlashi shubhalarni yo‘q qildi - «Roma» Rossiyadan borgan futbolchi emas, balki «Jenoa»ning eng yaxshi to‘purarlaridan biri bilan shartnoma tuzdi.

«Benazir» Shomurodovning to‘psiz ishlashini qadrlaydi va uni yanada kuchaytiradi. «Roma» bosh direktori Tyago Pinto o‘zbek hujumchisi Mou­rinyo uslubiga mos kelishiga shubha qilmayapti: «Eldor - katta salohiyatga ega hujumchi. U chindan ham, o‘ziga tanish ligada o‘ynab, «Roma»da bo‘y ko‘rsatmoqchi. Bu istagi, shuningdek, o‘yinchilik fazilatlari Joze Mourinyoga mos». Xo‘sh, Pinto aynan qaysi fazilatlarni nazarda tutmoqda? Mourinyo uchun hujumchining himoyaviy (himoyada yordam berish) va qarshi hamladagi harakatlari muhimdir. Ko‘pincha Mourinyo jamoasi raqiblarni maydonning o‘ziga tegishli yarmi yoki markaziy hududda qarshi oladi, ba’zida yuqori bosim uyushtiradi. Mehnatkashlik - Mourinyo tizimidagi hujumchining eng muhim sifati. Bu borada Shomurodov u uchun ideal ijrochi. Eldor bosim o‘tkazish  nuqtai nazaridan, hattoki, butun «A» seriya fonida ham ajralib turadi. Uning faolligi asosan maydonning raqibga tegishli qismidagi bosimga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri, shu joyda aytish kerak, «Jenoa» to‘pga kam egalik qiladi (ligada atigi 18-ko‘rsatkich), shuning uchun bosim o‘tkazish uchun imkoniyat ko‘p bo‘ldi. Jamoa raqiblarni oldinda kutib olmaydi, biroq maydonning o‘ziga tegishli yarmida o‘ta faol. «Jenoa» bu boradagi bosim bo‘yicha 2-natijani qayd etdi.

Ikkinchi omil - Shomurodovning o‘yin vaqti. U «A» seriyaning 31ta o‘yinida qatnashdi, lekin atigi 16 marta boshlang‘ich tarkibda tushib, 4ta uchrashuvdagina 90 daqiqa o‘ynadi. Biror marta qatorasiga 2ta o‘yinda to‘liq harakatlanmadi. Shomurodov kuchli himoyaviy fazilatlar va mehnatsevarliksiz bosim bo‘yicha reytingda bu qadar yuqori natija ko‘rsatolmasdi. Lekin ta’kidlash kerak, unga belgilangan vaqt bor kuch bilan o‘ynashiga imkon bergani ham ayni haqiqat. Ha, Eldor «Roma» tarkibidan ham birdan mustahkam joy olmaydi, shunday ekan, yuqori bosim masalasidagi faollikni saqlab qolishi mumkin. O‘zbekistonlik hujumchi bu borada chindan ham, liganing yashirin yulduzi. Aytgancha, Eldor shunchaki, ter to‘kish bilan cheklanmaydi, samara chiqarishni ham yaxshi biladi - 90 daqiqalikka to‘g‘ri keladigan to‘p olib qo‘yish urinishlari soni bo‘yicha liga hujumchilari orasida eng yaxshi ko‘rsatkichga ega (1,56ta). Balki bunda hujumchiga Valeriy Karpinning 3-5-2 chizmasida o‘ng qanotda o‘ynagani qo‘l kelgandir.

Umuman, Shomurodovning mehnatkashligi - faqat himoya uchungina plyus emas. Eldorning «A» seriyada urgan 8ta golidan 2tasi individual bosim samarasidir. U mavhum vaziyatlarda bosim uyushtirish imkoniyatini oldindan sezdi va raqiblarini tang ahvolda qoldirdi. Ayniqsa, «Atalanta»ga qarshi o‘yini yorqin chiqdi. Xususan, Ruslan Malinovskiyning bamaylixotir uzatmasiga darhol reaksiya bildirdi, garchi raqibning ikki himoyachisi to‘pga yaqinroq turgan bo‘lsada. Umuman, uning vazifasi - ishlov payti bosim o‘tkazish. Shu orqali Berat Gimshitidan to‘pni tortib oldi va ajoyib yakun (uzoqdan darvozaning chap burchagiga zarba). Shomurodov bosim borasida hattoki, butun liga darajasidan ham baland. Buning isboti raqamlarda ham, muayyan vaziyatlardagi harakatini tahlil qilishda ham ko‘rinadi. Ha, futbolchi ko‘p ter to‘kadi, muhimi, oqilona tarzda. Joze esa buni qadrlaydi, albatta. Uning tizimida yulduzlarga ko‘p yuk tushadi, lekin qoidaga ko‘ra, bu rolda qanot futbolchilari ko‘zga tashlanishadi (Eden Azar yoki Krishtianu Ronaldu misol). Qisqasi, portugal hujumchilarni jamoa uchun ishlashdan ozod qilmaydi, hattoki, superyulduzlarni ham. «Mou qo‘l ostida ishimning eng muhim qismi - bu to‘psiz o‘ynash, uni olib qo‘yishga urinish. Albatta, gol uraman, assistentlik qilaman, lekin himoyada ishlashdan ham zavqlanaman», - deya tan olgandi Garri Keyn.

