Ma’lum bo‘lishicha, Ispaniyada «Real»ning umumiy maosh xarajati «Barselona»nikiga nisbatan naq 7,5 baravar ko‘p. Qanaqasiga? Soccer.ru saytining tahliliy maqolasida aynan La Liganing moliya tizimiga bog‘liq nyuanslar haqida so‘z boradi. Xo‘sh, Ispaniya chempionatida qanday moliyaviy qoidalar amalda?
Ispaniya chempionatida moliyaviy chegara, ya’ni maoshning yuqori me’yori xilma-xil. Mamlakatdagi barcha professional klublar uchun alohida ichki moliyaviy «Feyr-pley» qoidalari joriy etilgan. Unga muvofiq, liga rahbariyati har bir klubga muayyan mavsum uchun alohida maosh chegarasini belgilaydi. Bunda klublarning ayni moliyaviy holati inobatga olinadi. Oddiy aytganda, har bir jamoa futbolchilarga o‘z cho‘ntagidagi mablag‘ga qarab maosh beradi - pul bormi, marhamat, to‘layver! Maosh xarajatini umumiy holatga muvofiqlashtirish, barchasini nazorat ostiga olish tizimi klublarni moliyaviy tanazzulga olib borishi mumkin bo‘lgan og‘ir oqibatlardan himoyalashga qaratilgan, albatta. Xullas, har mavsum arafasida maxsus audit qo‘mitasi klublarning moddiy holatini obdon o‘rganib chiqadi va uning xulosasiga asosan ish haqi chegarasi belgilanadi. Klublar transferlar bozorida ham o‘z siyosatini belgilangan chegaradan chiqmagan holda olib borishi shart. Bordiyu, qaysidir futbolchi yoki murabbiyga belgilangan maosh me’yordan oshib ketsa, La Liga ular bilan tuzilgan shartnomani ro‘yxatga olishdan bosh tortadi.
«Barselona» ayni shu qoida tufayli Lionel Messi bilan shartnoma muddatini uzaytirolmadi. Kataloniya klubiga belgilangan maqbul maosh chegarasini ko‘rsangiz, argentinalik yulduzning tarkibda olib qolish chindan ham, imkonsiz bo‘lganini tushunasiz. Umuman, maosh chegarasi asosiy tarkib futbolchilariga alohida belgilanmaydi, balki murabbiylar, shifokorlar, ma’murlar, yoshlar jamoalari va akademiya tarbiyalanuvchilari uchun ketadigan xarajat miqdori ham hisobga kiritiladi. Qisqasi, qoida butun sport blokini qamrab oladi.
Endi 2021|2022 yillar mavsumi uchun belgilangan maosh chegarasiga e’tibor qaratamiz. Qarang, «Real» kosmosda, «Barselona» atigi 7-qatorda. «Real Madrid» joriy mavsum eng yuqori maosh chegarasiga ega - 739 million yevro. 2-o‘rinda qayd etilgan «Sevilya» uchun belgilangan me’yor bundan naq 539 million yevrokam. «Qirollik klubi» o‘tgan yilgi chegarasini birdaniga 271 million yevroga oshirdi - bu Primerodagi eng yaxshi ko‘rsatkich. Ayni payt «Real» belgilangan limitning 50 foizini ham ishlatayotgani yo‘q. Demakki, jamoa hozirgi holatida tarkibini kuchaytirish uchun keng imkoniyatlarga ega. Ya’ni «qaymoqranglilar» Kilian Mbappe va Erling Xoland bilan shartnoma tuzishda ish haqi cheklovi borasida ortiqcha bosh qotirishmaydi. Buni La Liga korporativ direktori Xose Gera ham tasdiqlamoqda: «Madrid» tartibli menejment tufayli o‘tgan yilgi maosh me’yoriga 271 million yevro qo‘shib qo‘ydi. Chunonchi, klub oxirgi 2 yilda ancha mablag‘ tejadi, qolaversa, Serxio Ramos va Rafael Varan kabi yuqori ish haqiga ega futbolchilar bilan xayrlashdi. Qisqasi, «Real» bu yil Kilian Mbappe yoki yana qaysidir yulduz bilan bemalol shartnoma tuzishi mumkin edi».
