Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Everton» «Bavariya»dan qimmat

«Everton» «Bavariya»dan qimmat

Baho:
+ | -

O‘tgan yozda Yevropadagi transfer bozori rosa qizidi. Bir-biridan ajoyib kelishuvlar guvohiga aylandik. Quyidagi maqolada shunday diqqatga molik yirik xaridlarni saralab, omma e’tiboriga havola etdi.

«Koronainqiroz» esdan chiqdi

O‘tgan yozda transfer bozorida sarflangan mablag‘lar miqdoriga nazar tashlasak, futbol klublari tomonidan koronavirus tufayli moliyaviy yo‘qotishlarga uchrashgani haqida qilingan diydiyolar, nolishlarni eshitgingiz kelmay qolarkan. Xarajatlar juda katta. Bozor ko‘pchilik tasavvur qilganidan ancha tez tiklandi. Garchi inqiroz aks-sadolari goh-gohida yangrab turgan bo‘lsa ham. Bu holat tiklanish jarayonida tengsizlik mavjudligiga ishora.

Ayrim ligalarda klublar to‘lov salohiyatini tez tiklab olishdi, ba’zilari esa hamon iqtisod qilish bilan band. To‘g‘ri, buning o‘ziga yarasha sabablari bor. Masalan, La Ligadagi salbiy holatlar nafaqat koronavirus, balki klub iqtisodchilarining umumiy siyosati hamda turnir qoidalari tufayli vujudga keldi, deyish mumkin. Albatta, bu o‘rinda birinchi navbatda «Barselona» nazarda tutilmoqda. Angliya esa «televizion yostiqcha» evaziga tezda o‘zini o‘nglab oldi, umuman, bu soha har doim APL joniga oro kirgan. Shunga qaramay, inqirozlar davrida inglizlarning shu qadar muvaffaqiyatli faoliyat yuritishlari mumkinligini tasavvur qilish oson emasdi.

 

«Manchester Siti» hamon avjida

Nufuzli CIES agentligi Yevropaning yetakchi ligalaridagi jamoalar tarkibining narxi qayd etiladigan reytingni yangiladi. Ro‘yxatda yetakchi o‘zgarmadi. Futbolchilari bilan faol tarzda shartnomalarni uzaytirayotgan «Manchester Siti» hamon barchadan oldinda. «Shaharliklar»ning hozirgi tarkibi 926 million funt sterlingga baholanmoqda. «Siti» tarkibidagi futbolchilarning o‘rtacha narxi ham diqqatga molik - 37 million funt. Albatta, Jek Grilishning «Aston Villa»dan 100 million funt evaziga sotib olinishi ham statistikaga o‘z ta’sirini o‘tkazdi.

«Manchester Siti» o‘z maqomini chempionatning dastlabki turida, «Tottenxem»ga qarshi bahsda yaqqol namoyon etdi. O‘sha bahsda «shaharliklar» tarkibi Premyer-liga tarixidagi eng qimmati bo‘ldi. O‘sha uchrashuvni «asosiy»da boshlagan 11 futbolchining umumiy narxi 520 million funtni tashkil etdi. Statistika moliyaviy salohiyat borasida qudratli va zaif jamoalar o‘rtasidagi farqni yaqqol ko‘rsatib berdi.

 

Raqobatchilarda o‘sish

«Manchester Siti» tarkib qiymatini oshirayotganda, boshqalar jim qarab turishdi, deyish noto‘g‘ri bo‘ladi, albatta. Reytingda ikkinchi o‘rinni egallagan «Manchester Yunayted»da ham sezilarli o‘sish kuzatildi. O‘tgan mavsum boshida «shaharliklar» yaqin ta’qibchilarini 165 million funtlik farq bilan ortda qoldirishgan bo‘lsa, joriy chempionat startida «Siti» va «MYU» tarkiblari narxi orasidagi tafovut 49 million funtga teng bo‘ldi.

Bugungi hisob-kitoblarga ko‘ra, bu farq katta emas. «MYU»ning hamshaharlarini quvib yetayotganiga ajablanmasa ham bo‘laveradi. «Qizil iblislar» o‘tgan yozda xaridlarga juda katta pul sarflashdi. 73 million funt evaziga Dortmund «Borussiya»sidan Jeydon Sancho, 42 million funt evaziga «Real»dan Rafael Varan, 19,8 million funt evaziga «Yuventus»dan Krishtianu Ronaldu olib kelindi. Endilikda «MYU» tarkibining umumiy qiymati 877 million funtga teng. «Manchester Yunayted»ning ortidan yetakchi bilan oradagi farqni qisqartirgan yana bir jamoa - «PSJ» kelmoqda. Parijliklar tarkibi 820 million funtga baholanmoqda. Keyingi o‘rinlardagilar bilan tafovut esa ancha sezilarli.

