MOQda sportchilarimizning Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokiga bag‘ishlangan yig‘ilishlar davom etmoqda. Bugun bir qator sport turlari bo‘yicha jamoalarimizning ishtiroki tahlil qilindi.
Kunning birinchi yarmida bokschilarimizning janglari e’tibor markazida bo‘ldi. Yig‘ilishda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, O‘zDJTSU qoshidagi Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti direktori, professor Rashid Matkarimov, Sportning yakkakurash turlari bo‘yicha Respublika Oliy sport mahorati maktabi direktori Bahodir Mamatnazarov, O‘zbekiston boks federasiyasi bosh kotibi Murod Mamadaliyev, terma jamoa katta murabbiyi To‘lqin Qilichev ishtirok etishdi.
Qayd etish joiz, muxlislarimiz bokschilarimizdan Olimpiadada ko‘proq medal kutishgan edi. Biroq vakillarimizning ko‘pchiligi omadsizlikka uchradi. Bunga To‘lqin Qilichev quyidagicha izoh berdi:
“Bizning Olimpiada bo‘ladigan mamlakatga 20 kun oldin yetib borib, u yerning iqlimiga moslashish metodikamiz Tokioda bir oz o‘zini oqlamadi. Sababi so‘nggi yig‘in uchun biz aynan Tokio shahrini tanlagan edik. U yerda Olimpiadadan oldin juda qattiq nazorat bo‘ldi. Bizni mehmonxonadan chiqarishmadi. Ajratilgan zal, oshxona va yotoqxonadan tashqariga chiqa olmadik. Bokschilarimiz 20 kun bunday sharoitda ruhiy jihatdan ezilib qolishdi. Bu esa janglarda o‘z ta’siri o‘tkazmay qolmadi. Ha, ba’zi yigitlarimiz ustida ishlashda ham kamchiliklar bo‘ldi. Hakamlar mavzusi esa barchaga ma’lum”.
Uchrashuv davomida murabbiy endi darajasi biznikidan past bo‘lgan jamoalar bilan xalqaro o‘quv yig‘inlari tashkil etilmasligini aytib o‘tdi. Shuningdek, oldindagi yirik musobaqalardan avval har bir bokschimizning tayyorgarligiga individual yondashish, har yarim yilda viloyatlardagi murabbiylarning mahoratini oshirish maqsadida o‘quv-seminarlari tashkil etish, Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorgarlik davomida ilm-fan yo‘nalishidan yanada keng foydalanish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda bu yil Serbiyada o‘tadigan jahon chempionatiga tayyorgarlik ham alohida ko‘rib chiqildi. Federasiya mutasaddilarining so‘ziga ko‘ra, jamoamiz dunyo birinchiligidan avval so‘nggi yig‘inni Toshkentda Kuba bilan o‘tkazadi va shu bilan Serbiyaga yo‘l oladi.
Shuningdek, bugun MOQ rahbari bilan kamondan otish, stol tennisi, chim ustida xokkey federasiyalari, Qo‘mita raisining o‘rinbosari Sherzod Tashmatov bilan regbi, basketbol kabi Tokio-2020 Olimpiadasiga yo‘llanma ololmagan federasiyalarning faoliyati muhokama qilindi. Yo‘l qo‘yilgan xatolar ko‘rib chiqilib, yangi strategiya haqida fikr almashildi. Unga ko‘ra, aksariyat federasiyalar xorijlik murabbiylar bilan Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rish rejasini ma’qulladi. O‘z navbatida, MOQ rahbariyati bu borada barcha yordamni ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirib, buning uchun aniq reja bilan ishlash kerakligini ta’kidladi.