«Barselona» aksincha, sobiq prezident Xosep Bartomeuning tartibsiz boshqaruvi oqibatida o‘tgan yilgi limit chegarasidan 285 million yevro yo‘qotdi va Kataloniya superklubining joriy mavsumdagi maosh me’yori 98 million yevroga tushib qoldi. «Barsa» hozirgi holatda ruxsat etilgan maosh miqdori bo‘yicha La Ligada atigi 7-o‘rinda. Deylik, «Vilyarreal», «Real Sosyedad» va «Atletik» kabi moddiy jihatdan ham o‘rtamiyona sanalgan klublar kataloniyaliklarga nisbatan ko‘proq maosh to‘lash huquqiga ega. Bu borada «Barselona» va «Real» ko‘rsatkichlari o‘zaro taqqoslansa, har qanday kishi og‘ir xo‘rsinib qolishi tayin. Xulosa shuki, agar Joan Laporta «Barselona»dagi moliyaviy holatni tezroq tubdan o‘zgartirmasa, yaqin yilarda Ispaniyaning ikki grandi turli vazn toifalariga mansub klublar sifatida gavdalanishi hech gap emas. Axir «Real» 2021|2022 yillar mavsumining o‘zida «Barselona»ga nisbatan 7,5 baravar ko‘proq maosh to‘lash huquqiga ega va bu tarkibni tobora kuchaytirib borish imkoniyatidir.
O‘tgan mavsum ko‘rsatkichlariga taqqoslaganda, Ispaniyaning amaldagi chempioni - «Atletiko»ga belgilangan maosh chegarasi ham pasayib, 172 million yevroga tushdi. Bu avvalgi me’yorga nisbatan 81 million kam. Umuman, «matraschilar»da maosh chegarasi «Real»nikiga qaraganda, 4 baravar past. E’tiborni tortadigan yana bir tomoni - «Sevilya» (chegara - 200 million yevro) amaldagi chempiondan ko‘proq sarflash huquqiga ega. Andalusiya futboli bayroqdorining ko‘zga tashlanib turgan hozirgi mavqesi asosan «tiyin»ga xarid qilib, «so‘m»ga sotish hadisini o‘zlashtirgan Monchi boshqaruvidagi sport bo‘limi olib borayotgan ajoyib ishga bog‘liq, albatta. Maosh limiti jadvalining 4-pog‘onasi Yevropa Ligasining amaldagi g‘olibi «Vilyarreal»ga tegishli. «Suvosti kemasi» maosh xarajatining oxirgi nuqtasi - 159 million yevro. Umuman, Unai Emeri sevimli turnirida yana g‘olib chiqish va klubni CHLga olib chiqish asnosida uning maosh me’yorini ancha oshirdi. 5-6-o‘rinlarni Baskoniya klublari egallab turibdi: «Real Sosyedad» (128 million yevro) va «Atletik» (112 million yevro). Ha, ular hozirda qudratli «Barselona»dan oldinda! Maosh limiti jadvalining kuchli 10taligida yana o‘tgan mavsum Segundada o‘ynagan «Espanyol» (78 million yevro), shuningdek, «Betis» (71 million yevro) va «Selta» (66 million yevro) klublari bor.
Diqqat qiling, ayni payt Ispaniya elit divizioni vakillari orasida eng past maosh chegarasi «Valensiya»ga tegishli - atigi 31 million yevro. «Ko‘rshapalaklar» o‘tgan mavsum bu borada 72 million yevro yo‘qotishdi. Bunday pastlashish Piter Limning klubni Singapurda, masofadan noto‘g‘ri boshqargani oqibatidir. Xullas, u «Valensiya»ni «qabr»ga itarib yuborishiga oz qoldi... La Liga prezidenti Xavyer Tebasning so‘zlariga ko‘ra, «Los Ches» faqat o‘tgan yilgi sotuvlar hisobiga tanazzul va professional klub maqomidan ayrilishdan qutulib qoldi...
***
Suratda yuqoridagi Ispaniya La Ligasi: maosh limiti ...
Bu yerda raqamlar keltirilgan. Grafikda La Liga klublarining o‘tgan mavsumdagi va hozirgi maosh chegarasi o‘rtasidagi farq ko‘rsatilgan. Ba’zi klublarning ish haqi me’yori ko‘tarilgan, boshqalarniki aksincha, tushgan.