Ikkinchi muhim jihat - o‘tish vaziyatlaridagi harakat. Mourinyo hujumdan himoyaga ko‘chish ja­rayo­nida futbolchilar harakatiga ko‘p e’tibor qaratadi. Uning fikricha, aynan shu lahzalarda g‘alaba yoki mag‘lubiyat masalasi hal etiladi. Balki zamonaviy futbolda bu qarash unchalik ahamiyatli emas, lekin muhim, baribir. Keng ma’noda aytsak, Joze bunday lahzalarda hujumchi funksiyasini o‘zgartiradi - «jamoaga bosimdan chiqishda yordam berish». Bu ishni turli usulda bajarish mumkin. Didye Drogba to‘p nazorati orqali bosimni pasaytirishda benazir edi. U uzun uzatmadan keyin to‘pni ma’lum vaqt ushlab turib, sheriklariga hujumga qo‘shilish imkonini yaratardi. Ivuariyalik futbolchi bu masalada  o‘z davrining tengsiz ijrochisi edi. Keyn ham xuddi shu funksiyani o‘ziga xos tarzda bajargan (to‘pni ushlab turish barobarida uni aylantirib, vaziyatni keskinlashtirishga urinardi). Ammo minimal vazifa - to‘pni ushlab turish. «Ba’zi o‘yinlarda asosiy vazifam to‘pni ushlab turish edi. Ayniqsa, jamoa bosim ostida qolganida. To‘pni berma yoki jarima zarbasi ishla, toki, boshqalar hujumni qo‘llash uchun kelishga ulgurishsin», - deydi Garri. Shomurodov bu ishni sifatli bajarish uchun darvozaga teskari turgan holda yaxshi o‘ynashni o‘zlashtirishi kerak. Lekin unda ikkinchi variant bor - portugaliyalik ta’biri bilan aytganda, «raqib himoyasini cho‘zish». «Diyego Kostada men qadrlaydigan fazilatlar ko‘p - chidam, harakatchanlik, bosimni yuqori nuqtaga ko‘tarish, yana «raqib himoyasini cho‘zish». Kosta himoyani «cho‘zib», bo‘sh hududga chiqadi va to‘p talab qiladi. Bu jamoaga raqib bosimidan chiqish imkonini beradi», - deb ko‘p takrorlardi Mou.

Maqsad bitta - jamoa bosim ostida qolsa, yordam berish. Bu Joze hujumchisining eng muhim vazifasidir. Ammo Kosta misoli shuni ko‘rsatadiki, barchasini ochiq hudud ta’minlash orqali ham uddalash mumkin. Shunda to‘p hujumchi emas, balki bo‘sh zonaga chiqqan futbolchiga uzatiladi. Natija bir xil - jamoaga tezkor hujum  imkoniyati beriladi. Shomurodov «ochilish» qobiliyati bilan qaysidir ma’noda Kostaga o‘xshaydi. Eng muhim fazilat - tezkorlik va vaqtida tezlik olish. Eldor uslub jihatidan Drogba emas, Fernando Torresga o‘xshaydi. Ya’ni himoyachilar ortida yaxshi «ochiladi», shuning hisobiga bosim payti yordam berishi mumkin. Shomurodov «Jenoa»da asosan hujum juftligi vakili sifatida harakatlandi, shuning uchun to‘pni olish uchun ortga ko‘proq chekindi yoki himoyachi ortida «ochildi». Mou ehtimolki, undan ikkinchi harakatga urg‘u berishini so‘raydi.