 

Angliya va boshqalar

To‘rtinchi o‘rinda 675 million funtlik ko‘rsatkich bilan «Real» bormoqda. Madridliklardan 6 millionga ortda qolayotgan «Chelsi» beshinchi pog‘onada. Londonliklar Romelu Lukakuni «Inter»-dan 98 million funtga sotib olish orqali katta o‘sishga erishdilar. Lekin ajablanarlisi, «ko‘klar» minusga ishlashmadi. Ular parallel ravishda, jumladan, Temmi Abraxamni «Roma»ga 34 millionga, Kurt Zumani «Vest Xem»ga 30 millionga, Fikayo Tomorini «Milan»ga 25 millionga (va boshqa ayrim futbolchilarni) pullashdi.

«Ko‘klar» shu tariqa xarajatlar o‘rnini qoplashga erishdilar. Keyingi o‘rinda 576 million funtlik ko‘rsatkich bilan «Liverpul» bormoqda. E’tibor bering, yuqori oltilikdagi to‘rt jamoa Angliyadan. Kuchli o‘nlikda tumanli o‘lka vakillari 6tani tashkil etayotgan bo‘lsa, top-15likda APLning 8 klubi bor. Ya’ni ro‘yxatning ushbu qismidagi jamoalarning yarmidan ko‘pi.

 

Tabaqalanish kuchaymoqda

Agar «PSJ» xo‘jayinlarining misli ko‘rilmagan sarflari hamda «Real»ning toplar safida qolishga intilishi bo‘lmaganda, Angliyaning yetakchiligi yanada yaqqolroq ko‘zga tashlanardi. Bosh­qa klublar pul sarflashdan qochmaydigan inglizlar fonida ancha ortda qolib ketishdi. APLning moliyaviy qudrati shuni ko‘rsatmoqdaki, hatto «Arsenal» (542 million funt), «Tottenxem» (472 million funt) va «Everton» (400 million funt)ning tarkibi Germaniyada 9 yildan buyon gegemonlik qilayotgan «Bavariya»nikidan (361 million funt) qimmatroq.

Reytingning top-15ligida 8ta Angliya klubidan tashqari, Ispaniyaning uchta vakili bor. «Real»­ni avvalroq tilga oldik, «Barselona» «Arsenal»dan biroz qimmatroq - 551 million funt, «Atletiko» esa 414 millionli natija evaziga «Everton» va «Tottenxem» o‘rtasida joylashdi. Shuningdek, Germaniya va Fransiyadan bittadan jamoa, Italiyadan ikkita klub bor. Tarkibi 563 million funtga baholangan «Yuventus» «Barselona»ni ortda qoldirgan holda 7-o‘rinni egalladi. «Napoli» (357 million funt) esa 14-pog‘onada. Neapolliklar «Bavariya»dan biroz ortda, «Lester»ni esa atigi 5 millionlik farq bilan quvib o‘tishgan.

 

Turfa imkoniyatlar

Angliya klublarining nisbatan barqaror moliyaviy holati dalolat bermoqdaki, APLning eng «arzon» jamoalari ham Italiya, Ispaniya, Germaniya va Fransiyadagi ayni reytinglarning o‘rtasidan joy olishlari mumkin. Hattoki, biroz yuqoriroqda ham, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Masalan, APLning qimmat bo‘lmagan klublaridan biri sifatida 75 million funtga teng tarkibga ega «Norvich»ni ko‘rsatish mumkin. Undan oldinda «Brentford» (96 million), «Byorn­li» (101 million), «Uotford» (104 million) va transfer oynasi yopilishi arafasida «MYU»dan 25 million funt evaziga Deniel Jeymsni sotib olgan «Lids» (180 million) bor.

Pandemiya davrida Angliya klublari boshqalarni jiddiy ravishda ortda qoldirib, shu tariqa jahonda qaysi liga chidamkor va kuchli ekanligini yana bir karra ko‘rsatib qo‘yishdi. Koronavirus tarqalganidan buyon bo‘lib o‘tgan uchta transfer oynasida APL klublari 1,6 milliard funt sterling sarflashdi. Ikkinchi o‘rinda «A» seriya bormoqda - ushbu liga jamoalari shu vaqt oralig‘ida 255 million funtga teng xarajat qilishdi. Farq chindan ham juda katta.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 13:00, 28.09.2021.
O'qildi: 6188 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.