Kirish Ro'yxatdan o'tish
14/11 05:00 Urugvay - Kolumbiya
14/11 05:00 Peru - Chili
14/11 14:10 Avstraliya - Saudiya Arabistoni
14/11 17:00 KXDR - Eron
14/11 19:00 Bahrayn - Xitoy
14/11 19:00 Kuvayt - Janubiy Koreya
14/11 21:00 Ummon - Falastin
14/11 21:15 Iroq - Iordaniya
14/11 21:15 Qatar - O‘zbekiston
14/11 21:15 BAA - Qirg‘iziston
15/11 02:00 Venesuela - Braziliya
15/11 04:30 Paragvay - Argentina
15/11 05:00 Ekvador - Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya - Yaponiya

Uslublar "chorrahasi" yoxud kim targ‘ib qilayotgan futbol kuchliroq?

Uslublar "chorrahasi" yoxud kim targ‘ib qilayotgan futbol kuchliroq?

Baho:
+ | -

XXI asr – texnologiyalar asri. Har jabhada keskin o‘zgarishlar kuzatilayotgan bir paytda, futbol olamida ham yangiliklar, turlicha qarashlar paydo bo‘lmoqda. Yangi asr avvalida uslublar deganda ko‘pchilik (katta avlodga hurmat saqlagan holda) deyarli hech narsani tushunmasdi. Asosiy maqsad – gol urish va g‘alaba qozonish edi. Biroq hozir murabbiylar natijaga erishish uchun qo‘lidagi hamma narsadan foydalanmoqda. Kimdir hujumkor futbol tarafdori bo‘lsa, yana kimdir himoyaviy o‘yinni ustun ko‘radi. Boshqasi to‘p nazorat qilishni yoqtirsa, yana boshqasi pressingli futbolni o‘zgacha qadrlaydi. Xullas, anglaganingizdek, bugun millionlar o‘yinidagi turli xil uslublar haqida so‘z yuritmoqchimiz.

Tiki-taka yoki ispancha futbol

Bu usulda harakatlanadigan jamoa ko‘proq mayda paslarga murojaat qiladi. Futbolchilardan chaqqonlik, maydonni ko‘ra bilish va aniqlik kabi xislatlar bo‘lishi maqsadga muvofiq. Ular shu mayda paslar orqali raqib mudofaasini u tomondan bu tomonga “tebratishadi“. Natijada, raqibning himoyasida ochiq zonalar paydo bo‘ladi va o‘sha hududdan gol urish osonlashadi. Bu usulga qarshi o‘ynayotgan jamoadan jismoniy holatdan ancha kuchli bo‘lish talab etiladi. Chunki to‘psiz harakatlanish ancha kuch talab etishini oddiy muxlis ham yaxshi anglaydi.

Tiki-taka so‘zini eshitishimiz bilan ko‘z oldimizda 2010 yillardagi Pep Gvardiola va uning “Barselona“si gavdalanadi. Messi, Xavi, Inyesta, Puyol kabi yigitlari bilan ispaniyalik mutaxassis butun dunyoda katta e’tibor qozongandi. Yutish mumkin bo‘lgan barcha jamoaviy sovrinlarni qo‘lga kiritibgina qolmay, shaxsiy sovrinlar borasida ham uning shogirdlari benazir edi. Ayniqsa, bu uslubda harakatlanayotgan jamoaning o‘yinini kuzatish tomoshabinga faqat va faqat zavq bag‘ishlardi.

Hozir shu uslub bilan o‘ynayotgan jamoalar sifatida “Manchester Siti“ va Ispaniya terma jamoalarini ko‘rsatish mumkin. Ayni paytda, ingliz klubini Gvardiola boshqarayotgani uchun bu uslubdan unumli foydalanib kelmoqda. Ispaniya MTJda esa “Barselona“ tizimini biladigan Enrikening, asosan, “ko‘k anor-ranglilar“ safida o‘ynaydigan yigitlarni yig‘ib olgan va nazdimizda, bu tipdagi futbolchilar bilan Luis Enrike janoblari zamonaviy tiki-takaga asos solmoqchi. Ayni paytda uning ishlari yomon ketayotgani yo‘q.