Eldor endi Mourinyo qo‘l ostida barchasida yanada yaxshiroq bo‘lishi mumkin. Mana, Romelu Lukaku gaplariga e’tibor qarating: «Mourinyo menga jamoa uchun yaxshiroq ishlashni o‘rgatdi. Bu - bosim o‘tkazish va ochiq hudud topish. Keyinchalik uning Garri Keyn bilan ham shunday ishlaganini ko‘rdim». Ideal holatda Mouga ikki vosita kerak - jarima maydoni tomon yurish (Kosta xislati) va to‘pni darvozaga teskari holda ushlab turish (Drogba xislati). Albatta, har qanday hujumchi bir yo‘nalishga moyil bo‘ladi, ikkisini mujassamlashtirish esa nihoyatda foydali. Shomurodov «A» seriya darajasida bitta jihatda chinakamiga yaxshi - darvoza tomon yurish. Eldorning vaqtida «ochilish» xususiyati esa, pozision hujumlarda qo‘l kelishi mumkin. Umuman olganda, Mou tizimidagi pozision hamlalarda hujumchi zimmasiga tushadigan vazifalar noaniq. Murabbiy o‘yinning bu yo‘nalishida kam ishlaydi, shuning uchun ko‘p narsa ijrochilarning tabiiy moyilliklariga bog‘liq. Agar pozision hujumlarga ehtiyoj sezilsa, Mourinyo ijodkor o‘yinchilarning individual harakatiga tayanadi. U bunday futbolchi rolini tushunadi va himoyaga biroz putur yetsa ham, uni tarkibga kiritish yo‘lini topadi. Bunda hujumchi oldiga aniq talab qo‘yilmasligini hisobga olsak, yo‘q joydan gol urish qobiliyati - katta bonus. Yana bir muhim jihat shuki, Mourinyo jamoalarida qanotlardan to‘p uzatish o‘rni katta, bunday vaqtda jarima maydoni ichida harakatlanish muhim - Shomurodov bu borada ancha malakali.

Shomurodovni Jeko o‘rniga olishmadi, lekin bosniyalikning ketishi - ko‘proq o‘ynash uchun imkoniyat. O‘tgan mavsum «Roma» asosan 2 nafar markaziy hujumchiga tayandi - Edin Jeko va Borxa Mayoral. Murabbiy Paulo Fonseka rotasiyadan keng foydalandi va ikkisi maydonda deyarli teng vaqt o‘ynadi. Jeko barcha turnirlarda 2419 daqiqa (38ta o‘yin, 26tasi boshlang‘ich tarkibda, 13ta gol) harakatlangan bo‘lsa, Mayoralga 2302 daqiqa berildi (45ta o‘yin, 26tasi boshlang‘ich tarkibda, 17ta gol). Shomurodov rotasiya uchun olindi - hujumning uchinchi vakili. Funksional jihatdan u va Jeko hamda Mayoral o‘rtasida farq bor. Demakki, Mou qo‘shimcha tanlovga ega bo‘ladi. Jekoning ketishi esa, Eldorning tarkibga kirish imkoniyatini oshiradi. «Roma» yana bir hujumchi bilan shartnoma tuzadi, albatta. Lekin har holda, Jekoning ketishidan aynan Shomurodov yutadi.

Mourinyo jamoasida asosiy hujumchi +20ta gol urishi kerak. «Roma» murabbiyi shuning barobarida hujumchilarga faqat gollarga qarab baho bermaydi: «Xudbin hujumchilar muammosi shuki, ular gol urolmasalar, o‘zlarini maydonda yo‘qdek his qilishadi. Hujumchilarning yana bir toifasi bor - gol urmagan taqdirda ham, katta rol o‘ynashadi. Misol uchun, Garri Keyn yoki Ueyn Runi. Bu yigitlar jamoaga hujumni yakunlashdan ko‘ra, ko‘proq naf keltirishadi».To‘g‘ri, Joze superhujumchilar uchun asosiysi gol ekanligini ham ko‘p bora ta’kidlagan. Umuman, u deyarli har doim o‘z jamoasida jamoaviy ish va gol urishni birlashtirgan futbolchiga ega bo‘lgan. Shomurodov - mehnatkash hujumchi, portugaliyalik uni tezda sevib qoladi. Ehtimol, Eldor uchun hammasi rotasion o‘yinchi rolida boshlanar, muhimi, unda Mou futbolida o‘sish imkoniyati yetarli.

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 08:00, 23.08.2021.
O'qildi: 10877 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.