Himoyaviy yoki italyancha futbol

Ushbu futbol uslubida tezkorlik, har bir vaziyatga juda e’tiborli bo‘lish, aniq uzatmalarga ega o‘yinchilar va albatta, cheksiz sabr-toqat muhim hisoblanadi. Bunda asl g‘oya – raqib hujumlariga ming bardosh ila chap berib, tezkorlik bilan qarshi hujumga o‘tish sanaladi. Minimal vaziyatdan maksimal foydalanmoq shart. Bu usuldagi jamoalar jarima zarbalariga alohida urg‘u beradi.

Bu turdagi futbol dastlab, Italiya tomonlarda juda mashhur bo‘lgan. Italiya MTJ shunaqa o‘yin ko‘rsatib, hatto Jahon chempioni bo‘lib ketgan. Biroq bizningcha bu usulning oliy namunasi sifatida Simeonening “Atletiko“sini ko‘rishimiz mumkin. To‘g‘ri, natijalar juda hayratlanarli bo‘lmagandir. Lekin Diyego Simeone Ispaniyada “Real“ va “Barsa“ qarama-qarshiligining o‘rtasiga yorib kira oldi. U o‘zi tuzgan “hindular“i bilan bu jamoalar uchun qo‘rqinchli raqibga aylana oldi va hatto hozir ular bilan bir darajaga chiqib oldi. Asr boshida “Atletiko Madrid“ degan klub “el-klasiko“ ishtirokchilari bilan bir qatorda tilga olinadi deyishsa, deyarli hech kim ishonmasdi, fikrimizcha.

Ayni paytda, himoyaviy futbol hamon Simeonening ishonchli “qurol“i bo‘lib turibdi. Muhim o‘yinlarda u haliyam shu tanlovga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda.
Shuningdek, “Yuventus“ ijrosida ham Allegri qaytgach, shunday o‘yin kuzatilmoqda. Maks “keksa sinyora“ni avvalgi darajasiga qaytarish uchun avvalgi g‘oyalaridan foydalanishni afzal ko‘rmoqda, chog‘i. Har holda, yetti o‘yinning beshtasi 1:0 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlanganini boshqacha izohlab bo‘lmasa kerak.

Pressingli yoki nemischa futbol

Pressingli o‘yin namoyish etadigan jamoalar tarkibida aql bilan harakatlanuvchi va albatta jismoniy jihatdan kuchli sportchilar bo‘lmog‘i shart. Bu futbolchilar o‘zlarining mashaqqatli mehnati evaziga raqibni boshi berk ko‘chaga olib kiradi. Qarshi tomon himoyadan chiqib ketishga qiynaladi va xatolarga yo‘l qo‘yadi. Mana shu xatolardan unumli foydalanish evaziga pressing qilayotgan taraf g‘alabani qo‘lga kiritadi.
Bunday o‘yin jozibali ko‘rinmasada, ammo hurmatga sazovorligi bilan ajralib turadi.

Bu uslub futbolda yangilik emas. Zotan, murabbiylar bu stildan tez-tez foydalanishadi. Ammo bizningcha, bu usulni futbolga nemis mutaxassislari olib kirishgan. Ayni damda yana o‘sha nemis “kouch“lari bu loyihani yanada rivojlantirishmoqda. Ayniqsa, Tuxel, Klopp, Flik va Nagelsman kabi nomlar bu ishga katta hissa qo‘shmoqda. Kloppning “Liverpul“i, Flik boshchiligidagi Germaniya MTJsi va Nagelsman qo‘l ostidagi “Bavariya“ shuningdek, qisman Tuxel murabbiyligidagi “Chelsi“ ham raqibga bosim uyushtirishda qolganlardan ancha farq qiladi. Farq qilish bilan birga, pressingni yaxshiroq amalga oshiradi.

Har kim g‘alabani turlicha tushunadi. Kim uchundir bu mukammallik belgisi hisoblansa, boshqa birov uchun shunchaki bir saboq. Ya’ni hamma g‘alaba uchun turli yo‘llardan odimlaydi.

Siz nima deb o‘ylaysiz, “millionlar o‘yini“da biz ta’rif bergan qaysi uslub muxlislar uchun jozibaliroq? Qaysi usul bilan ko‘proq muvaffaqiyatlarga erishish mumkin?

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 11:05, 14.11.2021.
O'qildi: 3931 marta.
Fikrlar: 8 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.